[
OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]
[
TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Respublikada chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni to‘plash va hududlardan olib chiqish sohasiga tadbirkorlik subyektlarini faol jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada jiddiy kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan:
birinchidan, mavjud poligonlarning holati ekologiya va sanitariya talablariga javob bermaydi, ular faoliyatida qayta ishlash, utilizatsiya qilish va kuydirib yuborish tizimlari yaratilmagan, shuningdek, boshqaruv tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli ayrim poligonlar tartibsiz shakllangan;
ikkinchidan, chiqindi xizmatlari uchun to‘lov so‘nggi 4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmaganligi tadbirkorlik subyektlari hisoblangan sanitar tozalash korxonalarining iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, oqibatda chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash ishlari to‘laqonli va samarali ravishda amalga oshirilmagan;
uchinchidan, sanitar tozalash xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda inson omilining yuqoriligi, markazlashgan elektron to‘lov tizimining to‘liq joriy qilinmaganligi hamda idoralararo tizimlar bilan integratsiya qilinmaganligi natijasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha debitor qarzdorlik ko‘paygan;
to‘rtinchidan, yuridik shaxslarga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar tuzilmagan hamda bu masalada yuridik shaxslarning mas’uliyati belgilanmagan.
Aholining maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatidan to‘liq qoniqishini ta’minlash, ushbu xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish va tadbirkorlar uchun jozibadorligini ta’minlash, hosil bo‘layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to‘planishining oldini olish, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirni
minimallashtirish, “nol chiqindi” tamoyiliga erishish va aylanma (sirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:
LexUZ sharhi
Qarang:O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi PF-189-son “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni.
[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar;
3.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.05.00 Ichki ishlar organlari;
4.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.02.00.00 Xavfsizlikni ta’minlash kuchlari / 16.02.07.00 Milliy gvardiya organlari]
1. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik), Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha:
belgilangan tartibda avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlik subyektlariga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqini berish. Bunda, tadbirkorlik subyektlari javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki tizimli ravishda chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilishi kuzatiladigan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish yuzasidan Vazirlikka buyurtma berish imkoniyatini yaratish. Bunda, javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan buyurtma bergan shaxslar rag‘batlantiriladi;
ekologik patrulga jalb qilingan Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan ekologik huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ushbu xodimlarni rag‘batlantirish;
“Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimini joriy qilish;
b) sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari xizmatlarini rag‘batlantirish bo‘yicha:
mazkur ishchilarga, ekofaollarga va jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlarni berish;
har yili eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan xodimlar uchun “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovini o‘tkazish hamda ulardan 100 nafarining davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining to‘liq summasini Ekologiya jamg‘armasi hisobidan to‘lab berish. Bunda, talabalarga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi;
[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang);
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.11.00 Tabiiy resurslaridan maxsus foydalanganlik va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun to‘lovlar. Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari]
v) Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda har yili “Eng toza mahalla” tanlovini o‘tkazish va tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
mahallaning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxtlarni ekish uchun jami 500 million so‘mdan o‘tkazib berish;
xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralarini ko‘rish.
[
OKOZ:
1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.01.00.00 Prokuratura / 18.01.01.00 Umumiy qoidalar]
2. Vazirlik Bosh prokuratura bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar:
chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish hamda ushbu ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara
qilish jazosini kengaytirish, chiqindilar tashlab ketilgan joyni tozalash va chiqindilarni olib chiqib ketish majburiyatini belgilashni;
chiqindilar to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlaridan chiqindilarni noqonuniy ravishda to‘plash va olib chiqib ketish uchun ma’muriy javobgarlik kiritishni;
kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish va o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida atrof-muhitga zarar yetkazish, shu jumladan, ekinlarga, o‘rmonlarga, daraxtlarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritishni;
hududlarni tozalashga mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘z vazifalarini bajarmaganligi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi uchun javobgarlik kiritish hamda ushbu hududlarni tozalash va chiqindilarni olib chiqib ketish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish choralarini ko‘rsin.
3. Vazirlikning sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni yig‘ish, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlashga oid quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) 2024-yildan boshlab har yili respublika va mahalliy budjetlar parametrlari tasdiqlanishidan oldin sanitar tozalash xizmatlari uchun to‘lovning eng kam stavkalari (summasi)ni qayta ko‘rib chiqish amaliyotini ushbu Farmonga 1-ilovada keltirilgan
sxemaga muvofiq joriy qilish;
[
OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.11.00 Tabiiy resurslaridan maxsus foydalanganlik va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun to‘lovlar. Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari]
b) 2024-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — Yagona elektron tizim) orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakatni amalga oshirish;
v) iste’molchilar huquqlarini to‘liq ta’minlash, to‘lovlarni elektron tizimlar orqali shaxsiy hisobvaraqlarda to‘liq aks ettirishga qaratilgan:
2024-yil 1-apreldan boshlab barcha sanitar tozalash korxonalari tomonidan Yagona elektron tizimga ulangan holda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish hamda ushbu talabni bajarmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish va ular xizmat ko‘rsatadigan hududlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonalarga biriktirish;
Yagona elektron tizimning uzluksiz faoliyatini ta’minlashga “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi” davlat muassasasini (keyingi o‘rinlarda — Markaz) mas’ul etib belgilash;
chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritishni faqatgina Markazning billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshirish.
4. Vazirlik, Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, sanitar tozalash korxonalarining aholiga qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shakllanayotgan qarzdorlik to‘g‘risida o‘z vaqtida va qulay tarzda xabardor qilishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish;
b) qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini quyidagi bosqichlarga muvofiq joriy etish (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno):
1-bosqichda — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024-yil 1-iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
2-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2024-yil 1-noyabrdan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
3-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2025-yil 1-yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
mazkur Farmon 4-bandining “b” kichik bandida belgilangan amaliyot tatbiq etilgan hududlarda billing tizimlari faoliyatini texnik ta’minlash, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratish maqsadida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholidan undirilgan to‘lovlarning 1 foizdan ajratmalari avtomatik ravishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Markazning maxsus hisob raqamlariga o‘tkaziladi;
sanitar tozalash korxonalari chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashning haqqoniyligi va to‘g‘riligi uchun mas’ul bo‘ladi hamda ushbu talab buzilgan hollarda jabrlanuvchining xarajatlari va ma’naviy zararini qoplab beradi;
ushbu Farmon 4-bandining “b” kichik bandida belgilangan tizim 2023-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan chiqindi xizmatlari uchun shakllangan qarzdorlikka tatbiq etilmaydi.
[
OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.03.00.00 Kommunal xo‘jalik / 08.03.05.00 Uy oldidagi hududlarni obodonlashtirish va saqlash. Maishiy chiqindilarni yig‘ishtirish]
6. Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash faoliyatini yanada rag‘batlantirish maqsadida belgilab qo‘yilsinki:
2024-yil 1-iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Bundan tadbirkorlik subyektlarining aholi tomonidan mustaqil saralangan chiqindilarni sotib olish hollari mustasno;
2024-yil 1-iyuldan boshlab Vazirlik O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilarini tasdiqlab boradi.
Vazirlik 2024-yil 1-avgustga qadar ushbu Farmonga 2a-ilovada keltirilgan chiqindilarni qayta ishlashni yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy etsin.
7. Qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish uchun 2024 — 2026-yillarda
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha amalga oshiriladi:
a) chiqindilarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi;
b) 2024-yil 1-iyulga qadar mazkur hududlarga xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalarga ajratgan holda to‘plashi uchun quyidagi turdagi maxsus chiqindi paketlari (QR-kod — matritsali shtrix kodli) bilan fuqarolar bepul ta’minlanadi:
qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — shaffof, rangsiz;
qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — qora rang;
oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang;
[
OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.08.00 Sanoat chiqindilari. Ikkilamchi xomashyo]
v) qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi.
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig‘ish maydonlarida sotib olish yo‘li bilan qabul qilinadigan “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari ro‘yxati 2b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan loyihaning amalga oshirilishi Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va hokimliklar tomonidan nazorat qilinadi hamda chiqindi yig‘ish maydonlarini paketlar bilan ta’minlash uchun Ekologiya jamg‘armasidan bosqichma-bosqich 30 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar ajratiladi.
[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.01.00 Umumiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]
8. Yuridik shaxslarning maishiy chiqindilarini to‘plash va olib chiqishda qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularning faoliyati natijasida shakllanadigan chiqindilarning aholi yashayotgan hududlarga va atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha 2024-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar ommaviy oferta asosida amalga oshiriladi. Bunda oferta shartnomasi faqatgina faoliyati davomida alohida ko‘chmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mazkur ko‘chmas mulk joylashgan hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi o‘rtasida tuziladi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ularning faoliyat turlari va xususiyatlaridan kelib chiqib, chiqindi to‘plash me’yorlarini tasdiqlaydi hamda ommaviy ofertadagi to‘lov summalari ushbu me’yorlarga asoslangan holda belgilanadi;
v) shartnomalar tuzilishi quyidagi holatlarda majburiy hisoblanmaydi:
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib boradigan hududda sanitar tozalash korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganda;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib boradigan hududda o‘rnatilgan me’yorlarga muvofiq maishiy chiqindilarni yig‘ish maydonchalari (konteyner yoki maxsus chiqindilarni saqlash joylari) joylashtirilmagan taqdirda, bunda maishiy chiqindilarni yig‘ish maydonchalarini (konteyner yoki maxsus chiqindilarni saqlash joylari) joylashtirish me’yor va tartiblari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasi mavjud bo‘lganda hamda u bilan chiqindi poligoni o‘rtasida qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish va utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilganda;
g) shartnomalarni ommaviy oferta uchun maxsus platformaga joylashtirib borish sanitar tozalash korxonalari zimmasiga yuklatiladi.
9. Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning shunday tizimi o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etish uchun:
[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]
Vazirlik — chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab
chiquvchi va amalga oshiruvchi, faoliyat va shartnomalarga bo‘lgan minimal talablarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshiriladigan hududlarni belgilovchi hamda ushbu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi organ;
[
OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.12.00.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchilik va ijro organlari / 01.12.05.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.01.00 Mahalliy davlat vakillik organlari (Xalq deputatlari kengashlari) / 01.15.01.02 Mahalliy vakillik organlarining vakolatlari;
3.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — sanitar tozalash korxonalari bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari yuzasidan shartnomalar bo‘yicha buyurtmachi (davlat sherigi);
xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonasi — buyurtmachining ijrochisi (operator — xususiy sherik) hisoblanadi;
b) tuman (shahar)lar hududlarini xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga biriktirib qo‘yish qonunchilikda belgilangan tartibda, davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida — tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan xususiy sherik o‘rtasida tuziladigan maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshiriladi;
v) hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishda keng qamrovli uzilishlar sodir bo‘lgan holatda safarbar etish uchun Markaz huzurida chiqindi tashuvchi texnikalardan iborat zaxira guruhi tuziladi va ushbu zaxira guruhining ishlash tartibi 3-ilovaga muvofiq belgilanadi.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
[
OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.11.00 Tabiiy resurslaridan maxsus foydalanganlik va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun to‘lovlar. Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari]
a) 2024-yil 1-iyundan boshlab belgilangan tartibda maxsus texnikaga ega bo‘lgan sanitar tozalash korxonalari tomonidan quyidagi chiqindilarni olib chiqib ketish kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshiriladi:
sanoat chiqindilari;
suyuq maishiy chiqindilar;
yirik
hajmli maishiy chiqindilar;
qurilish chiqindilari va tuproq;
tibbiyot chiqindilari;
zaharli-kimyoviy chiqindilar;
[
OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Ma’muriy tartib-taomillar / 02.08.06.02 Alohida faoliyat turlarini litsenziyalash (shuningdek, 09.01.05.00 ga qarang)]
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy, qurilish, suyuq maishiy, tibbiyot, sanoat, xavfli va zaharli chiqindilarni tashish litsenziyalanadigan faoliyat hisoblanadi. Bunda:
yuridik va jismoniy shaxslarning maxsus texnikalari GPS va maxsus kameralarga ega bo‘lishi hamda maxsus texnikalarning GPS harakatini maxsus kameralar orqali onlayn kuzatib turish uchun aholiga imkoniyat yaratilishi litsenziya talablaridan biri etib belgilanadi;
litsenziya Vazirlik tomonidan beriladi;
v) 2024-yil 1-noyabrdan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi.
11. Quyidagilar:
2024 — 2026-yillarda respublika hududida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq;
2024-2025-yillarda qattiq maishiy chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish va tuproq qatlami bilan yopish manzilli dasturi 4a-ilovaga muvofiq;
2024-yilda maishiy chiqindi poligonlarini tegishli muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash manzilli dasturi 4b-ilovaga muvofiq;
2024-2025-yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish bo‘yicha manzilli dastur 4v-ilovaga muvofiq;
2024 — 2028-yillarda hududlarda chiqindilarni qayta ishlash, muqobil energiya hamda organik o‘g‘it ishlab chiqarish istiqbolli loyihalari 5-ilovaga muvofiq;
2024 — 2028-yillarda hududlarda zamonaviy yarim yer osti chiqindi konteynerlarini o‘rnatish bo‘yicha istiqbolli loyihalar 6-ilovaga muvofiq;
2024 — 2026-yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Belgilansinki:
ushbu Farmon bilan tasdiqlangan manzilli dastur va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish natijasida 2030-yildan e’tiboran qayta ishlashga, termik usulda muqobil energiya ishlab chiqarishga yaroqli chiqindilarni maishiy chiqindi poligonlariga
joylashtirish taqiqlanadi;
4, 4a, 4b, 4v-ilovalarda 2024 — 2026-yillarda amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar uchun Vazirlikka O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 479,8 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bunda, belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun Vazirlik buyurtmachi hisoblanadi;
Chiqindilarni boshqarish tizimini muvofiqlashtirish va aylanma (sirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasiga mazkur Farmonga 4, 4a, 4b, 4v-ilovalarda nazarda tutilgan manzilli dasturlarga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 5 — 7-ilovalarda belgilangan istiqbolli loyihalar yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, mahalliy va xorijiy investorlarni va sanitar tozalash korxonalarini jalb qilish hamda loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PQ-4291-son qarori doirasida 7-ilovada belgilangan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishiga loyihada belgilangan hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonalari mas’ul bo‘ladi.
13. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida:
a) 8-ilovaga muvofiq tozalashga mas’ul bo‘lgan shaxslarning aniq hududlari va majburiyatini belgilash. Bunda, ushbu ilovada keltirilgan shaxslar belgilangan hududlarda tozalash ishlarini amalga oshirmagan taqdirda qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga davlat sherigi sifatida obodonlashtirish boshqarmasining funksiyalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlik subyektlariga o‘tkazish huquqi beriladi.
Bunda, 2024-2025-yillarda har bir viloyatda tajriba tariqasida kamida bittadan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining funksiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlariga o‘tkaziladi.
14. Aholiga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, turistik jozibadorlikni oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida 2024-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obyektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi berilsin. Bunda:
tuman (shahar) hokimligi tomonidan jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasini hamda mazkur hududdagi infratuzilma obyektlari va aholi harakati gavjumligi darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “E-auksion” tizimidagi alohida veb-sahifada e’lon qilib boradi;
sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;
elektron auksion savdolariga qo‘yish uchun sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, tuman (shahar) hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadigan
tartib asosida aniqlanadi;
elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar mulk yoki ijara huquqi asosida ajratiladi;
elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari sanitariya-gigiyena shoxobchalarini Vazirlik, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan aniq mezonlar, texnik topshiriqlar, o‘rnatishga qo‘yiladigan talablar va boshqa zarur shartlarga muvofiq biriktirilgan joylarda tashkil etadi.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda:
2024-yil 1-iyunga qadar ijtimoiy obyektlaridagi mavjud barcha sanitar-gigiyena shoxobchalarini xatlovdan o‘tkazsin;
2024-yil 1-sentabrga qadar barcha hududlardagi sanitar-gigiyena shoxobchalarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha uch yillik dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlanishini ta’minlasin.
16. Sanitar tozalash sohasida favqulodda xatarlarning oldini olish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Vazirlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega nodavlat Ekosanitariya jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
17. Ekosanitariya jamg‘armasini moliyalashtirish manbalari va Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish maqsadlari 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
Jamg‘arma mablag‘larining daromadlar va xarajatlar smetasi 7 nafar, shu jumladan, 3 nafar Vazirlik, 2
nafar soha tadbirkorlari, xalqaro auditorlik (Big Four) kompaniyasi vakili hamda tanlov asosida tayinlanadigan mustaqil boshqaruvchidan iborat bo‘lgan Jamg‘arma Boshqaruvchilar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda, Boshqaruvchilar Kengashi raisi va a’zolariga Jamg‘arma faoliyatidagi ishtiroki uchun haq to‘lanadi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Jamg‘arma Boshqaruvchilar Kengashiga raislik qiladi.
18. Vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 31-dekabrga qadar “Toza hudud” DUK faoliyat olib borayotgan hududlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida chiqindilarni saralash va qayta ishlash texnologiyalari mavjud sanitar tozalash korxonalariga imtiyozli huquq bergan holda o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
Bunda, chiqindilarni qayta ishlash va ikkilamchi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologiyalari hamda kamida 20 ta maxsus texnikalari bo‘lgan sanitar tozalash korxonalariga ustuvorlik beriladi.
19. Chiqindilar bilan ishlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 11-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-yanvar,
PF-5-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-son Farmoniga
1-ILOVA
Maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lov tariflarni majburiy ko‘rib chiqish
SXEMASI