|
Transport xizmatlari tarkibi, tasnifi va ularning xususiyatlari
|
bet | 5/7 | Sana | 11.12.2023 | Hajmi | 79,69 Kb. | | #116071 |
Bog'liq 2-mavzu. 4 soat.docx2.3. Transport xizmatlari tarkibi, tasnifi va ularning xususiyatlari
Transport tizimining mahsuloti transport xizmatlari ko‘rsatish ekan, bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotda “transport xizmatlari ko‘rsatish bozori”ning o‘rni haqida ham fikr yuritish maqsadga muvofiqdir.
Transport xizmatlari bozori davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda transport xizmatlari ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilari o‘rtasida o‘zaro foydali muvozanatni tashkil etish va tartibga solish imkoniyatini aks ettiruvchi, transport majmuasining iqtisodiy salohiyatini tavsiflovchi tushunchadir.
Bu bozorga o‘z isteʼmolchilari uchun mahsulotlar va xizmatlar yaratish maqsadida avtomobil transporti xizmatlarini sotib oluvchi tashkilotlar va shaxslarning to‘plami sifatida ham qarash mumkin.
Transport xizmatlarini sotish bozoriga muntazam ravishda ko‘p sonli o‘zgaruvchan omillar (siyosiy, iqtisodiy, fond bozori, konʼyunktura va boshqa beqarorliklar) taʼsir ko‘rsatadi. Bu esa transport korxonalari oldida doimo xizmat ko‘rsatish baholari va ularni boshqarish masalasini ko‘ndalang qilib qo‘yadi.
Transport xizmatlari bozorining samarali faoliyat ko‘rsatishida tarmoq korxonalarining o‘z-o‘zini tashkil etish qobiliyati muhim ahamiyatga ega. Transport xizmatlari ko‘rsatish bozori ishtirokchilarining o‘zaro bahamjihat faoliyati bozorning umumiy rivojlanish qonuniyatlariga bo‘ysunishi lozim. Mazkur bozorning rivojlanish evolyusiyasi stoxastik ko‘rinishga ega bo‘lib, bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi mavjud aloqalarning buzilishi, yangilarining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, transport xizmatlari bozori deganda transport xizmatlari ko‘rsatuvchilar va mijozlar o‘rtasida ayirboshlash munosabatlarini shakllantiruvchi transport tarmog‘ini har tomonlama boshqarishning tashkiliy mexanizmlari tizimi tushuniladi. Davlat va jamiyatning transport xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlari iqtisodiy vositalar asosida tartibga solinadi. Transport xizmatlari bozorining asosiy vazifasi esa, tarmoqdagi cheklangan resurslarni va yaratilgan xizmatlarni eng katta iqtisodiy samara bilan taqsimlashdan iboratdir.
Biroq, transportning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, mamlakatning umumiy transport tizimida jamoat yo‘lovchi transporti ijtimoiy-iqtisodiy muhitning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Bozor sharoitida yo‘lovchi tashish transportining ahamiyati keskin oshib borib, u jamoat transportidan aholi foydalanishi uchun keng imkoniyat yaratishning ijtimoiy-iqtisodiy tartibga solish vositasi bo‘lib xizmat qiladi va o‘tish davrida yuzaga keladigan jamiyatning mulkiy tabaqalanishi jarayonini yengillashtiradi.
Transport xizmatlari bozori transport-logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, infratuzilma tashkilotlari hamda mijozlar o‘rtasidagi keng raqobat maydoniga aylanib bormoqda. Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini talab etuvchi bugungi sharoitda transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish turlari va sifatini oshirish va uni jamiyat, mahsulot ishlab chiqaruvchilar hamda isteʼmol qiluvchilarning manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.
Ko‘pchilik olimlar va mutaxassislarning fikriga ko‘ra, xizmatlar sohasi va uning rivojlanish surʼatlari global iqtisodiyot rivojlanishining jadalashshuviga, yaʼni jahon xo‘jaligining globallashuv fazasiga kirishiga asosiy turtki bo‘lib xizmat qiladi. Aynan xizmatlar sohasi ish o‘rinlarining muqobil segmentlarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Transportda bahoni shakllantirish yoki tarif siyosatini yuritish iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridan farq qilishi bilan ham xarakterlanadi. Shahar yo‘lovchi transportida yoki strategik ahamiyatga ega yuklarni tashishda ijtimoiy hamda umummilliy manfaatlarni hisobga olgan holda tashish tariflari vakolatli organlar tomonidan belgilanadi. Biroq, bunday turdagi transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalarning harakatdagi vositalari, energoresurslar, yonilg‘i-moylash va boshqa materiallarni tijorat asosida faoliyat yurituvchi xo‘jalik yurituvchi subʼektlardan bozor baholarida xarid qilishlari muayayan moliyaviy qiyinchiliklarni vujudga kelishiga olib keladi hamda ularni bartaraf etish davlatning aralashuvini talab etadi. Shuning uchun ham mijozlarga transport xizmati ko‘rsatish hajmi, qo‘lami va sifatini oshirish bilan bog‘liq transport korxonalari strategiyasini ishlab chiqishda ushbu omillar taʼsirini baholash muhim ahamiyatga ega.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida avtomobil transporti tizimining rivojlanishi iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlari rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, unga ushbu tarmoqlar tomonidan yuk va yo‘lovchilar tashish hajmi va sifatiga qo‘yiladigan talablar bilan bir qatorda, sohaning o‘z-o‘zini rivojlantira olish imkoniyatlari, yaʼni yetarlicha daromad olishi va uning hisobidan sohaga investitsiyalar jalb qila olish talablari qo‘yiladi. Tashish tezligi va sifatining oshishi, transport xizmati bahosining arzonlashuvi transport-iqtisodiyot aloqalari rivojlanishini rag‘batlantiradi, aholi harakatchanligi va turmush farovonligining o‘sishiga olib keladi.
Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida avtomobil transporti xizmatlari bozorini shakllantirish va uning ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishning huquqiy bazasi shakllantirildi. Avtomobil transportini rivojlantirishga doir «Avtomobil transporti тўғрисида» (29.08.1998 y.), «Shahar yo‘lovchilar transporti тўғрисида» (25.04.1997 y.), «Yo‘l harakati xavfvsizligi to‘g‘risida”gi (19.08.1998 y.) “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi(24.08.2007 y.) qonunlar qabul qilindi.
Avtomobil transporti vositalarining tarkibi ham o‘zgarib bormoqda. Mamlakatimizda «GM Uzbekistan» YOAJ, «SamAvto” MCHJ va «MAN Auto-Uzbekistan” QK kabi avtomobilsozlik korxonalarining barpo etilishi tarmoqning yangi, jahon talablariga javob beradigan transport vositalari bilan taʼminlashga imkon bermoqda.
Transport xizmatlarining turli segmentlarida raqobat darajasining turlichaligi, ayrimlarida murosasiz raqobat kechsa, ayrim segmentlarda raqobat sust kechmoqda.
Shubhasiz, iqtisodiy muhitni yaxshilash raqobatdoshlikni oshirishning asosiy shartidir, uning holati esa korxonalarning raqobat ustunliklarini ushlab turish va o‘stirish imkoniyatlarini belgilaydi.
Transport xizmatlari bozorida to‘laqonli raqobat muhitini yaratish quyidagilarni nazarda tutadi:
- isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini himoyalash, monopoliyadan chiqarish masalalarini kompleks hal etish;
- transportni rivojlantirishda ijtimoiy manfaatlar va tarmoq xususiyatlarini hisobga olgan holda differensiyalashgan holda yondashish;
- raqobatni rivojlantirish muammolarini davlat, tarmoq va mintaqaviy darajalarda o‘zaro bog‘liq holda hal etish;
- transport xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish davlat va xo‘jalik boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- mamlakat iqtisodiyotining jahon xo‘jaligi tizimiga integratsiyasi omillarini hisobga olgan holda, mahalliy transport operatorlarini himoyalash tadbirlari bilan bir qatorda, xalqaro raqobat uchun transport xizmatlar bozorlari ochiqligini taʼminlash.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, avtomobil transportida raqobat muhitini rivojlantirishda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni taʼkidlash mumkin:
-mulkdorlar tarkibi barqarorligini taʼminlash;
-transport jarayoni texnologiyasini sifatli taʼminlay oladigan
va malakali kadrlar bilan taʼminlangan yirik umumfoydalanish avtomobil transporti koxonalarini saqlab qolish, ayniqsa shahar yo‘lovchi transporti tizimida;
-xalqaro yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil transporti korxonalarining raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni qo‘llash;
-avtokorxonalarning va xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma obʼektlarining optimal joylashuvini taʼminlash;
- sohada innovatsion muhitni yaratish orqali milliy operatorlarning axborot texnologiyalari va vositalari bilan taʼminoti va boshqaruvda ulardan keng foydalanishni taʼminlash;
- transport-logistik tizim ishtirokchilarining iqtisodiy aloqalarini oqilona tashkil etish va boshqalar.
Transport xizmati deganda moddiy ishlab chiqarish jarayonini yakunlovchi, shuningdek, isteʼmolchi bilan bog‘lovchi vazifa tushuniladi. Transport xizmatlari transport faoliyatining isteʼmolchilar talablarini qondirishdagi ko‘rinishdir. Xizmat deganda faqat yuklarni tashish tushunilmay, balki yuklarni tayyorlash va tashishni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda tashish jarayoni tarkibiga kirmaydigan operatsiyalar ham tushuniladi. Masalan, yuklarni o‘rab-chirmash, markirovka qilish, paketlarga joylashtirish, saqlash, yuk egasiga axborotlar berish va boshqalar.
ISO 8402-86 standartida “xizmat” deb materiallashtirilmagan mahsulot yaratish faoliyati va jarayonlariga aytiladi.
Transport xizmatlari aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan va zarur texnologik, iqtisodiy, axborot, huquqiy va resurslarni qo‘llab-quvvatlash mavjudligi bilan tavsiflangan transport faoliyatining turi sifatida tavsiflanadi. Shuning uchun transport xizmatlari nafaqat yuk yoki yo‘lovchilarni tashishni, balki transport jarayoniga kirmaydigan, ammo uni tayyorlash va amalga oshirish bilan bog‘liq har qanday operatsiyalarni ham o‘z ichiga oladi.
Transport xizmatlariga quyidagilar kiradi:
• yuk va yo‘lovchilarni tashish;
• yuk ortish va tushirish operatsiyalari (yuklarni orish, tushirish, qayta yuklash, yo‘lovchilarni o‘tkazish, ombor ichidagi operatsiyalar);
• yuklarni saqlash;
• transport vositalarini tayyorlash;
• lizing yoki ijara asosida transport vositalarini taqdim etish;
• yangi yoki taʼmirlangan transport vositalarini yetkazib berish (peregon);
• boshqa xizmatlar.
Yo‘lovchi avtomobil transportining xizmatlariga quyidagilar kiradi:
-vokzallar, shoh bekatlar va oraliq bekatlarda bilet sotish;
-o‘rinlarni avvaldan band qilish;
-yo‘lovchilarga harakat jadvali bo‘yicha maʼlumotlar berish;
qo‘l yuki, bagaj va yo‘lovchilarni tashish;
bagajni rasmiylashtirish bo‘yicha maʼlumotlar berish;
yo‘lovchilarga tibbiy xizmat ko‘satishni tashkil etish;
yo‘lovchilarni avtobuslarga chiqarish va tushirish ishlarini bajarish;
yuklarni saqlash xizmatlari;
yo‘lovchilarni transportda ketayotganida dam olib ketishini taʼminlash;
harakatlanuvchi tarkibni tashishga tayyorlash;
transport-ekspeditsion xizmatlari va boshqalar.
Transport korxonalarini boshqarishda logistik jarayonlar va tamoyillarni qo‘llashda transport xizmatining o‘ziga xos xusuiyatlarini hisobga olish kerak bo‘ladi.
Mahalliy va xorijiy tajribani tahlil qilish asosida transport xizmatlarining quyidagi tasnifini taklif qilishg mumkin:
• transport korxonalari asosiy faoliyati bilan o‘zaro aloqasiga ko‘ra: tashish va tashib berishdan boshqa vazifalar;
• ko‘rsatilayotgan xizmat faoliyatining xarakteriga ko‘ra; texnologik, tijorat, informasion va boshqalar;
• xizmat ko‘rsatiladigan isteʼmolchining turi bo‘yicha: tashqi (transport bo‘lmagan korxonalar va tashkilotlarga taqdim tish) va ichki (boshqa transport korxonalari va tashkilotlariga taqdim etish). Masalan, ichki xizmatlar ekspeditorlik kompaniyasiga transport jarayonlarini amalga oshirish uchun harakatlanuvchi tarkibni taqdim etish.
Avtomobil transporti xizmatlari tarmoq va transport turi sifatida quyidagi o‘ziga xos xususiyatlar bilan xarakterlanadi:
avtomobil transporti infratuzilmaviy soha bo‘lib, moddiy ishlab chiqarishning umumiy shartlaridan biri hisoblanadi;
faoliyat turi bo‘yicha tarmoqlararo xarakterga ega bo‘lib, boshqa tarmoqlar rivojlanishiga geografik omillar, tabiiy va mehnat resurslari kabi taʼsir ko‘rsatadi;
transport xizmatlarini ko‘rsatish muomala sohasida ishlab chiqarish jarayonining davomi hisoblanib, ishlab chiqarish jarayoni mahsulotni isteʼmolchiga yetkazib berish paytida tugallanadi;
transport mahsuloti o‘z-o‘zidan mavjud bo‘la olmaydi, u albatta notransport tashkilotlari tijorat faoliyatini taʼminlaydi;
avtomobil transport xizmatlarini ko‘rsatish – mehnatni sotish jarayoni hisoblanib, xizmat ko‘rsatish sifati esa – ushbu mehnatni bajarilish sifati bilan belgilanadi, hamma vaqt ham sifatli bajarilgan ish sifatli xizmat ko‘rsatishni taʼminlay olmaydi;
avtomobil transporti xizmatlari ko‘rsatishda bevosita mijozning ishtiroki, xususan yo‘lovchi tashishda, bunda mijozning transport xizmatiga egalik qilish imkoniyatini yo‘qligi;
transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini baholashning murakkabligi;
avtotransport xizmatlarining isteʼmol bahosi vaqt cheklovlari, mahsulot harakati yo‘shnalishi va boshqa shartlarga qatʼiy rioya qilinishi bilan shakllanadi, bu esa isteʼmol jarayonida raqobatchilar xizmati bilan almashtirish imkoniyatlarini cheklaydi;
transport xizmatlarini ishlab chiqarish jarayonidan tashqarida ko‘rsatib bo‘lmaydi, transport mahsulotini jamg‘arish imkoniyatining yo‘qligi qo‘shimcha tashish qobiliyatiga ega bo‘lishni, hamda yo‘l tarmoqlarida o‘tkazuvchanlik zahiralarini shakllantirishni taqozo etadi;
avtomobil transporti xizmati ko‘rsatishning yo‘l tarmoqlari bilan taʼminlanganlik darajasiga bevosita bog‘liqligi;
doimiy infratuzilmaviy inshootlarni nisbatan tez surʼatlarda barpo etish zaruriyati hamda ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatidan uzoq muddat foydalanishni taqozo etadi;
yo‘l tarmoqlari uzoq muddatlarda barpo etiladi va yuqori kapital sarfini talab etadi;
asosiy vositalardan uzoq muddat foydalaniladi va ularni to‘ldirish manbalari cheklangan bo‘ladi;
avtomobil transportining faoliyati ekspluatatsiya sharoitlari, yo‘nalishlar geografiyasi, tabiiy omillarga kuchli bog‘liq bo‘ladi;
avtomobil transportining atrof-muhit va ekologiyaga xavfli taʼsiri boshqa moddiy ishlab chiqarish tarmoqlariga qaraganda yuqori bo‘ladi va boshqalar.
|
| |