|
Sitoplazmadagi suv miqdori
|
bet | 9/28 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 74,85 Kb. | | #255320 |
Bog'liq 2-Mavzu O\'simliklarda suv almashinuvi fiziologiyasi rejaSitoplazmadagi suv miqdori. Sitoplazmadagi suvning miqdori 95% atrofida bo'ladi. Ammo hujayra devori tarkibidagi suvdan farq qilib, o'simlikni suv bilan ta'minlash buzilganda, harorat oshganda va boshqa hollarda o'zgarishi mumkin.
Suv sitoplazmaning holatini, ya'ni suyuq yoki gel holatda bo'lishini belgilaydi. Shuningdek suv sitoplazmaning cho'zilishiga, yopishqoqligiga va uning tuzilishiga ta'sir qiladi.
Sitoplazma tarkibida asosan oqsillar ko'p bo'ladi. Ammo uning tarkibiga yog'lar, qandlar va boshqa birikmalar ham kiradi. Bular ham o'z navbatida sitoplazmaning tarkibidagi suv miqdoriga ta'sir qiladi.
Sitoplazmadagi suvning miqdoriga aminokislotalarning gidrofill guruhlari xususan kislorod va azot elementlari ham katta ta'sir qiladi. Chunki, ular atrofida vodorod bog'lari hosil qilganligi sababli, avval aytib o'tganimizdek kislorod va azot tomonga o'girilgan suv molekulalari ko'p bo'ladi. Oqsil molekulasidan 1 mmk masofadagi suv unga mustahkam bog'langan holatda bo'lib tuzilishi muz tuzilishiga o'xshagan bo'ladi. Shuningdek oqsil molekulasidan 10 mmk masofagacha bo'lgan suv molekulalari ham kamharakatchandir.
Protoplazmaning hajmi doimo vakuol hisobiga oshishi mumkin. Masalan, tashqi muhitdagi eritmada, protoplazmaga yaxshi o'tuvchi, ammo tonoplastdan o'tmaydigan yoki o'ta qiyin o'tadigan ionlar ko'p bo'lsa yuqoridagi holatni kuzatish mumkin.
J. Briggsning (1970) fikricha agar sitoplazmadagi kationlar harakatchanligi tashqi muhit kationlaridan yuqori bo'lsa, bu holatda kationlarning almashinuvi sitoplazmaning osmotik bosimining ortishiga olib keladi. Chunki, ionlar almashinuvi molyar asosda emas balkim ekvivalent asosda boradi.
Vakuoladagi suv. Suvning vakuoladagi miqdori 98% gacha bo'lishi mumkin. Odatda vakuola hujayraning 50% qismini egallaydi. Ammo bu doimo ham bo'lmasdan ayrim hollarda bu ko'rsatkich 5-95% atrofida bo'lishi mumkin.
O'simliklarda vakuola oziq moddalarning, metabolitlarning va boshqa zarur moddalarning to'planishi hamda tashiluviga xizmat qiladi. Vakuolani hayvonlar hujayrasining tashqi muhiti bilan solishtirish mumkin. Vakuolalar ham xuddi hayvon hujayralari tashqi muhitiga o'xshash bo'lib ko'pgina gidrolitik fermentlarni tutadi.
Vakuolalarni funksiyasi juda ko'p, ammo shulardan ikkitasi, ya'ni hujayrani to'lg'azib turishi va zahiralik vazifasi alohida ahamiyatga egadir.
Suv avvalo mayda vakuolchalarda yig'iladi, so'ngra bu vakuolalar birlashib bitta katta vakuolni hosil qiladi. Bu vakuolni odatda sitoplazmadan hosil bo'lgan va qalinligi 1 mkm bo'lgan tolalr (plazmodesmalar) kesib o'tadi. Ayrim hollarda hujayra yadrosi va sitoplazmaning bir tomonida vakuola esa ikkinchi tomonida joylashishi mumkin. Bunday tuzilish ko'pincha assimetrik bo'linuvchi hujayralarga xosdir.
Barcha hollarda ham vakuola sitoplazmaga fizik ta'sir o'tkazmaydi. Vakuolada ko'p miqdorda suv to'planganligi sababli uning vazifalari ham har xildir.
Vakuolada hujayra uchun kerakli ammo sitoplazmaga tushsa uning uchun zararli moddalar ham to’planadi. Masalan maxsus hujayra vakuolalarida to'planuvchi kauchuk va afyun moddalari. Ko'pgina organik birikmalar vakuolada uzoq vaqt saqlanganligi sababli, undagi suv miqdorining ahamiyati ham yanada ortadi. Masalan, o'simlik urug'lari hujayralari vakuolalarida oqsillarning to'planishi.
Agar vakuolada juda ko'p kolloid moddalar bo'lsa, undagi suvning ko'p qismi shu moddalar yuzasida adsorbsiyalangan bo'ladi va bunday holda vakuola sharbatini suvli eritmaga qiyos qilish mumkin bo'lmaydi.
Noqulay muhit omillari ta'sirida va o'simliklarning qurishi vaqtida vakuolalarda suvning miqdori kamayadi, kolloid moddalarniki esa oshadi va vakuola suyuqligi gelni eslatadi. Shuni aytib o'tish lozimki, o'simliklarning maxsus o'suvchi qismlaridagi meristema hujayralarining vakuolalari mayda bo'ladi.
Hujayraning boshqa organoidlaridagi suvning miqdori, ushbu organoidlar sitoplazmadan o'z membranalari orqali ajralib turganligiga qaramasdan, sitoplazmadagi suvning miqdoriga yaqin bo'ladi. Faqatgina xloroplastlardagi suvning miqdori bundan mustasno.
|
| |