|
18 Mavzu: Neft va gaz konlarini ishlatishni loyihalashtirish bosqichlari Reja
|
bet | 1/4 | Sana | 07.12.2023 | Hajmi | 25,59 Kb. | | #113576 |
Bog'liq Ma\'ruza №15
№18 Mavzu: Neft va gaz konlarini ishlatishni loyihalashtirish bosqichlari
Reja:
18.1.Neft va gaz konlarini loyihalash bosqichlari.
18.2.Neft va gaz konlarining ishlatishdagi asosiy texnologik ko`rsatkichlar tavsifi
18.3.Konlarni loyihalashda matematik modellardan foydalanish
18.4.Uyumlar ishlashini iqtisodiy ko`rsatkichlarini hisoblash
Adabiyotlar
1. Spravochnaya kniga po dobichi nefti. Pod redaksiyey prof.
Sh.G.Gimatudinova, M., Nedra, 1974 g.
2. Jeltov Y.P. "Razrabotka neftyanix mestorojdeniy", M., Nedra, 1986.
3. Donsov K.M. "Proyektirovaniye razrabotki neftyaniye mestorojdeniy", M., Nedra, 1977 g.
Neft va gaz konlarini ishga tushirishdan oldin ularning ishlash loyihasini tuzib chikish kerak bo’ladi. Ishlash loyixasi konni ishlash va ishlatish usullarini, shu konni jixozlash loyixasi uchun kerak bo`ladigan hamma asosiy ma’lumotlarni va asosiy texnologik ko`rsatkichlarni o`z ichiga olgan bo’lishi kerak.
Konlarni ishlash usullari juda keng qamrovli tushuncha bo`lib, qatlamlardan neft, gaz va kondensat qazib chiqarish sur’atlari, quduqlarni konda joylashtirish, ularni ishlatish texnologik rejimlari, uyumga hamda quduq tubiga ta’sir etish usullari va shu kabi texnik va texnologik jarayonlarni o`z ichiga oladi. Ishlash usullarini hisoblayotganda qatlamda mavjud bo`lgan tabiiy energiyalarni qay biri ta’sir etayotganligi, sun’iy ta’sir etuvchi kuchlarni qo`llash yoki qo`llamaslikni nazarda tutish kerak.
Umuman qilib olganda, kon ochilganidan to u sanoat miqyosida ishga tushgunga qadar bir qancha loyihalash bosqichidan o`tadi.
Mavjud bo`lgan "Neft va neft gaz konlarini ishlash qoidalari"da ko`rsatilib o`tilganidek, har bir loyihalash bosqichi konni texnik va texnologik jihatdan sanoat miqyosida ishlatishga tayyorlab boradi.
Odatda geologiya - qidiruv tashkilotlari tomonidan topilgan yangi kon to u sanoat miqyosida ishga tushib ketguncha konni ishla¬tishning quyidagi loyihalash bosqichlaridan o`tadi:
- sinov ishlatish loyihasi;
- sinov - sanoat ishlashning texnologik narxi;
- ishlashning texnologik narxi;
- ishlash loyihasi;
- aniqlashtirilgan ishlash loyihasi;
- ishlash taxlili.
Har bir loyihalash bosqichiga mos ravishda konni jihozlash bo`yicha loyihalash ishlari ham olib boriladi. Hamma ishlash va ishlatish loyixalarida quyidagilar nazarda tutilgan bo`lishi shart:
- konni (yoki alohida bir uyumni) bir tekisda burg`ilash ishlari;
- tasdiqlangan neft, gaz va hamroh komponentlarning zaxiralaridan omilkorona va samarali foydalanish;
- konning eng maxsuldor qismini ishlatib, qolgan qismini qolib ketishiga va zaxiralarni yo`qotilishiga olib keladigan holatga yo`l qo`ymaslik;
- konda qo`shimcha qidiruv ishlari olib borishlik;
- ko`p qatlamli konlarda mustaqil ishlatiladigan ob`yektlarni asoslab berish.
Loyiha hujjatlari konda qilinishi kerak bo`lgan qurilish, jixozlash ishlari, shuningdek asbob-uskunalar, jixozlar sotib olinishi uchun bank tashkilotlari tomonidan pul mablag`lari ajratib berish uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
Endi har bir konni ishlash va ishlatish loyiha xujjatlari haqida biroz batafsilroq to`xtalib o`tamiz.
"Sinov ishlatish loyixasi" neft va gaz konlarini loyihalashtirishdagi birinchi bosqich bo`lib, kidiruv ishlari tugallanmagan konlar uchun tuziladi va ishlatuvchi tashkilot orqali tasdiqlanadi. Bu loyihaning asosiy maqsadi va vazifasi bo`lib, kondan qidiruv ishlari davrida olingan dastlabki ma’lumotlarni qayta tekshirish, yangi ma’lumotlarni olish, kon zaxiralarini, hisoblash uchun kerakli ko`rsatkichlarini aniqlash, ishlash tizimini asoslab berish, alohida ishlashi mumkin bo`lgan ob`yektlarni ajratib berish, neft va gaz olish imkoniyatlarini, sur’atini bashorat qilish kabi ishlar mo`ljallanadi. Texnikaviy - iqtisodiy hisoblashlar bu loyiha ichida eng kamida 20 yil muddatini qamrab olishi kerak.
"Sinov ishlatish loyixasi"da quyidagilar asoslangan bo`lishi kerak:
a) konning boshlang`ich geologik modeli;
b) ishga tushirilishi mumkin bo`ladigan qidiruv quduqlarining soni va kon maydonidagi o`rni; (S toifa zaxiralari joylashgan maydonlar uchun);
v) ishga tushiriladigan ishlatuvchi quduqlarning soni va kon maydonidagi o`rni; (S1 toifa zaxiralari joylashgan maydonlar uchun);
g) bajarilishi kerak bo`lgan geofizik tadqiqotlarning umumiy hajm va bu tadqiqotlar natijasida olinishi kerak bo`lgan geologik tuzilishiga taaluqli bo`lgan ma’lumotlar;
d) kern, qatlam holatda olingan neft, gaz, kondensat namunalarini tajribaxonalarda bajarilgan to`liq tahlili;
y) mo`ljallangan barcha turdagi quduqlar majmui, neft, gaz suyuqlik olinishining va suv haydashning eng maksimal qiymatlari, konga ishlatilishi kerak bo`lgan neft, gaz tayyorlovchi, suv ajratuvchi va naqliyot jixozlarining turlari, umumiy miqdori.
Odatda "Sinov ishlatish loyixasi" 3-5 yilga mo`ljallab tasdiqlanadi, chunki ana shu davr ichida aniqlanishi kerak bo`lgan barcha ma’lumotlar aniqlanadi va loyixalashning keyingi bosqichiga o`tish mumkin bo`ladi.
"Sinov - sanoat ishlashning texnologik tarxi" loyixalashdagi ikkinchi bosqich bo`lib, odatda "Sinov ishlatish loyixasi"dan keyin bajariladi. "Sinov - sanoat ishlashning texnologik tarxi"ni bajarishda bundan oldin bajarilgan "Sinov ishlash loyixasi" asos qilinib olinadi.
Birinchi bosqichdagi loyixada bajarilgan ishlarga ikkinchi boskich loyihasida qo`shimcha quyidagi ishlar bajariladi:
- konning geologik modelini aniqlashtirish asosida zaxiralarni hisoblash;
- qo`shimcha burg`ilangan qidiruv va ishlatuvchi quduqlar ma’lumotiga asoslangan holda qatlam ko`rsatkichlarini aniqlash, ularni tahlil qilib o`rtacha ko`rsatkichlarini hisoblash;
- konning va quduqlarning qirqimini oydinlashtirish natijasida o`zaro bog`liqliklarini aniqlash;
- qatlam energiyasini aniqlash va qo`shimcha ta’sir etish usullarini hisoblash;
- kollektorlarning hajm - sirqish ko`rsatkichlarini oydinlashtirish va shu ko`rsatkichlar asosida qatlam turliligi koeffitsienti, o`tkazuvchanlik, to`yinganlik kabi ko`rsatkichlarni, shuningdek neft, gaz, kondensat va qatlam suvlarining fizikaviy-kimyoviy tarkibi, xususiyatlarini aniqlash;
- maxsus quduqlarni burg`ilash asoslanib, ularning miqdori va o`rni aniqlanishi;
- konning uzluksiz, omilkorona va samarali ishlashi uchun kerak bo`ladigan barcha asbob-uskunalar, jixozlarni aniqlash;
- neft, gaz, kondensat olishni, suvlanganlik, qatlam bosimi va gaz omilini o`zgarishini bashorat qilish;
- quduqlarni ishlatish usullarini va bunda ishlatiladigan asbob-uskunalar, jixozlarni hisoblash;
- taxminiy iqtisodiy hisoblashlar.
Tayyorlangan "Sinov - sanoat texnologik tarxi" odatda 5-8 yilga mo`ljallanib tasdiqlanadi. Ba’zi hollarda esa, konning mavqei, zaxiralariga qarab, shu tuzilgan texnologik tarx ishlash loyixasi sifatida ham qabul qilinishi mumkin.
Konda olib boriladigan uchinchi bosqich loyixasi, asosiy loyixa bo`lib "Konni ishlash loyixasi" deyiladi. Bu loyixada avvalgi ikki bosqichda qilingan ishlarga qo`shimcha qilib quyidagi ishlar bajariladi:
- ishlatish ob`yektlarini ajratish, ularni ishlash tizimini va tartibini belgilab berish;
- ishlovchi ob`yektlarini ajratish, ularni ishlash tizimini va tartibini belgilab berish;
- ishlovchi va haydovchi quduqlar soni, ularni kon maydonidagi o`rni, teshish oraliqlarini hisoblash;
- qatlamga ta’sir etish usullari va ta’sir etish omillarini tanlash;
- ob`yektlarni ishlash tartibini aniqlash;
- neft, gaz suyuqlik qazib olish miqdori, sur’ati va o`zgarishi, shuningdek qatlamga siqib chiqaruvchi omillarni haydash miqdori, sur’ati va o`zgarishi konning ishlash davrini oxirigacha to`liq hisoblanadi;
- amalga oshirilayotgan ishlash tizimi samaradorligini oshirish bo`yicha hisoblashlar;
- neft qazib chiqarishni oshirish uchun qo`llanilishi mumkin bo`lgan fizikaviy-kimyoviy, issiqlik va boshqa usullarni hisoblab chiqish;
- quduqlarda ishlatilishi mumkin bo`lgan quduq ichi va quduq usti asbob-uskunalari, jixozlarini tanlab berish;
- quduqlarni ishlatish davridagi bo`lishi mumkin bo`lgan qiyinchiliklarni oldini olish tadbirlarini tayyorlash;
- kon ichida maxsulot yig`ish va tayyorlash tizimiga bo`lgan talablar bo`yicha hisoblashlarni bajarish;
- qatlam bosimini ushlab turish uchun tayyorlangan tizimga bo`lgan talabalar bo`yicha hisoblashlarni bajarish;
- quduqlarni tuzilishiga, burg`ilash ishlariga, qatlamlarni ochish va quduqlarni ishga tushirishga bo`lgan talablar bo`yicha hisoblashlarni bajarish;
- konlarda boshqarish va nazorat qilish ishlari bo`yicha tadbirlar ishlab chiqarish;
- foydali qazilmalardan unumli foydalanish, zaxiralarni olish koeffitsientini ta’minlash, atrof-muhitni himoyalash ishlari bo`yicha tadbirlar ishlab chiqish.
Sanab o`tilgan talablardan ko`rinib turibdiki, "Konni ishlash loyixasi" asosiy loyihaviy xujjat bulib, u "Konni jixozlash va qurish loyixasi" bilan birgalikda konni ishlash va ishlatish uchun asosiy xujjat xamda dastur bo`lib xizmat qiladi. Bu loyixadagi hisoblashlar koni ishlash davrini tugallanganiga qadar olib boriladi. Bu hisoblashlarda konning asosiy texnologik ko`rsatkichlari
- neft, gaz, kondensat va suv olish miqdori va sur’ati, qatlam bosimini o`zgarishi, suvlanganlik, gaz omili va boshqa ko`rsatkichlar konni ishlash davrida qanday o`zgarishi bashorat qilinadi.
"Konni ishlash loyixasi" shu konni ishlatuvchi korxona uchun yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlanadi va loyixa ko`rsatkichlarini bajarilishi doimiy nazorat ostida bo`ladi.
Ammo ba’zi hollarda kon ishlash ko`rsatkichlari oradan 5-6 yil o`tgandan so`ng loyixa ko`rsatkichlaridan farq, qilib qolishi mumkin. Bunday hollarda "Kon ishlashini taxlili" deb ataladigan xujjat tayyorlanadi. Bu xujjatda loyiha va haqiqiy ko`rsatkichlariga ma’lum tuzatmalar, o’zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Loyihalashtirish ishlarining so`nggi bosqichi bo`lib "Kon ishlash loyihasiga tuzatmalar kiritish" deb nomlangan xujjat tayyorlanadi. Bu loyiha kon ishlashining so`nggi bosqichida amalga oshiriladi. Odatda bu loyiha konda bo`lgan so`nggi o`zgartirishlarni hisobga olingan holda bajariladi.
|
| |