NEGA KINO VA FOTOGRAFIYA - SAN'AT?
Odatda san'at deyilganida san'atkorning eng a'lo va saqlashga arzirli sanaladigan namoyishbop yoki ovozli asarini nazarda tutishadi. Kino va fotografiyaga kelganda esa, har ikkalasi ham tomoshabinning ularni idrok qilishda bevosita ishtirok etishini talab qiladi. Rejisyor yoki fotograf tomoshabinda taassurot uyg’otishga, uni qiziqtirib qo’yishga muyassar bo’lganidagina, u badiiy asar yaratoldi, deb dadil aytish mumkin. Fotografiya va filmning o’ziga xosligi shundaki, ular tasvirlar silsilasi yordamida tomoshabinga san'atning boshqa turlarining qurbi yetmaydigan axborotlar hajmini shitob bilan bildirishi mumkin. Shubhasiz, filmlar, ular oq-qora yo rangli bo’lishidan qat'i nazar, bizni fotografiyadagi muqim tasvirdan ko’ra kuchliroq hayratga solishga qodirdir. Maxsus vositalar, ovozlarni kuchaytirish yoxud pasaytirish yordamida tomoshabinda har qanday illyuziyani-maroqni qo’zg’atish mumkin. Film yoki fotografiya shunchaki bizni bo’shashishga undashi, bizni ermak qilishi, larzaga solishi yoinki mas'ul eta olishi mumkin. San'atning u turi ham, bunisi ham fikr uyg’otadi va harakatga undaydi. Nafaqat kamera, qolaversa odamzotning ko’zlari, rangi, ovozi va idroki ham mo’'jizalar yaratishi mumkin. Binobarin fotografiya boshqa bir asosga ko’ra ham san'at sanaladi. Lahzani tutib olar ekan, fotograf u tasvirlayotgan ob'yektdagi bag’oyat xos bo’lgan, salmoqli, muhim jihatlarni ko’rsatib beradi. Fotografiya — bu, olamni fotograf nigohi bilan ko’rish. Rejissyor nuqtai nazari va mavqeini aks ettiruvchi kinoda ham xuddi shu narsa ro’y beradi. Shuning barobarida kinoda aktyor ahamiyatli. Chunki rejissyor tomoshabinga ko’rinmaydi, aktyor esa hamma vaqt ekranda. Ularning birlashuvidan esa kino san'atining fenomeni dunyoga keladi. Fotografiyada bu silsila nihoyatda qisqadir: tomoshabin — fotogaf. Fotografning kadr shakllantirish va uning maksimal ifodaliligiga erishish mahoratidan esa fotografiya san'ati tug’iladi. Shu bois fotografiya ham, kino san'at hisoblanadi.
|