Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida jami 209496 km avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, shundan:
-umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllari – 42 869 km;
-shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki xoʻjaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yoʻllari) – 141882 km;
- idoraviy yoʻllar – 24 745 km tashkil etadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari maxsus vakolatli organ Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tasarrufida, ichki xoʻjalik yoʻllari – mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida, idoraviy yoʻllar yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufida boʻladi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki hisoblanadi va xususiylashtirilmaydi.
Avtomobil yoʻllari transport vositalarining asosiy turi - avtomobillarni oʻtkazishga moʻljallangan. Yoʻl qoplamalarini buzuvchi zanjirli mashinalar va kamdan-kam ishlatiladigan ot-aravalar parallel oʻtadigan gruntli yoʻllardan yoki maxsus qurilgan traktor yoʻllaridan harakatlanishi lozim. Avtomobil yoʻllarida harakatlanuvchi asosiy transport vositalariga turli xil avtomobillar - avtobuslar, yengil va yuk avtomobillari, avtopoyezdlardan iborat. Qishloq xoʻjalik hududlaridagi yoʻllarda bir necha tirkamali traktor poyezdlari harakatlanishi mumkin. Rezina shinali mototsikllar va qishloq xoʻjalik mashinalarining harakatlanishiga ruxsat etilaladi.
Har qanday muhandislik inshooti kabi yoʻl ham, uni loyihalashda moʻljallangan turdagi va miqdordagi yukni oʻtkazishni ta’minlashi zarur. Avtomobilsozlik sanoati taraqiy etib, avtomobillarning turlarini uzluksiz takomillashmoqda va oʻzgartirmoqda. Avtomobillarning yuk koʻtarish qobiliyatiini oshirish va avtopoyezdlardan keng foydalanish doimiy an’anaga aylanib bormoqda. Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllari yoʻl toʻshamasining mustahkamligini hisoblashda avtomobillarning eng koʻp yuklangan yakka oʻqidagi ogʻirlik I-II toifa uchun 130 kN (13 ts), III-V toifa uchun 100 kN (10 ts) qabul qilinadi.
Oʻzbekistondagi jami avtomobil yoʻllari tarmogʻidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining qariyib 40-50 % qismi taʼmirtalab, shaharlar va boshqa aholi punkti koʻchalarining esa 60-70 % qismi taʼmirtalab ahvolda. Aksariyat avtomobil yoʻllari yakka oʻqqa tushadigan ogʻirlik 10 tonna va 6 tonna bilan qolib ketganligi sababli, ularni 13 va 10 tonnaga oʻtkazish, hamda harakat jadalligini ortishi hisobiga rekonstruksiya qilish talab etiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari quyidagi oʻlchamdagi transport vositalarini oʻtkazish uchun moʻljallangan: uzunligi boʻyicha - yakka avtomobillar 12 m gacha, avtopoyezdlar va gʻildirakli traktor poyezdlari 24 m gacha, kengligi boʻyicha - 2,5 m gacha, balandligi boʻyicha - 4 m gacha (1.1-rasm).
1.1-rasm. Yoʻllarda avtomobillar va avtopoyezdlarning harakatlanishiga ruxsat beriladigan chegaraviy gabarit oʻlchamlari:
a, b - yuk avtomobili; v - ikki oʻqli shataklagich yarim tirkama bilan; g - uch oʻqli shataklagich ikki oʻqli pritsep bilan
Aholi yashaydigan joylarni, sanoat markazlarini, korxonalarni va qishloq xoʻjalik hududlarini oʻzaro va boshqa turdagi transportning ortish tushirish - punktlari bilan bogʻlovchi yoʻllar avtomobil yoʻllari tarmogʻini tashkil etadi. Tashiladigan yuklar bu tarmoqda turli hajmdagi yuk oqimlarini hosil qiladi. Eng maqbul tuzilgan avtomobil yoʻllari avvalambor yuk va yoʻlovchilar tashiladigan asosiy yoʻnalishlarga mos kelishi kerak. Mamlakatning asosiy iqtisodiy hududlari va muhim markazlari bilan aloqa qilish uchun moʻljallangan davlat ahamiyatidagi takomillashtirilgan magistral avtomobil yoʻllari tarmogʻi asosiy yoʻl tarmogʻi deb hisoblanadi. Avtomobil magistrallari tormogʻini rejalashtirishda davlatlararo ma’muriy, madaniy va xoʻjalik aloqalarini va mamlakatning mudofaa extiyojlarini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllarining tasniflari oʻzgarganligi, yangi yoʻllar qurilganligi va qayta qurilganligini, hamda avtomobil yoʻllarining toponomik atalishidagi oʻzgarishlarni inobatga olib, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida” gi qonunining 5-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida 05.08.2010-yilda 169-qarori imzolandi. Ushbu qarorga muvofiq xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllarining roʻyxati tuzilib, umumiy foydalanuvdagi yoʻllarining raqami, nomi va uzunligi anig belgilab qoʻyildi.
Avtomobil yoʻllari butun uzunligi yoki ayrim qismlarining iqtisodiy, maʼmuriy ahamiyati va vazifasiga koʻra belgilanishiga qarab ShNQ 2.05-02-07 “Avtomobil toʻllari” me’yoriy hujjatiga asosan quyidagi toifalarga boʻlinadi.
-xalqaro ahamiyatdagi yoʻllar.
-davlat ahamiyatdagi yoʻllar.
-mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar.
Xalqaro ahamiyatdagi umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllariga xalqaro avtomobil yoʻllari tarmogʻiga kiruvchi (masalan, M34, M37, M39, M41, A373, A376, A377, A378, A379, A380, A381), shuningdek, transport aloqasini ta’minlovchi, ya’ni:
Uzoq masofadagi tezkor aloqalarga moʻljallangan Davlatlar poytaxtlari bilan bogʻlovchi xalqaro yoʻllar;
Oʻzbekiston respublikasi poytaxti Toshkent shaxrini viloyatlarning ma’muriy markazlari bilan bogʻlovchi yoʻllar;
Shahar va poytaxtlarni bogʻlovchi magistrallar, viloyat ma’muriy markazlarini bir-biri bilan bogʻlashga xizmat koʻrsatuvchi yoʻllar;
Viloyat ma’muriy markazlarini tumanlarning ma’muriy markazlari, aeroportlar bilan bogʻlovchi;
Yirik shaharlarni respublika sanoat markazlari bilan bogʻlovchi yoʻllar kiradi.
Davlat ahamiyatdagi umumiy foydalanuvdagi avtomobil yoʻllari Respublikaning yirik va kichik shaharlarini birlashtiradi. Viloyat va tuman markazlari, tezkor yoʻllar, shuningdek halqaro ahamiyatdagi magistral yoʻllar oraligʻidagi harakatga xizmat qiladi. Respublika yoʻllari raqami P harfi bilan boshlanadi. (Masalan 4P17, 4Р21, 4Р55, 4Р71, 4P150) Mintaqadagi harakatning oʻziga hos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda transport aloqalariga boʻlgan ehtiyojni ta’minlaydi.
Mahalliy ahamiyatdagi umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllari orqali aksariyat harakat tezligi yuqori boʻlmagan va aralash transport oqimli (avtomobillar, avtobuslar, gʻildirakli traktorlar, qishloq xoʻjaligi mashinalari) mahalliy harakat uchun moʻljallangan, tumanlarning ma’muriy markazlari, shaharchalar, qishloq va ovullar, shuningdek respublika ahamiyatidagi yoʻllar oʻrtasidagi transport aloqalari ta’minlanadi. Mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari oʻzining nomiga hamda raqamiga ega boʻladi. Raqamlar H yoki K harflaridan boshlanadi. (Masalan 4K 4, 4K 35, 4К470, 4Н45, 4Н58)
Yoʻlning toifasi harakatning hisobiy jadalligi har ikkala yoʻnalaish boʻyicha belgilanadi. Hisobiy harakat jadalligi deganda 20 yilga teng istiqbolli davrning soʻnggi yilida sutkasiga avtomobil yoʻlining koʻndalang kesimidan oʻtadigan avtomobillar soni (ikkala yoʻnalishda ham) tushuniladi.
Harakat jadalligi yoʻlning ayrim qismlarining uzunligi boʻyicha oʻzgaradi: shaharlar, aholi yashaydigan yirik punktlar va temir yoʻl stansiyalari yaqinida ortib, marshrutning oʻrta qismlarida eng kichik qiymatga ega boʻladi. Harakatlanish intensivligi sutka mobaynida ham oʻzgaradi va tunda keskin kamayadi. Yil davomida ham, hafta kunlari davomida ham oʻzgarishsiz qolmaydi.
Yoʻl poyining va qatnov qismining enini asoslashda avtomobillarning harakatlanish qatorlari sonini belgilash uchun avtomobillarning yuklanishi emas, balki ma’lum muddat ichida yoʻldan oʻtadigan avtomobillar soni hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Shuning uchun yoʻllarda haraktlanishning asosiy tafsiloti sifatida vaqt birligi ichida (sutka, soat) yoʻlning biror kesimi orqali oʻtadigan avtomobillarning umumiy soni qabul qilinadi, u harakat jadalligi (intensivligi) deb ataladi.
|