4-mavzu: Til va madaniyat. Pragmalingvistika Reja




Download 75,68 Kb.
bet5/8
Sana13.01.2024
Hajmi75,68 Kb.
#136633
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
4-mavzu Til va madaniyat. Pragmalingvistika Reja-fayllar.org

2. Fanda “til-madaniyat” masalasining o‘rganilishi: V. fon Gumboldtning “til-madaniyat” haqidagi lingvistik ta'limoti
Uzoq yillar davomida tilshunoslik fani tilni unga insonning dahli (insondagi aloqa vositasini tashuvchilik xususiyatini inobatga olish evaziga) hamda undan foydalanish shartlari va kommunikativ vazifa bilan munosabati masalasiga e'tibor qaratmasdan o‘rgandi. Ushbu tendensiya struktur tilshunoslikda yaqqol ko‘zga tashlanib, bunda yaxlit sistemani tashkil etuvchi lisoniy birliklarga katta e'tibor qaratildi.
G.V.Kolshanskiy ta'biricha, struktur lingvistika “tilning har bitta birligini mavhumlashtiradi va uni tegishli birlikning kommunikativ vazifasi yordamida emas, uning barcha ichki transformatsion imkoniyatlari (potensiali) orqali qayta shakllanadigan mustaqil modelga aylantiradi” 15
Mavhum (abstrakt) qurilishli bunday tizim yoki mikrotizim (masalan, yadroli gaplar tizimi) o‘zida kommunikativ sistema sifatidagi til qonuniyatlariga emas, ma'lum model talqini (izohi)ning immanent qoidalarga bo‘ysunuvchi konstruksiyalar – transformalarning o‘ziga xos jihatlarini jamlaydi16.
Tilshunos olimlarning uzoq muddat mavjud bo‘lib kelgan «inson va lison» muammosiga bu tariqa yondashuvini O.G.Pochepsov lingvotsentrizm deb ataydi va “lingvotsentrizm lisonni uning demiurgi17 – insondan ajratadi”, deya ta'kidlaydi.
Tilshunoslikda tilga nisbatan turg‘unlashib qolgan ushbu munosabat V.fon Gumboldt (Humboldt, Wilhelm von - 1767–1835) ning til (Gumboldt ta'biricha, umumxalq ma'naviy quvvati) haqidagi: “Inson o‘z lisonining ko‘lamiga sig‘maydi (buni so‘zlar misolida ko‘rish mumkin); biroq u o‘zining tizginsiz ruhini – nima bilandir jilovlash hamda so‘zni biror-nimani chegarada ushlab turuvchi mezon sifatidagi so‘zlarga sig‘dirishiga to‘g‘ri keladi” degan qarashlari tufayli o‘zgarishlarga yuz tutdi18.
Til va inson munosabatiga doir ilmiy farazlar, qarashlar orasida ayniqsa, Gumboldtning xulosalari zalvorli bo‘ldi.
XVIII asr yevropa tillari grammatikasi tilning tabiatini tushuntira olmaganligi sababli, Gumboldt ularni “ilmiy tahlilning o‘lik mahsuloti”, “xotirani qiyinlashtiruvchi lash-lush” deb atadi. Bu tanqid tilshunosning tillarni nazariy o‘rganishda “xususiy” hamda “umumiy”ni ajaratishga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli bildirilgan edi.
Shunga qaramay, boshqa bir o‘rinda V.fon Gumboldt grammatikaning o‘rniga yuqori baho berarkan, “xalq ijodining mahsuli bo‘lgan til madaniyatning ma'lum bir taraqqiyot darajasida grammatikachilarning qo‘liga kelib tushadi. Grammatikachilar “nihoyasiga yetgan lisoniy manzaraga so‘nggi shtrixni qo‘ya turib, ortiqcha narsalarni chiqarib tashlaydilar va bo‘shliqlarni to‘ldiradilar19.
Ammo bu fikr noto‘g‘ri xulosaga olib kelmasligi lozim: grammatikachilar tilni yaratmaydi, “ijod” – ularning vazifasi emas. Ular tilni jadvallashtiradi. Xolbuki, inson nutqi chegara bilmaydi va uni qismlarga bo‘lib, jadvallashtirish mumkin emas.
Gumboldtning lingvofalsafiy mulohazalari obyektini tilning hayoti tashkil qiladi. Olimning grammatika bilan qiziqishining asosiy sababi ham shunda: u tillar grammatik qurilishidagi farqliklarni til taraqqiyoti, xalqning ruhi sifatida namoyon bo‘luvchi til xarakteri va lisoniy tafakkur bosqichlarini aniqlash maqsadida o‘rgandi.
Gumboldtning falsafiy konsepsiyasi uning “Inson tillarining qurilishidagi farq va uning inson zotining ma'naviy rivojiga ta'siri” nomli ishida o‘z aksini topgan. Bunda quyidagi: turmush, ong, tafakkur, ruh (qalb), ozodlik, birlik, haqiqat, baho, qonun, ibtido, prinsip va b. umumfalsafiy tushunchalar uyg‘unlashtirilgan.
Uning qat'iy xulosalaridan biri bu – til faoliyat mahsuli emas (Ergon), balki faoliyatning o‘zi (Energeia); til ruhiy quvvatni doimiy faoliyatga uyg‘unlashtiruvchi hodisalardan biri; til o‘zining botiniy va tushuntirib berish mumkin bo‘lmagan usullari bilan ko‘proq san'atni eslatadi. Bu qarash o‘z navbatida, Gumboldtning: qonun, ibtido, prinsip, sodir bo‘lish, uyg‘onish, taraqqiyot.
Gumboldtning ishlarida forma so‘zi tez-tez tilga olinadi. Mazkur so‘zning talqini birlamchi tillar formasiga borib taqaladi va bunda mantiqan, dunyoqarashning usullari tushuniladi. Bu terminologik to‘plam o‘z ichiga: his etish, dunyoqarash, olamni o‘zlashtirish, olamni his etish, olamni tushunish singari tushunchalarni jamlaydi. Mazkur, lisoniy forma to‘g‘risidagi qarash Gumboldt konsepsiyasida tilning sistemaviyligi bilan uyg‘unlashtiriladi. Sossyurdan farqli, Gumboldt sistemaviylik ostida Sossyur singari strukturaviylikni emas, aksincha, yaxlitlikni tushunadi.
Masalan, umumiylik, sistema, butunlik, organizm, yaxlitlik, element, to‘qima (metafora) singarilar. Bular qatorida olim metaforani tafakkur originalligi bilan tenglashtiradi.
Shunday qilib, Gumboldtning til falsafasi insoniyat, individ va millat tilini tafakkur faoliyati va rivojidan ayro bo‘lmagan va til taraqqiyotining manbai bo‘lib, tilning ichki formasi, xarakteri, umumiylik va butunligini oldindan belgilab beruvchi ruh faoliyati sifatida tekshiradi.
Gumboldtning lingvistik konsepsiyasi tilning 17-18-asrga taalluqli antitarixiy va mexanik konsepsiyasiga nisbatan bir munosabat edi. Bu konsepsiya asosan, I.Gerder, A.V.Shlegel va F.Shlegelning tilning kelib chiqishi va tabiati, tilning tafakkur va “xalq ruhi” bilan bog‘liqligi, tillar tasnifiga doir, shuningdek I. Kant, G.V.F. Gegel, F. Shiller, F.V. Shelling, F.G. Yakobi g‘oyalarining ifodasi edi, deyilsa, xato bo‘lmaydi.
V. fon Gumboldt konsepsiyasining yetakchi nazariy va metodologik tamoyillari quyidagilar:
1)naturalistik va amaliy yondashuv sintezi (til ruh vujudi va faoliyati sifatida);
2)qarama-qarshi xususiyatli ibtido (kelib chiqish)ning dialektik qiyosi (antinomiyalar shaklida);
3)tilga nisbatan sistemaviy yaxlit nazar;
4)dinamik, protsessual-genetik yondashuvning struktur-statistik yondashuvdan ustun qo‘yilishi;
5)tilni o‘z-o‘zini keltirib chiqaruvchi organizm sifatida talqin etish;
6)tilga nisbatan panxronik yoki axronik (vaqtdan tashqarida) yondashuvning tilning muayyan davr kesimidagi o‘zgarishining tarixiy tahlilidan ustun qo‘yilishi;
7)jonli nutqni o‘rganishning lisoniy organizmning tasviridan ustun qo‘yilishi;
9)til va mavjud tillarning real xilma-xilligiga insoniyatning umumiy mulkiga bo‘lgandek qiziqishning uyg‘unlashuvi;
9)tillarni tilning mavjud mukammal taraqqiyotining bosqichlari sifatida talqin qilish; tilni o‘z ichida, inson faoliyatining boshqa ko‘rinishlaridan ayro tarzda tasvirlashdan voz kechish;
10)tilni qat'iy ilmiy jihatdan tadqiq etishni falsafaga evrilgan yondashuv bilan uyg‘unlashtirish.
Hind-yevropa oilasiga mansub tillardan farqli, ispan basklarining tilini o‘rgangan olim turli tillar – bu nafaqat umuminsoniy ongning turfa qobig‘i, balki dunyoni turlicha ko‘rish, anglash hamdir, - degan xulosaga keldi.
O‘zining “Inson tilining qurilishidagi farqlar va uning insoniyat ma'naviyati rivojiga ta'siri” nomli asarida Gumboldt quyidagilarni qayd etgan edi: “Har bir tilda o‘ziga xos dunyoni anglash kuzatiladi. Xuddi narsa va odam o‘rtasidagi tovush singari, til ham umumiy holda, inson va tabiat munosabatida namoyon bo‘lib, unga (insonga) ichdan va sirtdan ta'sir o‘tkazib turadi. Hamda har bir til muayyan odamni u mansub bo‘lgan milliy til doirasida, toki u o‘zga til doirasiga o‘tmaguncha, tasvirlaydi”20. Shuningdek, u tilni “mohiyatiga ko‘ra faoliyat (Taiigkeii), quvvat (yeiieggeia), aniqrog‘i ruhiy faoliyat, ruhiy quvvat, tuzilishiga ko‘ra butunlik, tizim (sistema)dir” deb ataydi21. Uning ko‘rsatishicha, “har qaysi til (yoki til oilasi)ning o‘z tuzilishi (strukturasi), sistemasi bor, negaki xalq tili uning ruhiyati, xalq ruhiyati uning tili demakdir. Shu bilan birga, yozuvchi va grammatistlar tilga sayqal berib uni xalqning o‘ziga qaytaradi”22.
V. fon Gumboldtning “nisbiy antropologiya” to‘g‘risidagi g‘oyasi vaqt o‘tib, uning tomonidan ilgari surilgan til nazariyasining konkret yo‘nalishi va mazmuniga aylandi. 1804 yilda Gumboldt F.Volfga yozgan xatida: “Men til orqali olamning ko‘plab yuksak va tengsiz sarhadlarini qamrab olish mumkinligini kashf etdim va bu fikr borgan sari meni o‘ziga jalb qilmoqda”, deydi23.
Umuman olganda, olimning uzoq yillik tadqiqotlari uning dunyo xalqlarini tarixiy, antropologik, etnopsixologik jihatdan o‘rganishga bog‘liq dalillari asosida olib borildi. Olimning “sof va yuksak insonparvarlik”ni aniqlash maqsadi ushbu tadqiqotlarga asos bo‘lib xizmat qildi: “Eng muhimi, - degan edi u, - tilga va uning chuqur ildizlariga hamda uning keng ko‘lamli faoliyat sohalariga nisbatan munosib va to‘g‘ri munosabat bildirishdir”. Bu fikr shuni ifodalaydiki, tilni nafaqat uning nutqqa bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq jahatlarda, aksincha, tilning fikrlash faoliyati va hissiy sezishga bo‘lgan eng cheksiz sarhadlaridagi vazifalarini tekshirish lozim.
Vilgelm fon Gumboldtning fikricha, inson sir-asrorlari va xalqlarning o‘ziga xosligini anglashdek vazifani hyech narsa ularning tilidek mukammal bajarishga qodir emas. Shunday ekan, turli tillarning o‘ziga xos tomonlari, ular o‘rtasidagi farqlarni tushuntirishda bu farqlarning asosida yotuvchi eng oliy prinsipni belgilab olish lozim. Gumboldtning tillarni tasniflash maqsadida qiyosiy tilshunoslikka kiritgan “xalq ruhi” tushunchasi ana shu oliy prinsipni ifodalaydi. U “xalq ruhi” atamasi ostida xalqning ruhiy o‘ziga xosligi, intellektual qadriyatlar, milliy madaniyat tushunchalarini nazarda tutib, moddiy va ma'naviy madaniyatning tilda mujassamlanishini, har qanday madaniyat “xalq ruhi”ni aks ettirishini, til bilan “xalq ruhi”ning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, hatto ularning tengligini, tilning mohiyatiga shunday yondashuvgina tillar farqlanishini tushuntirishi mumkinligini ta'kidlaydi. Gumboldt tilni “intellektual instinkt” (intellectueller Instinct) deb atagan holda, uning antropologik fenomen sifatida o‘ziga xosligiga e'tibor qaratadi. Uning qayd etishicha, til “olamni fikrga aylantirishi” nuqtai nazaridan o‘ta intellektual faol fenomen sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki u “avlodlar ruhida o‘lik massa sifatida yotmaydi, u inson tafakkur jarayonlari uchun qomus bo‘lib xizmat qiladi”24.
Gumboldt til insonning intellektual faoliyati mahsuli, til va “xalq ruhi” alohida-alohida emas, ketma-ket emas, bir-biri bilan chambarchas bog‘liqlikda teng rivojlanadi, deb hisoblaydi. Bu tushuncha shunday murakkab mohiyatki, “xalqning ruhi” uning tili orqali voqyelanadi, bir vaqtning o‘zida til “xalq ruhi”ning me'mori hamdir. Shunday qilib, “xalq ruhi”ni shakllantirgan narsa uning tili ekan, til qurilishi shu millatning butun ma'naviy borlig‘idir. Til o‘zi mansub bo‘lgan xalqni “sehrli halqa”ga o‘rab oladi. Bu halqadan faqat yana bir boshqa halqaga o‘tibgina chiqish mumkin.
Olim so‘zning belgilik tabiatiga qo‘shiladi, ammo ta'kidlaydiki, bu borada ehtiyotkor bo‘lish kerak, zero tilga belgilar sistemasi deb yondashish uning barcha “jonli” va “ruhiy” tomonlarini “o‘limga mahkum etadi”25. Shuning uchun ham, muayyan so‘z aniq narsa va tushunchaga ishora qilgan vaqtdagina belgi hisoblanadi. Barcha so‘zlar yig‘indisi – til esa obyektiv olam va inson oralig‘idagi olamdir. Shunday qilib, Gumboldtning bu fikrlari tilning narsa nomlari nomenklaturasi sifatida talqin etilishiga yo‘l qo‘ymaydi26.
Gumboldtning bu qarashlarini XIX asrning rus tilshunos olimi A.A. Potebnya (1835—1891) davom ettirdi va rivojlantirdi.
Shunga ko‘ra, XIX asr ilm egalari tilni millat ma'naviyatini shakllantiruvchi ma'naviy oziq sifatida o‘rgandilar.
Xususan, tilga oid yuqoridagi singari tadqiqotlarda “inson faktori”ga murojaat qilish asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, bu ilk yondashuv nemis olimi Y.Veysgerber, rus tilshunosligida esa til egasini ikki yo‘l – muallif shaxsiyati va qahramon shaxsiyati orqali tadqiq etgan V.V.Vinogradov tomonidan amalga oshirildi. Keyinchalik esa, A.A.Leontev so‘zlovchi shaxsni ruhshunoslik doirasida o‘rgandi27.
Biroq ta'kidlash lozimki, Y.Veysgerber XIX asrning uchinchi choragida tilshunoslikda o‘zlarining jiddiy tadqiqotlarini amalga oshirgan: G.Shteyntal, L.Gayger, M.Myuller, G.Paul, G. fon Gabelens, V.Vundt, B.Delbryuk, L.Zyutterlin, E.Gusserl, Fr.Mautner, O.Dittrix, Y. van Ginneken, A.Marti, K.Fossler, F.ds Sossyur, J.Vandries, Yoz.Sxreynen, O.yespersen, Sh.Balli, X.Delakrua, E.Otto, Fr.Shyurr, X.Ammann, X.Gyuntert, G.Shuxardt, E.Kassirerlarning ishlarini o‘rni bilan yuqori baholab, o‘rni bilan tanqid qilarkan, bu tadqiqotlarning birortasida tilning inson hayotidagi o‘rnini aniqlash va bu orqali til bilan bog‘liq barcha muammolarning yagona negizini yaratishga doir masalalar ko‘rilmaydi, deb yozadi. U o‘z navbatida, V.fon Gumboldtning qarashlarini quvvatlaydi va jumladan, quyidagilarni qayd etadi: “Faqat ona tili (Muttersprache) har bir odam hamda xalq qarshisida o‘zining butun imkoniyatlarini ocha oladi. Konkret odamning o‘z ona tiliga va xalqning o‘z tiliga munosabatigina lisoniy hodisalarning haqqoniy bahosini namoyon eta oladi. Bu munosabatlar qolgan barchasini shartlaydi.”28
Y.Veysgerberning tilshunoslik rivoji uchun qo‘shgan hissasi naqadar ulkan bo‘lmasin, tilshunoslik va umuman, insoniyatning falsafiy qarashlar tarixida fundamental burilish yasagan V.fon Gumboldtning nomi benazir olim sifatida tilga olinadi hamda chuqur e'tirof qilinadi.
Ta'kidlash lozimki, zamonaviy tilshunoslik V.fon Gumboldtdan tom ma'noda minnatdor bo‘lishi lozim. Uning tadqiqotlari bir necha avlod olimlarining qarashlariga zamin bo‘lib xizmat qildi. A.A. Potebnya, G.Shtayntal, M.Latsarus, B. Delbryuk i G.Gabelens, K.Fossler va E.Kassirerlar uning nomini chuqur ehtirom bilan tilga olgan bo‘lsalar, O.yespersen, V.Matezius, L.Vaysgerberlar Gumboldtni o‘zlariga kumir deb bilganlar. Hatto, uning ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Til organizmi” (Karl Bekker, 1828) uning hayotligi davrida chop etilgan.



Download 75,68 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8




Download 75,68 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



4-mavzu: Til va madaniyat. Pragmalingvistika Reja

Download 75,68 Kb.