II BOB. Markaziy Osiyoda tasavvuf ta’limotining vujudga kelishi




Download 59,67 Kb.
bet6/8
Sana15.05.2024
Hajmi59,67 Kb.
#234364
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Shohruzning kurs ishi 00001

II BOB. Markaziy Osiyoda tasavvuf ta’limotining vujudga kelishi
2.1. Markaziy Osiyoda kubroviya, yassaviya va naqshbandiya tariqatlari

Musulmon olamidagi eng zabardast mutasavvuf donishmandlardan biri buyuk vatandoshimiz shayx Najmiddin Kubrodir.


Abul-Jannob va Tomatul Kubro laqablariga sazovor bo‘lgan tasavvufning Kubraviya silsilasining asoschisi Najmiddin Kubroning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiydir. Hijriy oltinchi va yettinchi asrlarda yashagan Najmiddin Roziy, Majiddin Bag‘dodiy, Sa’diddin Shamaviy, Sayfiddin Bahorziy va Bahouddin Valad kabi siymolar u kishining murid va shogirdlari bo‘lgan.
Axmad ibn Umar Abul-Jannob Najmiddin Kubro 540 hijriy yidda Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga keladi.
Abdurahmon Jomiy o‘zining «Nafahot-ul-uns» asarida yozishi-cha, Najmiddin bolalik paytidayoq ilm istab Misrga ravona bo‘ladi. Misrda Ruzbehon Vazzon al-Misriy (vafoti 584/1188) degan olim dargohida ta’lim oladi. Al-Misriy esa, o‘z navbatida, mash-hur mutasavvuf donishmand Abu Najib as-Suxravardiydan ta’lim olgan edi. Ruzbehon uni o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘rib, alohida mehr bilan tarbiya qiladi, hatto qizini nikohlab berib, o‘ziga kuyov qilib oladi.
Ammo ilmga chanqoq Najmiddin Kubro ko‘p o‘tmay Tabrizga borib, u yerdagi Imom Abu Mansur Shafda degan donishmanddan islomiy ilmlarni o‘rganadi va Tabrizda shayx Bobo faraj, Ammor Yasir, Ismoil Kasriy kabi ulkan mutasavvuf donishmandlardan tasavvufga oid ko‘pgina zohiriy, botiniy ilmlarni ham egallaydi. U kishi shayx Ismoil Kasriy qo‘lida tasavvufiy xirqapush darajasiga yetib, ul hazratning oq fotihasini oladi. So‘ngra Misrdagi ustozi va qaynatasi Ruzbehon maslahati bilan o‘z vatani — Xorazmga qaytib kelib xonaqoh quradi va shogirdlar tarbiyasiga katta e’tibor beradi, «Kubraviya» yoki «Zahobiya» tariqatiga asos soladi. Bu tariqat ta’limoti hadis va shariatga asoslangan bo‘lib, o‘z davrida Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa musulmon mamlakatlari xalqlari orasida keng tarqaladi. Mazkur tariqat soliklari orasida zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro qilish usuli joriy bo‘lgan.9
«Rashahot ayn-ul-hayot» asarining muallifi Faxruddin as-Safiy o‘z asarida hazrati Abdurahmon Jomiy fikrlariga tayangan holda Najmiddin Kubroning zikri xufiya talqini to‘g‘risida so‘z yuritadi va shayx Kubro fikricha, zikr jarayoni insonlarning nafas olish (tanaffus) jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ekanligi haqida shunday ma’lumot beradi: «Hazrat Mahdumi Nuriddin Abdurahmon al-Jomiy aytishlaricha, shayx Abul-Jannob Najm al-Kubro qudsi Allohi ruhi o‘zining «Favotix al-jamol» risolasida yozganlaridek, hayvonlarning nafas olishi bir tabiiy zaruriyat tufayli yuz beradi. Insonlar ham aslida ayni o‘sha zaruriyat yuzasidan nafas oladilar, lekin o‘shanday nafas olish jarayonida inson g‘oyibona haqqu subhonahuning muborak nomini zikr qiladi.
Ali Akbar Dehxudoning mashhur «Lug‘atnoma»sida keltirilishi-cha, «u kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har qanday muammoli masalani so‘ralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, g‘olib chiqar edilar».
Shuningdek, u kishini Tomatul Kubro, ya’ni buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor deb ham atashgan. Abul-Jannob deb atalishlariga sabab esa, u kishining dunyoviy ikir-chikirlardan uzoqturganliklaridir. Ul zotni «Valitarosh» (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ham atashgan. Chunki umrlari davomida o‘n ikki kishini o‘z muridliklariga qabul qilganlar va ularning barchasini shayx darajasiga yetkazganlar. Ular qatorida mashhur shayxlardan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bag‘dodiy (vafoti 1219) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Sa’diddin Hamaviy, Sayfiddin Bahorziy va boshqalar bor.
Najmiddin Kubroning Xorazmdagi so‘nggi hayoti o‘ta og‘ir, shid-datli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda Turon o‘lkasidagi Xorazm, Shosh, Buxoro va Samarqand hukmdorlarining noahilligi, tang nazarliligi tufayli mo‘g‘ullarning Turkistonga qilayotgan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olishga muvaffaq bo‘lgan. 1221 yilning jumodi ul-avval (iyul) oyida Chingizxon lashkarboshilaridan biri Xulaguxon o‘zining yosh o‘g‘li, tumonat lashkari bilan Urganch qal’asini o‘rab oladi. Urganch shahri qamal ichida qolib, aholi nihoyatda og‘ir sharoitda azob chekayotgan bir asnoda munkillab qolgan, yetmishdan oshgan Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar to‘plab, qo‘lida qurol bilan qal’ani bir necha kun davo¬mida dushman hamlalaridan saqlab turadi.
Najmiddin Kubro yuksak obro‘ga ega bo‘lsa ham, kamtarona hayot kechirgan. Ammo u kishining ba’zi muridlari mamlakat miqyosida shunchalik nufuzga ega bo‘lganlarki, hatto Faxriddin Roziy kabi faylasuf va sulton Muhammad xorazmshoh ham ularning raqobatidan xavotirlanganlar. Masalan, «Sultonul ulamo» laqabiga ega bo‘lgan Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad Balx shahrining uch yuzga yaqin faylasuf olimlari bilan bahs yurgizgan va ularni yunon falsafasi bilan ortiqcha shug‘ullanishda ayblagan. Najmiddin Kubroning boshqa bir shogirdi, o‘z navbatida shayx Farididdin Attor¬ning murshidi bo‘lgan xorazmlik Majiddin Bag‘dodiy hokimiyatda-gi ishlarni tanqid qilgani uchun qatl qilingan. Lekin uning minglab shogirdlari bo‘lgan. Ba’zida sulton Muhammad xorazmshohning o‘zi ham shayxlarning huzuriga kelib, ularni ziyorat qilib turgan.
Najmiddin Kubro mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi o‘z muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid bo‘lgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edi. Shahid bo‘lganliklari haqidagi ma’lumotni hijriy 710(1311) yidda yozilgan Rashiddiddin Fazlillohning «Jomeat ul-tavorix» («Tarixlar to‘plami») asarida uchratamiz.
Chingizxon shayx Najmiddan Kubroning mashhurliklarini eshitgan bo‘lganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga chopar yuborib, «Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulug‘vor shaxsni u yerdan ketib, bizga qo‘shilishingizni so‘rayman», degan. Ammo shayx unga javoban: «Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yog‘ilayotgan paytda qochsam muruvvatdan bo‘lmaydi», degan. Bu voqea hijriy 618 (1221) yidda ro‘y bergan. Bu haqdagi ma’lumot «Tarixi guzida» («Tanlangan tarix»), Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns», keyinchalik esa, «Ravzat ul-safo», «Habib us-siyar» va boshqa mashhur tarixiy kitob va tazkiralarda ham uchraydi.
Hijriy 733 (1334) yidda Xorazmga safar qilgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta Urganch shahridan chiqa berishdagi zoviyada Najmiddin Kubroning maqbarasi va boshqa ulug‘larning mozorini ko‘rganligini yozadi.
Najmiddin Kubro bir necha ilmiy asarlar va ruboiylar yozgan-ki, ular juda ko‘p tazkiralarda uchraydi. U o‘z qarashlarini arab tilida yozgan bir qator risolalarida bayon qilgan. Ulardan asosiylari «Favo’ix al-Jamol va faovtix al-Jalol», «al-Usul al-ashara», «Risolat al-Xo’if al-xa’im min laumon al-la’im» va boshqalardir. Bu asarlar arab mamlakatlari va Turkiyada bosib chiqarilgan. Uning arab tilida yozgan «Risolatun odob ul-zokirin» («Zikr aytuvchilar odobi haqidagi risola») asarining Abdurahmon Jomiyning shogirdi Abdul g‘ofur Loriy tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasi bizgacha yetib kelgan va Uzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida № 503-X raqami ostida saqlanmoqda. Bu asarning asli nomi arabcha «Al-Usul al-ashara» («o‘n usul» yoki «o‘n asos») deb ataladi. Turkiyada ushbu asar turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Ma’lumki, Kubro haqiqat asroriga yetishish maqsadida o‘z tasavvuf maktabini yaratdi. Uning aqidasiga ko‘ra, inson o‘z mohiyati e’tibori bilan mikrokosm, ya’ni kichik olamni tashkil etadiki, u makrokosm, ya’ni katta dunyo bo‘lgan koinotdagi barcha narsalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Ammo ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin o‘ziga xos maqomlarda joylashganligidan, haqiqat yo‘lini qidiruvchilar bunday yuksakliklarga ko‘tarilib, iloxiy sifatlarga ega bo‘lishi uchun, ya’ni kamolotlarga erishishi uchun, ma’lum riyozatli yo‘llarni o‘tishlari zarur. Buning uchun esa, har bir kishi o‘n asosga tayanmog‘i kerak:
1. Tavba — o‘z xohishi bilan Haq taologa hech bir ko‘rsatmasiz yuzlanishdir. Kishi o‘z irodasi bilan Xudoni sevishi va o‘zining «meni» dan kechishi kerak. Tavba Xudo tomon yuz tutgan barcha kishilarning har qanday gunohlardan forig‘ bo‘lishidir. Gunoh shunday narsadirki, u dunyoviy yoki ilohiy bosqichlardan tashkil topganiga qaramasdan Alloh taolodan yiroqlashtiradigan amaldir.
2. Zuhd fi-dunyo — bu dunyoda ham, uning tashqarisida ham, nima-iki lazzat tomon boshlasa, undan tiyilishdir. Oz yoki ko‘p bo‘lsa ham, biror molu mulkka, jangga yoki bo‘lmasa biror mansabga o‘z tabiiy vafotigacha rag‘bat yoki moyillik ko‘rsatish, zuhddan chiqish hisoblanadi.
Zuhdning mohiyati dunyo va oxiratga rag‘bat qo‘yishdan voz kechishdir. Ichki lazzat, sharob ichish, nikohiy ishlarga ruju qo‘yish, mansab va oliy martabalarni qo‘msash kabi rohatlarga o‘xshash his-tuyg‘ulardan voz kechishdir. Yillar davomida xayrli ishlar bilan band bo‘lib, yer ishlari bilan shug‘ullanish va shunga o‘xshash boshqa fao-liyat ta’sirida dunyoviy narsalardan ko‘ra, oxiratga ko‘proq tamo-yil va rag‘bat ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Chunki dunyo foniy bo‘lib, oxirat boqiydir.
3. Tavakkal — Xudoga ishonch jihatidan bu turmushdagi barcha ikir-chikirlardan voz kechishdir. Shaxsning dunyoga rag‘bat qo‘yishi molu dunyo va mansab orttirish uchun tashabbus ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Tavakkal diddan Xudoga ishonish bo‘lib, uning ulug‘vorligini e’tirof etishdir. Maqsadga erishish mahalida tavakkal birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.
4. Qanoat — hayot kechirishni ta’minlaydigan oz narsa bilangina qanoatlanish, o‘z tarafiga tortadigan barcha nozu-ne’matlardan va hirslardan (ovqatni ko‘p iste’mol qilish, qimmatbaho kiyimlarga havas qo‘yish, o‘yin-kulgi, bekorchilik va boshqalardan) yuz o‘girish.
5. Uzlat — tanholikda o‘tirib, ruhni mustahkamlash, odamlar bilan muomalani to‘xtatish: gaplashmaslik, eshitmaslik, qaramaslik va turli fe’l-atvordan aloqani uzishdir. Uzlatning asl maqsadi xilvatda ado qilinganligi sababli his-tuyg‘uni jilovlashdir. Xilvat va uzlatga ketish hissiyotlarning bosilishiga olib keladi.
6. Mulozamat az-zikr (uzluksiz zikr) — o‘z xohishicha Xudoning ismini fikrida yod qilib turish va butun qalbni u bilan to‘ldirish.
Shunday qilinganda, pastkashlik, hasad, ochko‘zlik, ikkiyuzlamachilik kabi razillik va riyokorliklar ko‘ngilga yo‘l topa olmaydi.
7. Tavajjuh — butun ichki mohiyatni Xudoga qaratish, unga cheksiz muhabbat qo‘yish, undan boshqa narsa borligini his etmaslikdir. O‘z vujudini yo‘qotish, Haqning abadiy va azaliy vujudini boshqa bilim ila ko‘ra bilishdir.
8. Sabr — o‘z ixtiyori bilan nafs doirasidan mashaqqatlar chekib bo‘lsa ham, o‘zini olib qochishdir. Maqbul bo‘lgan to‘g‘ri yo‘ldan adash-masdan borish uchun, kishi o‘z mayllarini so‘ndirishi lozim. Bundan ko‘zlangan maqsad shundaki, dil kuduratlardan poklanishi, ruh esa, agar nafs natijasida zanglanib qolgan bo‘lsa, jilo topishi za-rurdir.
9. Muroqaba (tafakkurga g‘arq bo‘lish) — erishilgan darajada mushohada yuritish, qalbni arzimas his-tuyg‘ulardan xoli qilib, tozalash va xotirjamlikka erishish. Kurash, riyozat chekish yo‘li bilan hosil qilingan yo‘l haqqoniy tuhfa etilgan tabiiy amal bo‘lib, yaratilish haqiqatining g‘alabasi sifatida paydo bo‘ladi va shuning uchun ham rivojlanib boradi.
10. Rizo — shaxsning nafs erkinligidan chiqib, Xudo xushnudligiga kirishi va azaldan nimaga ishongan bo‘lsa, o‘shani o‘z bo‘yniga olishidir. O‘z irodasini toabad qoladigan narsaga voqelik sifatida qaytarib, o‘limga o‘xshash o‘tkinchi narsaga e’tiroz bildirishi-dir.
O‘n usuldan chiqariladigan natija shundaki, o‘lmaydigan shaxsning yodi uning nafsini mag‘lubiyatga uchratgan sifatlarida yashaydi.
Najmiddin Kubro shahid bo‘lgandan so‘ng, uning ta’limotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyo Kubraviya maktabini vujudga keltirdilar. Bu birodarlik firqasi a’zolarini birlash-tirgan narsa rasmiy tashkilot emas, balki ta’limotning ruhi va maqsadi edi.
Tashkiliy jihatdan Kubraviya xonaqohlarida o‘z-o‘zini boshqara-digan ozod anjuman bo‘lib, uning boshida xalifa turar edi. 1221 yilda vafot etgan Najmiddin Kubroning shogirdi Sayfiddin Bahorziy tomonidan Buxoro yaqinidagi Soktariy qishlog‘ida tashkil etilgan ana shunday xonaqoh Najmiddin Kubro nomi bilan atalar edi. Bu yerdagi Kubraviya jamiyati XVIII asrning oxirlarigacha faol ish ko‘rib, uning a’zolari Kubro g‘oyalarini Xitoyning g‘arbiy chegaralarigacha yoydilar. Kubroning boshqa bir shogirdi, 1252 yilda vafot etgan Sa’diddin Hamaviy Xurosonning Bahrabod deb atalgan maskanida xonaqoh barpo qilib, uning atrofida to‘garak tashkil etdi.10
Kubraviya maktabi bir qator mustaqil shahobchalar vujudga kelishiga sabab bo‘ldiki, ular musulmon dunyosi Sharqida keng tarmoq otdi. Bu tarmoq kelib chiqish manbaini Kubroning boshqa bir shogirdi bo‘lgan Majiddin Bag‘dodiy (Bag‘dodak Xorazmdagi qishloq bo‘lib, undan chiqqan Majiddin 1209 yoki 1219 yilda qatl etilgan) asos solgan tariqatdan, deb hisoblar edilar. Bular quyidagilar:
Firdavsiya — Sayfiddin Bahorziy shogirdining xalifasi bo‘lgan, 1300 yillarda vafot etgan Najibiddin Muhammad tomonidan tashkil etilgan va Hindistonda (Dehli, Bihar) tarqalgan;
Nuriya — 1317 yilda vafot etgan Abdurahmon al-Isfaroiniy tomonidan asos solingan bo‘lib, Kubraviyaning Bag‘dod shahobchasi hisoblanadi;
Rukniya — o‘z kelib chiqishini 1261—1336 yillarda yashagan Rukniddin Alo’addavla as-Simnoniydan olgan birodarlik tariqati;
Hamadoniya oliya — Kashmirda islomni yoyishda faol ish ko‘rsatgan Sayyid Ali binni Shahobiddin Hamadoniy (1314—1385) asos solgan, rukniyadan ajrab chiqqan birodarlik tariqati bo‘lib, Kubraviya tariqati silsilasining boshqa shahobchalarigya qaraganda eng mashhuridir;
Ig‘tishoshiya — hamadoniya oliyaning Xuroson shahobchasi bo‘lib, Ishoq al-Xuttaloniy (1423 yil o‘ldirilgan) tomonidan asos solingan. Uning ikki shogirdi esa, ikki mustaqil shia tariqatiga asos solishgan;
Zahabiya — asoschisi XV asr o‘rtalarida vafot etgan Abdulloh Barzishobodi Mashhadiy;
Nurbaxshiya — asoschisi Nurbaxsh (1392—1464) laqabli Sayyid Muhammad binni Muhammad.
Yuqorida aytilganlar shundan guvohlik beradiki, Najmiddin Kubro ta’limoti butun musulmon Sharqi mamlakatlarida keng tar-qagan bo‘lib, hozirda ham uning ko‘rinishlarini uchratish mumkin.11
Shunday qilib, Najmiddin Kubro tasavvuf ta’limotining rivoji va butun musulmon Sharqida keng tarqalishida katta rol o‘yna-di. Uning nomi islom olamida mashhur bo‘ldi.
Abu Mansur al-Moturidiy (Vafoti 945)
Abu Mansur al-Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri bo‘lmish Moturidiya oqimining asoschilaridan hisoblanadi. Uning hayoti haqida ma’lumotlar juda oz. To‘liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fiqh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog‘idan (hozirgi Jonboy tumanida joylashgan) bo‘lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir. Abu Mansur al-Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi.
Al-Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo‘lib, so‘ngra IX ayerning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko‘chirildi. Biroq o‘sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiy-madaniy markazi bo‘lib qolaverdi.
Abu Mansur al-Moturidiy tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. U Samarqandda 944—945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga dafn etilgan.
Ba’ni manbalarda uning Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Al-Moturidiy Abu Bakr Axmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad al-Iyodiy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yaxyo al-Balxiy, Muhammad ibn al-Fadl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan.
Al-Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, Hanifiya mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqatda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida shu sohaga oid asarlar yozib qoldirgandir. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning (vafoti 1582 yil) «Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot va mashaoyix mazahab an-Nu’mon» («Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob») nomli kitobida al-Moturidiy va uning asarlari haqida ayrim ma’lumotlar beriladi. Masalan, quyidagi asarlari nomlari keltirilgan: «Kitabi Tavhid», «Kitab Maqomat», «Kitab rad avomil lil adila lil ka-biy» («Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob»), «Kitab bayon va hum ul-ma’tazila» («Mu’tazila g‘av-g‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni»), «Kitab Ta’vilot al-qur’on» («Qur’on ta’vili kitobi»).
Lekin Hoji Xalifaning (1609—1659) «Kashf az-zunun an-asomil kutub va-l-funun» («Kitob va fanlar nomlari haqidagi shubhalarni bartaraf etish kitobi») kitobida e’tirof etilishicha, yana
Abu Mansur al-Moturidiyning «Ma hazi ash-shari’a» («Shariat asos-lari sarasi»), «Kitab al-jadal» («Dialektika haqida kitob») kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari al-Moturidiyning «Kitab al-usul» («Diniy-ta’limot usuli kitobi») asari ham ma’lum.
Abu Mansur al-Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham asosan xorijiy mamlakatlar kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
Al-Moturidiy islom olamida juda nozik hisoblangan «Kitab Tavhid» — asari bizning davrimizga yetib kelgan va u 1970 yilda Fathulloh Xulif tomonidan Bayrutda nashr etilgan.
U islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, fiqhga va kalomga oid asar yozadi. Bu al-Moturidiyning «Ta’vilot ahl as-sunna» yoki boshqa bir nomi «Ta’vilot al-Qur’on» deb nomlanadi. Al-Moturidiy bu asarida sunniy aqidadagi (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish ko‘radi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. «Ta’vilot»ning birinchi jildi qohirada 1971 yilda Ibrohim Avadayn va as-Sayd Avadaynlar tomonidan nashr etilgan.
Al-Moturidiyning bu birgina asari tarix jarayonida ko‘p allomalar asarlariga asos solgan, ular ijodiga turtki bo‘lgan.
Shulardan biri Alovuddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiyning sharhidir. U «Sharh ta’vilot ahli as-sunna» deb nomlanib, Institut fondida bu asarni ikkita nusxasi saqlanadi.
Shu bilan birga al-Moturidiy nomi ostida yozilgan bir necha soxta asarlar ham ma’lumdir. Masalan: «Favoid» (qoidalar), boshqa nomi «Pandnoma», «Kitob al-Usul», «Sharh al-Fiqx al-Akbar» asarlari shular jumlasidandir. Bu al-Moturidiyning diniy ilmlar namoyandalari orasida qanchalik mashhur bo‘lganligidan dalolat beradi.
Al-Moturidiy ko‘p shogirdlar yetishtirdi, ular orasida islom olamiga mashhur allomalar: Abu-l-Hasan ar-Rustug‘faniy (vafoti 961), Ishoq ibn Muhammad as-Samarqandiy va Abdu-l-Karim al-Pazdaviy (vafoti 999), Abu Ahmad al-Iyodiy kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishganligi tufayli Hanafiya mazhabidagilar ichida Moturidiya oqimi vujudga kelgan.
Abu Mansur al-Moturidiyning zamondoshlari hamda hamfikrlaridan mashhur fihq olimi Abu-l-Qosim Hakim as-Samarqandiyni alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Bu olim Samarqandda tug‘ilib, butun umrini shu yerda o‘tkazgan. Fiqh va kalom sohasida mashhur bo‘lgan.
Abu Mansur umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqatda bo‘lgan va munozarlar olib borgan. U islom dini Hanafiya mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qo‘shdi.
Al-Moturidiy nafaqat fihq, kalom ilmiga oid, balki boshqa fanlarga oid asarlar ham yozgan deb aytish mumkin. O‘zR FAning Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan al-Moturidiyning ovchilikka oid asari bunga dalil bo‘ladi. Bu asarning bir qo‘lyozma nusxasi «Risola jonvor doriy» («Jonvorlarga oid risola») deb nomlangan bo‘lib, unda ovchi qushlarni boqish haqida fikr yuritiladi. Bu asarda ovchi burgutlarning har xil zotlari, ularning tashqi ko‘rinishlari, oziqlantirish, ovga yaroqliligi bilan bir qatorda ko‘paytirish, izi va chatishtirish usullari kabi masalalar haqida gap boradi.
Al-Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.
Al-Moturidiyni ulug‘lab «Imom al-Xuda» va «Imom al-mutakallimin» (Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan ham ataganlar.
Movarounnahr — Markaziy Osiyo xalqlari turli falsafiy, tabiiy, aniq fanlar, adabiyot, san’at sohalarida dunyoga mashhur siy -molar, allomalar bilan birga islom nazariyasi, diniy ilmlar bo‘yicha al-Moturidiydek butun musulmon olamida nom qozongan olim-larni ham yetishtirib chiqardilar.12
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 dekabrda qabul qilgan qaroriga binoan 2000 yilda allomaning 1130 yillik tavallud sanasi nishonlandi.


Download 59,67 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 59,67 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II BOB. Markaziy Osiyoda tasavvuf ta’limotining vujudga kelishi

Download 59,67 Kb.