Xalqaro auditorlik tashkilotlari va ularning faoliyat yo’nalishlari
Xalqaro audit tizimini unifikatsiyalangan holda tashkil qilish uchun, avvalo, buxgalteriya hisobining baynalmilallashuviga e’tibor qaratish lozim. Milliy hisob va audit tizimlarini xalqaro miqyosda uyg’unlashtirish maqsadida 1966 yilda Xalqaro tadqiqot guruhi tuzilgan edi. Ushbu tadqiqot guruhiga AQShning buxgalter- auditorlari, shuningdek Kanada, Angliya, Uels, Shotlandiya, Irlandiya davlatlarining maxsus mutaxassislari kiritilgan. Mazkur tashkilot jahonning ko’pgina davlatlarida tadqiqot o’tkazib, milliy hisob va audit tizimlari o’rtasidagi tafovutlar xususida hisobot tayyorlagan. Hisobot ma’lumotlari natijalariga ko’ra buxgalteriya hisobi va audit standartlari bo’yicha maxsus xalqaro tashkilot tuzishga qaror qilingan. Natijada xalqaro hisob va audit standartlarini ishlab chiquvchi Buxgalteriya hisobi standartlari bo’yicha qo’mita (IASC) va Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC) tuzilgan.
1973 yil 29 iyunda Avstraliya, Kanada, Frantsiya, Germaniya, Yaponiya, Meksika, Niderlandiya, Buyuk Britaniya va Irlandiya hamda AQSh buxgalterlar tashkilotlari o’rtasidagi kelishuv natijasi sifatida tuzilgan Buxgalteriya hisobi xalqaro standartlari qo’mitasi (International Accounting Standarts Committie - IASC) bugungi kunda xalqaro auditorlik faoliyatida ulkan nufuzga ega. Hozirgi vaqtda uning tarkibida jahonning 103 mamlakatidan 142 ta vakillar qatnashmoqda.
Hozir auditga bo’lgan talablarni uyg’unlashtirish borasida ishlar xalqaro darajada takomillashtirilmoqda. Turli tashkilotlar, shu jumladan, buxgalteriya standartlari bo’yicha maxsus qo’mita (IASC), xalqaro buxgalterlar federatsiyasi bu masala bo’yicha faol shug’ullanmoqda. Moliyaviy hisobotlarning yagona xalqaro tizimini xalqaro buxgalteriya hisobi standartlari asosida barpo qilish va uni takomillashtirish zaruriyatidan kelib chiqib, Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi tarkibida doimiy avtonom qo’mita huquqlariga ega bo’lgan auditorlik amaliyoti bo’yicha xalqaro qo’mita tuzilgan. U Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi kengashi nomidan audit standartlarini chop etdi, shuningdek, audit tekshirishlarini o’tkazish bilan bir vaqtda qo’shimcha xizmat ko’rsatish bo’yicha xalqaro standartlarni ishlab
chiqdi. Bular buxgalter-auditorlik kasbining rivojlanishi va imkoni boricha xalqaro miqyosda auditga yondashishning yagona tizimini yaratishga mo’ljallangan.
Buxgalteriya hisobi standartlari bo’yicha qo’mita (IASC) buxgalteriya hisobi va auditning standartlarini ishlab chiqish va uni butun dunyoga targ’ib qilish maqsadida tuzilgan.
Boshqa xalqaro tashkilotlardan farqli o’laroq Buxgalteriya hisobi standartlari bo’yicha qo’mita tarkibiga faqat nohukumat tashkilotlar kiritiladi. Qo’mitaga rahbarlik qilish doimiy ishlovchi kotibiyat tomonidan amalga oshiriladi. Kotibiyat tarkibiga 13 ta davlat va 4 ta xalqaro tashkilotning vakillari kiritilgan.
Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi (IFAC) 1977 yilda buxgalterlik kasbini yuqori darajaga olib chiqish maqsadida tuzilgan bo’lib, uning bajaradigan vazifalari IASCning vazifalari bilan mos tushadi. Jahonning 75 mamlakatining professional hisob tashkilotlari IFACning a’zolari bo’lib hisoblanadi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit tizimlarini standartlashtirish muammolari bilan BMTning hisob va hisobotlarning xalqaro standartlari bo’yicha ekspertlarning hukumatlararo ishchi guruhi (ISAR) shug’ullanadi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) auditning xalqaro standartlarini ishlab chiqishda bevosita qatnashmaydi, balki ushbu tashkilot standartlarning loyihasini ko’rib chiqishda ishtirok etadi. Mazkur tashkilot 1976 yilda tuzilgan bo’lib, unga Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlandiya, Frantsiya, Germaniya, Gretsiya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Gollandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Turkiya, Buyuk Britaniya va AQSh davlatlari a’zo hisoblanishadi.
Xulosa
Audit korxonalar faoliyatining samaradorligini oshirishda va moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini ta'minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan vositadir. Audit orqali kompaniyalar o‘zlarining ichki jarayonlarini tartibga solishi, kamchiliklarni aniqlashi va bozor talablariga javob beruvchi ishonchli moliyaviy axborotlarni taqdim etishi mumkin. Audit turlarining xilma-xilligi korxonaning har bir jihatini chuqur tahlil qilish imkonini beradi. Ichki audit korxona ichidagi jarayonlarni nazorat qilishga, xatolarni aniqlashga va resurslarni samarali boshqarishga qaratilgan bo‘lsa, tashqi audit mustaqil auditorlar tomonidan o‘tkazilib, korxonaning moliyaviy hisobotlari qonunlarga va xalqaro standartlarga mosligini tekshiradi. Soliq auditi esa soliqqa oid majburiyatlarning to‘g‘ri bajarilishini ta'minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Operatsion audit biznes jarayonlarini chuqur tahlil qilish va ularni takomillashtirishga yordam beradi. Shu bilan birga, majburiy va ixtiyoriy audit shakllari korxonalarning o‘z ehtiyojlariga qarab tekshiruvlarni o‘tkazishiga imkon yaratadi. Majburiy audit qonunchilikka asoslangan holda amalga oshiriladi va odatda katta moliyaviy yoki davlat manfaatlariga ega bo‘lgan korxonalarda talab qilinadi. Ixtiyoriy audit esa korxonaning tashabbusi bilan amalga oshiriladi va bu jarayon o‘zining ichki tizimini yaxshilashni xohlovchi kompaniyalar uchun foydali hisoblanadi. Shu bilan birga, audit jarayoni kompaniyalar uchun investorlar va kreditorlar tomonidan ishonchni ta'minlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Moliyaviy hisobotlarning to‘g‘ri va xolisligi investorlar va bozor ishtirokchilari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularga qarorlar qabul qilishda asosiy ma'lumot manbai bo‘ladi. Bundan tashqari, audit orqali aniqlangan kamchilik va xavf-xatarlar korxonaning kelajakda moliyaviy va operatsion faoliyatini yaxshilashga yordam beradi. Ushbu jarayon samaradorlikni oshirish, resurslarni tejash, boshqaruv jarayonlarini kuchaytirish va korxona faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Oxirida, auditning har bir turi va shakli korxona faoliyatini yaxshilashga, moliyaviy holatni mustahkamlashga, qonunchilikka rioya qilinishini ta'minlashga va bozor ishtirokchilari uchun ishonchli axborot manbai sifatida xizmat qilishga xizmat qiladi. Audit shuningdek, risklarni aniqlash va ularni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar berish orqali korxonalar uchun barqaror rivojlanish imkoniyatini yaratadi. Shu sababli, audit korxona moliyaviy faoliyatini chuqur baholash va samaradorligini oshirishda strategik vosita sifatida katta ahamiyatga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Savitskaya G.V. "Analiz hozyaystvennoy deyatelnosti predpriyatiya". Minsk, 2016.
Dodjson M. "Audit: Teoriya i praktika". M.: Finansy i statistika, 2017.
Saidov R.X. "Auditning nazariy va amaliy masalalari". Toshkent, 2019.
Volkova V.M. "Buxgalterskiy uchet i audit". Moskva: YUNITI-DANA, 2018.
Auditorlik qonunchiligi. O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari to‘plami.
https://arxiv.uz/
|