18
4-modda. Axborot erkinligi
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim
axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan
foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.
Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va
erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy
qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini
muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklanishi
mumkin.
6-modda. Axborotning ochiqligi va oshkoraligi
Axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerak, maxfiy axborot bundan
mustasno.
Maxfiy axborotga quyidagilar kirmaydi:
− fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularni ro‘yobga chiqarish
tartibi to‘g‘risidagi, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv
organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat
birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy
maqomini belgilovchi qonun hujjatlari;
− ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik,
favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda aholining, aholi
punktlarining, ishlab chiqarish obyektlari va kommunikatsiyalarning
xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotlar;
− axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy
arxivlarning va O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat
ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarga tegishli axborot tizimlarining ochiq
fondlaridagi mavjud ma’lumotlar.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o‘zini
o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat
notijorat tashkilotlari jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar,
hodisalar va jarayonlar to‘g‘risida qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda ommaviy axborot vositalariga xabar berishi shart.
10-modda. Axborot berishni rad etish
Agar so‘ralayotgan axborot maxfiy bo‘lsa yoki uni oshkor etish
natijasida shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va
davlat manfaatlariga zarar yetishi mumkin bo‘lsa, axborotni berish rad
etilishi mumkin.
19
So‘ralayotgan axborotni berish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabar
so‘rov bilan murojaat etgan shaxsga so‘rov olingan sanadan e’tiboran
besh kunlik muddat ichida yuboriladi.
Rad etish to‘g‘risidagi xabarda so‘ralayotgan axborotni berish
mumkin emasligi sababi ko‘rsatilishi kerak.
Maxfiy axborot mulkdori, egasi axborotni so‘rayotgan shaxslarni
bu axborotni olishning amaldagi cheklovlari to‘g‘risida xabardor etishi
shart.
Axborot berilishi qonunga xilof ravishda rad etilgan shaxslar,
shuningdek o‘z so‘roviga haqqoniy bo‘lmagan axborot olgan shaxslar
o‘zlariga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qonunda belgilangan
tartibda qoplanishi yoki ma’naviy ziyon kompensasiya qilinishi
huquqiga ega.
11-modda. Axborotni muhofaza etish
Har qanday axborot, agar u bilan qonunga xilof ravishda
muomalada bo‘lish axborot mulkdori, egasi, axborotdan foydalanuvchi
va boshqa shaxsga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, muhofaza etilmog‘i
kerak.
Axborotni muhofaza etish:
− shaxs, jamiyat va davlatning axborot sohasidagi xavfsizligiga
tahdidlarning oldini olish;
− axborotning maxfiyligini ta’minlash, tarqalishi, o‘g‘irlanishi,
yo‘qotilishining oldini olish;
− axborotning buzib talqin etilishi va soxtalashtirilishining oldini
olish maqsadida amalga oshiriladi.
13-modda. Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi
Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin
foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga
taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda
ruhiy ta’sir ko‘rsatilishidan himoya qilish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot
toifasiga kiradi.
Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli
axborotni, xuddi shuningdek, shaxsiy hayotiga taalluqli sirini,
yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa
muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta
ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun
hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
20
Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va
ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari
va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish
maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
Fuqarolar to‘g‘risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik
qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu
axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda
tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.
Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini yoki taxallusini
qo‘ygan muallifni, ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
Axborot manbai yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi
mumkin.
|