|
Auditorlik tavakkalchiligi (riski) tushunchasi, uning elementlari va ularni baholash
|
bet | 39/303 | Sana | 14.12.2023 | Hajmi | 3,45 Mb. | | #118994 |
Bog'liq Аудит УМК 2023-2024 (3)4.Auditorlik tavakkalchiligi (riski) tushunchasi, uning elementlari va ularni baholash.
Audit va moliyaga oid ayrim manbalarda «risk» atamasi turlicha tarjima qilib qo’llanilmoqda («tavakkalchilik», «xatarlilik», «xavf- xatar», «tahlika», «g’ov» va h. k. ). Auditorlik faoliyatiga nisbatan bunday tarjimalar «risk» atamasining asl mohiyatini to’liq ochib bermaydi. Bu borada biz professor T. S. Malikov fikriga qo’shilamiz (31. 5-bet). Umuman murakkab ilmiy atamalarni ularning mohiyatini ifodalamaydigan tarjimalar bilan almashtirmasdan, birinchi marta qo’llanilganida izohlagan holda, keyinchalik aslini qo’llash maqsadga muvofiq.
№9 - «Jiddiylik va auditorlik riski» nomli AFMS ga muvofiq: Auditorlik riski – bu auditorlik tekshiruvi natijalari bo’yicha auditorlar tomonidan sub’ektiv aniqla-nadigan, moliyaviy hisobotda, uning ishonchliligi tasdiq-langanidan so’ng xatolar mavjudligini tan olish yoki moliyaviy hisobotda bunday kamchiliklar haqiqatan ham yo’q bo’lgan-da, unda kamchiliklar mavjud deb tan olinish ehtimolidir.
Faraz qilaylik, agar auditor salbiy xulosa bersa yoki xulosa berishdan voz kechsa o’zini xavf-xatar ostiga qo’ymas-ligi mumkin. Ammo bu noto’g’ri fikr, chunonchi, auditor uchun bu holda mijozlarini yo’qotish xavfi vujudga keladi. Bundan tashqari, auditor har qanday, hatto, mijoz-korxona moliyaviy hisobotini to’liq tasdiqlaydigan xulosa berganida ham, u shartnoma majburiyatlari bilan bog’liq xavf-xatarni o’z zimmasiga oladi. Auditorlik faoliyatida uchraydigan bunday xavf-xatarlar yigindisini keyinchalik auditorlik risklarning maqbul to’plami deb atash mumkin.
Ma’lumki, har qanday malakali va puxta o’tkazilgan auditorlik tekshiruvi ham auditorlik riskini to’liq bartaraf eta olmaydi. SHuning uchun auditorlik amaliyotida uning ( auditorlik riskining) maqbul chegarasi 5% deb qabul qilingan. YA’ni, auditorlik tashkiloti tomonidan berilgan yuzta auditorlik xulosasidan beshtasi munozarali masalalar bo’yicha noto’g’ri xulosalar bo’lishi mumkin. Bunday risk ya’ni, 5% miqdorda noto’g’ri xulosa berish ehtimoli auditorlik tashkiloti uchun jiddiy hisoblanmaydi va uning raqobatbardoshligini pasaytirmaydi. Aksincha, bu ko’rsatkich (5%)ni yanada pasaytirishga urinish behuda kuch va mablag’ sarflashga olib keladi hamda raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Umuman auditorlik riskining maqbul to’plamiga quyidagi shart-sharoitlar asosiy ta’sirini ko’rsatadi.
1. Mijoz-korxona faoliyati(biznesi)ning ko’lami. Mijoz-korxonada sodir bo’ladigan xo’jalik muomalalarining miqdori qanchalik ko’p bo’lsa, auditorlik riski shunchalik yuqori bo’ladi va uning moliyaviy hisobotidan shuncha kengroq hajmda foydalanish zarur bo’ladi. Auditorlik risk darajasini aniqlashda moliyaviy hisobot ma’lumotlaridan foydalanuvchilarning fikrlari asos bo’lib hisoblanadi. Masalan, agar aktsiyadorlik jamiyati qo’shimcha aktsiya chiqarishni rejalishtirmagan bo’lsa, u holda faqat haqiqiy aktsiyadorlar fikri inobatga olinadi. Agar qo’shimcha aktsiya chiqariladigan bo’lsa, aktsiyalarga obuna bo’luvchilar fikrlari ham inobatga olinadi. YAngi aktsiyadorlarni asosan yuqori dividendlar va ijobiy auditorlik xulosasi bilan jalb qilish mumkin.
2. Mulkchilikning tashkiliy-huquqiy shakllari ham auditorlik risklarning maqbul to’plamiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Masalan, ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy hisobotlari yopiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlarinikiga qaraganda aktsiyadorlarining ishonchini ko’proq qozonganligi bois, auditorlik riskini pasaytirishi mumkin. Bu ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlarida har xil mulkdorlar mavjudligi bilan izohlanadi. SHuningdek, aktsiyadorlarning manfaatlari har doim ham bir-birinikiga mos kelavermaydi va shuning uchun ham ular bir-birlarini nazorat qilib turadilar.
3. Kreditorlik qarzlarining miqdori va tavsifi. Mijoz-tashkilot kreditorlari qanchalik yirik korxonalardan iborat bo’lsa, demak, uning moliyaviy hisobotiga ishonch shuncha yuqori ekanligi va uni tekshirish bilan bog’liq tavakkalchilik xatari shunchalik past bo’ladi.
Auditorlik riskiga boshqa shart-sharoitlar ham ta’sir ko’rsatadi. Jumladan: mutaxasislarning buxgalteriya hisobini bilishi, auditorlik tekshiruviga umumiy yondashuv, me’yoriy-huquqiy tizimdagi o’zgarishlar, hisobning kompyuterlashtirilganlik darajasi, mijoz-korxonadagi ichki nazorat tizimining ishonchliligi, rahbarlar almashinishi va ularning shaxsiy fazilatlari, olingan natijalarni baholash va ularning to’liqligi, mazkur tashkilot faoliyatiga xos bo’lmagan muomalalar miqdori va sh. k.
Demak, auditorlik risklarning maqbul to’plami deganda, o’tkazilgan auditorlik tekshiruvlari natijasida yanglish mulohazaga kelish va natijada, noto’g’ri auditorlik xulosasi tuzish ehtimoli(xavfi) tushuniladi.
|
| |