Asosiy meteorologik elementlar.
Atmosferaning fizikaviy holatini belgilovchi hodisalarni meteorologik elementlar deyiladi. Asosiy meteorologik elementlarga quyosh radiatsiyasi, havo temperaturasi va namligi, tuproq temperaturasi, atmosfera bosimi, shamolning yo’nalishi va tezligi, atmosfera yog’inlari, bulutlik, tumanlar, bug’lanish va boshqalar kiradi.
1.2. Quyosh radiatsiyasi va uni o’lchash.
Atmosferada ro’y beradigan hamma hodisalar quyosh radiatsiyasi ta’sirida yuz beradi. Yorug’lik va issiqlik xususiyatiga ega bo’lgan quyosh nuriga quyosh radiatsiyasi deyiladi. Quyosh radiatsiyasi tuproqni isitadi, o’simlik va hayvonot dunyosi uchun zarur bo’lgan issiqlik va yorug’likni beradi. Yer yuzasining har 1 sm2 yuzasi o’rta hisobda bir yilda quyoshdan 250 katta kaloriya ( kkal ) issiqlik oladi. Shu miqdorning 44% i yoki 111 kkal energiya yer yuzasida, 15%i yoki 39 kkal energiya esa havo tomonidan yutiladi. Qolgan 41% energiya yer yuzasi va atmosferadan aks etib, olam bo’shlig’iga qaytib ketadi.Yer va atmosfera quyoshdan kelayotgan radiatsiyaning 60% ni yutib qolishiga qaramasdan, yer va atmosferaning o’rtacha yillik temperaturasi yildan yilga deyarli o’zgarmaydi. Chunki yer va atmosfera quyoshdan qancha energiya olsa, shuncha energiyani koinotga qaytaradi, ya’ni issiqlik muvozanati sodir bo’lib turadi.
Yer yuzasining quyoshdan kelayotgan issiqlikni ko’p yoki kam olishi yil fasllariga, kunning vaqtiga va territoriyaning landshaftiga bog’liq. Quyosh radiatsiyasi tik tushgan yuzalar eng ko’p issiqlik oladi. Yer yuzasi gorizontal bo’lgan joylar kunning qoq o’rtasida ko’p, ertalab va kechqurun kam issiqlik oladi. Yer yuzasiga tushadigan issiqlik miqdori joyning geografik kengligiga bog’liq. Yuqori kengliklar yer yuzasi quyi kengliklarga nisbatan kamroq issiqlik oladi. chunki quyosh radiatsiyasi yuqori kengliklarga qiyaroq, quyi kengliklarga esa tikroq tushadi.
Quyosh nurlari yer yuzasiga etib kelguncha atmosferani bosib o’tadi. Bunda radiatsiyaning bir qismi atmosferaning yuqori chegarasida gaz molekulalariga urilib, koinotga qaytadi, bir qismi esa suv bug’lari va chang zarralari tomonidan yutiladi, qolgan qismi miqdori va spektral tarkibi o’zgargan holda yer yuzasiga etib keladi. Atmosferaning yuqori chegarasida har 1 sm2 yuzaga bir minutda etib kelgan radiatsiya miqdori quyosh doimiyligi deyiladi. Quyosh doimiyligi taxminan 2 kal/sm2 minutga yoki 1,38 kVt/m2 ga teng. Ya’ni atmosferaning yuqori qatlamiga kelayotgan quyosh energiyasi o’rta hisobda minutiga 1 sm3 suvni 2° ga isitish quvvatiga ega.
Quyosh radiadiyasi to’g’ri va tarqoq radiatsiyaga bo’linadi, ularning yig’indisi yalpi radiatsiya deyiladi. Havo qanchalik toza bo’lsa, to’g’ri radiatsiya shunchalik ko’p bo’ladi. Tarqoq radiatsiya esa bulutli kunlarda ko’p bo’ladi. Odatda quyoshga teskari qurilgan uylar tarqoq radiatsiya hisobiga yorug’ bo’ladi. To’g’ri quyosh radiatsiyasining miqdori va uning yer yuzida taqsimlanishi atmosferaning tiniqligiga bog’liqdir. Atmosferaning tiniqlik koeffitsienti 0,70 dan 0,85 gacha ortishi bilan to’g’ri radiatsiyaning miqdori 400 kenglikda 40% ga, 70° kenglikda esa 55% ga ko’payadi. Quyoshdan kelayotgan to’g’ri radiatsiyaning miqdori yiliga ekvatorda 82 kkal/sm2ni tashkil etsa, 60° kenglikda esa 41 kkal/sm2 ga teng bo’ladi. Bulutlik kam bo’lgani uchun har ikkala yarimsharda ham 20° kengliklarda (cho’l zonasida) yillik to’g’ri radiatsiya 100 kkal/sm2 ga tengdir.
|