Ob-havo, uni kuzatish muddatlari va tartibi.
Ob- havo deb, ma’lum bir territoriyaning atmosferasida muayyan vaqt davomida kuzatiladigan fizikaviy jarayonlar yig’indisiga aytiladi. Masalan, sutka davomida shamol bo’lishi, yog’in yog’ish, havo temperaturasining ko’tarilishi yoki pasayishi, bu sutkalik ob-havoni belgilaydi. Ob-havo sutkalik, haftalik va oylik bo’lishi mumkin.
Hozirgi vaqtda fan va texnikaning intensiv rivojlanib borishi atmosferada yuz beradigan hodisalarni aniqroq o’rganishga imkon bermoqda. Sovet Ittifoqida meteorologik va gidrologik kuzatish va o’lchov ishlari SSSR Davlat gidrometeorologiya komiteti tomonidan, Respublikamizda esa O’zbekiston Respublika Gidrometeorologiya boshqarmasi (uzgidromet) tomonidan olib borilmoqda. Meteorologik kuzatish ishlari gidrometeorologik stantsiya va postlarda olib boriladi.
Meteorologik stantsiya va postlar ishni olib borish jihatidan bir-biridan farq qiladi. Meteorologik stantsiyalarda ob-havoni kuzatish to’liq programmada olib borilishi bilan birga bu yerda o’zi yozar avtomatik asboblardan ham foydalaniladi. Meteorologik postlarda esa kuzatish ishlari qisqartirilgan programmada olib boriladi va tuproq namligi o’lchanmaydi.
Stantsiya va postlar bajaradigan vazifasining hajmi, o’rnatilgan maxsus o’lchov asboblarining soni va ahamiyatiga qarab I, II, III razryadli bo’ladi. Stantsiya va postlarda meteorologik kuzatish va o’lchov ishlari sutka davomida 8 marta soat 0, 3, 6, 9, 12, 15, 18 va 21 da olib oriladi. Mana shu muddatlarda stantsiyalarda ko’rish uzoqligi, atmosfera hodisalari, bulutlik, havoning va tuproqning temperaturasi va namligi o’lchanadi. Qish faslida esa har kuni joyning mahalliy vaqti bilan sutkasiga 2 marta ertalab soat 8 va kechqurun soat 20 da qor qoplamining qalinligi o’lchanadi. Shuningdek yoqqan yog’inning miqdori va tuproq yuzasining holati kuzatib boriladi. To’g’ri va tarqoq radiatsiyaning intensivligi va radiatsiya balansi mahsus aktinometrik asbob yordamida sutkada olti marta: soat 030, 630, 930, 1230, 1530 va 1830 larda aniqlanib boriladi. Bulardan tashqari yuqoridagi o’lchov ishlarida ma’lumotlarni o’zi avtomatik tarzda yozib boruvchi asboblardan ham foydalaniladi.
Atmosfera hodisalari va ob-havoning o’zgarib turishi meteorologik stantsiyalarda sutka davomida kuzatib boriladi. Olingan ma’lumotlar radio, telefon va telegraf orqali respublika gidrometeorologiya markaziga yuboriladi. Bu yerda hamma stantsiyalardan olingan ma’lumotlar umumlashtirilib, ob-havo prognoza tuziladi.
Meteorologik stantsiyalarda ob-havo elementlari quyidagi tartibda maxsus o’lchov asboblari yordamida kuzatiladi va o’lchanadi.
Havo temperaturasi har xil tipdagi termometrlar va termograf bilan, yer yuzidan 2 m balandda o’lchanadi va selsiy bilan ifodalanadi.
Havoning absolyut va nisbiy namligi psixrometr, gigrometr va gigrograf bilan o’lchanadi, absolyut namlik g/m3, nisbiy namlik esa % hisobida ifodalanadi.
Yog’inlar yog’in o’lchagich, yomg’ir o’lchagich va qop o’lchagich bilan aniqlanadi odatda yomg’ir mm hisobida, qor qoplami esa qor o’lchagich reykasi yordamida ( sm ) hisobida o’lchanadi. Bunda yomg’ir sutkada ikki marta, qor qoplami esa bir marta, qorning zichligi esa 5 sutkada bir marta o’lchab boriladi.
Quyosh nurining yerga tushish davomiyligi geliograf bilan, quyosh radiatsiyasining intensivligi aktinometr bilan o’lchanadi.
Atmosfera bosimi simob ustunli barometr va barograf bilan mm yoki mb hisobida o’lchanadi.
Shamolning yo’nalishi va tezligi flyuger va anemometr yordamida m/sek va ayrim hollarda km/soat hisobida yer yuzidan 10-12 m balandda o’lchanadi.
|