76
BOSHLANG‘ICH SINFLARDA SON TURKUMIGA OID KOMPETENSIYALAR
Roziqova Ra’no Rustamovna,
BuxDUPI 1-bosqich talabasi
Annotatsiya:
Maqolada boshlang‘ich sinflarda son so‘z turkumi sinflar kesimida o‘rganilgan va
tahlil qilingan. Son so‘z turkumiga oid kompetensiyalar yoritilgan. Son so‘z turkumining nutqiy
kompetensiyalarni shakllantirishdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tilgan.
Kalit so‘zlar
: son, kompetensiya, raqam, leksik ma’no, grammatik ma’no, tartib son, rim raqami.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining nutqiy kompetensiyalarini shakllantirishda har bir o‘quv fani
muhim ahamiyatga ega. Lekin bu boradagi asosiy vazifa ko‘proq ona tili va o‘qish darslarida olib
borilishi o‘z natijasiga tezroq erishadi. Xususan, ona tili darslaridagi har bir mavzu o‘ziga xos
kompetensiyani namoyon etadi. Son so‘z turkumi ham shular jumlasidandir. Son so‘z turkumi ham
boshlang‘ich sinflarda o‘rgatiladi, amaliyot bilan bog‘liq holda tayanch va fanga oid kompetensiyalari
shakllantiriladi, rivojlantiriladi. Boshlang‘ich sinflarda sonni o‘rganish jarayoni bosqichma-bosqich,
osondan murakkabga qarab boyib boradi. Sonlarni leksik va grammatik ma’nolari ham birin-ketin
o‘rgatiladi, ko‘proq amaliyot bilan bog‘lanadi. Sonni o‘rgatish bosqichlari sinflar kesimida quyidagicha:
I sinfda son mavzusi bevosita kiritilmagan. “Shaxs va narsalarning miqdorini va tartibini bildirgan
so‘zlar” mavzusi ostida berilgan. Bu mavzuga 7 soat ajratilgan. Bu mavzular doirasida o‘quvchilar son va
raqamlarning farqini, sonlarni harfiy ifoda bilan yozishni, raqamlar nomlarini so‘zlar bilan yozishni,
sanoq bildirgan so‘zlarga nechta? qancha? so‘roqlarini berishni, matn ichidan o‘zi bog‘langan so‘z bilan
ajratib ayta olishni, sanoqni va tartibni bildirgan so‘zlarni ajratishni o‘rganadi. Bundan tashqari,
o‘quvchilarga son qatnashgan maqollarni, topishmoqlarni topish va aytish, o‘zi haqida sonlar qatnashtirib
gapirib berish, tarjimayi hol aytishga ham o‘rgatib boriladi. Bu mashqlar ijodiy ishlash ko‘nikmalarini
shakllantirish va fikrlash qobiliyatini o‘stirishda juda yaxshi samara beradi.
II
sinfda esa son Sanoq va tartibni bildirgan so‘zlar mavzusi ostida davom etadi. II sinfda bu
mavzuga 5 soat ajratilgan. Bu sinfda o‘quvchilarga I sinfda o‘tilgan mavzulari mustahkamlanadi. Keyin
esa sonlarni 2 guruhga sanoq (miqdor) sonlar va tartib sonlarga ajrata olish ko‘nikma va malakalari
shakllanadi. I sinfda o‘tilgan bilimlar yanada mustahkamlanib, nechta? qancha? so‘roqlariga javob bo‘lib,
shaxs va narsaning sanog‘ini, nechanchi? so‘rog‘iga javob bo‘lib, shaxs va narsaning tartibini bildirishi
singdiriladi.
III
sinfda «Son ‒ so‘z turkumi» tushunchasi bevosita kiritiladi va 6 soat ajratiladi. O‘quvchilarda
son predmetning miqdorini bildirishini otga bog‘lanib kelishi yordamida aniqlash ko‘nikmasi o‘stiriladi.
Bularni o‘rganishda sonning leksik xususiyatlariga asoslanadi. Sonning leksik ma’nosi uni ot bilan
bog‘liq holda o‘rganishni taqozo etadi.
IV
sinfda esa asosan sonlar imlosi ustida ishlanadi va bu mavzuni o‘zlashtirish va mustahkamlash
uchun 11 soat ajratilgan. Bunda sanoq va tartib sonlar, tartib sonlarning harfiy ifoda rim va arab
raqamlari bilan yozilishi, qo‘sh undoshli sonlarning, grammatik shakllangan sonlarning (ikkov, o‘ntacha,
beshtaning) imlosi, sonlarning gramm, kilogramm, metr, litr, so‘m, tiyin so‘zlari bilan qo‘llanishi va shu
so‘z bilan bitta so‘roqqa javob bo‘lishi o‘rganiladi. O‘quvchilarning sonlarning otga bog‘lanishini,
so‘roqlar yordamida sonni o‘zi bog‘langan so‘z bilan ko‘chirish ko‘nikmalari o‘stiriladi. Demak,
boshlang‘ich ta’limda son so‘z turkumi 3 yo‘nalishda o‘rganilar ekan:
1.
Sonning talaffuzi va ma’nosi ustida ishlash kompetensiyasi.
2.
Sonning grammatik shakllari ustida ishlash kompetensiyasi.
3.
Sonning imlosi ustida ishlash kompetensiyasi.
Son so‘z turkumi ustida ishlash dastur talabiga ko‘ra I sinfda boshlanadi va uni o‘rganish jarayoni
metodik jihatdan 4 bosqichga bo‘linadi. Son boshlang‘ich ta’limda elemantar nazariy tushunchalar
asosida amaliy o‘rganiladi. Lekin 1-bosqichni to‘liq ma’noda sonni amaliy o‘rganish bosqichi deb
nomlaymiz. Chunki bu bosqichda umuman nazariyasiz son ustida ishlanadi va bu I sinfning savod
o‘rgatish va II sinfning 2-yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu bosqich sonni o‘rganuvchi keyingi bosqichlarga
zamin tayyorlanadi. 2-bosqich II sinfga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda asosan 2 vazifa bajariladi:
1.
Nechta? qancha? so‘roqlariga javob bo‘lib, shaxs va narsalarning sanog‘ini, nechanchi?
so‘rog‘iga javob bo‘lib, shaxs va narsalarning tartibini bildirgan so‘zlar haqida elementar, nazariy
tushunchalar shakllantirish;
2.
Sonlarga so‘roq bera olish, ularning nimani bildirishini ayta olish, ulardan foydalanib o‘z fikrini
aniq ifodalash, mazmuniga mos holda sonlarni o‘rinli qo‘llash (o‘nta o‘quvchi, o‘ntacha o‘quvchi kabi)
ko‘nikmasini o‘stirish, lug‘atlardan foydalana olish qobiliyatini shakllantirish.
77
Bu bilim va ko‘nikmalar mashqlar bajarish bilan mustahkamlanib boriladi. Dastlabki mashqlar
tayyor materialdan sonni aniqlashga va izohlashga qaratiladi, keyingi mashqlar esa fikrni va izlanishni
talab etadi. Mashqlar muayyan izchillikda bir tizimni tashkil etishi lozim. 3-bosqichda (III sinf) son
tushunchasini shakllantirish hamda o‘quvchilar nutqini yangi sonlar bilan boyitib borish, fikrni aniq
ifodalash uchun gap va matn mazmuniga mos sonlar tanlash, ularni o‘rinli qo‘llash ko‘nikmalarini
o‘stiradi. Son tushunchasini shakllantirish o‘quvchilarning shaxs va narsalarning sanog‘ini, tartibini
bildirgan so‘zlarni o‘zlashtirish sifatiga bog‘liq. Son so‘z turkumi sifatida unga xos bo‘lgan quyidagi
xususiyatlar ajratiladi:
a)
shaxs, narsalarning sanog‘ini, tartibini bildiradi;
b)
nechta? qancha? nechanchi? so‘roqlariga javob bo‘ladi;
c)
gapda otga bog‘lanib keladi;
d)
gapda ikkinchi darajali bo‘lak vazifasida keladi.
Bu bosqichda og‘zaki va yozma shakldagi ijodiy yozma ishlar, tabiat, yil fasllari, qushlar,
hayvonlar, o‘simliklar haqida kichik hikoya tuzishlar o‘tkaziladi, o‘quvchilarning sondan o‘rinli va
savodli foydalanishlariga diqqat qaratiladi. Son bilan shakldosh so‘zlar o‘quvchilarga aniqlatiladi,
ma’nosi izohlanadi. Masalan: uch-uch, yuz-yuz, qirq-qirq.
4-bosqichda asosiy e’tibor sonning imlosiga qaratiladi, ya’ni sonlarning har bir qismini alohida
yozish (yetti, yigirma yetti), chiziqchasiz va chiziqcha bilan yozish (7 o‘quvchi, 7-sinf, X sessiya, 8-
dekabr, 1992-yil), qo‘shimcha qo‘shilgandan keyin son o‘zagidagi o‘zgarishlarni yozuvda to‘g‘ri
ifodalash (bir+ta=bitta, ikki+ov=ikkov, yetti+ov=yettov, ikki+ala=ikkala), qo‘sh undoshli sonlarning
yozilishi (ikki, sakkiz, o‘ttiz), sonlarning gramm, kilogramm, metr, litr, so‘zlari bilan qo‘llanishi yangi
bilim sifatida o‘rgatiladi. Sonning 3-bosqichida o‘rganilgan grammatik xususiyatlari bu bosqichda asosan
mustahkamlanadi.
Boshlang‘ich sinflarda sonni o‘rganish ot so‘z turkumi bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. Sonni
bugungi zamon bilan bog‘lash, hayotiy misollar asosida tushuntirish, innovatsion texnologiyalar asosida
ma’lumotlarni berish juda muhim sanaladi. Sonlarga doir mashqlar bajarish orqali, ularni og‘zaki tahlil
qilish orqali ham sonning kompetensiyalari, xususiyatlari, vazifalari namoyon bo‘ladi. Sonlarning ot bilan
bog‘lanishini o‘rganish asosida esa o‘quvchilar yuqori sinf ona til darslariga zamin tayyorlaydi. Sonni
o‘rganish jarayoni yuqori sinflarda ham bevosita davom etadi, chuqurlashtirilgan holda olib boriladi.
|