Aim.uz
XO’JALIK GEOGRAFIYASI
REJA:
1. Asosiy tushunchalar
2. Mehnatning geografik taqsimoti
3. Ilmiy texnika inqilobi va xo’jalikning rivojlanishi
Umumiy tushunchalar
Barcha moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalari xalq xo’jaligini tashkil qiladi. Iqtisodiy geografiyada jahon xo’jaligi, xalq xo’jaligi va xo’jalik tushunchalari mavjud.
Jahondagi barcha milliy xo’jaliklar yig’indisi jahon xo’jaligi deb ataladi. Xalq xo’jaligi tushunchasi ayrim mamlakatlarning, xo’jalik tushunchasi esa mamlakat doirasidagi iqtisodiy rayonlar va ma’muriy birliklar iqtisodiy geografiyasini o’rganishda qo’llaniladi. Masalan, Jahon xo’jaligi geografiyasi, O’zbekiston xalq xo’jaligi geografiyasi, Farg’ona iqtisodiy rayoni xo’jaligi va h.k.
Jahondagi barcha milliy xo’jaliklar bir-biri bilan iqtisodiy aloqalar tufayli uzviy bog’langan. Ushbu iqtisodiy aloqalar quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: savdo, qarz (kredit) berish, iqtisodiy bitimlar tuzish, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar tuzish, iqtisodiy va texnik ma’lumotlar va mutaxassislar bilan almashinish va h.k.
Jahon xo’jaligining tarkibiy qismlari ishlab chiqarish vositalarining ishlab chiqarish darajasiga, ijtimoiy iqtisodiy formatsiya turiga, aloxida mamlakat yoki mamlakatlar guruhidagi ishlab chiqarish munosabatlari-ning turiga bog’liq.
Jahon xo’jaligi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yirik mashina industriyasi, transporti va xalqaro savdo rivojlanishi bilan tashkil topdi. Jahon xo’jaligining tashkil topishi jahon bozorining vujudga kelishi bilan bog’liq.
Jahon bozori yer yuzasidagi barcha davlatlar milliy bozorlarining yig’indisidir. Tor ma’noda jahon bozori
Bu — xalqaro mehnat taksimoti va ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarishning rivojlanishi asosida vujudga kelgan muayyan davlatlar orasidagi savdo aloqalaridir.
XV—XVI asrlardagi buyuk geografik kashfiyotlar jahon bozorining tashkil topishida asosiy omillardan biri bo’lib hisoblanadi.
Demak, jahon xo’jaligi deganda mehnatni xalqaro-geografik taqsimlanishiga asoslangan, bir-biri bilan xalqaro iqtisodiy aloqalar tufayli bog’langan, jahondagi barcha davlatlarning milliy xo’jaliklari yig’iidisi tushuniladi.
Yuqorida aytganimizdek, har qanday xo’jalik moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalari yig’indisidan iboratdir.
Moddiy ishlab chiqarish sohasiga moddiy ne’mat ishlab chiqaradigan barcha ishlab chiqarish tarmoqlari kiradi. Moddiy ishlab chiqarish sohasida moddiy farovonlik uchun zarur bo’lgan maxsulotlar va energiya ishlab chiqariladi. Ushbu sohaga yuk tashish, maxsulotlarni saqlash, saralash va shunga o’xshagan tarmoqlar, shuningdek zavodlar, fabrikalar, qishloq xo’jaligi korxonalari, transport korxonalari va boshqa korxonalar kiradi.
Moddiy boyliklar ishlab chiqarmaydigan soha nomoddiy ishlab chiqarish sohasi deb ataladi. Ushbu sohaga quyidagilar kiradi: aloqa, fan, maorif, madaniyat, sog’liqni saqlash tashkilotlari.
Moddiy va nomoddiy sohalar o’z navbatida ayrim tarmoqlarga bo’linib ketadi.
Tarmoqlar ishlab chiqarish maqsadlari va texnologik jarayoni nisbatan bir xil bo’lgan va yaxlit boshqariladigan korxonalar guruhidir. Bundan tashqari, iqtisodiy geografiyada xalq xo’jaligi tarmog’i degan tushuncha ham bor.
Xalq xo’jaligi tarmog’i deganda bir xil maxsulot ishlab chiqaruvchi va ishlab chiqarish jarayonlari o’xshash (yoki dastlabki xom ashyosi bir xil) bo’lgan barcha korxonalar yoki korxonalar guruhi tushuniladi. Korxona bu ma’lum bir maxsulot ishlab chiqaradigan va uni almashtiradigan iqtisodiy-geografik va iqtisodiy ob’ektdir. Ular joylashishiga ko’ra nuqtaviy (zavod va fabrikalar), chiziqli (transport korxonalari), maydonli (qishloq va o’rmon xo’jaligi korxonalari) bo’ladi. Korxona tushunchasi ko’proq moddiy ishlab chiqarish sohalarida, tashkilot tushunchasi nomoddiy ishlab chiqarish sohalarida qo’llaniladi. Masalan, qora metallurgiya korxonalari, sog’liqni saqlash tashkilotlari va h.k.
Tarmoqlarda ma’lum bir korxonalar kombinatlarga, firmalarga va ishlab chiqarish birlashmalariga birlashtiriladi.
Kombinat — bu texnologik jarayoni va boshqarilishi bir xil bo’lgan hamda bir-biriga yaqin joylashgan korxonalar yig’indisidir. Masalan, Olmaliq tog’-metallurgiya kombinati, Toshkent to’qimachilik kombinati va h.k.
Firma — bu yaxlit boshqariladigan korxonalar yig’indisi. Dastlab firmalar sanoatda (keyinchalik ular ishlab chiqarish firmalari deb atala boshlandi), keyinchalik savdo sohasida ham tashkil qilina boshlandi. Masalan, Toshkentdagi «Yulduz» firmasi, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, «Al-Mashriq» savdo firmasi va h.k.
A.Ye. Probst 1962 yili ishlab chiqarishni tashkil etishning to’rt shaklini ajratdi: markazlashish, ixtisoslashish, kooperativlashish va kombinatlashtirish.
Ishlab chiqarishning yirik korxonalarda to’planishi uning markazlashuvi deyiladi.
Ishlab chiqarishning markazlashuvi natijasida zamonaviy texnikadan to’laroq foydalanish va mehnat unumdorligini oshirish mumkin. Juda ko’p mayda korxonalarni qurgandan ko’ra bitta yirik korxonani qurish uchun mablag’ kamroq sarflanadi.
Korxonalarni bir xil maxsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi yoki ixtisoslashgan korxonalar deb ataladi.
Ilgari har xil maxsulotlar (stanok, vagon, mashina) ishlab chiqaradigan korxonalar keng tarqalgan edi. Hozir bir xil maxsulot ishlab chiqaradigan, ya’ni faqat stanok, faqat avtomobil yoki traktor ishlab chiqaradigan korxonalar keng tarqalgan. Masalan, Asaka avtomobil zavodi, Andijon irrigatsiya mashinasozligi zavodi, Toshkent to’qimachilik mashinasozligi zavodi, Toshkent traktor zavodi va h.k.
Ixtisoslashgan korxona o’ziga xom–ashyo, detallar, mashina qismlari va boshqalarni yetkazib beradigan boshqa korxonalar bilan ishlab chiqarish aloqalari o’rnatadi.
Ishlab chiqarishning tayyor maxsulot tayyorlashda bir qancha korxona qatnashadigan tashkiliy shakli kooperativlashuv deb ataladi.
Kombinatlashtirish sanoatning texnologik jarayon jixatidan o’zaro bog’langan, ba’zan turli tarmoqlarga ta’luqli bo’lgan bir qancha ishlab chiqarish korxonalarining bir korxonaga birlashtirilishidir.
Sanoatning rivojlanishi yangi (avtomobilsozlik, samolyotsozlik, asbob-uskunasozlik) va eng yangi (elektronika, atom, mikrobiologiya) tarmoqlarining paydo bo’lishiga olib keladi. Ushbu jarayon davomida tarmoqlar o’rtasidagi aloqalar kengayadi va o’zaro bog’langan hamda tarmoqlararo majmualar paydo bo’ldi. Masalan, agrosanoat majmuasi.
Demak, xalq xo’jaligi moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalaridan iborat ekan.
Umuman olganda, xalq xo’jaligi uchta tarkibiy qismdan iborat: sanoat, qishloq xo’jaligi, transport (va iqtisodiy aloqalar). Ushbu tarkibiy qismlarning to’zilishi va o’ziga xos hususiyatlarini tegishli bo’limlarda ko’rib chiqamiz.
|