|
Pedagogik kuzatish usuli qanday qo‘llaniladi?Pedagogik kuzatish usuli qanday qo‘llaniladi?
Kuzatish usuli ta‘lim-tarbiya jarayonlarining amaldagi
holati bilan tanishtiradi, ularning oqibat natijalarini bilishga yordam beradi va shu asnoda yaratilgan yangi kashfiyotlar
uchun dalillar, omillar yig‘ish imkonini tug‘diradi. Bu usul ancha murakkab bo‘lib, nazarda tutilgan maqsad qanday
amalga oshayotganligini aniqlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarning o‘zaro aloqalari, individual farqlarini qiyoslash uchun
ham qo‘llaniladi.
Tabiiy kuzatish orqali o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishlari, ularning xulq-atvori va muammolaridagi o‘zgarishlarni
hisobga olish va tegishli ta‘limiy-tarbiyaviy ta‘sir ko‘rsatish yo‘llarini belgilash uchun qo‘llaniladi.
Ilmiy kuzatishlar esa nafaqat o‘quvchilarning tabiiy faoliyatini balki ularning ilmiy dunyoqarashlari shakllanishi,
fikrlash jarayoni kuchi, xulosalar chiqarishdagi faolliklarini aniqlaydi, ularni tahlil etadi. Bunday kuzatishlar oqibat
natijada pedagogika fani mazmunini boyishiga sabab bo‘ladi.
Pedagogik tadqiqotda suhbat metodining o‘rni qanday?
Ta‘lim-tarbiya jarayonini yaxshilash yoki
yaratilgan ilmiy farazlarning qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlash maqsadida suhbat usulidan foydalaniladi. Odatda,
suhbat usuli maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar jamoasi bilan, ota-ona va keng jamoatchilik bilan yakka va guruhli
tartibda ish olib borilganda qo‘llaniladi. Bunda suhbat usulini tadbiq etishdan oldin reja tuziladi, uni amalga oshirish
yo‘llari belgilanadi, natijalar tahlil qilinadi va tegishli xulosaga kelinadi.
Bolalar ijodi qay shaklda o‘rganiladi?
Bolalar ijodini o‘rganishda maktab o‘quvchilarining o‘ziga xos individual tartibdagi faoliyatlariga doir omillar
tahlil qilinadi, muayyan xulosalarga kelinadi. Bunda o‘quvchilarning turli yozma daftarlari, tutgan kundaliklari, yozgan
xatlari, she‘r va hikoyalari, hayotiy rejalari, insholari, turli yozma hisobotlari ularning dunyoqarashi va ma‘naviyatini
o‘rganish uchun manba bo‘lib xizmat qiladi.
Bu usul orqali o‘quvchilar orasidan yetishib chiqayotgan iste‘dodli , iqtidorli yoshlar aniqlanib, ular bilan alohida ish
olib boriladi. Bolalar ijodini quyidagi jarayonlarda ham aniqlash mumkin: fan olimpiadalari, mavzular bo‘yicha
konkurslar; maktablar bo‘yicha ko‘rgazmalar; musobaqalar; sayohatlar va boshqalar.
|
| |