Fayzulloeva dilnora tojiddin qizining zamonaviy qissalarda kompozitsiya va ijtimoiy hayot




Download 313 Kb.
bet9/14
Sana19.06.2021
Hajmi313 Kb.
#15132
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
IKKINCHI BOB

ZAMONAVIY QISSALARDA DAVR IN`IKOSI VA PSIXOLOGIK TAHLILNING O`ZIGA XOSLIGI

I.1. Qissada voqelikning badiiy in`ikosi
Har bir ijtimoiy davr badiiy adabiyotda o`zining umumlashgan badiiy in`ikosini topadi. Bu vazifani adabiyot safiga muttasil kirib keladigan yangi avlod ijodkorlari bajaradi. Davrning badiiy adabiyotda aks etishi hech qachon ko`zgudagidek aniq bo`lmaydi. Zero, adabiyotning, xususan qissalarning ham o`z tili va o`ziga xos imkoniyatlari mavjud bo`lib, u ushbu til va imkoniyatga suyangan holda davrning badiiy in`ikosi badiiy adabiyotda o`z aksini topadi.

Keyingi davrlar o`zbek qissachiligida Tog`ay Murodning o`ziga xos o`rni, uning voqelikni badiiy tasvirlashda ruhiy dalillash yo`lini tanlangani bilan belgilanadi. Uning ikkita qissasi tahlilida fikrimizni dalillashga harakat qilamiz.

"YUlduzlar mangu yonadi" muallifning shu siradagi asarlaridan biri sanaladi. Ushbu qissa milliy an`analar qoralangan yillarda yaratildi va nashr etildi. Yozuvchi o`z asarining dastlabki satrlaridayoq to`ylarni, o`zbek xalqining qadimiy urf-odatlarini tasvirlaydi.

" - Odamlaru odamlar, tog`da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar! Bugun ha-a-amma Zulfiqor polvonnikiga chunnat to`yiga, he-e-ey! CHo` jonivor!

Egar qoshiga to`n solib olmish jarchi guzarma - guzar ot o`ynatdi. Xo`jasoat qishlog`i ahlini to`yga chorladi.

Xiyol o`tmadi. To`y bekasi otda eshikma - eshik yurdi. Xonadonlarni alohida - alohida aytdi.

Xonadon bekalari:

- Quruq ketmang, - deya egar qoshiga to`n ildi»4.

Bu muqaddimada o`zbek to`ylariga xos bo`lgan qadimiy urf-odatlar juda ixcham va obrazli tasvirlangan. Ayollar turli taomlar bilan, erkaklar ham to`yga to`yona bilan kela boshlaydilar. Nabi oqsoqol mehmonlarni o`ziga xos nafosat bilan kutib oladi, ko`rsatmalar berib turadi. Tasvirda bolalarning sochqilarni terib olishi, turli o`yin o`ynashlari yorqin aks etgan. Yozuvchi davrga xos manzarani kitobxon ko`z o`ngida gavdalantira olgan.

To`yxonada doshqozon osilishi, elga ko`pkari va kurashli to`y berilishi oqsoqol tomonidan e`lon qilinadi.

Haqiqatan, yurt oqsoqolsiz bo`lmasligi yozuvchi tomonidan asar ruhiga singdirilgan. Xalq udumlari birin - ketin tasvir doirasiga kiritiladi. Turli-tuman xalq o`yinlari yashinmachoq, gir, changovuz bazmi va boshqa o`yinlar tasvirlanadi.

YOzuvchi asarlaridagi qahramonlarining dunyosini ruhiy-psixologik tomondan dalillash yo`lidan foydalanib tasvirlaydi. Asar qahramoni Bo`ri obrazida oddiy xalqqa xos bo`lgan chizgilarni ko`ramiz.

Qissada Bo`ri polvonning mukammal badiiy obrazini yaratishga muvaffaq bo`lingan. Bo`ri to`g`riso`zligi tufayli Nasimdan yuz o`giradi. Tantiligi sabab el orasida hurmat qozonadi. Yozuvchi Bo`ri polvon obrazini yaratar ekan, unga xos nuqtalarni ochib beradi. Qissada Bo`ri polvonning qo`sh haydash chog`idagi xirgoyisini eslaylik. U yolg`iz qolgan paytda dardini jonivorga aytadi. Aslida yozuvchi muallif nutqidan foydalanib Bo`ri polvonning ichki dunyosini ochib berishi mumkin edi. Biroq Tog`ay Murod oson yo`ldan bormaydi. U o`ziga xos yo`l tanlab Bo`ri polvonning ham, Nasim polvonning ham ichki dunyosini kashf etadi.

Regarda o`kazilgan katta bir to`yga butun Surxondan polvonlar boradi. Bo`ri polvon kolxoz raisining to`yga taklifiga «tobim yo`q» deb javob beradi.

Bu kurashda O`tan polvon Surxonning manman degan polvonlarini dog`da qoldiradi. Regarda o`tkazilgan boshqa bir davrada Bo`ri polvon O`tan polvonning elkasini erga tegizadi. Mana shu voqealar tasvirida yozuvchi Bo`ri polvon obrazida davr va millatga o`ziga xos qirralarni badiiy ifodasini berishga muvaffaq bo`lgan.

Katta kurashda Nasim polvon ketma-ket ikki polvonni yiqitadi. Bakovul Nasim polvonning omadidan xursand bo`lib uni maqtaydi. Bu Bo`ri polvonga kuchli ta`sir qiladi va g`ururi uni yana davraga chorlaydi.

"-Sizni oshnasi deb o`ylab... – deya tavallo qildi.

Bo`ri polvon - Bo`ri polvonligini qildi!

Azaldan polvon xalqida sal... kamroq bo`ladi, degan gap bor.

Yo`q, polvonlarda kam bo`lmaydi! Polvonlar vujudida hovur bo`ladi! Polvonlar ko`pkariga boqilmish otday asov bo`ladi…

Bo`ri polvon davra aylandi. Alp - alp odimlar otdi.

Nasim-da davraladi.

Bo`ri polvon izidan yurdi.

Boyagi dag`dag`a qayoqda! Elkalar qisiq bo`ldi, qadamlar omonat bo`ldi...

Zo`rdan zo`r chiqsa, oyog`i tipir - tipir!

Bo`ri polvon Nasim yuziga qaramadi.

Davrada kimdir sarosima bilan dedi:

-Ikki oshna-ya. Oxir zamon bo`lyaptimi deyman» (36-37- betlar).

Bu tasvirda inson ruhiyati butun murakkabligi bilan aks etgan. Ya`ni yozuvchi obraz yaratishning o`ziga xos yo`lidan borgan. Muallif Bo`ri polvon va Nasim obrazini yaratar ekan voqealarni kontrast usulida olgan. Yozuvchi bosh qahramon Bo`ri polvon obrazini berishda ichki monologdan foydalanadi. Bo`ri polvon xalq an`analarining umrboqiyligi, ma`naviy merosimiz, urf-odatlarimizning abadiyligi haqida ko`p o`ylaydi.

"Biz polvonlik maktabida o`qimadik. Polvonlik bizga otameros. Pushtdan - pushtga, qondan - qonga o`tib kelyapti.

Polvonlikning ko`zga ko`rinmas, til bilan tushuntirib bo`lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Biz bilamiz!

Bu sirlar hech bir kitobda yo`q!

Mana, mening o`zim, Surxon vohasida mendan yiqilmagan polvonning o`zi yo`q! O`sha maktab ko`rgan sport masterlariyam yag`rinimdan oshib ketdi!» (43 - bet).

Bunga faqat Bo`ri polvonning o`ylari deb emas, balki ijodkor qalbida kechayotgan tuyg`ular silsilasi deb ham qarash o`rinlidir. Davr va taraqqiyot jarayonida hayotda uchraydigan mummmolar yozuvchining qalb prizmasidan o`tib, so`ng qog`ozga tushadi.

YOzuvchi polvonlar hayotini, ularning ilmi-amalini chuqur o`rganganligi ko`rinib turibdi. Yozuvchining obrazli ifodasi bo`lmasa, xalqning turmush tarzi badiiy ifodalanmasa, shubhasiz, qissa urf-odatlarning shunchaki bayoni bo`lib qolaverardi.

Qissada Tog`ay Murod xalqning urf - odatlari, milliy qadriyatlarini himoya qilishga otlangan fidoiy yozuvchi sifatida namoyon bo`ladi.

Asarda juda ko`p kurashlar tasvirlangan.

Qissa so`ngida Bo`ri polvonning o`g`li Tilavberdining Nasim polvonning o`g`li Abray polvon yiqitgani tasvirlanadi. Abray polvon ham ruhan, ham jismonan g`oliblik kayfini tuyadi.

Qissada Bo`ri polvonning o`y - xayollari nihoyatda ta`sirchan uslubda berilgan. Xususan, Bo`ri polvonning bolalik chog`larini eslashidan ham ma`lum ma`no kuzatiladi. Yozuvchi Bo`ri polvonning ruhiy olamini, beg`ubor ichki dunyosini ochib berishda ham Bo`ri polvonning xotiralaridan, ham ruhiy dalillash usulidan keng foydalangan.

"Nasim oshna, ko`zimga ko`rinib, yaramni yangilading. Yana tag`in, o`glimni-da yiqitding.

Bilib qo`y, oshna… izingdan surganim – surgan! Qaerda davra bo`lsa, izingdan quvib boraman!

Tilovberdini o`g`ling bilan uch safargacha olishtiraman! Bordi-yu, uch martasida-da o`g`ling o`ktam kelsa… unda, na iloj, uchdan keyin puch ...

Baribir qo`ymayman! Ana, nevaralarim bor. Nasib bo`lsa, nevaramni nevarang bilan olishtiraman!

Ishonchim komilki, nevaram bobosining orini oladi!

Sen ko`rmayapsan, oshna, oy botib, yulduzlar so`nib-so`nib borayapti.

O`g`lim o`ktamligida yulduzlar yongani yongan bo`ldi. O`g`lim mag`lubiyatida so`ngani so`ngan bo`ldi…» (99-100 betlar).

Bu olingan parchada Surxon vohasidagilarga xos tantilik o`z ifodasini topgan. Ma`lumki, polvonlar oriyatli bo`lishadi. Buning zamirida polvonlarga xos g`urur, ayni paytda nafsoniyat ham yotadi. Chunki ular xalqning ko`z oldida ulg`ayishadi. Shu bois ular xalq nazaridan qolishni, o`limga teng ko`rishadi. Shuning uchun ham Bo`ri polvon yulduzi mangu yonishini juda-juda xohlaydi.

Tog`ay Murod so`nggi yillarda yaratgan qissalarida davrning badiiy in`ikosini aks ettirishda o`ziga xos yo`lni tanladi. Tog`ay Murod qalamga olgan mavzu milliy-ma`naviy qadriyatlar bilan uyg`unlikda yoritib berilgan. Uning qator qissalari buning isbotidir. Xususan, yozuvchining "Momo Er qo`shig`i" (1985) qissasi. Asar asosini g`aroyib voqealar tashkil etgan. Qissa Xumor momo o`g`lining armiyadan qaytib kelishi to`g`risidagi xabardan boshlanadi. Momo o`g`lining askarlikdan qaytgani haqidagi xabarni keltirganlarga an`anaga ko`ra baholi qudrat suyunchi ulashdi:

"O`g`li ostonadaligini ko`rmish momo, endigi ataydigani oxirgi suyunchi ekanini bilmish momo, uch yildan buyon o`g`lini sog`ina berib, yurak- bag`ri ezilib yurmish momo, yo`qchiligini-da esidan chiqarib qo`ydi.

Qisir qolmish molini atab yubordi:

-Anavi molimni atadim, bor-e!-dedi".5

Bu o`rinda yozuvchi milliy qadriyatlar, yuksak insoniy tuyg`ular naqadar ulug`ligini ko`rsatadi. Xumor momo obrazi ana shunday qadriyatlarimizni ulug`lovchi siymolardan. Yozuvchi bu obraz orqali farzandi uchun jonini ham, molini ham ayamaydigan o`zbek onalari timsolini yaratgan. Qissada davr yoshlariga xos ba`zi bir illatlar askar o`g`il obrazida umumlashtirilib beriladi.

«-Mamasha, gde papasha?

Xumor momo davradaga javdirab qaradi.

O`rischani chala - chulpa bilong`ich juvozkash tilmoch bo`ldi.

-Otasini so`rayapti, xola, -dedi.

-Ha-a, otangmi? Qirga arpa o`roqqa ketib edi. Hali zamon kelib qoladi.

Askar bosh irg`adi…

Askar ertalab badantarbiya qildi.

Beligacha yalang`och bo`ldi. Hovlini aylanib chopdi.

Oyog`ini ko`tardi, bebilchagini peshonasiga tekkizdi. Qo`llarini erga tiradi. Yotdi-turdi, yotdi-turdi.

-Raz-dva-tri!.. Jivo, serjant, Orziqulov!-dedi" (357-358- betlar).

SHundan so`ng yozuvchi serjant Arziqulovni kitobxonga yaqindan tanishtira boshlaydi. Askar ikki yil askarlik davomida butunlay o`zgarib ketgan. Qissa qahramonining bachkana qiliqlariga kitobxon ham ko`nika boradi. Turmush haqiqati serjant Arziqulov obrazida tipiklashtirilgan va badiiy ifodasini topgan.

O`g`lining armiyadan kelganiga xursand bo`lgan ota, yaqinlarini chaqirib to`y qiladi. O`g`li esa hamon o`zga tilda chuldirayverdi. Bu hol otasini o`zgalar oldida mulzam qildi.

«Otasi u dedi, bo`lmadi, bu dedi bo`lmadi.

Askar gap korlamadi.

Otasi, shu chindan o`z o`g`limmi, yo, boshqa birovmi, demishday askar uyog`idan qaradi, askar buyog`idan qaradi. Aniq bir gapga kelolmadi.

Keyin, shu o`z o`g`lim ekani yo haqqost chin bo`lsin, yo, yolg`on bo`lsin, deya askar quloq chekkasiga tars etkizib bir soldi…

Askar otasi niyatini payqadi shekilli, hovlini aylanib qochdi.

-Voy enajon, o`ldim-e!-deya baqirdi» (359-360- betlar).

Bu bilan yozuvchi ba`zi yoshlarning ma`naviy qashshoqligini, bir tarafdan sodda-bayovligini ochib beradi. Bu asardagi askar qiyofasida o`z aksini topadi. Ota obrazi bo`lsa, ikkinchi jahon urushida qatnashib, o`zining fuqarolik burchini ado etgan. Lekin tilidan - dinidan tonmagan.

YOzuvchi davr tasvirini yanada chuqurroq ko`rsatish niyatida yaqindagina harbiy xizmatdan qaytgan, shoirlikka da`vogar «iste`dod» Tursunqul obrazini yaratadi.

"Ijarasida eshikni ichkaridan qulfladi.

SHe`rlarini chalqancha yotib o`qidi, tik turib o`qidi, o`tirib o`qidi.

Tursun o`zini katta shoir his etdi.

Ro`znomadagi rasmiga tikildi. O`zini… XIX asr buyuk shoirlariga qiyosladi.

«Yo`q o`xshamaydi. Buyuklar soqol qo`yadi. Buyuklar sarxonali mundshtuk chekadi».

CHin, qadimgi ulug`lar soqoli bor, sarxonali munshtugi bor…

Nimaga endi Tursun soqol qo`ymaydi? Mundshtuk chekmaydi?…

Tursun ism-sharifini pichirlab aytdi: Tursun Orziqulov!

Ismi sharif degani-da shuncha uzun bo`ladimi! YAna-tag`in jaranglamaydi! SHoirlar ismi sharifiga o`xshamaydi!

O`zi, ismi ma`nosi nima? Tursun, o`tirsin, yotsin…

SHuyam gap bo`ldi-yu!

Tursun o`z ismi sharifidan… oriyati keldi! Ota-bobosi otidan… uyaldi!

O`ziga shoirona nom topishni o`yladi.

Necha-necha taxalluslar topdi. O`ziga yoqmadi.

Oxiri, tarixdan kelib chiqdi. O`zini Pahlavon Daho deb atadi.

Pahlavon Daho! (366-367-betlar).

SHundan so`ng qissada yangi bir obraz paydo bo`ladi. Bu – Pahlavon Dahoga aylangan Orziqulov obrazi. O`quvchi Pahlavon Dahoni emas, serjant Orziqulovni sevib qolishdi. Buning sabablari voqea jarayonida yozuvchi tomonidan ishonarli detallarda ko`rsatib berilgan.

Ma`lumki, o`tgan asrning 70-80-yillarida yoshlar hayotida G`arbga taqlid qilish, undan andoza olish kayfiyati kuchaydi. Bu holatni tez ilg`agan yozuvchi Orziqulov - Pahlavon Daho bilan bog`liq epizodlarda bu voqelikni aks ettirishni muvaffaqiyatli uddasidan chiqdi.

Qissada balog`at yoshidagi yigitlarning hayot tarzi tasvirlangan. Qishloqda podachi topish qiyin bo`lib qolganiga qaramay, qishloqdagilarning birortasi podachi bo`lishga rozilik bermaydi. Buning o`ziga xos sabablari qissada yaxshi yoritib berilgan.

Qissa yaratilgan paytda yoshlarning shaharga bo`lgan intilishi kuchayib borayotgan bir davr edi. Yozuvchi buni illat sifatida baholamaydi. Aksincha, yoshlar ongidagi bu kabi o`zgarishlarni davr talabi deb biladi. Ammo, hayotga engil qaraydigan Pahlavon Daho kabi yoshlar ham oz emas. Uning shahardagi tengdosh do`stlari Pahlavon Dahoni o`zlarining nazdidagi «haqiqat»ga ishontirishdi. Bu Pahlavon Daho tabiatida kibr, manmanlik kabi illatlar paydo bo`lishiga olib keladi. U o`zini hammadan yuqori qo`yadi. Shoirlikda ham tanhoman degan xomxayolda yuradi.

Biz qissada Pahlavon Daho obrazi orqali oyog`i erdan uzilgan kimsaning fojeali qismati bilan tanishamiz. Pahlavon Daho xarakteridagi illatlar yozuvchi tomonidan turli psixologik holatlar tahlili orqali yoritiladi. Jamiyatdagi loqaydlik Pahlavon Dahoda illatlarning shakllanishiga olib keldi. Qolaversa, o`z tabiatidagi loqaydlik oqibatida ham Daho boshi berk ko`chaga kirib qoldi. Pahlavon Dahoning atrofidagilar uning gaplarini ma`qullashdan nariga o`tmadilar. Shu bois ham Pahlavon Daho "daholik"ka da`vo kayfiyatida «tarbiya» topdi. Bu uning taqdirini belgiladi.

YOshlar hayotida ro`y berayotgan o`zgarishlar o`zbek qissachiligida etakchi mavzulardan biriga aylana bordi. Bu davrda yaratilgan asarlar, ularda ko`tarilgan ijtimoiy, falsafiy, estetik muammolar tahlili o`tmishdagi mustamlaka davri hayotini idrok etish, shuningdek, bu asarlarning estetik qimmati, ularda davr ruhi, badiiy in`ikosi qay darajada aks etgani to`g`risida xulosa chiqarishga imkon beradi. Bugungi kunda adabiyotimizning yaqin tarixiga aylangan 70-80-yillar qissachiligida erishilgan yutuqlar ayni paytda o`zbek nasrining rivojini ta`minlayotgan omillardan biri hamdir.

Muayyan asarga baho berishda yoki biror-bir yozuvchi ijodi, dunyoqarashi haqida mulohaza yuritganda «adabiyot va jamiyat», «yozuvchi va ijtimoiy hayot» masalallarini e`tibordan soqit qiib bo`lmaydi. Bu muammolar jahon adabiyotshunosligining etakchi nazariy masalalaridan sanaladi. Adabiyot nazariyasiga doir manbalarda adabiyotning ijtimoiy funktsiyasi, yozuvchining jamiyat oldidagi burchi e`tirof etiladi. Yozuvchi jamiyatning faol a`zosi sifatida haqiqatni yozar ekan, u tarixiy va ijtimoiy muammolarni ham ijodiy faoliyatida qamrab olishi mumkinligi haqida qarashlar mavjud.

Xullas, o`zbek adabiyotida 80-yillarda yaratilgan qissalar ijtimoiy voqealar asosiga qurilgan bo`lib, ularda davr va uning badiiy in`ikosi aks etgan. Bu asarlar sirasiga iste`dodli yozuvchi G`affor Hotamovning «Qaytish», «Quduq tepasidagi oy», «Azal va abad» qissalarini kiritish mumkin.

YOzuvchi qalamiga mansub qissalar 80-yillar adabiy hayotida sezilarli voqea bo`ldi, tanqidchilikda, adabiy jamoatchilikda fikr-mulohazalar o`yg`otdi, ularning ayrimlari to`g`risida “bir asar haqida ikki fikr» e`lon qilindi. G`affor Hotamov qissalarida ijtimoiy hayot, jamiyat turmushida ildiz otgan illatlar fosh etilgan.

«Quduq tepasidagi oy» qissasi ham yozuvchining o`ziga xos uslubi, ayniqsa, asarlarida badiiy-ruhiy tahlil kuchliligi bilan ajralib turadi.

Qissa unda aks etgan davr va uning badiiy in`ikosi bilan e`tiborga molik.

Qissa qahramoni qalbida bir dunyo orzular bilan yashayotgan yosh yigit Hakimbek tasodifan mudhish fojia-qotillik ustidan chiqadi, reja asosida amalga oshirilgan jinoyatga guvoh bo`ladi. Shu voqea sabab, qissa bosh qahramoni qabohat chohiga tushadi, jinoyatchi guruh girdobida qoladi. Bu girdobning tubida suvni loyqalatib o`tirgan kimsa-kolxoz raisi Zobitov edi.

U zulm va manfaatparastlikni, jinoyat va guruhbozlikni o`zida mujassam etgan, ijtimoiy adolatsizlik va shaxsiy huzur-halovat yo`lida andishaga bormaydigan, sobiq mustabid tuzumning zo`ravon rahbari qiyofasida namoyon bo`lgan. Davr adolatsizliklari ko`p jihatlari bilan Zobitov timsolida namoyon bo`ladi, bu obrazda sobiq mustamlaka davridagi rahbarlarga xos chizgilar badiiy umumlashtirib berilgan.

Davrga xos illatlar Zobitov qiyofasida aks sadosini topadi. Muallif Zobitovning ma`naviy tubanligini uning portreti orqali beradi: «Zobitov hayhotday xona to`rida, uzun, yaltiroq stol ortida devorga yuzlanib, buyuq urganday qo`nishib o`tiribdi. Qo`llarini kiteli cho`ntagiga tiqqan. U, sarosar ranj bilan menga bir qaradi-da, stol chetida yotgan «BT» qutisini ochdi, sigaret olib, ezg`iladi, tamakisini ilon tasviri solingan mushtugiga joyladi. Mushtugni labiga qistirgach, dumini chaynay-chaynay, tirish manglayini asabiy ishqaladi. Turq degani shunaqayam sovuq bo`ladimi, a? Manglay do`ng, iyak ham turtib chiqqan, tumshuq esa pachaq-go`yo birov bir musht urib ichkariga tiqib yuborgan: qirg`iy burnining ikki cheti «kamar», ko`zlariga suv tortilganday; qarimsiq, serajin qaboqlariga qorakuya surtilganmi, deysan»6.

Asar haqida bildirilgan mulohazalarda Zobitov obraziga muallif bir qadar tanqidiy ruhda yondoshgani, uning qiyofasini tasvirlashda qora bo`yoqni ko`proq ishlatgani qayd etilgan edi. Oradan muayyan vaqt o`tgach, Zobitovlar ildiz otgan muhit, jamiyat tanazzulga yuz tutgandan keyin bu kabi obrazlar zamiriga singdirilgan qarash o`z isbotini topdi. Sobiq sho`rolar saltanatining ma`muriy-buyruqbozlik asosiga qurilgan boshqaruv tizimi, tabiati odamlarning erkin mehnat qilishi, o`zini himoya qila olish huquqiga mone`lik qilardi. Sobiq tizimning butun illatlarini o`zida aks ettirgan Zobitov portreti tanazzulga yuz burgan jamiyatning ijtimoiy adolatsizlik asosiga qurilganining yorqin namunasi edi.

SHo`ro davri ijtimoiy adolatsizliklarini o`zida mujassam etgan Zobitov faoliyati faqat bir kolxoz yoki tuman idorasi bilan cheklanib qolmaganini e`tirof etsak, qissada ko`tarilgan masalaning nechog`lik dolzarbligi ma`lum bo`ladi. Xususan, xo`jalikning kerakli hujjatlari, «kassa daftari» yo`qolishi, Salom Haqqulning o`ldirilgani, aslida, mustabid tuzumning inqirozga yuz tutgani , kuni bitganini ifodasi edi.

Zobitov atrofiga sherik to`playdi: ukasi Bo`ri maymoq, tuman gazetasi muharriri Said Maxsum, charm kamzulli naynov, Mahmud ko`r va boshqalar uning tegirmoniga suv quyib turishadi. G`ayriqonuniy harakatlari oshkor bo`lishidan cho`chigan Zobitov kolxozning bosh hisobchisi Salom Haqqulni ularning qo`li bilan gumdon qiladi. Shafqatsizlikda chegara bilmaydigan Zobitov har qanday vaziyatda o`ta ustamonlik bilan ish tutadi. Istarchi momo o`g`li Salom Haqqulning o`limida uni ayblab, ayuhannos solib yoqasidan olganida: «Zobitov qirriq-da, qulog`ini kar qildi. Iniga biqinib, tuynuklarga paxta tiqdi. Qarasa, bo`lmaydigan-momaning hasratidan chang chiqayotir, mayda mish-mish biliqsiyotir. Axiyri, devonaxonaga sim qoqdi.»7 Jamiyatda adolat uchun kurashgan, haqni qaror toptiraman deganlarning qanchasi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga «bekitilgani» haqida juda ko`p ma`lumotlar «qizil saltanat» inqirozidan keyin ma`lum bo`ldi. Sobiq tuzumning o`ziga xos bunday idora qilish tartibi «Quduq tepasidagi oy» qissasida o`sha davrdayoq real ochib berilgani muallifning realizm printsiplariga amal qilganidan haqqoniylik va badiiy ta`sirchanlikka e`tiborini qaratganidan dalolat beradi.

Agar qissada Zobitov faoliyati bir shaxs yoki bir xo`jalik doirasi tasvirida chegaralanib qolganida, jamiyatning boshqa jabhalari, boshqa kasb-kordagi kishilar hayoti bilan bog`lanmaganida bu obrazdan davr va uning badiiy in`ikosini qidirish ortiqcha harakat bo`lardi. Yozuvchining mahorati shundaki, Zobitovchilik aslida mustabid tuzumga xos xususiyat ekani, bu illat shu tuzum orqasida yuzaga kelgani va shu tuzumning inqirozigina Zobitovchilikka chek qo`yishi mumkinligi qissada badiiy jihatdan dalillangan. Fikrimizning isboti sifatida asardagi Said Mahsum obrazini keltirish mumkin.

Said Maxsum tuman gazetasining muharriri va ayni paytda zo`ravon Zobitovning hamtovog`i. Ijtimoiy nuqtai nazardan qaraganda Said Maxsum kommunistik partiyaning oldingi safida yuruvchi targ`ibotchi, tashviqotchisi. Sobiq tuzum mafkurasining vakili sifatida bo`y ko`rsatgan bu obrazda biz sho`rolar mafkurasi kimlar qo`lida bo`lganini ko`ramiz. Shaxs sifatida fe`l-atvorida qat`iyatdan asar ham bo`lmagan Said Maxsum asosan korchalon Zobitovning xizmati bilan band. Bu jihatdan ham biz mustabid hokimiyat faqat qog`ozdagina so`z erkinligini e`tirof etib, amalda o`z mavqeini mustahkamlash bilan band bo`lganini, ya`ni sho`rolar mafkurasi zobitovchilarning xizmatkoriga aylanganini ko`ramiz.

U uyiga najot istab kelgan Hakimbekka shunday «yo`l» ko`rsatadi: «Zobitovday odamning nazariga tushsang, kam bo`lmaysan. Bizgayam ziyoning tegmaydi. Axir senu men-ertangi kunning odamimiz! YAnayam o`zing bilasan, oshna! Kallani ishlat, kallani! Agar qalovini topsang, Zobitovni muttaham qip olasan, ishing o`ngidan kelgani shu. Bu imkondan ming foiz foydalansa bo`ladi-da. Ammo-lekin biznikiga chiqqaningni zinhor-bazinhor it ham sezmasin. Men seni ko`rmadim, bu gapni aytmading-eshitmadim».8

Ushbu asarning yutuqlaridan biri nutq induvidualligiga alohida e`tibor bilan qaralgani. Asarda Said Maxsumning nutqidan kimligini payqash qiyin emas: u birinchi galda o`ziga ziyon-zahmat tegmasligini o`ylasa, ikkinchi galda Zobitovning manfaatini ko`zlaydi, Hakimbek uning pinjiga kirishini, o`zi kabi malayga aylanishiga da`vat etadi. Mohiyat e`tibori bilan Said Maxsum sobiq tuzumning ziyoli kishisi, jamiyatning eng ongli a`zolaridan. Demak, shunday xulosaga kelish mumkinki, jamiyat Said Maxsum kabi buqalamun «ziyoli»larni yuzaga chiqarib, o`zini sog`lom fikr, oshkora mulohaza muhitidan mahrum etgan. Bu esa uning tanazzuli muqarrarligini ko`rsatadi. Qissadagi mana shu g`oya yozuvchi tomonidan mohirona ochib berilgan.

«Quduq tepasidagi oy» qissasida adolat va razolat, halollik va nopoklik o`rtasidagi murosasiz kurash tasvirlanadi. Shaxs orzu-o`ylari, idealining g`ayriinsoniy shart-sharoitda barbod bo`lishini Hakimbek - asar bosh qahramoni obrazi qismatida ko`ramiz. Garchi Hakimbek tasodifan Salom Haqqul o`ligi ustidan chiqib qolib, Zobitovlar girdobiga tushgan bo`lsa-da, bu fojeani tasodifga yo`yib bo`lmaydi. Hakimni qurshagan muhit, uning turmush tarzi, inson erkini bo`g`ish, orzu-umidlari yo`lida to`siq bo`lishi bilan xarakterlanadi. Bir qarashda Hakimbekka najot qo`lini cho`zadigan kuch-yorug` nur o`sha hayot sharoitida yo`qdek tuyuladi. Asardagi mungli xotima ham qissa chop etilgan kezlari ayrim e`tirozlarga sabab bo`lgan edi. Bu e`tirozlarda urg`u «turg`unlik yillariga xos sotsial illatlar» ortiq darajada bo`rttirilganiga urg`u qaratilgan edi. Sobiq sho`rolar saltanati tanazzulga uchrab, o`sha davr muammolari idrok etilgach, Hakimbek obrazi orqali yoritilgan insonlarning fojiali qismati hayotiy chiqqanligi e`tirof etildi. Qahramonning fojiasi, aslida davr fojeasi bo`lib, uning o`limi bilan xotima topgan asar umidsizlikka emas, aksincha yaqin o`tmishimizga teran nazar bilan qarashimiz lozimligini uqtiradi. Yozuvchi an`anaga ko`ra Hakimbekni mushkul vaziyatdan olib chiqib ketishga urinmaydi, uning timsolida inson erki, orzu-o`ylari mustabid tuzum sharoitida qanot yoza olmasligini ishonchli tasvirlagan. Ayni shu chizgilar «Quduq tepasidagi oy» qissasida sho`rolar davrining ayanchli qiyofasini aniq tasavvur qilishimizga imkon beradi.

YOzuvchi SHukur Xolmirzaevning qator qissalari yoshlar hayotiga bag`ishlangan: "Oq otli" (1962), "To`lqinlar" (1963), "O`n sakkizga kirmagan kim bor" (1964), "Taqdir bashorati" (1968), "Yo`llar yo`ldoshlar" (1973), "YUr, tog`larga ketamiz" (1976), "Tuproq ko`chalar" (1978), "Qush tili" (1982), "Qahramonning so`nggi kunlari" (1984), "Abdulla Nabi o`g`lining so`nggi kunlari" (1983), "Esiz, eshniyoz" (1988), "Bulut to`sgan oy" (1997), "Bo`ri" (1998) kabi qissalari shular sirasini tashkil etadi.

SHukur Xolmirzaev o`z hikoyalari, qissalari va romanlarida davr manzarasini butun borlig`icha aks ettirishga intiladi. Shu bois ham yozuvchining qahramonlari ham, o`zi ham zamonasoz emas.

YAna shu narsa xarakterliki, SHukur Xolmirzaevning qahramonlari bir-biriga o`xshamaydi. Yuqorida ta`kidlaganimizdek, ular o`ziga xos ichki dunyosi bilan bir - biridan ajralib turadi.

"Tuproq ko`chalar" qissasining qahramonlari maktab o`quvchilari, ular endi dunyo taniyotgan o`smirlar. Qissada bolalikning beg`ubor ko`chalarida kezib yurgan o`smirlarning go`zal ichki dunyosi o`ziga xos bir yo`sinda tasvirlangan:

"Qishlog`imizning o`rtasidan soy o`tadi. Soyda ikki tegirmon suv oqib yotadi. Yoz boshlandi deguncha biz maktab bolalari suvning oldini tosh, chim bilan to`sib, ko`l qilamiz. Lekin Rahimcha o`rtoqlari bilan kelib ko`limizga egalik qilib olishadi. Keyin, o`zimiz qurgan ko`lga tushish uchun ularga hushomad qilishimiz kerak. Do`ppida, etakda olmami, olchami, ishqilib eyiladigan biron narsa olib boramiz.

Men bular bilan oshna bo`lishni orzu qilganlardan edim"9.

Keltirilgan bu parchadan ko`rinib turibdiki, qissada asar qahramonlarining bolalarga xos soddaligi o`z ifodasini topgan. Qissa qahramonlari Gung, "Tarzan", Rahimcha kabi ko`cha bolalari bilan tanishamiz. Ular o`z tengdoshlari orasida o`ziga xos qiliqlari bilan ajralib turadi.

YOzuvchi bolalardagi dimog`dorlik, takabburlik kabi holatlarni psixologik, ijtimoiy ildizlarini badiiy talqin etishga urindi, buning uchun u realizm usulidan foydalanadi. Asardagi bir epizodda cho`milishga kelgan eshmamatning Tarzanlar tomonidan tazyiqqa uchrashi tasvirlanadi.

Rahimchaning og`aynilari begunoh eshmamatni armondan chiqquncha qaltaklaydilar. eshmamat ham ularning zarbalariga bardosh beradi. Shu paytda qissa qahramoni eshmamatning holiga achinsada, boshqalarning ra`yiga qarshi borolmadi. eshmamat bundan afsus chekib o`kindi. Qissa qahramoni ham qilgan qilmishidan pushaymon edi, ammo kech edi.

YOzuvchining "YUr, tog`larga ketamiz" qissasi 70-yillar o`zbek qissachiligida alohida o`rin tutadi. Bugun 70-yillar adabiy jarayoniga yalpi nazar tashlaydigan bo`lsak, ko`ramizki, bu davr SHukur Xolmirzaev ijodida yuksalish yillari bo`lgan.

Ma`lumki, 70-yillarda o`zbek adabiyotida davr qahramonlarini madh etgan qissalar yuzaga keldi. Ularda ishlab chiqarish ilg`orlari - kommunist obrazi etakchi o`ringa chiqdi. Ammo SHukur Xolmirzaev bunday yo`ldan bormadi. U hayotdagi hodisalarni qalb ko`zi bilan idrok etadi, so`ng tasvirlaydi. Kitobxon ko`z o`ngida olamning betakror manzaralarini namoyon etadi.

"Saroytoshning ikki tomonida qad ko`tarib turgan dara sohillari, undagi archazorlar, soy bo`yida o`sguvchi yulg`unzoru bizning uyimiz yaqinidagi eski chashma, chashma atrofida ko`karib yotadigan nilufarlar, yana - qishloqning tor, egri-bugri ko`chalari, muyulishlarda do`mpaygan go`ng to`dalari, atrofdan eshitilib turadigan kakliklar sayrog`i, oqshom tushganida uylar ayvonida yonuvchi chiroqlar, tevaragida ko`z tutib suhbatga berilgan odamlar-bularning hamma-hammasi biz uchun aziz, qadrdon edi!

Qishloqqa ko`chib keldik deguncha atrofga izg`ib ketardik. eski tegirmon bormi, boyqush in qo`ygan qari shotut bormi- borib ko`rardik, tomlarga chiqardik, bostirmalarda "iskalanib" yurardik".10

Tabiiyki, bu kabi tasvirlar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Yozuvchi tabiatning o`ziga xos ranglarini qalb ko`zi bilan ilg`ay olgan.

Ma`lumki, inson va tabiat o`rtasidagi munosabat masalasi hammavaqt dolzarb bo`lgan. Insonning tabiat ustidan qilayotgan g`alabasi og`ir ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yozuvchi tabiat tasvirini berishda masalaning mana shu tomonini ham e`tibordan chetda qoldirmaydi. Qissadagi Qoraboy ismli kuchukning taqdiri bilan bog`liq voqealar buning yorqin misoli bo`la oladi.

"Bostirmada nimadir qitirlagandek bo`ldi. Sakrab pastga tushdim. Bostirma eshigiga etmasimdan, ichkariga nimadir chopib kirib ketgandek bo`ldi. Bundoq paytda menda jon qoladimi deysiz. Ichkariga asta mo`raladim. Bostirma nimqorong`i bo`lganidan boyagi narsa ko`rinmadi.

Kirib, bir oz serrayib turdim. Bir payt burchakdagi oxur tomondan tag`in shitirlash eshitildi. Bir qadam bosdim-u, to`xtadim. "Ilon bo`lsa-ya!" deb o`yladim.

Lekin: "Hali ko`rdim-ku, kuchukka o`xshaydi", deb o`yladim-da, tashqariga qaytib chiqdim. Uyga kirib, eski gazetalardan olib tushdim. Quvur qilib o`rab, yondirib tag`in bostirmaga kirdim. Mash`alani tepamda tutib qarasam, oxur ichida ikkita cho`g` miltillaydi. It. Kuchuk! Burchakka tiqilib, oppoq tishlarini ko`rsatib turibdi. Tepasiga bordim. Ushlamoqchi bo`lib qo`l cho`zuvdim, kuchuk battar burchakka tiqilib, bo`g`iq ovoz chiqardi. Qo`limni tishlab olishi aniq!" (83-84-betlar).

Bu parchada yozuvchining sinchkov nigohini payqash qiyin emas. Jonivorlar hayotini tasvirlashda yozuvchidan ishontirish mahorati talab qilinadi.

Muhimi shundaki, yozuvchi voqea-hodisalarni, tabiat manzaralarini qissa bosh qahramoni Nuralining nigohi orqali kuzatadi. Shuning uchun ham qissada tog` hayotining o`ziga xos tomonlari yorqin namoyon bo`ladi. Nuralining nigohida dunyo toza va bokira. Qissa qahramonlari tog` farzandlari. Ular tug`ilgan qishlog`ini sevadilar. Tog` farzandlari uchun o`zlari tug`ilgan joydan go`zal va ulug`roq maskan yo`q. Tabiiy va ruhiy uyg`unlikni dalillash hamda uni badiiy idrok etish SH.Xolmirzaev asarlariga xos bo`lgan asosiy xislatdir.

YOzuvchi bunday manzarani quyidagicha tasvirlaydi:

"Tog` tog`-da! Hozir etakdagi cho`llarda quvragan bahor bu erda yashnab turibdi. Men sizga Saroytosh bahori haqida gapirmadim, bunaqasini boshqa erda ko`rishingiz mahol.

YUrgan yo`lingiz, so`qmog`ingiz ham yam-yashil! Xuddi yashil ko`rpa ustida yurgandek lo`killab qadam tashlaysiz. So`qmoq bo`ylarida qizg`aldoqlar ochilgan. Gilamdek-gilamdek maydonni egallab chuchmomalar o`sib yotadi. Bulutlardan qolgan yantoqlar tagida qalamqosh gullari!.

Bahri dilingiz ochilib, ko`kragingiz kengayib ketgandek bo`ladi. Anavi tepalik yashilu narigisi undan ham yashilroq bo`lib tuyuladi. Ammo unga chiqib borib, qo`shni tepalik yana ham yashilroq ekanini ko`rasiz. Shunday qilib, birpasda qishloqni o`rab turgan dara sohillarini aylanib chiqasiz.

Uylarning tomi lolaqizg`aldoqlarga to`lib ketadi, ular bilan birga bo`g`otlarda yovvoyi arpa ham o`sadi. Go`ng to`dalarida qo`ziquloqlar!" (90-91-betlar).

YOzuvchi o`zi bilgan, o`zi sevgan tog` manzaralarini ichki bir g`urur bilan ifoda etadi. Tabiat tasviri SHukur Xolmirzaev ijodida chuqur lirizm, qahramon sub`ektiv prizmasi orqali tasvir etiladi. Yozuvchi yurt va vatan kengliklari, go`zal tabiatdan zavqlana olish tuyg`usini kitobxonga yuqtirishga muvaffaq bo`lgan.

YOzuvchi bolalikka hos beg`ubor tuyg`uni qissa oxirigacha saqlab qolgan. Avvaliga Qoraboyni boshqalardan sir saqlab yurgan qissa qahramoni endi o`z kuchugi bilan faxrlanadi. Yozuvchi bu bilan Nurali va uning tengdoshlarining tabiatga, borliqqa bo`lgan mehrini alohida qayd etadi.

"Men Qoraboyni bog`lamaydigan bo`ldim.

Odam quvonib ketar ekan deng!. Yarmi bo`ri shu hayvonning!! Buni juda yaxshi bilaman. Dikkaygan quloqlari ham uning qishloq itlaridan farq qilishini aytib turibdi. Lekin qarang, u bo`sh yuribdi! Bemalol ayvonga chiqib keladi. Maktabga borsam, orqamdan ergashadi...» (97-bet).

SHukur Xolmirzaev qissalarida inson kechinmalari chuqur tahlil qilinadi. U yoki bu tuzum manfaatlariga asar g`oyasini bo`ysundirilmaydi. Yozuvchi qissalarida insonning qalb manzaralari o`z aksini topadi. Shu paytgacha adabiyotda realizm etakchi adabiy-metod bo`lib kelgan bo`lsa, keyingi paytlarda uning yoniga boshqa tasvir usullari qo`shildi. Qissaning bosh qahramoni it - Qoraboy. U odamlar orasida katta bo`lgan. Bir kun qishloqqa bo`ri oralaydi. Shu orada Qoraboy ham yo`qolib qoladi. Bundan har kim, har xil hulosa chiqaradi. Oqsoq chol Qoraboy allaqachon bo`rilarga qo`shilib ketgan deydi. egamberdi aka esa Qoraboy bo`rilarga qo`shilib ketishi mumkin emas deb hisoblaydi. U egamberdi aka bilan Qoraboyni izlashga tushadi. Asl voqea quyidagicha edi: "Egamberdi aka izni qoralab uch-to`rt qadam bosdilar-u, to`xtab, qoldilar. Menga qarab jilmaydilar. Men u kishining yoniga chopib bordim.

Otam cho`nqayib o`tirar, oldida Qoraboy itimiz cho`zilib yotar, undan narida ko`kish bir nimaning gavdasi ham ko`rinar edi. Borsak, ko`kish narsa o`rtacha kattalikdagi bo`ri ekan. Kekirdagidan uzilgan, o`lib qotib qolgan." (102-bet). Ushbu parchada itning odamlarga bo`lgan munosabati ochilibgina qolmay, balki Qodir podachining ham ichki dunyosi yoritib berilgan.

YOzuvchi asarda qishloq ahlining urf-odatiga xos bo`lgan ayrim an`analar ta`rifiga ham o`rin ajratadi.

"Maydonga qaytib bordim. Haliyam odamlar tarqalishmagan. endi qishloq itlari ham o`ralashib yurar, terisi shilinayotgan raqiblariga xo`mrayib qarashar edi. Bo`rining terisini Qodir podachi shilayotgandi. U terisini shilib bo`ldi-da, kaltakka ilib, menga uzatdi.

-Ol, ko`tar! Qishloqni aylan!

Tog`da ham, cho`lda ham shunaqa odat bor. Kimning iti bo`rini olsa, shu bo`rining terisini shilib, yog`ochga ilishadi-da, qishloqda uyma-uy yurishadi. Shunda odamlar himmatiga qarab bir nima hadya qilishadi, qo`y-echki beradiganlari ham bo`ladi" (102-103-betlar).

Ko`ramizki, xalqning o`ziga xos milliy an`analari zamirida halollik va haqiqat jamuljam ekanini yozuvchi g`urur bilan ta`kidlaydi.

Qissada Qodir podachi degan obraz - o`zi sodda bo`lsa-da, biroz g`ayirligi bor. Qishloqda Qoraboyning paydo bo`lishini ko`pchilik ma`qullagan bo`lsa, Qodir podachi zimdan uni yo`q qilish payiga tushadi. Devkamardagi jarlikda kaltak bilan urib pastga yiqitadi. Qodir podachining bu qilmishi butun qishloq ahlining nafratini keltiradi.

YOzuvchi, bu voqeadan so`ng, kitobxon e`tiborini yana bir voqeaga qaratadi.

"Bir kuni havo ochilib ketdi. Onam meni shuvoq o`rib kelishga yubordilar. Qaytib kelib eshitsam, Qoraboy kapamiz ortida mollarning qo`radan chiqishini kutib yotganida, Qodir podachi eshagini minib o`taveribdi. Qoraboy o`rnidan turib, unga ergashibdi. Podachi eshakka xala beribdi. Qoraboy qirq metr chamasi uning ketidan boribdi-da, birdan eshakka sapchibdi. Podachini yiqitib, tagiga bosibdi. Qodir podachi bo`rilarning odatini bilgani uchun bo`ynini qisib, yuz tuban yotib olibdi. Qoraboy uning choponini qo`shib bo`ynidan tishlabdi, bir-ikki siltab otibdi. So`ng uyimizga qaytib kelibdi" (112-bet).

Bundan ko`rinadiki, hatto itlarga ham qasos olish xislati xos. Nohaq kaltaklangan Qoraboy Qodir podachidan o`chini oladi.




Download 313 Kb.
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Download 313 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Fayzulloeva dilnora tojiddin qizining zamonaviy qissalarda kompozitsiya va ijtimoiy hayot

Download 313 Kb.