Avtomobillashtirish jamiyatning iqtisodiy yuksalishiga ijobiy ta’sir qilish bilan birga, qator salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqdaki, ularni hal qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Avtomobillashtirishning salbiy oqibatlari yo‘l-transport hodisalari natijasida ko‘plab kishilarning halok bo‘lishlari (respublikamizda 2000 yili 2128 taga yetdi) yoki tan jarohatlari olishlari (2000 yili 11677 dan oshib ketdi), shuningdek, yo‘l-transport hodisalari natijasidagi ko‘plab yetkazilayotgan moddiy zararlar, shahar ko‘chalari, aholi yashaydigan joylardan o‘tadigan yo‘llar mintaqasidagi yuqori darajadagi shovqin, havo basseynlarining ifloslantirilishi, ko‘chalarni to‘xtab turuvchi avtomobillar tomonidan to‘sib qo‘yilishlari va nihoyat, transportlarning ushlanib qolishlari va harakat tezliklarining keskin tushib ketishidan iboratdir. Past darajadagi harakat xavfsizligiga sabab bo‘ladigan avtomobillar harakatining quyidagi o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatish mumkin:
1) Avtomobil transportining talablariga javob beradigan yo‘llar bilan yetarli darajada ta’minlanmaganligi;
2) Avtomobillar harakati yo‘l harakatining boshqa qatnashchilaridan yetarli darajada ajratilmaganligi va piyodalar harakatlanish madaniyatining pastligi;
3) Haydovchilik kasbining ommaviyligi va ular orasida past malakali, kam ko‘nikmaga ega bo‘lgan havaskor haydovchilarning ko‘pligi, hamda yo‘l harakat qoidalariga rioya qilmaydigan haydovchilarning mavjudligi;
4) Foydalanuvdagi transport vositalarini ko‘plab texnik nosozliklari.
Mamlakatimizdagi iqtisodiy tarmoqni rivojlantirishda yo‘l sohasining roli katta bo‘lib, u ishlab chiqarish sohasi va iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash va O‘zbekiston Respublikasini jahon hamjamiyatiga faol kirib borishi transport kommunikatsiyalarining a’lo darajada rivojlantirishni talab etadi, bu esa, birinchi navbatda, avtomobil yo‘llarining ustivor tarzda rivojlantirib borishni talab etadi
Ma'lumki, YTHlarning ko'proq foizi haydovchining aybi bilan sodir bo'ladi, uning ishonchliligi esa o'zaro bog'liq bo'lgan tibbiy-biologik va psixofiziologik omillar majmuasi bilan belgilanadi. Bunda asosiy o'rinlardan birini haydovchining ish qobiliyati darajasi egallaydi.