VIII. Markazning mol-mulki va pul mablag‘lari
34. Muassis yoki vakolatli davlat organi Markazga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda biriktiradi.
Markaz o‘ziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi bo‘yicha o‘ziga ajratilgan mablag‘lar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
Markaz faoliyati davlat budjeti va boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Quyidagilar markazning mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar;
ota-onalar to‘lovlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
35. Markaz aholiga, turli tashkilotlarga pullik ta’lim xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, qonun bilan taqiqlanmagan, muassasaning asosiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan boshqa tegishli faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqli.
Quyidagilar Markaz mablag‘larining qo‘shimcha manbalari hisoblanadi:
o‘quvchilar va pedagog xodimlar tomonidan o‘quv jarayonida tayyorlangan buyum va mahsulotlarni belgilangan tartibda sotishdan tushgan mablag‘lar;
asosiy mashg‘ulotlardan tashqari paytda, ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’sir etmagan holda, bo‘sh turgan bino va inshootlar, o‘quv jihozi va asbob-uskunalarini belgilangan tartibda ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;
eskirgan va yaroqsiz holga kelgan uskunalarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarish orqali tushgan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
boshqa tushumlar.
36. Pedagog xodimlarni mukofotlash belgilangan tartibga ko‘ra amalga oshiriladi.
37. Markazning moddiy-texnika bazasi yerlarni, binolarni, kutubxonalarni, sport zallarini, kommunikatsiya, mashina va uskunalarni, transport vositalarini hamda ta’lim va tarbiya jarayonida foydalaniladigan boshqa anjomlarni o‘z ichiga oladi.
|