|
INNOVATSION MUAMMOLAR VA ULARNI HAL ETISH YOʻLLARI
|
bet | 14/19 | Sana | 06.06.2024 | Hajmi | 4,13 Mb. | | #260791 |
Bog'liq BMI Gavsiddin3. INNOVATSION MUAMMOLAR VA ULARNI HAL ETISH YOʻLLARI
3.1. Oʻzbekiston Respublikasining raqobatbardosh milliy innovasiya tizimini shakllantirish muammolari
Zamonaviy iqtisodiyot nazariyasida sanoat korxonalarining innovasiviy rivojlanish yoʻli qoʻshimcha qiymat yaratishning asosiy manbai boʻlib hisoblanadi va sanoat ishlab chiqarishining uzoq muddatli va kuchli iqtisodiy oʻsishi uchun asosiy imkoniyat sifatida tan olinadi. Iqtisodiyotda yuqori samarali investisiya strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish uzoq muddatli iqtisodiy siyosatning asoslaridan biri boʻlib, u kompaniyaning tashqi va ichki bozorda barqaror mavqeini belgilaydi. Oʻzbekiston uchun innovasion va texnologik taraqqiyotga erishish oʻta muhimdir, chunki faqat shu yoʻl orqali zamonaviy texnologik bazani yaratish, raqobatbardosh maxsulotlar ishlab chiqarish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligining samaradorligini oshirish, shuningdek xalqaro raqobatdoshlikni mustahkamlashi mumkin boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy sanoat korxonalarining innovasion faoliyatini faollashtirish uchun shart-sharoitlarni shakllantirishga etarlicha e’tibor berilmayapti. Bundan tashqari, doimiy ravishda oʻzgarib turadigan faoliyatni olib borishga ta’sir etadigan tashqi muhit sharoitlari va sanoat korxonalari rivojlanishining ichki omillari innovasion faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash uchun uslubiy yondashuvlarni takomillashtirish zarurligini belgilab beradi. Shuningdek, innovasiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash vositalarini aniqlash va asoslashni talab etadi. Tadqiqotimizning maqsadi sifatida Oʻzbekiston Respublikasida zamonaviy innovasiya modelini shakllantirishning ayrim muammolarini koʻrib chiqamiz. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda, ushbu tadqiqot ob’ekti boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining milliy innovasiya tizimi (MIT), uning holati, salohiyati, iqtisodiy rivojlanish va raqobatdoshlikka qoʻshadigan hissasi boʻlib hisoblanadi.
Kristofer Femenning fikriga koʻra, milliy innovasiya tizimi (MIT) bu: “faoliyati va munosabatlari yangi texnologiyalarni joriy qiladigan, import qiladigan, oʻzgartiradigan va tarqatadigan davlat va xususiy sektorlardagi muassasalar tarmogʻi” deb ta’riflanadi. Shu bilan birga, milliy innovasiya tizimining yana bir ta’rifi diqqatga sazovordir. Bu Daniyalik olim Bengt-Ake Lundvall (2010, 2016) tomonidan ilgari surilgan: davlat chegaralarida turgan, yohud chegaraga bogʻliq boʻlgan yangi, iqtisodiy jihatdan samarali bilimlar bilan ishlab chiqarish, tarqatish va qoʻllashda oʻzaro ta’sir qiluvchi elementlar va munosabatlardir. Bu andozadagi milliy innovasiya tizimining koʻplab umumiy tarzda koʻrsatib oʻtilgan sxemaviy tasvirlari mavjud. Quyidagi diagrammada innovasiyalarni rivojlantirishga yordam beradigan omillar uchta mantiqiy guruhga birlashtirilgan, ularda innovasiyalarni ragʻbatlantirish va tijoratlashtirish uchun moliyaviy va tashkiliy vositalarning ahamiyati koʻrsatilgan.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdiki, innovasion texnologiyalar zamonaviy ishlab chiqarish va davlatning iqtisodiyot salohiyatini rivojlantirishning eng muhim samarali vosita va shartiga aylandi. Ular oʻzida ilm-fanning ilgʻor yutuqlarini, eng yangi muhandis – texnik echimlarini hayotga tadbiq etilishi va ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, ularni ommaviy tarqatish va bozorda taqsimlash imkoniyatlarini mujassamlashtirgan zamonaviy milliy innovasiya tizimini shakllantiradi. Zamonaviy milliy innovasiya tizimi oʻzida innovasion rivojlanishni ta’minlovchi tashkiliy, qonunchilik, tarkibiy va funksional tarkibiy qismlarning majmuini oʻzida aks ettiradi. Oʻzbekiston milliy innovasiya tizimi oʻzining shakllanish bosqichida boʻlib, unda innovasiyalarni amalga oshirish uchun barcha kerakli asosiy elementlar mavjud.
Milliy innovasiya tizimi elementlaring birinchi guruhi innovasiyalarni rivojlantirish uchun zarur, ammo etarli boʻlmagan sharoitlardir. Bizning fikrimizcha, bularga mamlakatning inson salohiyati, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasini rivojlanganligi, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va qoʻriqlash tizimining samaradorligi, shuningdek, biznes yuritish uchun qulay umumiy ishbilarmonlik muhiti, shu jumladan, davlat boshqaruvi sifat darajasi ham kiradi.
Ikkinchi guruh – bu innovasiyalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish vositalaridir. Ular innovasiyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy vositalar masalan, grantlar, imtiyozlar, yoki kafolatli kreditlash, shuningdek, tashkiliy (ilmiy-texnik, biznes-inkubatorlar, texnoparklar, texnologiyalar transferi boʻyicha muassasalar, biznesni muvofiqlashtirish tadbirlari (yarmarkalar) va boshqalar) vositalarning mavjudligi anglatadi.
Uchinchi guruh – bu natija va maqsadlardir. Bu gurux startaplar, kichik innovasiya korxonalari, spin off, shuningdek, patentlar, yangi innovasion mahsulotlar va xizmatlarni oʻz ichiga oladi. Davlat statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, 2019 yilda ilm-fan sohalari tomonidan tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga (ilmiy-tadqiqot ishlanmalariga) sarflangan xarajatlarning umumiy hajmi oʻtgan yilga nisbatan 13,9 foizga oʻsgan va 602,3 milliard soʻmni tashkil etdi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga koʻra tabiiy va texnika fanlari 387 milliard, tibbiyot va qishloq xoʻjaligi fanlari – 106,6 milliard, ijtimoiy va gumanitar fanlar – 108,7 milliard soʻmni tashkil etadi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarning yarmi, ya’ni 304,4 milliard soʻmi davlat sektori tomonidan jamlangan. Tadbirkorlik sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari 191 milliard soʻmni, oliy ta’lim sohasi 104,1 milliard soʻmni oʻzlashtirdi. Asosiy kuchlardan orqada joylashgan xususiy notijorat sektorida oʻzlashtirish 2,8 milliard soʻmni tashkil etdi. Qaysi hududda eng koʻp innovasiya bor?
Taqdim etilgan ma’lumotlardan kelib chiqadiki, respublikada innovasion faoliyat bilan shugʻullanadigan tashkilotlar soni 3916 tani tashkil etadi. Eng yuqori koʻrsatkich 906 innovasion tashkilot Toshkent shahrida qayd etilgan boʻlsa, Navoiy viloyatida 574 ta va Fargʻona viloyatida 431 ta tashkilot qayd etilgan. Umuman olganda, oʻtgan yili texnologik, marketing va tashkiliy innovasiyalarga sarflangan xarajatlar 6603,5 milliard soʻmni tashkil etdi, deyiladi Davlat statistika qoʻmitasi ma’lumotlarida. Shundan, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan – 3342,9 mlrd. soʻm, xorijiy investisiyalar hisobidan – 1083,7, tijorat banklari kreditlari hisobidan – 1060,1, byudjet mablagʻlari hisobidan – 727,9, maqsadli byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan – 307,2, moliyalashtirishning boshqa manbalari hisobidan – 81,8 mlrd. soʻm xarajatlar amalga oshirilgan.
Innovatsiyalar qanday taqsimlanmoqda.
5-rasm. Manba. raqamlar https://stat.uz/uz/ saytidan olindi
2021 yilda amalga oshirilgan innovasiyalarning umumiy soni 4689 tani tashkil etdi. Ularning 4427 tasi texnologik, 128 tasi marketing va 134 tasi tashkiliy innovasiyalardir.
Innovasiya tizimi – bu innovasion rivojlanishni ta’minlaydigan tashkiliy, qonunchilik, tuzulmaviy va funksional tarkibiy qismlarning yigʻindisidir. Oʻzbekistonning mavjud milliy innovasiya tizimi (MIT) bir qator muhim oʻzgarishlarni boshdan kechirgan holda, hali ham oʻzining shakllanish bosqichidadir. Shu bilan birga, uning alohida elementlari, xususan, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar yangi bozor munosabatlariga moslashishi bilan tiklanishi va uning ba’zi qismlari, masalan, ishlanmalarni tijoratlashtirish noldan baholanishi kerak.
Haqiqatdan ham samarali innovasiya tizimini shakllantirishdagi qiyinchilik – bu hal qilinishi zarur boʻlgan muammmolarning murakkabligidir. Xalqaro amaliyotni oʻrganish shuni koʻrsatdiki, turli davlatlar innovasion tizimlarining rivojlanish strategiyasi, davlatning makraiqtisodiy siyosati, ilmiy va texnologik salohiyati, siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari asosida qurilgan va shuning uchun boshqa mamlakatlar sharoitida takrorlanmasligi kerak. Shunga qaramay, MIT ning asosiy elementlari va ularni hal qilish uchun da’vat qilingan vazifalar doirasida oʻxshashliklar mavjud.
Oʻzbekiston milliy innovasiya tizimi elementlarini, ularning oʻzaro bogʻliqligining tizimli tahlil natijalariga koʻra innovasion rivojlanish uchun hal etilishi zarur boʻlgan bir qator muammolar mavjudligini aniqladik:
Birinchidan, milliy innovasiya tizimining deyarli har bir elementi oʻzaro bogʻliq boʻlgan jiddiy muammolar mavjudligidan aziyat chekmoqda, buning natijasida tizim yaxlit emas va hozirgacha innovasion rivojlanishni taminlay olmaydi. Masalan, davlat idoralari tomonidan yaratilgan yoki davlat mablagʻlari hisobidan yaratilgan intellektual mulk ob’ektlariga huquqlarini taqsimlash mexanizmining noaniqligi innovasion echimlarni tijoratlashtirishni murakkablashtirmoqda.
Ikkinchidan, amalda milliy innovasiya tizimi alohida elementlarining ishlashi innovasion rivojlanishning umumiy maqsadiga kirmaydigan alohida muayyan vaifalarni hal qilishga yoʻnaltirilgan va ba’zi hollarda bu hatto qoʻshimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, mahsulotni majburiy sertifikatlash va eksport shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi innovasion faoliyat natijalarini eksport qilishda tranzaksiya xarajatlarini oshiradi va shu bilan mahalliy mahsulotlarni chet elga chiqishini cheklaydi.
Uchinchidan, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga ustuvorlik, maqsadlarni belgilovchi va ushbu yoʻnalishga erishish choralarini qamrab oladigan dasturiy hujjat shaklida ishlab chiqilgan maqsadli innovasion siyosat mavjud emas. Mahalliylashtirish va tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha mavjud dasturlar ishlab chiqarishni modernizasiya qilishni, uning texnik darajasini oshirishni nazarda tutadi va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va import qilinadigan mahsulotlarning oʻrnini bosishga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlashni talab qiladi. Biroq, ushbu dasturlarda mahalliy ilmiy salohiyatni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, qoʻllab-quvvatlovchi tuzilmalarni yaratish va ishlab chiqarishga innovasiyalarni joriy etish boʻyicha tegishli choralar koʻzda tutilmagan.
Toʻrtinchidan, milliy innovasiya tizimi elementlari bir-biri bilan etarlicha aloqada emas, bu esa zaif axborot oqimi, ishlab chiqarishga innovasiyalarni ilgari surish, kadrlar tayyorlash darajasi ish beruvchilar talablariga mos kelmasligiga olib keladi.
Beshinchidan, ilmiy-tadqiqot va tajriba – konstruktorlik ishlariga ajratiladigan byudjet mablagʻlarning etishmasligi, shuningdek, ilmiy va innovasion faoliyatni davlat tomonidan moliyalashtirishning samarasizligi va shaffof emasligi, byudjetdan tashqari va xususiy fondlar mablagʻlarini jalb qilish uchun ragʻbatlantirish mexanizmlarining mavjud emasligi, ichki qarzlar asosida moliyalashtirish mablagʻlarining etarli darajada rivojlanmaganligi.
Shu bilan birga, ilmiy tashkilotlar intellektual faoliyat natijalariga huquqlarni belgilashda boʻshliqlar mavjudligini hisobga olgan holda, innovasiya faoliyatidan foyda olishning samarali va aniq strategiyasiga yoki tasdiqlangan tartibiga ega emaslar.
Umuman olganda, respublikada mavjud innovasiya muhitining quyidagi asosiy muammolarini ajratib koʻrsatish mumkin, ularning echimini topish mahalliy innovasiya potensialini rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi:
• innovasiya jarayonining barcha bosqichlarini amalga oshirish uchun tizimli, aniq tuzilgan qonunchilik bazasi, shuningdek, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri (byudjet tomonidan moliyalashtirish) va bilvosita (soliq imtiyozlari, davlat kafolatlari va h.k.) mexanizmlari, shuningdek, huquqiy asoslari yoʻqligi;
• korxonalarni shakllantirish shartlari va innovasiya infratuzilma sub’ektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar normalarini tartibga soluvchi me’yoriy – huquqiy asosning mavjud emasligi;
• ichki bozorda ilgʻor texnologiyalar va yangiliklarga toʻlov qobiliyatining cheklanganligi, iqtisodiyotning real sektori tomonidan istiqbolli ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish nuqtai-nazaridan loyihalarga talabning yoʻqligi;
innovasiya infratuzilmasining ayrim elementlarini aynan riskli moliyalashtirish (venchur fondlari) kabi mustaqil innovasiya loyihalari va innovasiya tadbirkorligi va mustaqil innovasiya loyihalari, shuningdek, firmalarning jadal oʻsishi bosqichida ularni qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus moliyaviy mexanizmlar, firmalar va intellektual mulkni baholovchi sertifikatlangan baholovchilar, innovasion investisiyalarni sugʻurtalash, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar va qurilmalarni lizingga berish, yuqori texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun fond bozori, savdo uylari va hokazolarning yaxshi rivojlanmaganligi;
• fan va texnologiyalarni rivojlantirishning davlat tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishning samarali mexanizmlarining yoʻqligi, davlat tomonidan tegishli qoʻllab-quvvatlanishni talab qiladigan ilmiy tashkilotlarning koʻpligi. Buning oqibatida byudjet mablagʻlarining tarqalishi va mamlakat iqtisodiyotining jahon bozorida raqobatdoshligini ta’minlovchi, ilm-fanning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlarni etarli darajada ta’minlanmaganligiga olib kelmoqda:
• yirik ilmiy va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun davlatning moliyaviy, insoniy va tashkiliy resurslarini birlashtirishga, shuningdek, inventarizasiya qilish va iqtisodiyotga joriy etishga yoʻl qoʻymaydigan individual ijro etuvchi organlar (Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqalar) tomonidan moliyalashtiriladigan innovasiya loyihalarini samarali muvofiqlashtirish tizimining mavjud emasligi;
• hukumat tomonidan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga qaramay, ilmiy tashkilotlar, oʻquv muassasalari va sanoat korxonalari oʻrtasidagi kooperasion aloqalar hali ham zaifligi sezilmoqda;
• innovasiya menejmentining zamonaviy shakllari, texnologiyalar transferi va innovasiyalarni modernizasiya qilish (ilmiy- texnik mahsulotlar bozori orqali) yaxshi rivojlanmagan;
• respublikaning etakchi sanoat korxonalarining innovasion faoliyati pastligi.
3.2. Innovatsion faoliyat qonun bilan qoʻllab-quvvatlanishi
«Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilindi, unda mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, uning sub’yektlari, ob’yektlari, infratuzilmasi, sohani tartibga solish tizimi va uni moliyalashtirish meхanizmi belgilangan.
Innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
innovatsion rivojlantirishning huquqiy jihatdan tartibga solinishini ta’minlash;
ustuvor yoʻnalishlarni belgilash;
zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
innovatsion faoliyat sub’yektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
respublika, tarmoq va hududiy davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
davlat-хususiy sheriklikni rivojlantirish;
kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
хalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Davlat innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlashni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini qabul qilish va amalga oshirish;
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
innovatsion faoliyat sub’yektlariga soliq, bojхona imtiyozlari va preferensiyalar berish;
respublika Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan innovatsiyalarni yaratishga oid davlat buyurtmasini bajarish;
innovatsion faoliyatni moliyalashtirishga хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar mablagʻlarini jalb qilish uchun shart-sharoit yaratish;
ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotning va ilgʻor teхnologiyalarning davlat хaridlarini tashkil etish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Qonunda «innovatsiya», «innovatsion faoliyat», «innovatsion loyiha», «innovatsion infratuzilma», «teхnologiyalar transferi» singari tushunchalarga ta’rif berilgan [1].
Innovatsiya – fuqarolik muomalasiga kiritilgan yoki shaхsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan, qoʻllanilishi amaliyotda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni ta’minlaydigan yangi ishlanma. Qonunda mahsulotga, jarayonga, marketingga oid, tashkiliy innovatsiya turlari ajratib koʻrsatilgan.
|
| |