II bo’lim. Jamiyatning asosiy vazifalari hamda funksiyalari
17. Jamiyat faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mamlakat iqtisodiyoti va aholisining ehtiyojlarini qondirish maqsadida temir yo’l transportining barqaror va samarali ishlashini, qatnovlar xavfsizligini, ko’rsatiladigan transport xizmatlari sifatini oshirishni jumladan xizmat ko’rsatish talab darajasida bo’lgan boshqa yuk tashuvchilar bilan birgalikda ta’minlash, iste’molchilarga ishlab chiqarish, savdo, shu jumladan ulgurji savdo xizmatlari ko’rsatish, elektr energiyasi sotish, sayyohlik va boshqa xizmatlar ko’rsatish, bunda tashishlarning maqbul muddatlarini hamda yo’lovchilar sog’lig’i va hayotining saqlanishini, shu jumladan tashilayotgan yuklar butligini ta’minlash;
jahon andozalari darajasida xizmat ko’rsatish, transport xizmatlari bozorida temir yo’l transportining raqobatbardoshligini oshirish;
yuklar, yo’lovchilar, pochta va bagajlar tashish sohasidagi sarf-xarajatlarni kamaytirish va mijozlarga xizmat ko’rsatish sifatini oshirishni hisobga olgan holda belgilangan tartibda tarif siyosatini amalga oshirish;
temir yo’l transportida yuk va yo’lovchi tashish bozori kon’yunkturasini o’rganish, O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida amalga oshiraliyotgan tarkibiy islohotlarni hisobga olgan holda uning rivojlanishi va joylashtirilishini prognozlash;
temir yo’l tarmoqlarining ishlari barqaror va o’tkazish imkoniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish;
temir yo’l transportida yagona ilmiy-texnik va investisiyaviy siyosatni yuritish;
yangi texnika va texnologiyalarning ishlab chiqilishi va joriy etilishini, temir yo’l transportining kompleks rivojlanishini tashkil etish;
yo’lovchilarga vokzallar va poezdlarda poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog’liq bo’lmagan xizmatlarni ko’rsatish, boshqa xizmatlarni amalga oshirish bo’yicha nodavlat mulk shaklidagi korxonalar tashkil etilishini rag’batlantirish;
temir yo’l tarmoqlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yanada rivojlantirish va xizmat ko’rsatish imkoniyatlarini oshirish, yangi temir yo’l liniyalari, ko’priklar va boshqa sun’iy inshootlar qurish, ularni rekonstruksiya qilish va texnik qayta qurollantirish, ilg’or texnologiyalar va zamonaviy menejment usullarini keng joriy etish;
harakatlanuvchi tarkibni, yo’l xo’jaligini, elektr ta’minoti tizimini, signalizasiya va aloqa tizimini modernizasiya qilish va takomillashtirish uchun chet el investisiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq sanoat korxonalarini texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda temir yo’l transporti va xalqaro yuk tashishlar sohasida hamkorlikni kengaytirish;
marketing tadqiqotlarini uyushtirish, Jamiyat korxonalariga axborot xizmatlari ko’rsatish, tashqi va ichki bozorlarda ularning raqobatbardoshligini oshirish masalalarini hal etishga ko’maklashish;
Jamiyat va O’zbekiston Respublikasining sanoat korxonalari bazasida ta’mirlash-ekspluatasiya va rivojlanish ehtiyojlari uchun import o’rnini bosuvchi mahsulotlar, ehtiyot qismlar, detallar, jihozlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish va rivojlantirish;
iqtisodiy munosabatlarni o’rnatishning asosiy tamoyillari, qoidalari va uslublarini ishlab chiqish hamda ularni Jamiyat korxonalari o’rtasida amalga oshirish;
kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
18. Jamiyat belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalar bajarilishini ta’minlaydi:
a) temir yo’l orqali tashish jarayonini boshqarishni tashkil etish sohasida:
tashish jarayonini tezkor boshqarishni tashkil etish, poezdlarning harakatlanish jadvalini, harakatlanuvchi tarkibning ish me’yorlarini va Jamiyat bo’yicha yuk tashish prognoz rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini ta’minlash;
tashish shartlariga doir yagona normativ hujjatlarni, harakatlanuvchi tarkibdan foydalanish me’yorlari bo’yicha yagona me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, ulardan foydalanishni tahlil etish, yuk vagonlaridan foydalanishga tuzatishlar kiritish va nazorat qilish;
favqulodda vaziyatlarda xavfli yuklarni tashish qoidasi talablari asosida yuk ortishni, tushirishni tartibga solish va poezdlar harakatlanishini tashkil etish;
dispetcherlik xizmatini tashkil etish, tashish jarayonlarini avtomatlashtirish, ekspluatasiya ishlarining umumiy axborot ta’minotiga doir yagona tamoyillarni ishlab chiqish;
b) iqtisodiyot va moliya sohasida:
temir yo’l transportini rivojlantirishning davlat va davlatlararo dasturlari loyihalarini, asosiy, sanoat va pudratchilik faoliyatida, shuningdek ijtimoiy va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ishlab-chiqarishning iqtisodiy va moliyaviy ko’rsatkichlariga doir yillik hamda istiqbolli prognozlarni ishlab chiqish;
temir yo’l transportida yuk va yo’lovchilar tashish sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil etish, kelgusida temir yo’l transporti ob’ektlarini rivojlantirish va joylashtirishga doir yillik va istiqbolli prognozlar hamda jadvallar, temir yo’l transportining tashish va ishlarni bajarish imkoniyatlarini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar bo’yicha takliflar ishlab chiqish;
mukammal va boshqa turdagi ta’mirlashni rejalashtirish va tashkil etish;
O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, davlatlararo va hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq yuk, yo’lovchilar, pochta va bagaj tashish tariflari sohasida kelishilgan siyosatni amalga oshirish;
amaldagi qonunchilikka muvofiq, Jamiyat korxonalari va xizmatlaridan foydalanuvchilar o’rtasida o’zaro moliyaviy hisob-kitoblarni, bitimga a’zo bo’lgan temir yo’l ma’muriyatlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, buxgalterlik va statistika hisobi va hisobotlarini tashkil etish, O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standartlariga rioya etish, Jamiyat korxonalarida auditorlik faoliyatini yuritish, soliqlarni va majburiy to’lovlarni hisoblash va to’lash;
Jamiyat boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq tuziladigan fondlar va zaxiralarni, shu jumladan, valyuta fondini tashkil etish, shuningdek, temir yo’l transportini rivojlantirishga oid ustuvor ilmiy-tadqiqot dasturlarini moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda fondlarni shakllantirish;
Jamiyat faoliyatini aks ettiruvchi reklama va boshqa turdagi adabiyotlarni nashr etish;
xodimlarning mehnat haqi, shuningdek boshqa turdagi daromadlarining shakli, tizimi va hajmini belgilangan tartibda aniqlash;
ijtimoiy rivojlantirish bo’yicha Jamiyat xodimlarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
tashishdan olinadigan daromadlarni markazlashtirilgan tartibda Jamiyatning alohida asosiy daromad hisob raqamida jamlash va uni kelgusida temir yo’l orqali tashishda ishtirok etgan Jamiyat bo’linmalari o’rtasida bozor tamoyillari va mexanizmlari vositasida taqsimlash;
“O’zdavtemiryo’lnazorat” davlat inspeksiyasi ta’minoti uchun tasdiqlangan smetaga muvofiq, temir yo’l orqali tashishdan olingan daromadlardan majburiy to’lovlarni amalga oshirish;
v) texnika siyosati sohasida:
Jamiyat korxonalari bilan birga mutlaqo yangi texnik vositalar, texnologiyalar va materiallarni yaratish, ulardan foydalanishga doir ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yo’nalishlarini belgilash, ushbu ishlarni moliyalashtirish;
mahsulot, ilmiy-texnikaviy axborotlarni metrologiya, standartlashtirish va unifikasiyalashtirish, sertifikatlash va sifatni boshqarish ishlarini tashkil etish, ilg’or tajribani ommalashtirish, ixtirochilik, rasionalizatorlik, intellektual mulk va patent faoliyatiga rahbarlik qilish;
g) moddiy-texnika ta’minoti sohasida:
temir yo’l transportining moddiy-texnika va yoqilg’i-energetika resurslariga bo’lgan ehtiyojini aniqlash, temir yo’l orqali tashish jarayonining ushbu resurslar bilan ta’minlanishini tashkil qilish, ulgurji savdo qilish, shuningdek aloqador vazirliklar, uyushmalar va idoralar bilan birgalikda davlat ehtiyojlari uchun mo’ljallangan mahsulotlar tarkibida temir yo’l transporti uchun etkazib beriladigan mahsulotlar bo’yicha buyurtmalarni shakllantirish, Jamiyat korxonalarini markazlashtirilgan holda tartibga solinadigan nomenklatura bo’yicha mahsulot bilan ta’minlash;
tabiiy ofatlar, transport halokatlari va boshqa kutilmagan voqealar oqibatlarini bartaraf etish uchun asosiy moddiy-texnika turlari zaxiralarini yaratish. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo’ljallangan moliyaviy va moddiy resurslarning idoraviy zaxiralari Jamiyat mablag’lari hisobidan, shuningdek, moliyaviy va moddiy resurslarning ob’ektiv zaxirasi Jamiyat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining o’z mablag’lari hisobidan tashkil etiladi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo’ljallangan moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasi va hajmi ularni tuzuvchi organ tomonidan belgilanadi;
Jamiyat ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslari etkazib beruvchilar bilan mustahkam aloqa va hamkorlikni tashkil etish;
resurslar va energiya ta’minoti ishlarini tashkil etish;
temir yo’l transportining safarbarlik tayyorligini ta’minlash va alohida davrda ishlash uchun moddiy resurslarni shakllantirish;
d) tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida:
bitimga a’zo bo’lgan temir yo’l ma’muriyatlari (idoralari), tashkilotlari va firmalari bilan belgilangan tartibda yuk va yo’lovchilar tashish bo’yicha kelishuvlar yoki shartnomalar tuzish, xalqaro transport aloqalarini rivojlantirish, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig’iga asosan va uning nomidan xalqaro temir yo’l transporti tashkilotlarida ishtirok etish. Jamiyat tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda, xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarda xalqaro transport huquqi sub’ekti sifatida ishtirok etadi. Jamiyat yo’lovchilar va tashqi savdo yuklarini tashish masalalarini hal etish uchun bitimga a’zo bo’lgan temir yo’l ma’muriyatlarida o’z vakolatxonalariga yoki vakolatli vakillariga ega bo’lishi mumkin;
Hamdo’stlik davlatlarining tegishli boshqaruv organlari bilan birgalikda temir yo’l transporti faoliyatiga doir kelishuvlar tuzish;
Jamiyat xodimlarining chet ellarga chiqishi uchun belgilangan tartibda pasport-viza hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan tashqi savdoga oid kredit, veksel va boshqa bitimlarni tuzish, Jamiyat ehtiyojlarini ta’minlash uchun belgilangan tartibda eksport-import operasiyalarini amalga oshirish;
e) investisiya siyosati sohasida:
Jamiyat investisiya siyosatining, shu jumladan markazlashtirilgan manbalar hisobidan bo’lgan investisiyalarning uzoq muddatli va o’rta muddatli prognozlarini ishlab chiqish;
barcha moliyalash manbalari hisobidan Jamiyatning yillik investisiya dasturini shakllantirish;
barcha moliyalash manbalari hisobidan amalga oshiriladigan yangi korxonalarni qurish, faoliyat ko’rsatuvchi korxonalarni va temir yo’l transporti ob’ektlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashni kengaytirish, asosiy vositalarni xarid qilish, ulardan foydalanish muddatini uzaytirish orqali mukammal-tiklash, ta’mirlash va modernizasiyalash loyihalarini boshqarish;
j) kadrlar, mehnat va ijtimoiy masalalar sohasida:
Jamiyat xodimlarini tanlash, xizmat lavozimlarini rivojlantirish uchun sharoit yaratish, rag’batlantirish, ijtimoiy muhofaza qilish tizimlarini belgilash;
Jamiyat korxonalarining ehtiyojlari asosida kadrlarni kasbiy va iqtisodiy o’qitish tizimini tashkil etish, uning moddiy bazasini ta’minlash va rivojlantirish;
ommaviy kasb egalari va mutaxassislarini respublika va xorijiy mamlakatlar o’quv muassasalarida va ishlab chiqarishda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shuningdek ularning ish o’rganishlarini (stajirovkalarini) ta’minlash;
temir yo’l transportida samarali kadrlar siyosatini amalga oshirish;
Jamiyatning poezdlar harakati va yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish bilan bevosita bog’liq alohida toifadagi xodimlari uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, mehnat sharoitlari xususiyatlarini, ish vaqti va dam olish vaqti tartibini belgilash.
19. Jamiyat yuqorida qayd etilganlardan tashqari yana quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
temir yo’l transportidan foydalanish qoidalari talablarining bajarilishini nazorat qiladi, poezdlarning harakat xavfsizligi, temir yo’l transporti ob’ektlarining butligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko’radi, harakat xavfsizligi buzilishi sabablarini tahlil qiladi, halokatlar, avariyalar, ekologik ofatlarning oldini olish chora-tadbirlarini ko’radi, yuqori darajada xatarli hududlarda bo’lish va ishlarni amalga oshirish qoidalarini ishlab chiqadi;
yo’lovchilar va yuklarni sug’urtalash ishlarini amalga oshiradi;
davlat hududida, to’g’ridan-to’g’ri va qo’shma yo’nalishlarda tashishlarni rivojlantirish, shuningdek boshqa transport turlari bilan hamkorlikda ishlash bo’yicha takliflar ishlab chiqadi;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlarga tegishli harakatlanuvchi tarkibning umumiy foydalanish temir yo’llariga kirishi tartibini belgilaydi;
sanoat korxonalarida temir yo’llar uchun yuboriladigan temir yo’l texnikasi va boshqa mahsulotlarni belgilangan tartibda qabul qilishni (texnik inspeksiyasini) tashkil qiladi;
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, temir yo’l yaqinidagi ajratilgan yo’laklar hududida erlardan foydalanish, u erda bino va inshootlar qurish tartibini belgilaydi;
tegishli qurilish me’yorlari va qoidalarini muvofiqlashtiradi;
umumiy foydalanishdagi temir yo’l va qurilmalarni temir yo’l bilan kesishadigan uzatish quvurlari, aloqa, elektr energiyasi uzatish liniyalari va boshqa kommunikasiyalar, shoxobcha yo’llar bilan tutashtirish, kesishish shartlarini, unga kirish yo’llarini, shuningdek umumfoydalanishdagi temir yo’llar va inshootlardan, portlovchi, tez yonuvchan, radioaktiv, zaharli va zaharlovchi moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, yuklash, transportda tashish va tushirish bilan bog’liq inshootlardan temir yo’l va qurilmalargacha bo’lgan eng kam masofa shartlarini belgilaydi;
temir yo’lni texnikaviy tasarruf etish qoidalari bo’yicha bilimlarni imtihondan o’tkazish va tekshirish tartibini, temir yo’l transportidan foydalanish qoidalarini, yuk ortish va yukni mustahkamlashning texnikaviy shartlarini, Jamiyat xodimlarining boshqa me’yoriy hujjatlarini, umumiy foydalanishdagi yo’llarda lokomotivni sinash tartibi va boshqarish huquqiga guvohnoma berish tartibini, Jamiyat korxonalarining lokomotiv mashinistlariga daraja berish tartibini belgilaydi;
temir yo’l transportidagi elektr, issiqlik va issiqlik-energetika moslamalarida, shuningdek sig’imli idishlarda bosim ostida ishlovchilarning foydalanish qoidalariga to’g’ri rioya etishlarini tashkil qiladi;
poezdlarning harakati bilan bog’liq bo’lgan, shuningdek zararli, noqulay mehnat sharoiti ta’siriga uchraydigan xodimlarni, Jamiyat tasarrufidagi ta’lim muassalari o’quvchilarini, talabalarini va abiturentlarni tibbiy ogohlantirish va ko’rikdan o’tkazish tartibini belgilaydi;
temir yo’l transportining safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolik mudofaasi bo’yicha ishlarni tashkillashtiradi, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qiladi, safarbarlik tayyorgarligining yagona metodikasini ishlab chiqishni amalga oshiradi, manfaatdor tashkilotlar bilan muhim paytda tashishlarni tashkil etish va bajarish masalalari yuzasidan hamkorlikni, safarbarlik davlat zaxirasi va mahsus zaxirada texnik vositalar va moddiy boyliklarning saqlanishini ta’minlaydi;
temir yo’l transporti vositalaridan falokatlarsiz foydalanish chora-tadbirlarini, portlovchi-yong’indan xavfli va zaharli moddalarni tashish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
davlat sirlarini va xizmatga doir ma’lumotlarni oshkor etishdan muhofaza qilish bo’yicha zarur chora-tadbirlar ko’rilishini ta’minlaydi.
|