181
Ish haqi fondining haqiqiy sarfi “Xodimlarning toifalari va hisoblangan ish haqining
tarkibi bo’yicha ma’lumot” (19-shakl bo’yicha hisob-kitoblar bajariladigan jadval),
“Xodimlar, yollangan va chetdan jalb qilingan shaxslar ish haqi fondini hisobga
olish vedomosti” (20-shakl), hisob-kitob to’lov vedomostlari va ish haqi hisoblash
uchun asos bo’lgan boshqa dastlabki hujjatlar ma’lumotlariga asosan tekshiriladi.
Tekshirilayotgan davr (choraklik, yil) uchun belgilangan ish haqi fondini haqiqatda
hisoblangan ish haqi summalari bilan taqqoslash zarur. Buning natijasida ish haqi
fondining umumiy tejalgani yoki oshiqcha sarflangani aniqlanadi. Agar yil
davomida ishlab chiqarish hajmining o’zgarganligi sababli dastlabki ish haqi
fondiga o’zgartirishlar kiritilgan bo’lsa, u holda ular umumiy tejash yoki oshiqcha
sarflashni aniqlashda inobatga olinadi.
Tekshirish jarayonida hisoblashuv-to’lov vedomostlari ma’lumotlarining har oyda
bankka taqdim qilinadigan ma’lumotnoma ko’rsatkichlariga mos kelishi ham
aniqlanadi. Ma’lumotnomadagi hisoblangan ish haqining umumiy summasi shu
oydagi 21-shakl “Xodimlar bilan hisob-kitoblar bo’yicha jamlama ma’lumot” ning
summasiga mos kelishi kerak.
Ish haqi berish uchun bankdagi 5110-“Hisob-kitob schyoti”dan olingan summalar,
shuningdek, undan ushlanib, o’tkazilgan summalar 21-shakldagi hisob-kitoblar
bajariladigan jadvalning tegishli ma’lumotlari bilan mos kelishi kerak.
Auditor xo’jalikka chetdan ishchilarni qancha, qachon va qaysi muddatga jalb
qilinganligi, ulardan qanday foydalanilganligi va ularga qanday tartibda mehnat haqi
to’langanligini ham aniqlashi kerak.