VI bo’lim. Jamiyatning mulki, vositalari va sarmoyalari
60. Jamiyatning mulki asosiy va aylanma mablag’lar, shuningdek qiymati Jamiyat balansida aks etadigan boshqa mulk va pul mablag’laridan iborat bo’ladi.
61. Jamiyat yuridik shaxs hisoblanadi, o’zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mulkiga ega bo’ladi. Jamiyat o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga egalik qilishi va ularni amalga oshirishi, majburiyatlar bo’yicha javob berishi, sudda da’vogar va javobgar sifatida ishtirok etishi mumkin.
62. Jamiyat mulki quyidagi manbalar hisobidan tashkil topadi:
mahsulotlarni sotishdan, ish va xizmat ko’rsatishdan, shuningdek xo’jalik faoliyatining boshqa turlaridan olinadigan daromadlar;
Jamiyat tomonidan sotib olingan qimmatbaho qog’ozlardan tushgan daromadlar;
aksiyadorlik va boshqa nodavlat mulkchilik shaklidagi sub’ektlar foydasidan dividendlar tarzida olinadigan daromadlar;
markazlashgan va markazlashmagan ajratmalar va mablag’lar;
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi tomonidan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
63. Jamiyat o’z tasarrufidagi bo’lgan mulk va mablag’lardan barcha korxonalarning manfaatlarini ko’zlab foydalanadi. Belgilangan tartibda qurishi, qayta tiklashi, sotib olishi, ko’chma va ko’chmas mulkni xarid qilishi, olishi, ijaraga olishi va berishi (ijaraga berilayotgan mulkning ijara haqi yuz foiz miqdorida ushbu mulkni balansida saqlovchi korxonaning hisob raqamiga tushadi) hamda qonun xujjatlariga zid bo’lmagan boshqa faoliyatlarni amalga oshirishi mumkin.
64. YAngi va mavjud temir yo’l liniyalari, temir yo’l transporti ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, faoliyat yurituvchi korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash, harakatlanuvchi tarkibni sotib olish, xizmat muddatini uzaytiruvchi mukammal qayta tiklash, ta’mirlash O’zbekiston Respublikasining investisiya dasturi va Jamiyatning o’z mablag’lari hamda boshqa moliyalash manbalari hisobidan mo’ljallangan manzilli qurilishlar dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
65. Jamiyat faoliyati natijalari bo’yicha olingan foyda (daromad), soliqlar va byudjetga to’lanadigan boshqa to’lovlar amalga oshirilgandan so’ng Jamiyat aksiyadori qaroriga muvofiq taqsimlanadi.
66. Jamiyat va uning tarkibiy bo’linmalari quyidagi huquqlarga ega:
o’zlari ro’yxatga olingan manzillar bo’yicha pul mablag’larini saqlash va barcha turdagi hisob-kitob, kredit hamda kassa operasiyalarini amalga oshirish maqsadida istalgan bankda hisob-kitob raqamlari va boshqa raqamlar ochish;
markazlashtirilgan kapital mablag’larini moliyalashtirish, ijtimoiy soha va o’quv muassasalariga ega bo’lish, korxonalarga moliyaviy yordam ko’rsatish va shunga o’xshash boshqa maqsadlar uchun Jamiyat Markaziy Jamg’armasiga sof foyda hisobidan (soliqlar to’langandan so’ng) pul mablag’larini jamg’arish va berish;
Jamiyat bo’linmalarida mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish va alohida ehtiyojlar uchun (II guruh ehtiyot materiallarini saqlash) Jamiyat bo’linmalarida mablag’lar zaxirasini yaratish.
|