III. Markaz faoliyatini tashkil etish
9. Markaz ko‘p tarmoqli bo‘lib, u faoliyat yuritadigan hududning xususiyati, o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan holda faoliyat ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ularning har tomonlama kamol topishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
Markaz muassis tomonidan davlat muassasasi sifatidagi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
10. Markaz alohida binoda yoki umumta’lim maktablari binolarining alohida o‘quv bloklarida alohida kirish joyi bilan ta’minlangan va maktabdagi o‘qish jarayoniga xalaqit bermaydigan holda tashkil qilinadi hamda mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadi.
Umumta’lim maktablari binolarining alohida o‘quv bloklarida tashkil qilingan Markazlarda elektr energiyasini hisobga olishning alohida priborlari o‘rnatiladi va elektr energiyasi uchun to‘lovlar elektr ta’minoti tashkiloti bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladi. Qolgan kommunal xarajatlar esa Markazlar egallab turgan binoning maydoni va hajmidan kelib chiqib, umumta’lim maktablariga moliya organlari bilan kelishuv bo‘yicha qoplanadi.
Shuningdek, Markaz tasarrufida sayyohlik bazalari va o‘quv tajriba-sinov maydonchalari ham tashkil etilishi mumkin.
Markaz tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Markazda texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlaridagi to‘garaklar tashkil etiladi. Markazda tashkil etiladigan to‘garaklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 275-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 20-son, 361-modda)
To‘garaklar o‘z faoliyatini o‘quv dasturlari asosida amalga oshiradi. O‘quv dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazi qoshidagi tegishli ilmiy-metodik kengashda tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i bilan amaliyotga tatbiq etiladi.
12. Markazda tashkil etiladigan to‘garak mashg‘ulotlari maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablariga muvofiq birinchi, ikkinchi va keyingi o‘quv yillarida tegishli o‘quv dasturlari asosida, xususan, texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lib o‘tkaziladi.
To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv dasturlari talablariga ko‘ra butun o‘quv yili uchun hamda qisqaroq muddatlarga ham tashkil etiladi.
To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv yilining 15-sentabridan boshlanib 25-mayda yakunlanadi. Yozgi ta’til kunlari uchun alohida mavsumiy rejalar tuziladi.
Markazning to‘garak mashg‘ulotlari jadvali to‘garak a’zolari uchun qulay tartibda, ularning yoshi, psixofiziologik xususiyatlari va sanitariya-gigiyena normalari inobatga olingan holda pedagogik xodimlarning taqdimnomasiga ko‘ra ma’muriyat tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
13. Markazda to‘garak mashg‘ulotlarining tashkil etilishi uchun haftada 6 akademik soat ajratiladi. 6 yoshli bolalar uchun olib boriladigan to‘garak mashg‘ulotlari vaqti 35 daqiqa etib belgilanadi va u haftada 2 akademik soatdan oshmasligi lozim.
Markazda har bir guruhdagi to‘garak a’zolarining soni birinchi o‘quv yilida 10 nafardan, ikkinchi va undan keyingi o‘quv yillarida esa 8 nafardan kam bo‘lmasligi lozim.
To‘garaklar o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, maxsus o‘quv dasturlari asosida birinchi va ikkinchi o‘quv yillaridan keyingi o‘quv yillari uchun ham tashkil etilishi mumkin. Maxsus o‘quv dasturlari mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda tasdiqlanishi zarur.
14. Markaz ta’til paytlarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, dam olishlarini to‘laqonli amalga oshirish maqsadida muassasalar va mahallalarda (ovullarda) ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikda turli yo‘nalishdagi ommaviy tadbirlarni tashkil etishi mumkin.
15. Markaz tomonidan o‘quvchilarga qo‘shimcha ta’lim olganligi to‘g‘risida ushbu Nizomga ilova qilingan namunadagi shaklda guvohnoma beriladi.
16. Markaz tegishli xalq ta’limi organlari bilan kelishgan holda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etiladigan to‘garaklar faoliyatiga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatadi.
17. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari bilan hamkorlikda xodimlarning malakasini oshirishni ta’minlaydi, ilg‘or tajribalar asosida to‘garak o‘quv dasturlarini tuzish va takomillashtirishga oid ishlarni olib boradi.
Markaz o‘quv yili natijalari bo‘yicha to‘garak a’zolari bilim, ko‘nikma va malakalarining maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablariga mosligini so‘rovnomalar, seminarlar, ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar, testlar va boshqa shakllarda muntazam nazorat qilib boradi.
Markaz o‘rnatilgan tartibda vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar, boshqa tashkilotlar, mahallalar (ovullar), ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan uzviy hamkorlikda ish olib boradi.
|