|
Bitiruv malakaviy ishining dolzarbligi
|
bet | 14/18 | Sana | 10.02.2024 | Hajmi | 70,14 Kb. | | #154101 |
Bog'liq Bitiruv malakaviy ishining dolzarbligi-fayllar.orgIQTISODIY QISM
Muassasalarda tahliliy ishlarni rejalashtirish va ma’lumotlarni qayta ishlash tartibi.
Iqtisodiy tahlilning yoki xo‘jalik faoliyati tahlilining samaradorligi va ta’sirchanligini ta’minlashning muhim sharti – bu tahliliy ishlarning rejalashtirilishidir. Xo‘jalik faoliyati alohida masalalarini tahliliy o‘rganilganda uning aniq maqsadi va muassasani boshqarish tizimida o‘z o‘rni bo‘lishi kerak, shundagina tahlil xo‘jalik yuritish uchun ma’lum bir darajada sezilarli ahamiyatga ega bo‘ladi. Shuning uchun muassasalarda tahlil o‘tkazish bo‘yicha ishlar rejalashtirilishi kerak.
Amaliyotda tahliliy ishlarni rejalashtirishning quyidagi turlari mavjud:
1. Muassasa tahliliy ishlarining yaxlit rejasi.
2. Mavzular bo‘yicha rejalar.
Yaxlit reja, odatda hisobot yili uchun tuziladi. Bu rejani muassasa rahbari topshirig‘i bilan mutaxassis ishlab chiqadi. Rejada tahlilning maqsadi, vazifalari va yil davomida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masalalar, ularni o‘tkazish muddati, tahlil sub’ektlari, tahliliy hujjatlarning aylanish tarxi va ularning mazmuni haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.
Yaxlit tahlilni tuzishda axborot manbalari hamda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan texnik vositalar ham inobatga olinadi.
Alohida va chuqur o‘rganishni talab qiluvchi masalalar yuzasidan alohida mavzular bo‘yicha rejalar tuziladi. Bu rejalarda tahlilning ob’ekti, sub’ekti, bosqichlari, tahlilni o‘tkazish muddatlari va boshqalar ko‘rsatiladi.
Iqtisodiy tahlilning muassasalarni boshqarishda ta’sirchanligini ta’minlash ko‘proq ishtatilayotgan axborotning tarkibi, mazmuni va sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Iqtisodiy tahlil uchun quyidagi ma’lumotlar ishlatiladi:
- reja ma’lumotlari;
- hisob ma’lumotlari;
- hisobdan tashqari ma’lumotlar.
Reja ma’lumotlariga muassasada ishlab chiqilgan barcha rejalar, jumladan istiqbol, joriy, tezkor rejalar hamda texnologik xaritalar kiritiladi. Bundan tashqari me’yoriy hujjatlar, smetalar loyiha topshiriqlari va boshqalar ham reja ma’lumotlari sifatida ishlatilishi mumkin.
Hisobot xarakteridagi ma’lumotlar manbalari – bu barcha buxgalteriya, statistika va tezkor hisob hujjatlari hamda barcha hisobotlar va dastlabki hujjatlardir.
Xo‘jalik faoliyati tahlili uchun yetakchi rolni buxgalteriya hisobi va hisoboti o‘ynaydi, chunki u xo‘jalik jarayonlari, ularning natijalarini eng to‘liq aks ettiruvchi manbadir.
Hisobdan tashqari ma’lumotlarga muassasa faoliyatini boshqaruvchi va tartibga solib turuvchi hujjatlar kiradi. Ular jumlasiga rasmiy hujjatlar, ya’ni qonunlar, farmoyishlar; xo‘jalik-huquqiy hujjatlari, ya’ni shartnomalar, reklamatsiyalar va h.k., texnik va texnologik hujjatlar va boshqalar kiradi.
Xo‘jalik faoliyati tahlilining eng mas’ul bosqichlaridan biri axborotlarni tahlil uchun tayyorlashdir. Buning uchun ana shu ma’lumotlarning ma’lum bir talablarga javob berishini ta’minlash lozim. Ma’lumotlar sifatli bo‘lishi kerak, ya’ni ular to‘g‘ri hisoblangan, to‘liq va to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi kerak. Tahlil ma’lumotlari ularning mohiyatiga ko‘ra talabga javob berishi kerak. Bu esa ularning tahlil maqsadiga mos kelishi va real voqelikka to‘g‘ri kelishini anglatadi. Ma’lumotlarni taqqoslash imkoniyati bo‘lishi kerak.
Yuqoridagi talablarni qondirish uchun tahlil qiluvchi shaxs ularni bir qator tekshirib chiqadi. Bu tekshirish texnik xarakterda bo‘lib, bunda iqtisodiy ko‘rsatkichlar turli xil hisobot shakllari bo‘yicha bir-biriga solishtirib ko‘riladi. Reja ma’lumotlari esa reja hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlarga mosligi jihatidan qayta quriladi. Ko‘rsatkichlarni bir-biri bilan taqqoslash imkoniyati bo‘lishi uchun ularni turli xil hisob-kitoblar va jadvallar yordamida bir-biriga moslashtiriladi. Tahlil uchun ishlatiladigan ma’lumotlarning o‘lchov birliklari tahlil uchun qulay holatga keltiriladi, masalan, agar raqamlar katta bo‘lsa, ko‘rsatkichlar ming rublarda ifoda etilishi mumkin.
Ma’lumotlarni tahliliy qayta ishlash esa – bu bevosita tahlilning o‘zidir. Tahlilni o‘tkazish uchun esa, uni o‘tkazish rejasi, ishonchli va to‘liq axborotning bo‘lishi yetarli emas. Ma’lumotlarni qayta ishlashni tashkil qilish uchun o‘ziga xos bo‘lgan uslubiyatdan boxabar mutaxassis bo‘lishi talab qilinadi. Bu mutaxassis xo‘jalik faoliyati tahlili uslubiyatini doimiy ravishda takomillashtirib borishi davr talabidir, ayniqsa, bugungi kundagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida.
Xulosa:
- har bir bozor iqtisodiyoti qatnashchisi iqtisodiy tahlilni muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun o‘z tarkibida bozor iqtisodiyoti qonunlarini mukammal egallagan iqtisodchi-menejerlar bilimiga suyanmog‘i lozim;
- albatta, ushbu tadbirni amalga oshirishda boshqa soha mutaxassislari ham faol ishtirok etishlari lozim.
|
| |