|
PEDAGOGIK MAHORAT 3 (79) 2021 Pdf ko'rish
|
bet | 116/344 | Sana | 07.12.2023 | Hajmi | 3,37 Mb. | | #113345 |
Bog'liq Pedagogik mahorat 3-son 2021 yilPEDAGOGIK MAHORAT 3 (79) 2021
90
tushuncha va tamoyillari bugungi oʻzbek falsafasining oʻziga xos xususiyat va yoʻnalishlarini belgilab berdi
hamda milliy tafakkur yangilanishiga kuchli ta’sir koʻrsatmoqda.
Muhokamalar va natijalar. Bugungi kunga kelib oʻzbek falsafasining sarchashmalari boʻlgan
xalqimizning boy oʻtmishi, ilmiy merosi, avlod-ajdodlarimizning tafakkur ziyosi bilan yaratilgan durdona
asarlarini oʻrganish borasida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Ular jahon fani va madaniyati
rivojiga shu qadar katta ijobiy ta’sir koʻrsatganki, buni mashhur ingliz olimasi Xilda Xukxem xonimning
“Amir Temurning beshigini tebratgan zaminda, X-XI asrlardayoq falsafa, tibbiyot, matematika, astronomiya,
geografiya, nazm va tarixnavislik borasida jahonshumul asarlar yaratilgan. Bu beqiyos ilmiy-ma’rifiy
taraqqiyot Yevropa Uyg‘onish davriga turtki berdi va Yevropa ilm-fani kamol topishiga mustahkam asos
boʻlib xizmat qildi”, degan samimiy e’tirofidan ham koʻrishimiz mumkin.
Biroq shunga qaramasdan moziyning turli davrlarida umrguzaronlik qilgan muqaddas zaminimiz
farzandlarining dunyoviy va diniy ilm sohalari boʻyicha qoldirgan intellektual mulki butun boʻy-basti bilan
oʻrganilgan, deb ayta olmaymiz. Ba’zi mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, Oʻzbekistonda hozirgi kunga
qadar oʻrganilmagan nodir qoʻlyozmalar 80 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Ularni batafsil oʻrganish va
xalqimizga taqdim etish bugungi oʻzbek falsafasining kechiktirib boʻlmaydigan vazifalaridan biridir. Zero,
qariyb uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlgan xalqimiz dunyoqarashining shakllanishi va
takomillashuv bosqichlarini har tomonlama chuqur va puxta oʻrganish turli jarayonlardan toʻg‘ri xulosa
chiqara olish, xilma-xil voqea-hodisalarning roʻy berish sabablari, muayyan ta’limotlarning xalqlar rivoji
yoki tanazzuli tomon yetaklash muddaolari toʻg‘risidagi haqiqatlarni bilish bilan birga millatning oʻzligini
anglashida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, uni oʻrganish ham qandaydir “evropasentrizm”,
“osiyosentrizm” singari milliy mahdudlik yoki etnik tarafkashlik da’volari asosida emas, balki xalqimiz
yaratgan bebaho meros, odamzot tafakkurining oʻlmas mahsuli va tarkibiy qismi sifatida xolisona
oʻrganilishi har bir avlod vakillari tomonidan tarixdan toʻg‘ri xulosalar chiqara olishi uchun oʻta muhimdir.
Buning oʻrniga, bizningcha, ushbu munosabatlarda G‘arb ham, Sharq ham hech qachon mutlaq yetakchilik
da’vosini qilolmasligini, aksincha, bunda har ikki sivilizatsiyaning bir-biriga oʻzaro katta ta’siri boʻlganligini
ta’kidlash adolatliroq. Boshqacha qilib aytganda, Sharq olimlari yunon fani va falsafasidan qancha
bahramand boʻlgan boʻlsa, ming yil jaholat zulmatiga botgan G’arb fani Sharqda koʻtarilgan ilm-fan quyoshi
nurlari ta’sirida koʻz ochib, “uyg‘ondi”. Sharq fani va falsafasiga ancha bepisandlik bilan munosabatda
boʻlgan buyuk nemis faylasufi G. Gegelning oʻzi ham bu toʻg‘rida “Nur - Sharqdan” iborasini qoʻllaganligi
esa Sharq fani va falsafasi salohiyatining jahonda tan olinganligiga yaqqol ishoradir va bu hodisaning
aforistik ifodasi boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda “oʻzbek falsafasi”ning tub ildizlari, nazariy-metodologik manbalari,
rivojlanish xususiyatlari batafsil bayon qilib berilgan fundamental tadqiqotlar, kitoblar, oʻquv-yordamchi
adabiyotlarni yetarli deb boʻlmaydi. Binobarin, buning uchun salohiyatli intellektual kuchlarni saralash va
ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashga jalb etish choralari koʻrilishi lozim.
Respublikamizdagi barcha oliy ta’lim dargohlarida oʻzbek falsafasi kafedralari faoliyatini yoʻlga
qoʻyish va shu nomdagi oʻquv fani boʻyicha darsliklarini tayyorlashga kirishish maqsadga muvofiqdir.
Vaholanki, inglizlarda “Ingliz falsafasi” bilan birga “Bekon falsafasi”, “Parsons falsafasi”, nemislarda esa
“Nemis falsafasi” bilan birga “Kant falsafasi”, “Gegel falsafasi” nomlari bilan ataladigan maxsus falsafiy
kurslar oʻrganiladi. Fransuz va ispanlarda ham, greklar va italyanlarda ham shunday. Har bir millat oʻz
falsafasini, birinchi navbatda, oʻzi chuqur bilishi, hurmat qilishi, undan faxrlanishi va dunyoqarashining
ajralmas qismi va asosiga aylantirishi, soʻngra esa, zarurat boʻlsa, boshqalarga ham tavsiya etishi va targ‘ib
qilishining asosiy yoʻli ham aslida ana shunday boʻlgani ma’qul. Milliy falsafamizda esa, yuqoridagi
millatlarni hech bir kamsitmagan holda aytish mumkinki, oʻrganishga arziydigan “Farg‘oniy falsafasi”,
“Forobiy falsafasi”, “Beruniy falsafasi”, “Ibn Sino falsafasi”, “Ulug‘bek falsafasi” singari maxsus falsafiy
kurslarni ulardan koʻra koʻproq tashkil etish imkoni bor.
Ayni paytda shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, milliy falsafamizni yanada yuksakroq bosqichga
koʻtarish uchun, avvalo, jahon falsafasini chuqur oʻrganish, dunyoning oʻzga hududlarida yashab oʻtgan
faylasuflarning qarashlari va ta’limotlari bilan yaqindan tanishish, ularni qiyosiy tahlil qilish, zamonaviy
falsafiy qarashlar rivojiga xos boʻlgan umumiy va juz’iy tendensiya va yondashuvlardan tegishli xulosalar
chiqarish, dunyo allomalarining mumtoz asarlarini ona tilimizga tarjima qilish kabilar ham bugungi kun
falsafiy tafakkur jarayonining dolzarb talablaridandir.
Fikrimizcha, bugungi kunda butun jahon falsafasi oldida turgan muhim vazifalardan yana biri hozirgi
dunyoning ilmiy-falsafiy manzarasini, muayyan g‘oyalar va yondashuvlarning zamonaviy taraqqiyotga
ta’sirining oʻrni va ahamiyatini teran tasavvur qilishdan ham iboratdir. Aytish lozimki, ushbu vazifa milliy
oʻzbek falsafasi uchun ham yot emas.
https://buxdu.uz
|
| |