I BOB.
MA’LUMOTLAR BAZASI VA MBBT HAQIDA TUSHUNCHA
262
Identifikatsiya uchun ishlatiladigan noyob biometrik
xususiyatlardan biri – ko‘z gavharining yoy pardasi.
Ko‘zning yoy va to‘r pardasi har bir insonning
noyob biometrik xususiyatlaridan hisoblanadi. U
odamda bolalikdan shakllanadi va hayoti davomida
o‘zgarmaydi. Ko‘z tasviri olinganidan keyin unga maxsus
shtrix-kod niqobi qo‘yiladi. Natijada, har bir kishi uchun
individual matritsa olinadi. Ko‘z irisini aniqlash uchun maxsus skanerlar ishlatiladi. Tasdiqlash
paytida taxminan 260 ta asosiy nuqta ishlatiladi (taqqoslash uchun barmoq izini tekshirishda
16 ta ga yaqin asosiy nuqtalardan foydalaniladi). Har bir shaxs ko‘zining to‘r pardasi noyob va
umr bo‘yi bir xilligicha qoladi. Bu esa ko‘z to‘r pardasini skanerlashni kichik va katta obyektlar
uchun eng aniq va tezkor yechimga aylantiradi. Boshqa biometrik parametrlar (barmoq
izlari, qo‘l chiziqlari, ovoz, yuz) vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi yoki faqat ma’lum cheklovlar bilan
ishlatilishi mumkin.
Shaxsning nutq xususiyatlariga ko‘ra tan olinishi ham
biometrik autentifikatsiya usullaridan biri hisoblanadi.
Telefonda tanish odamingizni ko‘rmasdan ham
ovozidan oson taniy olasiz. Odam psixologik holatini
uning ovozi hissiy ohangidan ham bilish mumkin.
Ovozni aniqlash nutq chastotasini tahlil qilishga
asoslangan. Shaxs ovozining tovush balandligi,
ohangi kabi akustik xususiyatlari har bir kishida
farq qiladi. Ovozli biometrik autentifikatsiya qilishda
ovoz raqamlangan va ilgari yozilgan shablon bilan
solishtiriladi. Ishlash prinsipiga ko‘ra, ovozni aniqlash tizimlari matnli shablon (masalan,
foydalanuvchidan sevimli rangi yoki ma’lum bir raqamlar ketma-ketligi so‘raladi va ilgari
o‘qilgan matn namunasi bilan taqqoslanadi) va ovoz (ovoz xususiyatlari ixtiyoriy matn orqali
solishtiriladi) bilan ishlaydigan turlarga bo‘linadi. Ovozli identifikatsiya bilan bog‘liq biometrik
yondashuvdan foydalanish oson, lekin ovozning pastligini uning kamchiligi sifatida e’tirof
etish lozim. Masalan, shamollash yoki laringit bilan og‘rigan shaxsni identifikatsiyalash qiyin
kechishi aniq. Bunday tizimlar aniq olish natijalariga salbiy ta’sir etuvchi quyidagi omillarni
o‘z ichiga oladi: boshqa mikrofon, atrof-muhitning tanib olish natijalariga ta’siri (shovqin),
talaffuzdagi xatolar, ro‘yxatga olish vaqti va autentifikatsiyalash vaqtidagi shaxs turli xil hissiy
holatlari va h. k.).