Toshkent shahar
Yunusobod tumanidagi
273 – umumta’lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi
Boltayeva Lolaning
X sinflar uchun
namunaviy dars ishlanmasi
Mavzu:
Lotin Amerikasi
Fan: Geografiya
Sinf: X
Mavzu: Lotin Amerikasi
Darsning maqsadi:
Ta’limiy maqsad: O`quvchilarga jahon mamlakatlari regionlari haqida ma’lumot berishda davom etib, Lotin Amerikasi mamlakatlari haqida bilim berish.
Tarbiyaviy maqsad: O`quvchilarning dunyoqarashini o`stirish va mustaqil fikrlashga o`rgatish, nazariy bilimlarni kеngaytirish barobarida iqtisodiyot masalalarini dadil yеchishni shakllantirish.
Rivojlantiruvchi maqsad: O`rganilgan mavzulardan asosiy tushunchalrni ajrata bilish, amaliyotga qo`llay bilishga o`rgatish, mustaqil fikrlash doirasini kengaytirish.
Shakllantiriladigan kompetensiyalar:
Tayanch kompetensiyalar: Kommunikativ kompetensiya, axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi, o`zini o`zi rivojlantirish kompetensiyasi, ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo`lish hamda foydalanish kompetensiyasi.
Fanga oid kompetensiyalar: Tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayon hamda hodisalarni kuzatish, aniqlash, tushunish va tushuntirish kompetensiyasi; Geografik ob’ektlar, joy nomlarini to‘g‘ri qo‘llay olish kompetensiyasi;
Dars turi: Yangi tushuncha, bilimlarni shakllantiruvchi: o`quvchilarning bilim, ko`nikma va malakalarini rivojlantiruvchi.
Dars o`tish metodi va usullari:
Og`zaki bayon qilish, aqliy hujum, savol-javob, juftlikda ishlash.
Darsning jihozi:
Darslik, Dunyoning tabiiy va siyosiy xaritasi, ko`rgazmalar, tarqatma materiallar.
Darsning texnik jihozi: Televizor, kompyuter, slaydlar.
Darsning texnik chizmasi:
Dars bosqichlari
|
Vaqt
|
Tashkiliy qism.
|
3 daqiqa
|
O`tilgan mavzuni takrorlash
|
10 daqiqa
|
Yangi mavzu bayoni
|
20 daqiqa
|
Yangi mavzuni mustahkamlash
|
8 daqiqa
|
Baholash
|
2 daqiqa
|
Uyga beriladigan topshiriqlar
|
2 daqiqa
|
Darsning borishi:
Tashkiliy qism. Salomlashib, davomat aniqlalanadi.
O`quvchilarning darsga hozirligini tekshiriladi. Kun yangiliklari so`raladi.
O`quvchilar 4 guruhga bo`linadilar:
1-guruh. Shimoliy Yevropa.
2-guruh. G‘arbiy Yevropa.
3-guruh. Janubiy Yevropa
4-guruh. Sharqiy Yevropa.
Diqqatni tortish mashqi o`tkaziladi.
Davlatlarni qit’alar bo`yicha ajratishadi:
Davlatlar: Polsha, Braziliya, Beliz, Panama, Misr, Hindiston, Avstriya, Butan, Ekvador, Birma.
Yevropa
|
Osiyo
|
Amerika
|
Afrika
|
|
|
|
|
Guruhlar javoblari baholanadi.
O`tilgan mavzuni so`rash:
Har bir guruh o`z nomidan kelib chiqib Yevropa subregionlariga ta’rif beradilar.
O`qituvchi guruhlar javobini umumlashtiradi va baholanadi.
Yangi mavzu bayoni: Slayd ko`rsatiladi.
Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri – Lotin Amerikasi – Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH, Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni o‘z ichiga oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lotin tili negizida vujudga kelgan ispan va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb ataladi.
Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida hozirgi kunda 33 ta mustaqil davlat hamda qator mustamlakalar mavjud.
Lotin Amerikasidagi aksariyat davlatlarida prezidentlik respublikasi boshqaruv shakli joriy etilgan. Vest-Indiyadagi ayrim kichik davlatlar hamda Markaziy Amerikada joylashgan Beliz Britaniya Hamdo‘stligi tarkibidagi konstitutsiyaviy monarxiyalar bo‘lib, rasman ularning davlat rahbari Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II hisoblanadi. Braziliya, Argentina, Meksika, Venesuela singari yirik davlatlar hamda Karib dengizidagi 2 ta kichik oroldan iborat Sent-Kits va Nevis mamlakati federativ davlat tuzilishiga ega. Mintaqaning qolgan mamlakatlari unitar tuzilishga ega. Lotin Amerikasining g‘arbiy qismida Kordilyera va And tog‘lari bir necha ming kilometrga cho‘zilgan. Meksika, Markaziy Amerika davlatlari, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili mamlakatlarining hududini asosan shu tog‘lar egallaydi. Venesuela bilan Paragvay davlatlari ham qisman And tog‘lari bilan band. Shuningdek, Karib dengizidagi orol mamlakatlarining yer yuzasi ham ko‘proq tog‘li ko‘rinishga ega. Braziliya, Argentina, Urugvay, Surinam, Gayana kabi davlatlar hududi, asosan, tekislik va parchalangan yassi tog‘liklardan iborat. Kordilyera-And tog‘lari va Karib dengizidagi orollar seysmik va vulqonik jihatidan Yer yuzidagi eng faol mintaqalar qatoriga kiradi. Shuning uchun Lotin Amerikasidagi tog‘li mamlakatlarda kuchli zilzilalar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladi. Masalan, 2010-yili Chili, 2012-yili Gvatemala, 2010-yili Gaitida ro‘y bergan kuchli zilzilalar falokatli ziyon yetkazgan edi.
Guruhlarga Dunyoning siyosiy xaritasi konturi (yozuvsiz xaritasi) beriladi.
Har bir guruh Lotin Amerikasi mamlakatlari nomini va poytaxtlarini yozadilar.
Guruhlar javoblari tekshiriladi va baholanadi.
Har bir guruhga yangi mavzu bo`yicha matn beriladi.
Shu matn asosida guruhlarga topshiriq beriladi.
1-guruh. Shimoliy Yevropa guruhiga:
Matnni o`qing.
Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri – Lotin Amerikasi – Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH, Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni o‘z ichiga oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lotin tili negizida vujudga kelgan ispan va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb ataladi.
Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida hozirgi kunda 33 ta mustaqil davlat hamda qator mustamlakalar mavjud. Uning hududida bir necha kichikroq mintaqalar ham ajratiladi. Jumladan, Shimoliy Amerika materigining AQSHdan janubdagi qismi va Karib dengizidagi orollarda joylashgan davlatlar O‘rta Amerika (Mezoamerika) mintaqasini tashkil etadi. Bu regiondagi davlatlar orasida hududi, aholisi va iqtisodiy salohiyati bilan Meksika alohida ajralib turadi. O‘rta Amerikaning Meksikadan boshqa davlatlari Karib dengizi akvatoriyasi, uning tabiiy resurslari va transport yo‘llari bilan tarixan chambarchas bog‘liqligi sababli, Karib havzasi davlatlari deb ham yuritiladi. Materikda, Meksikadan janubi-sharqqa tomon joylashgan 7 ta davlat (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikaragua, Kosta-Rika, Panama) Markaziy Amerika deb nomlanadi. Karib dengizidagi 13 ta orol mamlakatlar, o‘z navbatida, Vest-Indiya umumiy nomi ostida birlashtiriladi. Janubiy Amerika materigida esa 12 ta mustaqil davlat va 1 ta mustamlaka (Fransiya Gvianasi) joylashgan. Janubiy Amerikada Lotin Amerikasidagi okeanga chiqish imkoniyati bo‘lmagan 2 ta davlat joylashgan bo‘lib, bular Boliviya va Paragvaydir. Hududi kattaligi jihatidan Braziliya (jahon mamlakatlari orasida 5-o‘rin), Argentina (8-o‘rin), Meksika, Peru, Venesuela va Kolumbiya ajralib turadi. Vest-Indiyada “mitti” davlatlar safiga mansub bir necha davlatlar joylashgan.
Quyidagi topshiriqni bajaring.
Lotin Amerikasi mamlakatlari geografik o`rnining qulayligi va noqulayligi haqida yozing.
2-guruh. G‘arbiy Yevropa guruhiga:
Lotin Amerikasi mamlakatlari tabiiy boyliklar bilan ta’minlanganligi darajasi
Lotin Amerikasining ba’zi davlatlari turli foydali qazilmalarining jahon xo‘jaligi miqyosida ahamiyatli zaxiralariga ega. Jumladan, neft-gaz resurslariga Venesuela, Meksika, temir rudalariga Braziliya, Kuba, Venesuela, boksit (alyuminiy) rudalariga Yamayka, Braziliya, Venesuela, Gayana, Surinam, misga Chili, Peru, nikelga Kuba, litiy, qalay va mineral tuzlariga Boliviya, tabiiy selitraga Chili, qimmatbaho toshlarga Kolumbiya boy hisoblanadi. Hududi asosan issiq iqlim mintaqalarida joylashganligi bois Lotin Amerikasi agroiqlim resurslariga boy, dehqonchilik ishlari esa bu yerda yil bo‘yi davom etadi. Lekin O‘rta Amerikada tropik to‘fonlar tez-tez sodir bo‘lib, aholi va xo‘jalikka katta ziyon yetkazadi. Iqlimi sernamligi hisobiga Lotin Amerikasi suv va gidroenergiya resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Mintaqadagi qator davlatlar o‘rmon resurslariga juda boy, bu borada Braziliya, Kolumbiya, Venesuela yetakchi hisoblanadi.
3-guruh. Janubiy Yevropa guruhiga:
Lotin Amerikasi davlatlarida, 2017-yil holatiga, jami 650 millionga yaqin aholi yashaydi, va bu Yer shari aholisining 8,5 foizini tashkil qilmoqda. O‘tgan asrda Lotin Amerikasida aholining tabiiy ko‘payishi “demografik portlash” bosqichini kechirib, mintaqa aholisi va uning jahon aholisi tarkibidagi ulushi yuqori sur’atlar bilan o‘sib kelgan. Hozirgi davrga kelib esa, Lotin Amerikasi mamlakatlari tug‘ilish darajasi asta-sekin pasayishi bilan tavsifl anadigan demografik o‘tishning 3-bosqichini kechirmoqda. Kuba, Urugvay va Argentina esa demografik o‘tish jarayonini yakunlab, aholi tabiiy ko‘payishining past darajasi bilan ajralib turibdi.
Aholi soni jihatidan mintaqada Braziliya (206 mln, 2016-y., jahon bo‘yicha 5-o‘rin) va Meksika (121 mln, 2015-y., jahon bo‘yicha 11-o‘rin) yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Kolumbiya, Argentina, Venesuela va Peru kabi mamlakatlarning aholisi soni 20–50 mln kishi oralig‘ida. Shu vaqtning o‘zida, Vest-Indiyadagi ayrim “mitti” orol davlatlarida aholi soni 0,5 mln kishiga ham yetmaydi. Lotin Amerikasi aksariyat davlatlari yuqori urbanizatsiyalashgan mamlakatlar guruhiga mansub. Xususan, shaharlashuv ko‘rsatkichi Argentina, Venesuela va Urugvayda 90 foizdan, Braziliya va Chilida 80 foizdan oshadi. Lotin Amerikasining Mexiko, San-Paulu, Rio-de-Janeyro, Lima, Buenos-Ayres, Santa-fede-Bogota singari eng yirik shaharlari negizida jahon miqyosida eng yiriklari qatorida joy olgan shahar aglomeratsiyalari vujudga keldi. Lekin bu “gigant” shaharlarda millionlab odamlar qishloq joylardan kelib, juda katta maydonlarni egallagan xarob massivlarda turmush kechirmoqda. Masalan, Braziliyaning Rio-de-Janeyro va San-Paulu shaharlaridagi Favela deb ataladigan bunday kvartallar odatda “soxta” urbanizatsiyaning tipik misollari tariqasida keltiriladi. Bunday, shartli ravishdagi shahar joylarida ijtimoiy va ekologik muhit muammoli bo‘lishi tabiiy hol. Lotin Amerikasi aholisining hozirgi irqiy tarkibi xilma-xil bo‘lib, asosan, Yevropa mustamlakachiligi davrida shakllangan. Bu mintaqada yevropaliklar avlodlari (kreollar), qora tanlilar, amerikalik hindular hamda metislar, mulatlar va sambolar singari aralash irq vakillari yashaydilar. Lotin Amerikasining tub aholisi mongoloid irqiga mansub amerikalik hindular hisoblanadi.
Lotin Amerikasi mamlakatlari aholisining demografik muammolari haqida yozing.
4-guruh. Sharqiy Yevropa guruhiga:
Lotin Amerikasi mamlakatlariga jahon yoqilg‘i eksporti umumiy hajmining 8 foizga yaqin qismi to‘g‘ri keladi. Mintaqa mamlakatlarida konchilik va metallurgiya sanoati ham yaxshi rivojlangan. Braziliya jahon mamlakatlari orasida temir rudani qazish va eksport qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Shuningdek, Braziliya marganes, alyuminiy, mis, uran rudalarini qazib olishga ham ixtisoslashgan. Juda yirik GESlarning qurilishi hisobiga Braziliyadagi metallurgiya korxonalari arzon elektrenergiyasi bilan ta’minlandi va bu ishlab chiqarish tarmog‘i mamlakatda tobora rivojlanmoqda. Lotin Amerikasi metallurgiya sanoati mahsulotlari umumiy eksportining eng katta qismi misga to‘g‘ri keladi. Bu metallni qazish va eritish sanoati, ayniqsa, Chili va Peru uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Boliviyada qalay, surma, kumush va turli nodir metallarning qazish sanoati yaxshi rivojlanib, mamlakatning xalqaro ixtisoslashuvini ko‘p jihatidan belgilaydi. Kuba esa dunyo bo‘yicha nikel va kobalt metallarini ishlab chiqarishda yetakchi mamlakatlar qatorida joy olgan.
Mashinasozlik sanoati, asosan, Braziliya, Meksika va Argentinada yaxshi rivojlangan bo‘lib, jahon xo‘jaligi miqyosida ko‘proq avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika tarmoqlariga ixtisoslashgan. Bu mamlakatlar uchun yengil avtomobillar eng asosiy eksportbop mahsulotga aylangan. Lotin Amerikasining eng yirik davlatlarida mashinasozlikning yaxshi rivojlanishi uchun metallurgiya bazasining yaxshi rivojlanganligi, arzon va nisbatan malakali ishchi kuchi, yirik ichki bozorining mavjudligi, rivojlangan davlatlar, eng avvalo, AQSHning yirik korporatsiyalari bilan hamkorligi muhim sanaladi.
Qishloq xo‘jaligi ham Lotin Amerikasi mamlakatlarning xalqaro ixtisoslashuvini ko‘p jihatdan belgilaydi. Shakarqamish, kofe, banan, kakao, soya va paxta yetishtirish Lotin Amerikasi mamlakatlari qishloq xo‘jaligining eksportga yo‘naltirilgan eng muhim tarmoqlari hisoblanadi. Shakarqamish ko‘proq Vest-Indiya orollari hamda Janubiy Amerikaning shimoliy hududlarida issiq va fasliy nam iqlim sharoitida yetishtiriladi. Ayniqsa, Braziliya va Kuba iqtisodiyoti uchun shakarqamish yetishtirish va eksport qilish juda katta ahamiyatga ega. Bu ikki davlat shakar eksporti bo‘yicha dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Kofe eksporti bo‘yicha jahonda Braziliya yetakchilik qiladi. Braziliya yassitog‘ligining janubi-sharqiy yonbag‘irlarida kofe plantatsiyalari katta maydon egallaydi. Meksika qo‘ltig‘i va Karib dengiziga ro‘para bo‘lib turgan Meksika, Markaziy Amerika davlatlari va Kolumbiyaning tog‘oldi (500–1500 m) hududlarida ham kofe yetishtirishga ixtisoslashgan yirik qishloq xo‘jalik rayonlari shakllangan. Bu yerda yetishtiriladigan “arabika” navli kofe jahon bo‘yicha eng sifatli va qimmatbaho hisoblanadi. Banan Lotin Amerikasiga Osiyodan olib kelinib, o‘tgan asrning boshida Markaziy Amerika davlatlarida eng asosiy qishloq xo‘jalik ekiniga aylandi. Hozirgi kunda Braziliya, Ekvador, Kosta-Rika, Meksika, Kolumbiya eng ko‘p banan yetishtiradi, bananlarni eksport qilishda esa Ekvador va Kosta-Rika peshqadamlik qiladilar. Banan plantatsiyalari ko‘proq Tinch okeani qirg‘oqlarida joylashgan. Soya yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha Lotin Amerikasi davlatlari ichida Braziliya, Paragvay va Argentina, kakao Braziliya, Ekvador va Dominikana Respublikasida, paxta esa Braziliya, Paragvay, Meksika va Argentina tomonidan ko‘p eksport qilinadi. Lotin Amerikasining yana bir yirik qishloq xo‘jalik rayoni – Argentinadagi Pampa deb ataladigan dasht yerlaridir.
Lotin Amerikasi mamlakatlari xo`jaligining rivojlangan tarmoqlari va sabablarini yozing.
O`qituvchi guruhlar fikrlarini umumlashtirib, qo`shimcha ma’lumot beradi:
Argentina Pampasi uchun tekis relyef, issiq va nam subtropik iqlim, serhosil qora tuproq xosligi bois, bu hudud donchilik va go‘sht chorvachiligi uchun juda qulay sharoitga ega. Shu rayondagi fermer xo‘jaliklarining hisobiga Argentina bug‘doy, makkajo‘xori va go‘shtning jahon bo‘yicha yetakchi eksportyorlaridan biriga aylangan. Xalqaro dengiz transport tizimida alohida o‘rin tutadigan Panama kanali ikkita materik, ya’ni Shimoliy va Janubiy Amerikada joylashgan Panama davlati hududidan o‘tadi. Bu kanal Atlantika okeani havzasiga tegishli Karib dengizi bilan Tinch okeanini tutashtiradigan, eng serqatnov dengiz yo‘llardan biri hisoblanadi. Panama davlati, o‘z navbatida, dengiz kompaniyalari uchun past stavkadagi soliqlarni joriy qilib, jahon bo‘yicha eng katta dengiz flotiga ega mamlakatga aylandi. Bunga, asosan, xorijiy transport kompaniyalarning rasman Panamada ro‘yxatdan o‘tganligi hisobiga erishilgan.
Ma’lumki, Lotin Amerikasi davlatlari rivojlanayotgan mamlakatlar blokiga mansub. Mintaqa umumiy YIMning 2/3 qismi to‘g‘ri keladigan Braziliya, Meksika va Argentina tayanch rivojlanayotgan davlatlar guruhiga kiradi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va aholi turmush darajasining nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari mintaqa mamlakatlari orasida Chili, Urugvay, Barbados va Bagama orollariga xos. Mintaqaning eng sust rivojlangan davlati esa Gaiti Respublikasi hisoblanadi. Iqtisodiy geografik o‘rni, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, xalqaro ixtisoslashuvi, aholining irqiy, etnik va din tarkibi xususiyatlari hamda davlatlararo iqtisodiy integratsiya jarayonlarini hisobga olgan holda, Lotin Amerikasi quyidagi 7 ta subregionga ajratiladi:
- Meksika;
- Markaziy Amerika (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikaragua, Kosta-Rika, Panama);
- Vest-Indiya (Karib dengizidagi orol mamlakatlar);
- And mamlakatlari (Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Chili);
- “Gviana uchburchagi” (Gayana, Surinam, Fransiya Gvianasi);
- Braziliya;
- La-Plata mamlakatlari (Argentina, Urugvay, Paragvay).
Yangi mavzuni mustahkamlash bo`yicha guruhlarga topshiriq beriladi:
Lotin Amerikasi mamlakatlari jadvalini to`ldiring:
|
Davlatlar nomi:
|
Sanoat tarmoqlari
|
Qishloq xo`jaligi tarmoqlari
|
1
|
|
|
|
2
|
|
|
|
3
|
|
|
|
4
|
|
|
|
5
|
|
|
|
6
|
|
|
|
…
|
|
|
|
Guruhlar javoblari tinglanadi va umumlashtiriladi.
O`quvchilar baholanadi.
Uyga vazifa: Mavzuni o`qib kelish.
Quyidagi savollarga javob yozish:
1. Lotin Amerikasi mamlakatlari qanday tabiiy resurslarga boy? Mintaqa davlatlarida qaysi foydali qazilmalarining jahon ahamiyatidagi zaxiralari mavjud?
2. Lotin Amerikasi qanday subregionlarga bo‘linadi va bunda qanday mezonlar hisobga olindi?
3. Lotin Amerikasi davlatlari aholisiga irqiy, til, tarkibi va joylashuvi nuqti nazaridan yozma tavsif bering.
|