• Biologik sistemalarning iyerarxik tuzilishi.
  • Tirik materiyaning sistemali tuzilishi




    Download 4,78 Mb.
    Pdf ko'rish
    bet3/176
    Sana01.02.2024
    Hajmi4,78 Mb.
    #149833
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   176
    Bog'liq
    Biologiya. 11-sinf (2018, A.G\'afurov, A.Abdukarimov)

    Tirik materiyaning sistemali tuzilishi. 
    Tirik tabiat dunyosi turli xildagi, 
    tuzilishi jihatidan turli murakkablik darajasiga ega biosistemalarni o‘zida 
    mujassamlashtiradi.
    Biologik sistema (biosistema) – o‘zaro aloqador va o‘zaro ta’sir ko‘rsata-
    digan, muayyan funksiyani bajaradigan, rivojlanish, o‘z-o‘zini barpo etish 
    va atrof-muhitga moslanish qobiliyatiga ega biologik obyektlarni o‘zida 
    birlashtiradi.
    Masalan, gulli o‘simliklar ildiz, poya, barg, gul va meva kabi organlardan 
    tashkil topgan biologik sistema. O‘simlik – yaxlit organizm, uning barcha 
    vegetativ va generativ organlari o‘zaro aloqada bo‘lib, o‘simlikning 
    ko‘payishi va tashqi muhitga moslanishini ta’minlaydi. Bu organizm 
    darajasidagi biologik sistema sanaladi.
    Cho‘l turli bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar populatsiyalaridan 
    iborat biologik sistemaga misol bo‘la oladi. Cho‘lda yashaydigan har xil 
    turlarning populatsiyalari ham bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, ularning muhitdagi 
    barqarorligi va rivojlanishini ta’minlaydi. 
    Biologik sistemalarning iyerarxik tuzilishi.
    Tirik sistemalarning turli 
    xil bir-biriga bog‘liq, o‘zaro aloqada bo‘lgan darajalari iyerarxik tuzilishdan 
    iborat. Hayot tuzilishining yirik darajalari o‘zida kichik darajalarni tarkibiy 
    qism sifatida mujassamlashtiradi va har bir tuzilish darajasining o‘zaro 
    ta’siri ko‘lamiga qaram holda umumiy qonuniyatlarga bo‘ysunadi, ularning 
    o‘zaro ta’siri tufayli umumiy xossalari paydo bo‘ladi. 


    6
    Biosfera o‘zida yerning tirik organizm tarqalgan qobig‘i sifatida 
    sayyoramizdagi barcha biogeotsenozlarni qamrab oladi. Biogeotsenoz o‘z 
    navbatida ekologik jihatdan bir-birini to‘ldiradigan turli populatsiyalardan 
    tashkil topgan. Populatsiyalar esa, avlodlari doimo almashinib turadigan 
    individlardan tuzilgan. Individlar yaxlit organizm bo‘lib, ular organlar 
    sistemalaridan, organlar sistemalari organlardan, organlar to‘qimalardan, 
    to‘qimalar hujayralardan iborat. Tirik organizmlarning eng kichik birligi 
    hujayra sanaladi. Hujayra alohida bir hujayrali organizm sifatida ham, 
    shuningdek, ko‘p hujayrali organizmning bir qismi sifatida barcha 
    hayotiy xossalarni namoyon etadi. Hujayra doimiy bo‘lishi shart bo‘lgan 
    organoidlardan, tarkibi esa anorganik moddalar va makromolekulalardan 
    tashkil topgan. Hujayrada boradigan hayotiy jarayonlar ularning tarkibidagi 
    makromolekulalarning o‘zaro ta’siriga bog‘liq.
    Hayot darajalari biri ikkinchisiga asos bo‘lib, keyingi darajani vujudga 
    keltirganligi sababli, iyerarxik (zinapoya ko‘rinishiga o‘xshash) tuzilish 
    nomini olgan.
    Shunday qilib, tabiiy obyektlar va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik 
    ko‘lami va ta’sir doirasiga ko‘ra juda xilma-xil. Ularni o‘rganish uchun 
    biologiyaning turli bo‘limlari alohida yondashuvlar va tadqiqot metodlarini 
    ishlab chiqqan.
    Biologik sistemalar bir-biri bilan nafaqat kelib chiqishi jihatidan, balki 
    ular o‘rtasida o‘zaro ta’sir orqali vujudga keladigan, shuningdek, tashqi 
    muhit bilan munosabatlari orqali ham uzviy bog‘langan. 
    Biologik sistemalar tabiatning tarixiy rivojlanish natijasi sanaladi. Ular 
    o‘z-o‘zini boshqarish, rivojlanish, ko‘payish, tarkibiy qismlar o‘rtasida o‘zaro 
    ta’siri barqarorligi va muvozanatning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
    Tabiatda tarixiy taraqqiyot natijasida vujudga kelgan biosistema mu-
    vozanatining buzilishi ekologik sistemalar strukturasining o‘zgarishiga, ba’zi 
    hollarda ularning nobud bo‘lishiga olib keladi.
    Tabiat va jamiyatning barqaror hamkorligi uchun atrof-muhitni muhofaza 
    qilish, ekologik boshqarish, jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni 
    tartibga solish muammosi paydo bo‘ldiki, bu insoniyat kelajagi uchun 
    muhim hisoblanadi. Insoniyat jamiyatining mavjudligi va rivojlanishi hayot 
    va tabiatning, tabiiy jamoa va tizimlarning rivojlanish qonunlarini chuqur 
    anglash asosida shakllanishi kerak.

    Download 4,78 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   176




    Download 4,78 Mb.
    Pdf ko'rish