II.3. SHOIR DOSTONLARINING BADIIY OLAMI




Download 160,96 Kb.
bet11/18
Sana23.07.2021
Hajmi160,96 Kb.
#15893
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   18
II.3. SHOIR DOSTONLARINING BADIIY OLAMI
Badiiy asar tili haqida gapirganda uning yana bir jihati - differensatsiyalanganligiga (ya’ni, farqlangan) alohida to`xtalish zarur. Albatta, biz "badiiy asar tili" deganimiz holda, aslida gap badiiy nutq haqida borayotgani ma`lum, Chunki til unsurlari ma`lum kontekstni hosil qilgach nutq hodisasiga aylanadi. Badiiy nutqning farqlanganligi Shuki, unda muallif nutqi va qahramonlar nutqi ajratiladi. Ta`kidlash kerakki, mazkur farqlanish asosan epik va liro-epik xarakterdagi asarlarga xosdir. Bu xil asarlarda voqea, voqea kechayotgan joy yoki sharoit tasviri, qahramonlarga berilayotgan ta`rif, muallifning fikr-mulohazalari kabilar bevosita muallif tilidan beriladi. Muallif obrazi asarda tasvirlangan badiiy voqelikni yaxlitlashtiruvchi sub`ektiv asos bo`lganidek, avtor nutqi asarning moddiy tarafini yaxlitlashtiruvchi unsurdir. Muallif nutqi vositasida asar qismlari, voqealar, tafsilotlar yaxlit bir organizmga - badiiy matnga birikadi. Muallif nutqi grammatik jihatdan adabiy til normalariga yaqinlashadi, biroq uning adabiy til normalariga to`la muvofiq bo`lishini talab qilishlik xato bo`lur edi. Zero, yozuvchi milliy til imkoniyatlarini kengaytirishga, o`zining his-kechinmalarini, o`y-hislarini imkon qadar yorqin ifodalashga intilarkan adabiy til normalaridan chekinishi mumkin. Va ayni Shu chekinishlar vaqti kelib adabiy til normasiga aylanishi mumkinligi ham ehtimoldan yiroq emas.

Personajlar nutqini individuallashtirish zarurati badiiy asar tilidagi differensatsiyalanganlikni yanada orttiradi. Chunki asardagi har bir personajning nutqi uning xarakter xususiyatlariga, dunyoqarashi, muhiti, ma`naviy qiyofasi, madaniy-ma`rifiy darajasi kabi jihatlarga muvofiq bo`lishi lozim. Sababki, epik va dramatik asarlarda qahramon xarakterini yaratishning asosiy vositalaridan biri personaj nutqi sanaladi.

Badiiy nutq ikki shaklda: sochma(nasr) va tizma(nazm) shakllarda mavjuddir. Nasriy nutq tuzilishi jihatidan kundalik muloqot tiliga o`xshash bo`lsa, she`riy nutq muayyan bir o`lchovga solingan, hissiy to`yintirilgan nutq sanaladi. Nasriy nutq epik va dramatik asarlarning asosiy nutq shakli hisoblanadi. Shu bilan birga, she`riy yo`lda ham epik va dramatik asarlar yaratilishi mumkinligini unutmaslik kerak. SHe`riy nutq esa lirik asarlarning asosiy nutq shaklidir. Badiiy nutq shakllari haqida gapirganda, uning yana monologik va dialogik shakllari ham farqlanadi. Monologik nutq shakli bir odam tilidan aytilayotgan nutqni bildirsa, dialogik nutq shakli suhbat-muloqot chog’idagi bir necha kishining nutqini anglatadi. Lirik asarlarda monologik nutq, dramatik asarlarda dialogik nutq etakchilik qilsa, epik asarlarda ularning har ikkisi ham keng o`rin tutadi. Bunda muallif

nutqi asosan monologik shaklda bo`lsa, personajlar nutqi dialogik shakldadir.

Nihoyat, navbatdagi masala - "badiiy til", "adabiy til" va "milliy til" munosabati. Ma`lumki, umumxalq tili (milliy til) deganda o`zbek tilida so`zlaShuvchilarning barchasi - yashash xududi, ijtimoiy tabaqaga mansubligi, mashg’ulot turi va h. qat`iy nazar foydalanadigan til tuShuniladi. Adabiy til deganda esa umumxalq tilining grammatik, imloviy va orfoepik jihatlardan me`yorlashtirilgan shaklini tuShunamiz. Badiiy til umumxalq tili bazasida shakllanadi va qisman adabiy til me`yorlariga yaqinlashadi. Shu bilan birga, badiiy til adabiy til me`yorlaridan o`rni bilan chekinadi(mas., shevaga xos unsurlarning ishlatilishi). Badiiy til o`zida milliy adabiyotimizda uzoq davrlardan beri shakllanib kelgan an`analarning davomchisi sanaladi va shu bois ham unda uning o`zigagina xos bo`lgan unsurlar (an`anaviy sifatlashlar, ramz va majozlar, o`xshatishlar va h.) majmui ham mavjuddir

Cho’lpon Ergashning «Rahmon vos-vos» turkum dostonida bosh obraz Rahmon xarakterini yorqin ochib berish maqsadida bir qator ramziy-mifologik obrazlar asarga kiritilgan. Bular jumlasiga alvastilar, jinlar, pari (pariy)lar kiradi. Binobarin, dostonda alvasti nafs, parilar ayshu ishrat, jinlar esa tamagirlik timsolida gavdalantirilganligi kuzatiladi. Qolaversa, ular tuhmat, riyo, g`iybat, rishvat bilan insonlar hayotini zaharlamoqchi bo’lgan kishilar obrazini ifoda etadi.

Turkumning bosh obrazi Rahmon deb nomlanishi bejiz emas. Xalqning diniy e’tiqodiga ko’ra, insonning bir elkasida Rahmon, bir elkasida Shayton o’tiradi, degan qarash bor. Shundan bo’lsa kerak, «...shaytoniy alomatlar odam botinidan turfa sadolar berib, yashashda davom etayotganligini bildirib turadi»[56]. Zero, ular insonlar xarakterida vaqti-vaqti bilan namoyon bo’lib, turli fojiaviy holatlarga sababchi bo’lishadi. Natijada axloqiy hayotda izdan chiqishlar yuz beradi. Asarning bosh g`oyaviy-badiiy konstepstiyasi aynan shu jihatlarni badiiy tahlil etishga qaratilgan.

Turkumdan o’rin olgan «Ko’zgudagi qiz»dostonida bugunning turfa qiyofa va xarakterdagi insonlari: Dalli kampir, Qodir mo’ylov, yosh juvon, o’rta yosh ayol kabilar alvasti, jin, pari, shayton singari mifologik timsollarda bo’y ko’rsatadi. Shoir bunday tasvir usuli orqali o’zi yashab turgan muhitdagi axloqiy tanazzul ildizlarini, turli ma’naviy buzilishlarni, kishilar orasidagi munosabatlarni ochib berishga intilgan. Bunda shoirga ramziy usul nihoyatda qo’l kelgan. Binobarin, Dalli kampir Rahmonning buvisi qiyofasida unga nopok yo’ldan yurishni, axloqsizlikni targ`ib etib, noto’g`ri «o’git» beradi:

Dalli kampir

Pokligingdan ammo kimga naf

Halol-harom qoldimi hozir

To’g`ri odam cho’ntagi to’mpayib turmas... [73]

Yoxud alvasti qiyofasidagi amakisi Qodir mo’ylov ham Rahmonga engil-elpi yashashni targ`ib etadi:

Dev, parilar etagin ushlagin mahkam.

Hammaga ham ko’rinmas Shayton,

Bir marta keladi yigitga omad,

Fursat kepti o’ynab kulib qol, deydi.

Dalli kampir, Qodir mo’ylov Rahmonni o’z izmlariga sololmaganlaridan keyin Yosh juvon va O’rta yosh ayol uning yonidan atayin o’tib, o’zlariga qaratmoqchi bo’lishadi. Biroq Rahmon o’z e’tiqodi, hayotga qarashlarida mustahkam, irodali shaxs bo’lgani tufayli bunday shaytoniy kuchlar qutqusiga berilmaydi. Chunki qalbi sevgilisi Ra’noga nisbatan pok muhabbat bilan to’liq Rahmonni shayton qiyofasidagi kimsalar yo’ldan sira ozdirisholmaydi. Aslida shoir yaratgan bunday ramziy timsollar odamlar orasida uchraydigan ayrim kishilarga kinoyaviy ishoradir. Ular o’z maqsadlarini amalga oshirish yo’lida har qanday axloqsizlikdan toyishmaydi. Asar mazmun-mohiyatiga ana shu fikrlar singdirilgan.

«Ra’noning savdosi»dostonida jinlar, pariylar dastlab oshiq-ma’shuq yigit-qizlar, o’rta yosh erkak va ayol qiyofasida ko’rinishadi va Rahmonning ko’z oldida turli qiliqlar qilib, uni axloqsizlikka etaklashga urinishadi. Asarda yana Rahmonning sinfdoshi Soli buzuq fe’li tufayli shayton qiyofasida tasvirlanadi. Aslida Rahmon bilgan Soli «halol, tortinchoq, qiz boladay muloyim» yigit edi. Biroq u engiltabiat ayolga yo’liqqach, shayton nusxasiga aylanadi.

XX asr o’zbek dostonchiligi kompozistiyasiga xos muhim jihatlar bor. Shulardan biri – turli lirik janrlardan foydalanishda ko’zga tashlanadi. Sh.Hasanovning yozishicha, «Dostonni turli lirik janrlar (g`azal, masnaviy, ruboiy, tuyuq, fard, qasida va hokazo) bilan ziynatlash, bir mavzu doirasidan har xil lirik lavhalar yaratish an’analarining kuchayib borayotganligi zamonaviy dostonlarda lirik qurilishning mavqeini oshirmoqda»(24). Davr dostonchiligida mazkur jarayon bir necha ko’rinishda namoyon bo’lmoqda:



  1. Lirik qahramon kechinmalarini jonli va ta’sirchan ifodalash maqsadida mumtoz shoirlarning turli lirik janrdagi she’rlarini: ruboiy, g`azal, badiiy parchalarni doston badiiy strukturasiga aynan olib kirish. Masalan, «Mashrab»dostonida Boborahim Mashrabning g`azallaridan keltirish orqali asar voqealarining haqqoniyligi kuchaytirilgan. Dostonda shoir Ofoqxo’ja dargohini tark etib, sahrolar osha bir qishloqqa etib kelar ekan, bu erda qalandar Xoltoydan o’zining «Yorg`a etar kun bormu, yoronlar» g`azalini eshitib, huzurlanishi tasvirlangan. Asarga Mashrab g`azalining to’laligicha olib kirilishi orqali shoir she’riyatining xalq orasida keng tarqalganligiga, mazmunan qalandarlik yo’nalishida bitilganligiga ham ishora qilinmoqda.

I.To’lakovning «So’nggi kecha»dostonida Boburning bir necha ruboiysi keltirilgan:

Jismimda isitma kunda mahkum bo’ladur,

Ko’zdin uchadur uyqu chu oqsham bo’ladur.

Har ikkalasi g`amim bila sabrimdek

Borg`on sari bu ortadur ul kam bo’ladur»[119].

Shoir Boburning bemor lahzalarini ishonarli tasvir etish maqsadida uning shu mazmundagi ruboiysini aynan asarga olib kirib, dostonning tarixiyligini va real zaminini kuchaytirishga muvaffaq bo’lgan.

Shu dostonning yana bir o’rnida quyidagi ruboiy keltirilgan:

«Ne xush meni xushlaru ne begona,

Ne g`ayr rizo mendinu ne jonona.

Har nechaki yaxshiliqta qilsam afsun,

Xalq ichra yomonliq bila men afsona»[120].

Dostonda lirik qahramon – Boburning o’z tilidan keltirilayotgan bu ruboiy orqali shoirning ruhiy holati, ichki kechinmalari yorqin ochib berilmoqdaki, ular vositasida kitobxon shoh va shoir Boburni, avvalo, inson sifatida qabul qilib, uning ko’ngil dardlariga sheriklik qiladi. Yana bir muhim jihati shuki, bu kabi ruboiylarning doston badiiy qurilishiga singdirilishi asarning janriy tabiatiga xos bo’lgan liro-dramatik tasvir holatini ta’minlashga xizmat qiladi.

E.Samandarning «Erk sadolari»dostonida Avaz O’tar she’rlaridan namunalar uchraydi. Jumladan, dostonning «Ko’rinish» qismida Avaz va uning otasi O’tar bobo dialogi berilgan. Shu dialog tarkibida Avazning nutqi sifatida uning g`azallaridan olingan parchalar keltirilgan:

Biling, ushbu zamon g`amnokidurman,

Kuyib o’rtanmish elning xokidurman,

Avazkim, nazm elin cholokidurman,

Boshin olmoqqa xonning pokidurman...[33]

O’g`lini isyonkorona yo’ldan qaytarib, g`alamis kimsalardan qutqarishga uringan O’tar bobo chaqiriqlariga javoban aytilgan bu mardona she’riy nutq orqali Avaz shoirning o’z siyosiy qarashlarida qat’iy va sobit, erk va hurriyat uchun fidoyi bo’lganligi bildiriladi.

Umuman olganda, dostonda Avaz O’tar she’rlaridan parcha keltirish orqali, bir tomondan, asarning ishonarliligi, lirik ruhi ta’minlansa, ikkinchi tomondan, shoirning insoniy va ijodkorlik qiyofasi yorqin chizgilarda aks etirilgan.

2. Mumtoz lirik janrlarga naziralar bog`lash. Shoir T.Nizom «Cho’lpon»dostonining boshlanish va tugallanish qismida Abdulhamid Cho’lponning «Muhabbat osmonida go’zal Cho’lpon edim, do’stlar» misrasiga tazmin bog`lagan bo’lsa, «Girya»dostonida shoir Navoiyning «Rozi ermasmen ko’ngul chokini payvand etsangiz», Boburning «Qaro zulfing firoqida parishon ro’zg`orim bor», Fuzuliyning «Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor o’landin so’r», Mashrabning «G`am biyobonida qoldim, yig`ladim ko’p, yor deb»matlalari bilan boshlanuvchi g`azallariga xuddi o’sha bayt vazni, qofiyasiga mos muxammaslar bog`langan. Shu yo’l bilan dostonda lirik tasvir kuchaytirilgan. Qahramonlarning ayriliq va hijrondagi holati lirik ifoda etilgan.

«Majnuntol yig`isi»dostonida Mirtemirning «Ko’zim ko’zingga tushdi, men yonaman shekilli, Devonaman shekilli, to’lg`onaman shekilli» satrlari ustiga uchtadan misra, «Dunyodan xabar ol, olovli ko’ngil» misrasi ustiga to’rt satr, «O’zbekiston tonglarini bedor kutgan ko’zlarim, Tengsiz tonglar falsafasin tashna yutgan ko’zlarim» misralari ustiga to’rt satr qo’shib, muxammas bog`langan. Natijada shoir yaratgan lirik siymo Mirtemirning ijod dunyosini yorqin namoyon eta olgan.

Bir so’z bilan aytganda, bu holat o’zbek dostonchiligidagi o’ziga xos yangicha usul bo’lib, asarning nafaqat ohangdorlik jihatdan ta’sir kuchini oshirishga, balki uning lirik tabiatini jonlantirishga, badiiy qurilishini bezashga ham xizmat ko’rsatadi. Qolaversa, ayni jarayon shoirning mumtoz va zamonaviy she’riyatimizni yaxshi bilishidan, unga xos unsurlarni nozik anglashidan va samarali foydalana olishidan dalolat beradi. Bu kabi muxammaslar asar ruhiga shu darajada singib ketadiki, kitobxon ularni mustaqil asar sifatida emas, balki dostonning muhim bir bo’lagi tarzida anglaydi.




Download 160,96 Kb.
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   18




Download 160,96 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



II.3. SHOIR DOSTONLARINING BADIIY OLAMI

Download 160,96 Kb.