“Rus tili sintaksisi”
(1934),
V.V.
Vinogradovning
“Badiiy nasriy matn haqida”
(1930),
L.A.
Bulaxovskiyning
“Rus adabiy tili kursi”
(1952) kabi asarlarini eslash maqsadga
muvofiqdir. Chunki xuddi ana shu tadqiqotlar uning muallifi o‘ziga xos lisoniy
xususiyatlari singari muammolarni o‘rganishni boshlab berdi. Hozirgi
tilshunoslikda matn atamasiga turlicha ta’riflar berilmoqda. Masalan, tilshunos
olim P.Gironing fikricha, matn o‘zaro bog‘langan birliklar butunligi bo‘lib, bu
butunlikni tashkil etuvchi belgilar, ishoralar uslubiy taassurotni ifodalash
maqsadida bir-biri bilan munosabatga kirishib yagona sistemani tashkil etadi.
Matnga aniq, to‘g‘ri ta‘rif berish uchun uning xususiyatlarini belgilash lozim.
Tilshunos S.Todorovning aniqlashiga ko‘ra har qanday matn uch xususiyatga ega:
a) jarayon, b) sintaksis xususiyat, d) semantik xususiyat. Matn aniq gaplardan
tashkil topadi, bu esa matnning jarayon ekanini isbotlaydi. Matnning sintaktik
xususiyati deyilganda matnni tashkil qiluvchi qismlar orasidagi o‘zaro bog‘lanish
tushuniladi. Matnning semantikasi esa uning mazmunini o‘zida ifoda etadi.
Demak, matn ma’lum sistema asosida tuzilgan, o‘z mazmuniga (semantikasiga)
ega bo‘lgan, tugallangan nutqiy faoliyat mahsulidir. Matn tilshunosligida matn
mazmuni va matn ma’nosi atamalari o‘zaro farqlanadi. Ma’lum bir matndan o‘rin
olgan ma’lumot yoki axborot matnning mazmunidir. Matnning ma’nosi esa matn
birliklari (gap, sintaktik butunlik, abzats)ga xos axborotdir. Matnning mazmuni
unda ifodalanayotgan axborotning uzil-kesil yakunlanganligi bilan bog‘liqdir.
Matn ma’nosi esa tugal fikr anglatsa ham o‘sha fikrning yana davom etishini
taqozo etadi. Bundan ko‘rinadiki, gap va matn o‘rtasidagi asosiy farq
yakunlanganlikning mutlaqligida, tugallanganlikning esa nisbiyligidadir. Matn
o‘ziga xos grammatik kategoriyaga ega: a) ma’lumot (axborot) kategoriyasi tabiat,
voqea-hodisa, ish-harakat kabilarni ifoda qilish, ular yuzasidan u yoki bu darajada
fikr yuritishni anglatadi; b)integratsiya kategoriyasi – bu kategoriya matn birliklari
orasidagi uzviylik, bog’liqlik, aloqadorlik kabi munosabatlarni ko‘rsatadi; d)
retrospeksiya kategoriyasi – bu kategoriya matn orqali ma’lum qilinayotgan voqea-
hodisani ketma-ket, izchil hikoya qilish orqali ro‘yobga chiqadi. Matn nutqiy
faoliyatning bir butun mahsulidir. Uni ana shunday mahsulot ekanligini
ta’minlashga xizmat qiluvchi kategoriya matn tilshunosligida integratsiya (lot.
“to’ldirmoq”) kategoriyasi deb yuritiladi. Umuman integratsiya kategoriyasi
matnning yakunlanishi bilan bog’liq kategoriya sifatida ko’rinadi. Uzil-kesil, tugal
fikr anglatish matnning asosiy xususiyatidir. Har qanday matn (u yozma bo‘ladimi,
og‘zaki bo‘ladimi, qat’iy nazar) fikrlar yig‘indisi bo‘lib, o‘zaro uzviy bog‘langan
mulohazalarni o‘z ichiga oladi. Matnning chegarasini uni yaratuvchi shaxs
(yozuvchi yoki bayon qiluvchi) belgilaydi, xolos. O‘z oldiga qo‘ygan amaliy
maqsadiga ko‘ra matn bir necha turlarga bo‘linadi: yozma matnlar, og‘zaki
matnlar. Bu matn turlari o‘z navbatida yana bir necha kichik guruhlarga, turlarga
ajraladi. Masalan, og‘zaki matnlar quyidagi turlarga bo‘linadi: a) dialogik matnlar
(suhbatlar), b) folklor (xalq og’zaki ijodi) matnlari, d) ovozalar (mish-mishlar).
Matnlarning har bir turi o’ziga xos xususiyati bilan, tarkibi va mazmuni bilan
boshqa tur matnlardan ajralib turadi. Masalan, ertak, topishmoq, maqol, terma
singari matnlar folklor namunalari bo’lsa-da, bir-biridan farqlovchi xususiyatlarga
ega. Yozma matnlar tarkibiga kiruvchi monografiya, ilmiy maqola, ilmiy-
ommabop maqola, taqriz, muammoviy maqola, risola singarilar turli farqlanuvchi
belgilari bilan bir-biridan ajralib turadi. Masalan, ilmiy maqola muayyan masala
jihatida avval ma’lum bo’lgan fikrlar muhokamasi bilan keyin muallifning shu
masalaga oid yangi ilmiy qarashi bayon qilinadi hamda bu qarashlarning amaliy
qo’llanishiga oid tavsiyalar beriladi, shu bilan ilmiy maqola matni yakunlanadi.
Matn tarkibi uch qismga bo‘linadi: a) ifoda qobig‘i, b) matn mazmuni
(semantikasi), c)matn grammatikasi. Matnning butunligini, yaxlitligini ta’minlab
turuvchi narsa uning asosida yotgan asosiy g‘oyadir. Bu g‘oyani matn
tilshunosligida makrotema deb ataydilar. Makrotemalar o‘z navbatida bir qancha
mikrotemalardan tashkil topgan bo‘ladi. Mikrotemalar matnning asosiy g‘oyasi,
ya’ni makrotema orqali bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan bo‘ladi. Har qanday yangi
gap matn tarkibida oldingi gapni to‘ldirib keladi va o‘z navbatida yangi gapning
tuzilishiga zamin hozirlaydi. Matn tarkibida gaplar ana shu tarzda zanjirsimon bir-
biri bilan bog‘lanib ketaveradi. Matnni tashkil etuvchilar orasidagi bog‘lanishda
gapning aktual bo‘linishi imkoniyatlari muhim o‘rin tutadi. Bu nazariyaga ko‘ra,
har qanday gap ikki qismga bo‘linadi: a) eski axborot qismi – tema; b) yangi
axborot qismi – rema. Yangi gapni matn tarkibida shakllantirishdan maqsad remani
ifodalashdir. Gap esa faqat remadan tashkil topmaydi, ya’ni uning tarkibida tema
ham bo‘lishi kerak, chunki shu gap o‘z temasi (eski axboroti) bilan oldingi gap
yoki gaplar sistemasi bilan o‘zaro bog‘langan bo‘ladi. Shunday qilib, matn
tarkibida gaplar ichida temalar va remalarning ana shunday almashinib kelishi
matnning yaxlitligini, butunligini, o‘zaro bog‘lanishini ta’minlaydi. Har qanday
matnning yaratilishi ma’lum bir amaliy maqsadlarni ko‘zda tutadi. Matnlar
maqsadlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Shu jihatdan matnlarni quyidagi to‘rt
turga ajratish mumkin: a) og‘zaki matnlar, b) yozma (qo‘lyozma), d) bosma
matnlar, d) ommaviy muloqotga xos matnlar. Bu matnlarning har biri o‘z
navbatida bir qancha mayda turlarga bo‘linadi. Masalan, og‘zaki matn: monolog,
dialog (suhbat), ovozalar (mish-mish), folklor singari turlardan iborat. Bosma
matnlar qo‘lyozma matnlarning mukammal ko‘rinishi bo‘lib, ular o‘z navbatida
adabiy matnlar va ilmiy matnlarga bo‘linadi. Adabiy matnlarga badiiy asarlar
kiradi, ilmiy matnlarning ham turlari xilma-xildir. Ommaviy muloqot vositalari
matn turlarining to‘rtinchi ko‘rinishidir. Bu matn vositalarining omma orasiga etib
kelishida texnika vositalari (radio, televidenie, kino)ning roli beqiyos. Bu matnlar
bir marta e’lon qilinadi, qayta tiklanadigan bo‘lsa, unga qo‘shimcha axborot ham
qo‘shilishi lozim. Bunday matnlar so‘nggi yangiliklarni ommaga taqdim etadi
(gazeta, jurnal, radio, televideniyeda beriladigan asarlar).
|