3. Mumtoz lirik janrlar shakli, vazni va ohangida satrlar bitish. Muhammad Ali «Mashrab»dostonida Mashrab she’rlari ohangida satrlar bitgan:
Quyosh og`di mag`rib tomon,
Salqin kelmoqda, mana,
Oh, yuragim urdi yomon,
To’lmadimi paymona?..
Chiqib ketdim uyga sig`may,
Tun ichida olamim.
Kimlarni ham endi eslay ...
Yo’q eslovchi odamim [116,231]
E’tibor berilsa, asar qahramoni Mashrabning kechinmalari ifoda etilgan bu misralar mustazod kabi qofiyalantirilgan, ya’ni unda qofiya asosiy misralarda emas, qo’shimcha satrlarda uchraydi.
I.Otamurodning «Tag`azzul»dostonida tuyuq janridagi kabi she’riy parchaning birinchi, ikkinchi va to’rtinchi misrasida bir xil shakldagi uchta mustaqil ma’noli so’zlarni qofiya qilib keltirish holati kuzatiladi:
Naylayin, oh, be choraman,
Bor-yo’g`i zor, bechora man.
Avvval, oxir be chora man,
Avval oxir...[140]
Uch xil ma’noda va shaklda qo’llanayotgan «bechora» so’zi birinchi misrada «chorasizman», ikkinchisida «kambag`alman», uchinchisida bechora (sen emas, balki) menman degan ma’nolarda qo’llanib, so’z o’yinini keltirib chiqarmoqda. Shu so’z o’yini orqali lirik qahramonning oshiqona iztiroblari kuchli ifoda etilmoqda.
Cho’lpon Ergash dostonlari badiiy strukturasida ham yuqorida tilga olingan jihatlar kuzatiladi. Shoir asar strukturasiga rivoyatlar, xalq qo’shiqlarini olib kirganligi kuzatiladi.
Xullas, Cho’lpon Ergashning dostonchilikdagi ijodiy izlanishlari natijasida XX asr ikkinchi yarmi o’zbek dostonchiligida ramziy obrazlarning o’ziga xos tizimi vujudga keldi. Ular mazkur obrazlar vositasida ma’naviy-ruhiy hayot manzaralarini: turli fojeiy holatlarni, axloqiy o’pirilishlarni jonli ifodalashga erishdilar.
XULOSA
XX asrning ikkinchi yarmi o’zbek dostonchiligida jamiyat taraqqiyotida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar, ayniqsa, xalqimizning mustaqillik haqidagi orzu-o’ylari aks ettirildi. O`tgan asrning 60-70 yillarida doston janri jadal rivojlandi. O’zbek dostonnavislari qatoriga yangi-yangi nomlar qo’shildi. Aytish mumkinki, Cho’lpon Ergash ana shu yangi nomlardandir. U o’zbek dostonchiligiga yoniq bir ruh va ovoz bilan kirib keldi.
Cho’lpon Ergashning badiiy izlanishlarida liro-epik asarlar muhim o’rin tutadi. Uning yigirma dostondan iborat “Rahmon vos-vos” turkumi adabiy madaniy hayotimizda katta voqea bo’ldi. Shoir bu asar bilan turkum dostonlar yozish an’anasini boshlab berdi. Bu asarlarni yozish o’tgan asrning 70-yillarida boshlanib, 90-yillarda o’z nihoyasiga yetkazildi. “Shaytonning boshidan kechirganlari”, “Tangri vasiyati”, “Qiyomat”, “Ajinalar o’yini”, “Osmondan tushgan odam”, “Rahmonning qaytishi”, “Ra’noning savdosi”, “Jinnixonadagi tushlar”, “Bezovta ruhlar” singari turkumdagi dostonlar majozlar, timsollar asosida qurilgan. Shoir ana shu majoz va timsollar orqali jamiyatda kechgan turli norasoliklar, ma’naviy o’pirilishlar, insonning qadr qimmati maslalalarini badiiy ifodalashga erishdi. Yana “Sehrli qo’g`irchoq”, “Zar kokilli bog`ijahon afsonasi”, “Nomus va muhabbat”, “Hasharchilar”, “Umrdan lavhalar” singari liro-epik asarlari ham dostonchiligimiz tarixida o’ziga xos o’ringa ega.
Cho’lpon Ergash tabiatan tikso’z shoir edi. Hurriyat hamisha Cho’lpon Ergash uchun eng sevimli mavzu bo’lib keldi. U inson erkini, ayniqsa millat erkini hamma narsadan ustun qo’ydi. Uning uchun fikr erkinligi – millat erkinligi, millat hurriyati – fikr hurriyati edi. Erkinlik tushunchasini u ijodida juda keng ma’noda qo’lladi va talqin etdi. Milliy mustaqillik deganda u nafaqat hududiy, siyosiy, iqtisodiy mustaqillikni, balki nafsga qullikdan, shaxsiy manfaatga qaramlikdan, huzur-halovatga mutelikdan qutulishni ham tushundi. Cho’lpon Ergash uchun Vatan va Millat tushunchasi egizak edi. U milliy or-nomusni g`oyat baland tutguvchi shoir bo’lib tug`ildi va umrining oxirigacha o’z e’tiqodida sobit qoldi. Uning she’rlarida millatni uyg`otish, uni mustaqillik uchun kurashga da’vat etish bilan birga bir vaqtlar dunyo ilm-fani, riyoziyoti, falakiyoti, adabiyoti, tibbiyoti, me’morlik san’ati taraqqiyotiga beqiyos ulush qo’shgan, biroq so’nggi asrlarda zalolatga botgan, milliy tutqunlikka giriftor etilgan millatning fojiali ahvoli haqidagi majoziy o’ylar, iztiroblar ham o’z ifodasini topdi.
Uning dostonlari sobiq tuzum davrida yaratilgan. Biroq tuzumdagi qarshiliklar, turli tazyiqlar tufayli bu asar nashr etilmadi. Faqat mustaqillik shabadalari esa boshlagan o’tgan asrning 90 yillaridan boshlab uning asarlari nashr yuzini ko’rdi. Sobiq tuzum davridagi norasoliklar ramziy usulda aks ettirilgan dostonlari ketma ket “Sharq yulduzi” jurnalida bosildi.
Shoir dostonlari kompozistiyasi va mazmuniga ko’ra o’ziga xosdir. Avvalo, bu asarlar dramatik asarlar tuzilishini eslatadi. Ya’ni asar qahramonlarning she’riy dialoglari va monologlaridan tashkil topgan. Shu bilan birga voqelik yuz beradigan makon va zamon haqida shoir dramatik asarlardagi remarka usulida ma’lumot beradi. Shoirning XX asr o’zbek dostonchiligidagi yangiligi shundan iboratki, u xayoliy kechmish doston yaratdi. Msa’lumki, zamonaviy adabiyotimiz tongida xayoliy (A.Qodiriyning “Jinlar bazmi” hikoyasini eslash kifoya) hikoyalar yaratilgan edi. “Din xalq uchun afyundir” degan bema’ni aqida xalq ongiga singdirilib, dindan uzoqlashtirlgan davrda Cho’lpon Ergash insonnin dinu e’tiqodga chorlovchi asarlar yozdi. Uning erkka tashna qalbida mustaqillikka ishonch ruhi barq urdi. Ko’p adabiyotshunoslar o’rinli ta’kidlaganidek, Cho’lpon Ergash ijodda jadid ijodkorlariga ergashishga intildi.
Ma’lumki, shayton obrazini yaratish ham XX asr tongi adabiyotida yuz ko’rsatdi. Shoirning o’ziga xosligi shundaki, shaytonni turli qiyofalarda ko’rsatar ekan, xalqona va diniy qarashlardan kelib chiqib bu obrazga yondashdi. Hamma davrlarda shayton inson hayotiga qutqu solib kelgan. Biroq insondagi iroda kuchi, ezgulik sari intilish uni bunday qutqudan asraydi. Shoir dostonlari mazmunidan kelib chiqadigan xulosa ham aslida shudir.
Umuman olganda, sobiq tuzum davrida jamiyatda ro’y bergan ahloqiy ma’naviy buzilishlar, yoshlar tarbiyasiga xos jihatlar, dunyoqarashdagi parokandalik, kishilar ruhiyatidagi o’zgarishlar badiiy aks ettirildi. Shoir ko’z o’ngimizda sodir bo’lib turgan voqealarga shu yo’l munosabat bildirdi. Bunda shoir ramziy obrazlardan unumli foydalandi. Cho’lpon Ergash dostonlapri shu ma’noda zamonaviy o’zbek adabiyotining o’ziga xos sahifasi bo’lib qoladi.
|