|
Amaliy audit
|
bet | 35/211 | Sana | 18.05.2024 | Hajmi | 13,28 Mb. | | #242509 |
Bog'liq Amaliy auditAsosiy vositalarning mavjudligi va saqlanishini tekshirish
Asosiy vositalarning mavjudligi va saqlanishini auditorlik tekshiruvidan o`tkazishdan maqsad moliyaviy hisobot moddalarining haqqoniyligini ta'minlashdan iborat.
Bunda auditor quyidagilarni tekshirishi lozim:
qiymati subyektda belgilab qo`yilgan chegaradan past bo`lgan obyektlar yoki qiymatidan qat'iy nazar xizmat muddati 12 oydan kam bo`lgan obyektlar asosiy vositalar qatoriga o`tib qolmaganligi;
subyektda asosiy vositalar inventar va xojalik jihozlari qatoriga va aksincha o`tkazilmaganligi, bunda shuni nazarda tutish zarurki, obyekt qiymatining chegarasi obyektni sotib olish (foydalanishga topshirish) sanasiga aniqlanadi. Asosiy vositalarni inventar va xojalik jihozlari qatoriga asossiz o`tkazish auditorlik tekshiruvi mobaynida aniqlanadigan xatolardan biridir. Ko`p hollarda bunday o`tkazishning sababi subyektning amortizatsiya hisoblash ishlarini kamaytirishga intilishi hisoblanadi.
Auditorlik tekshiruvi mobaynida subyektning asosiy vositalar obyektlariga mulkiy talab darajasida rasmiylashtirilganligini isbotlash zarur.
Auditorga asosiy vositalar obyektlarini yaratish, sotib olish; berish shartnomalari, zarur hollarda esa qonunchilikka muvofiq olish-sotishni ro`yxatga olish guvohnomasi taqdim qilinadi.
Asosiy vositalarning to`g`ri baholanganligini aniqlash asosiy vositalar mavjudligi va harakatini tekshirish mobaynidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki, mulk solig`i bo`yicha budjet bilan hisob-kitoblar, shuningdek subyekt faoliyatining moliyaviy natijalarini aks ettirish va hisobot tuzish shunga bog`liq.Asosiy vositalarni baholashning to`g`riligini tekshirish yoppasiga (obyektlar soni unchalik katta bo`lmaganda) yoki tanlab o`tkaziladi.
Asosiy vositalarni baholash va dastlabki qiymatini aniqlash amaldagi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi hamda asosiy vositalar obyektlarini sotib olish usuliga bog`liq.
auditor O`zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksiga muvofiq asosiy vositalar oldi- sotdi shartnomalarining mavjudligi va rasmiylashtirilishini, ayrim xarajatlarni asosiy vositalar qiymatiga qo`shishning qonuniyligini;
tugallangan qurilish obyektlari inventar qiymatining to`g`ri aniqlanganligini;
qo`shimcha qurilgan, jihozlangan, zamonaviylashtirilgan yoki qisman tugatilganidan so`ng obyekt qiymati to`g`ri aniqlanganligini tekshiradi.
Bunda auditor 21-son «Xojalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xojalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo`llash bo`yicha yo`riqnoma» nomli BHMS ga muvofiq kiritilgan o`zgartishlarga alohida e'tibor qaratishi zarur. Xususan, asosiy vositalarni sotib olish va qurish bilan bog`liq, ammo belgilangan tartibga ko`ra asosiy vositalarning dastlabki qiymatiga qo`shilmaydigan xarajatlar obyektlarning dastlabki qiymatiga qo`shilmasdan, 9430 – «Boshqa operatsion xarajatlar» schyot debetiga olib borilganligiga e'tibor berishi kerak.
Auditor, baholarni kelishish bayonnomasi va ta'sis hujjatlarida asosiy vositalar baholanishining aks ettirilishi; boshqa xarajatlarni asosiy vositalar dastlabki qiymatiga qo`shishning qonuniyligi; bozor baholarini qo`llashning ishonchliligini tekshiradi.
Shuningdek, bozor bahosini aniqlash uchun aynan shularga o`xshash mahsulot baholari to`g`risida tayyorlovchi tashkilotlarning yozma ravishda bergan ma'lumotlaridan; ommaviy axborot vositalari va maxsus adabiyotlarda e'lon qilingan baholar to`g`risidagi ma'lumotlardan; ayrim asosiy vositalar obyektlarining qiymati to`g`risida ekspert xulosalaridan foydalanish mumkin. Bunday asosiy vositalarni tashib keltirish bo`yicha subyekt tomonidan qilingan xarajatlar ham obyekt qiymatiga qo`shiladi.
Chet el valutalari hisobiga sotib olingan asosiy vositalarni baholash chet el valutasini O`zbekiston Respublikasi Markaziy Banki tomonidan belgilangan, asosiy vositalar obyektini sotib olish sanasiga amal qilayotgan valuta kursi bo`yicha so`mga hisoblab o`tkazish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Auditor shartnoma shartlariga muvofiq mulkka egalik huquqining o`tish vaqti to`g`ri aniqlanganligi; asosiy vositalarni sotib olish bilan bog`liq bojxona to`lovlari va boshqa chiqimlarning sotib olingan asosiy vositalar qiymatiga qo`shilganligini tekshirishi lozim. Shuningdek, asosiy vositalarni baholashning to`g`riligini tekshirish mobaynida asosiy vositalar dastlabki qiymatining o`zgarganligiga, qanday sabablar (qo`shimcha qurish, jihozlash, qayta jihozlash, qisman tugatish) o`zgarishga olib kelganligiga, kapital qo`yilmalarga doir xarajatlar 0800 – «Kapital qo`yilmalarni hisobga oluvchi schyotlar» schyotlarida aks ettirilganligiga e'tibor qaratishi lozim.
So`ngi yillarda asosiy vositalarni qayta baholashni tekshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 21-BHMS ga muvofiq subyektlarda asosiy vositalar obyektlarini qayta baholash summalari 8530 - «Mulklarni qayta baholash bo`yicha tuzatishlar» schyotida aks ettiriladi. Bunday tekshiruv qayta baholash natijalari rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda auditor quyidagilarni tekshirishi lozim:
barcha asosiy vositalar to`g`riligiga yoki ularning bir qismi qayta baholanganligi;
qayta baholash qanday usullar yordamida o`tkazilganligi (indeksatsiya qilish yoki hujjat bilan tasdiqlangan bozor baholari bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri hisoblab o`tkazilishi va h.k.);
bozor baholarini tasdiqlaydigan hujjatlarning mavjudligi;
hisob-kitoblar to`g`riligini tanlab tekshirish;
qayta baholashdan so`ng eskirganlik darajasi o`zgarganligi;
qayta baholash natijalarining inventar kartochkalarida aks ettirilganligi;
qayta baholash natijalarining buxgalteriya hisobi schyotlarida to`g`ri aks ettirilganligi;
qayta baholash natijalarining hisobot tuzishda hisobga olinganligi va shunga o`xshashlar.
Asosiy vositalarga eskirish (amortizatsiya) to`g`ri hisoblanishini tekshirish
5-son «Asosiy vositalar» nomli BHMS ga muvofiq, amortizatsiya eskirishning baholangan xizmat muddati davomida aktivning amortizatsiya qilinadigan qiymatini muntazam taqsimlash va qayta o`tkazish tarzida qiymat ifodasidir. Asosiy vositaning amortizatsiya qiymati taxmin qilinayotgan tugatilish qiymatini chiqarib tashlagan holda, aktivning dastlabki qiymati yoki moliyaviy hisobotlarda ko`rsatilgan qiymat o`rnini bosadigan boshqa qiymatning summasidir.
Auditor asosiy vositalarga eskirishni hisoblashning to`g`riligini tekshirishda o`rnatilgan har oylik eskirishni hisoblash qoidalariga buxgalteriya tomonidan rioya qilinayotganligini aniqlashi lozim. Bunda tekshirish uchun asosiy vositalarga eskirishni hisoblashda to`ldiriladigan 6-shakldagi hisob-kitob jadvali asos bo`lib xizmat qiladi. Auditorga xizmat qilish muddati o`tib, amortizatsiyani hisoblash to`xtatilgan asosiy vosita obyektlarining ro`yxati taqdim etilishi lozim. Agar subyektda tezlashtirilgan amortizatsiya hisoblash mexanizmi qo`llanilsa, ushbu holat uning hisob yuritish siyosatida ko`rsatilgan bo`lishi lozim.
Auditning ushbu blokida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
subyekt hisob siyosatida ko`rsatilgan-asosiy vositalarga amortizatsiya hisoblash qoidalariga rioya qilinishini tekshirish;
amortizatsiya ajratmalarini asosiy vositalarning u yoki bu guruhiga olib borishning to`g`riligini tekshirish;
har oylik amortizatsiya ajratma summalari bo`yicha hisob-kitoblarni tekshirish;
amortizatsiya ajratmalarining hisobda o`z vaqtida va to`g`ri aks ettirilishini tekshirish.
Amortizatsiya ajratmalarini hisoblash va buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirishning to`g`riligini aniqlash 5-son-«Asosiy vositalar», 21-son-«Xojalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xojalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo`llash bo`yicha yo`riqnoma» nomli BHMS lar va mijoz-subyekt hisob siyosati to`g`risidagi buyrug`ining tegishli qismiga muvofiq amalga oshiriladi. Buning uchun subyekt hisob siyosati bo`yicha buyrug`ining qoidalari; asosiy vositalar amortizatsiya hisob-kitobi bo`yicha ishlanma jadvallar ko`rsatkichlaridan foydalaniladi.
Auditor amortizatsiya hisoblashning maxsus shartlari qo`llaniladigan asosiy vositalar obyektlarining ro`yxatini olishi zarur. Bularga xususan quyidagilar kiradi:
xizmat qilish muddati o`tib ketgan asosiy vositalar;
amortizatsiya hisoblanmaydigan asosiy vositalar;
konservatsiyadagi asosiy vositalar;
amortizatsiya hisoblash to`xtatilgan asosiy vositalar;
jadallashtirilgan amortizatsiya usuli qo`llanilayotgan asosiy vositalar;
noishlab chiqarishdagi asosiy vositalar;
moliyaviy lizing shartnomasi bo`yicha olingan asosiy vositalar.
Amortizatsiya ajratmalarining hisoblanishini tekshirish mobaynida auditor amortizatsiya hisoblash usullari (chiziqli usul, kamayib boruvchi qoldiq usuli, foydali ishlatish muddati davomidagi yillari yig`indisi bo`yicha qiymatini hisobdan chiqarish usuli, qiymatni mahsulot (ish) hajmiga mutanosib ravishda hisobdan o`chirish usuli) ga e'tibor berishi zarur.
Asosiy vosita obyektlarining bir xil guruhlari bo`yicha amortizatsiya hisoblashning tanlangan u yoki bu usulini qo`llash uchun foydali xizmat qilish muddati davomida boshqasiga o`zgartirilmasdan amalga oshirilishi lozim. Ammo, soliqqa tortish maqsadida amortizatsiya ajratmalari hisoblash O`zbekiston Respublikasi soliq Kodeksi 23-moddasiga muvofiq asosiy vosita obyektlarining dastlabki qiymatiga nisbatan amalga oshirilishi ham mumkin.
Auditor tanlab tekshirish usuli bilan asosiy vositalarning foydali xizmat qilish muddati to`g`ri belgilanganligini aniqlaydi. Chunki, hisobot davridagi amortizatsiya ajratmalari summasi va amortizatsiya ajratmalari normalarini belgilash shunga bog`liq. Amortizatsiya ajratmalari normalari noto`g`ri belgilangan holatlar aniqlanganida, auditor buning oqibatida mahsulot (ish, xizmat) lar tannarxi qanchalik oshgan (pasaygan) ligini aniqlaydi.
Shunindek, amortizatsiyani hisoblash muddatlarining boshlanish va to`xtatilish muddatlari, hisoblashning muntazamligi, amortizatsiyani hisoblashda pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo`llashning to`g`riligini tekshirish zarur. Amortizatsiya ajratmalari hisob-kitoblarining to`g`riligi tanlab tekshiriladi.
Amortizatsiya ajratmalarini mahsulot (ish, xizmat) lar tannarxiga olib borishning to`g`riligini tekshirish amortizatsiya ajratmalarini auditorlik tekshiruvidan o`tkazishning muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Auditor amortizatsiya hisoblanadigan obyektlar asosiy vositalarning qaysi guruhiga (ishlab chiqarish yoki noishlab chiqarish) tegishliligini, asosiy vositalar mahsulot ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko`rsatish) da ishlatilayotganligi yoki operativ (qisqa muddatli) lizing shartnomasi asosida berilganligini aniqlashi lozim. Noishlab chiqarish sohasidagi asosiy vositalar bo`yicha hisoblangan amortizatsiya ajratmalari o`z mablag`lari manbalari hisobiga, operativ lizing asosida topshirilganlari bo`yicha esa foyda yoki zararlarga olib boriladi.
Asosiy vositalarga eskirishni hisoblashni hisobga olishda eng ko`p uchraydigan qoida buzilish hollari quyidagilardan iborat:
ayrim subyektlarda asosiy vositalarga eskirishni hisoblash har choraklikda amalga oshiriladi;
soliqqa tortiladigan bazani kamaytirish maqsadida ataylab xizmat muddati o`tib ketsa ham asosiy vositalarga eskirishni hisoblash davom ettiriladi;
asosiy vositalarga asossiz ravishda eskirishning tezlashtirilgan usuli qo`llaniladi va h.k.
Amortizatsiya ajratmalarini tekshirish mobaynida quyidagi tashkiliy amallar qo`llanilishi mumkin:
asosiy vositalarni hisobga oladigan schyotlar (0110-0199) bo`yicha qoldiqlarni va joriy yilda hisoblangan amortizatsiyani oldingi davrlardagi ma'lumotlar bilan taqqoslash va ularning o`zgarishini baholash;
joriy yilda jamg`arilgan amortizatsiya qoldig`ini oldingi davrlardagi qoldiqlar bilan taqqoslash.
Audit jarayonida asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalari hisobot davrida buxgalteriya hisobi ma'lumotlarida to`g`ri aks ettirilganini tekshirish lozim. Asosiy vositalarning ayrim obyektlari bo`yicha ajratmalar buxgalteriya hisobida tegishli summalarni jamg`arish yo`li bilan yoki obyektlarning dastlabki qiymatini kamaytirish yo`li bilan aks ettiriladi.
|
| |