IV. Ta’lim jarayoni ishtirokchilari
18. To‘garak a’zolari, ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) va pedagog xodimlar Markaz ta’lim jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi.
19. To‘garak a’zolarining huquqlari quyidagilardan iborat:
Markazda ixtiyoriy ravishda maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari asosida ta’lim olish;
qiziqishlariga ko‘ra to‘garak turini tanlash;
bir necha to‘garaklarda qatnashish, yil davomida qiziqish va istaklariga qarab bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa boshqa to‘garaklarga o‘tish;
insoniy qadr-qimmatining hurmat qilinishi, vijdon erkinligi, axborot erkinligi, o‘z qarashlari va e’tiqodini ifodalash;
Markazning jamoatchilik organlarini saylash va ularga saylanish;
Markazning ish faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar kiritish.
20. To‘garak a’zolarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qonun hujjatlariga rioya qilish;
Markazning moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va uni asrab-avaylash;
Markaz Ustavi va ichki tartib-qoidalariga, axloqiy va ma’naviy normalarga rioya qilish.
21. Ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) quyidagi huquqlarga ega:
o‘z farzandlari uchun to‘garak turini tanlash;
Markaz ma’muriyatidan mazkur muassasa Ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlarni yaratishni talab qilish;
bola shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish;
Markazni jamoatchilik asosida boshqarishda ishtirok etish.
22. Ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) majburiyatlari:
farzandining jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan qarash, uni mehnatsevarlik, ezgulik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;
farzandida qonunlarga itoatkorlik, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat tuyg‘usini tarbiyalash;
farzandiga to‘garak mashg‘ulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ota-ona to‘lovlarini belgilangan tartibda o‘z vaqtida to‘lab borish.
23. Markazning pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
o‘z kasbiy sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
Markazni boshqarishda ishtirok etish;
Markaz ma’muriyatiga to‘garaklar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;
kasb faoliyati uchun sharoitlar bilan ta’minlanish, malakasini oshirish, qayta tayyorgarlikdan o‘tish, ta’lim shakli, uslubi va vositalarini tanlashda tashabbus ko‘rsatish.
24. Markazning pedagog xodimlari quyidagi majburiyatlarga ega:
maktabdan tashqari ta’limga qo‘yilgan davlat talablari hamda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan o‘quv qo‘llanmalari va dasturlari asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
pedagog axloq-odobiga qat’iy rioya qilish;
o‘quv-tarbiyaviy ishlarni yuqori saviyada olib borish, ta’lim mazmunini takomillashtirish, o‘qitish vositalarini yaratishda faol qatnashish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni shakllantirish, ona Vataniga sadoqat, davlat tiliga, milliy va umuminsoniy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga, ota-onaga va o‘zidan katta yoshdagilarga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash;
o‘zining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish va o‘z ustida muntazam ishlash;
o‘quv-tarbiyaviy va uslubiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
o‘quvchilarning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
|