O’z bilgich bir ish qilolmasang,
Bir yoqqa erkin jilolmasang,
Topganing o’zing eyolmasang,
Ularday hasham kiyolmasang,
Bilganing dadil deyolmasang,
Yo oblo,
Odamning kichigi bo’lgandan
Kuchugi bo’lgan avlo!
Bo’lak qilib qo’ysin!.. –
deya eriga zarda qiladi.
G`ulomjon xotinini:
Chertib-chertib kiyganlari,
katta-katta eganlari,
polvon-polvon deganlari,
ularning obro’si – seniki,
sen esa – meniki…
Bo’lib katta xonadon
tug`ishganday jonajon
yashash o’zi – kattakon davlat! –
deb yupatmoqchi bo’ladi. Xotin esa:
– Yov bilan o’z tuqqaningizday,
Tuqqaningiz bilan esa – yot…
Kimdan kam o’z aka-ukangiz?
Biz kimdan kammiz?
Tug`ishganlar yana topishib,
bir tan bo’lib besh qo’l singari,
biriksaydi boshingiz,
bundan katta davlat yo’q edi!.. –
deya yozg`irishda davom etadi. Yuzaki qaraganda, oddiy oilaviy mashmashaga o’xshaydi. Ammo teranroq nazar tashlansa-chi?.. Bunda kosa tagidagi nim kosa borligi anglashiladi. Avvalo, ismlardagi pardani ko’tarib, Egamjonni xo’jayin, G`ulomjonni qul, tobe odam, tog`ani «og`a» deb tushunaylik. Endi og`aning «Mensiz qayoqdaydi bu turmush, madaniy yurish, oliy ma’lumot, ilmiy tadqiqot. Yurar eding ota-bobongga o’xshab» degan minnatli gaplariga diqqat qilaylik. Bu tarix kitoblarida, o’sha davr matbuotida juda ko’p uchratganimiz «Rossiyaga qo’shib (bosib emas!) olingunga qadar O’zbekiston aholisining to’qson to’qqiz foizi savodsiz, turmushi qashshoq, johil, madaniyatsiz edi», degan gaplarning o’zi emasmi?
Xotinning shikoyatini esa «Hamma yer osti, yer usti boyligimiz og`alarimiz tasarrufida. Ulardan ruxsatsiz biror ish qilolmaymiz, biror joyga borolmaymiz. O’z boyligimiz bo’lgan oltin, paxta, pilla, qorako’l teri, gaz va hokazolardan o’zimiz istagancha foydalana olmaymiz, so’z erkinligi yo’q, dardimizni, gapimizni ochiq, dadil aytolmaymiz, bunday yashash jonga tegdi. Ayting, o’z erkimizni o’zimizga qo’yib bersin. Mustaqil bo’laylik. Ular bizga do’st emas, lekin biz ularga tug`ishganimizday muomala qilamiz. Holbuki, o’z tug`ishganlarimizni – Turkiston xalqlarini begona deymiz. Axir biz ular bilan qon-qardoshmiz, aka-ukamiz, agar Markaziy Osiyodagi besh xalq – besh turkiy millat til topishib, birlashib, bir davlat bo’lib yashasa, bundan zo’r davlat bo’lmaydi!» deb «tarjima» qilsak, Cho’lpon Ergashning she’rga ko’chgan orzu-umidlari, o’q fikri ayon bo’ladi-qoladi: u mustamlakachilar panjasidan qutulaylik, mustaqil yashaylik, barcha turkiylar birlashaylik, yagona va qudratli Turkiston davlatini barpo etaylik, demoqda. Bu shu qadar go’zal, buyuk va qaltis istakni u 1977 yilda, kommunistik xuruj ayni avjida, qilich o’ynatib turgan pallada jasorat bilan ayta oldi.
Cho’lpon Ergashning, ayniqsa, “Orzuning og`ir kipriklari” to’plamiga kirgan “O’tmish o’yini” dostoni insoniyatning asriy orzu istaklari, armondari bo’lmish erk, ozodlik, mustaqillik, o’zligini topish, ona Vatan muqaddasligi, muhabbatning pokligi, baxtning butunligi, yurtning tinchligi haqida bahs yuritadi.
Cho’lpon Ergashning badiiy izlanishlarida liro-epik asarlar muhim o’rin tutadi. Uning yigirma dostondan iborat “Rahmon vos-vos” turkumi adabiy madaniy hayotimizda katta voqea bo’ldi. Shoir bu asar bilan turkum dostonlar yozish an’anasini boshlab berdi. Bu asarlarni yozish o’tgan asrning 70-yillarida boshlanib, 90-yillarda o’z nihoyasiga yetkazildi. “Shaytonning boshidan kechirganlari”, “Tangri vasiyati”, “Qiyomat”, “Ajinalar o’yini”, “Osmondan tushgan odam”, “Rahmonning qaytishi”, “Ra’noning savdosi”, “Jinnixonadagi tushlar”, “Bezovta ruhlar” singari turkumdagi dostonlar majozlar, timsollar asosida qurilgan. Shoir ana shu majoz va timsollar orqali jamiyatda kechgan turli norasoliklar, ma’naviy o’pirilishlar, insonning qadr qimmati maslalalarini badiiy ifodalashga erishdi. Yana “Sehrli qo’g`irchoq”, “Zar kokilli bog`ijahon afsonasi”, “Nomus va muhabbat”, “Hasharchilar”, “Umrdan lavhalar” singari liro-epik asarlari ham dostonchiligimiz tarixida o’ziga xos o’ringa ega.
|