II BOB. “Kecha” romanining poetikasi
2.1. Miryoqub va Zebi obrazlarining ruhiy – psixologik tahlili
Bizningcha, adib yurtdagi ma`naviy qash-shoqlanishni yuzaga keltirgan va uning hosilasi sifatida yanada biqiqlashgan muhitni "Kecha" deb baholaydi. Cho`lpon talqinidagi "Kecha"ning butun dahshati shundaki, u odamlarni ma`nan majruh etadi, ma`naviy tanazzulga yetaklaydi. О`sha muhit "besh-tо`rt tanob yerli" о`ziga tо`q, Xadichaxon bilan durustgina turmush kechirishi mumkin bо`lgan Akbaralini fahsh botqog`iga botirdi; yetti avlodi dehqonchilikdan non topib yegan Razzoq sо`fini tekinxо`r kimsayu munofiq dindorga aylantirdi; Poshshaxonu Sultonxondek bemalol bir uyni obod, bir yigitni baxtiyor qilishi mumkin bо`lgan guldek ayollarni zino kо`chasiga boshladi... Bularning ma`naviy qashshoqlanishi shu darajadaki, ular muhitni sog`lomlashtirish haqida umuman о`ylamaydilar, shu muhit doirasida о`z manfaatlarini kо`zlaydilar, xolos. Yurt boshida "benamoz raislar", imoni zaif imomlarning turishi raiyatga ta`sirsiz qolmagan: "odamlar namozga yurmay qо`yganlar". Millatning fojiasini Cho`lpon ayni shu e`tiqodsizlik (faqat diniy ma`noda emas)da kо`radi: odamlar na oxiratini obod qilishni va na foniy dunyodagi turmushlarini yaxshilashni о`ylashadi — bugunning tashvishi bilan yashashadi, xolos. Johiliyat davrlarini azaldan "zulumot" deb ta`riflangani kabi, Cho`lpon ham tariximizning shu bо`lagini "Kecha" deb ataydi. Bu zulumot qо`ynidan yorug`lik tomon intila boshlagan yagona odam —Miryoqub, shu ma`noda "Kunduz"ning tub ma`nosi ham shu qahramonga bog`liq holda konkretlashsa, ehtimol. Afsuski, bu fikrimiz taxmin maqomidan yuqori kо`tarilolmaydi. Sarlavhaning zohiriy ma`nosi esa "oq – qora" sxemasining ifodasiga xizmat qilgani holda tub ma`nolarni niqoblaydi.
Chinakam san`atkor sifatida esa Cho`lpon qahramonlarining insoniy fojiasini faqat ularning sinfiy mansubligidan kelib chiqibgina tushunish va tushuntirish bilan qanoatlana olmas, xarakterlar mohiyatiga chuqurroq kirib borishni istardi. Buning natijasi о`laroq, romandagi ayrim xarakterlar talqinida ichki ziddiyat kuzatiladi: adib Akbarali, Miryoqub, Razzoq sо`fi kabi "yot unsur"larga namoyishkorona salbiy munosabatda bо`ladi (zamona talabi), ayni paytda ularning har birida avvalo insonni kо`rishga, xatti-harakatlarining tub ijtimoiy-ruhiy asoslarini ochishga(realistik san`at talabi) intiladi. Shunisi ham borki, "sinfiylik" og`usi bilan zaharlangan kitobxon uchun mо`ljallangan chizgilar bо`rtib, yuzada qalqib turadi va tub sabablarini pardalaydi gо`yo. E`tibor berilsa, romanda Akbarali, Razzoq sо`fi, Miryoqub obrazlari talqinida deyarli bir xil tartibga tayanilganini sezish qiyin emas. Zero, har uchala xarakter talqinida ham tubandagicha strukturaviy sxemaga tayanilgani kо`riladi: muallif xarakteristikasi – personajni xatti-harakatda kо`rsatish – ruhiyatidagi jarayonlarning bevosita tasviri. Kо`zga yaqqol tashlanadiki, Cho`lpon qahramonlarini "sirtdan" kuzatishdan "ichdan" kuzatishga tomon borish yо`lini tanlagan. Albatta, buning hech bir g`ayrioddiy tomoni yо`q, kо`pgina asarlarda ayni shu yо`ldan boriladi. Biroq, bizningcha, "Kecha"da bu usulning alohida g`oyaviy-badiiy funksiyasi mavjud. Gap shundaki, muallif xarakteristikasidayoq qahramonlar fe`lidagi salbiy xususiyatlar ularning ijtimoiy ahvoli bilan bog`lab talqin qilinadi-da, ularga zamona talabicha g`oyaviy-hissiy baho beriladi. Boz ustiga, adibning salbiy munosabati о`quvchiga-da "yuqtiriladi", о`quvchida personaj haqida tugal bir tasavvur bilan birga antipatiya ham hosil qilinadi. Buning natijasida esa о`quvchining qahramon xatti-harakatlarining ruhiy asoslarini, uning inson sifatidagi iztiroblarini his etish imkoniyatlari kamayadi, u personajni faqat "sirtdan"gina kuzatgani holda, uning ruhiga kirolmay qolishi ehtimoli ortadi. Buning ziddi о`laroq, muallif boshdanoq о`quvchida Zebiga nisbatan badiiy simpatiya hosil qilishga intiladi. Romanning boshlanishida syujet voqealarining tо`laligicha Zebi taqdiri bilan bog`liqligi, voqealarning shiddat bilan rivojlantirilishiyu sarguzashtnamo xarakterga egaligi о`quvchi diqqat-e`tiborini Zebiga bog`lab qо`yadi. Natijada Zebi taqdirigagina qiziqib qolgan о`quvchi boshqa qahramonlarning xatti-harakatlarini ham shu asosda kuzatadi va baholaydi — asarning epik kо`lamini tо`laligicha qabul qilish, unda qо`yilgan muammolarni ilg`ab olishu "hazm" qilishga tayyor bо`lmay qoladi. Kо`ramizki, ayni shu xil syujet-kompozitsion xususiyatlar romanda xotin-qizlar taqdiri masalasi birlamchi, degan fikrni keltirib chiqaradi-da, unda badiiy tahlilu talqin etilgan muhim muammolarni pardalaydi. Ayni paytda, Cho`lpon о`zi bilan ilgaritdan muloqotda bо`lib kelayotgan о`quvchi, muloqotda bо`lmagan holda ham о`qishu uqish malakasiga ega yoki atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida mustaqil mushohada yuritishga qobil о`quvchining tubdagi ma`nolarni anglab olishiga ishonadi, shunga umid qiladi.
Bungacha yuritgan mulohazalarimizdan ayon bо`ladiki, “niqoblanish” — muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoit zaruratidan kelib chiqqan poetik vosita, u “Kecha” romani poetik tizimiga jiddiy ta`sir kо`rsatgan, asardagi qator badiiy о`ziga xosliklarni yuzaga keltirgan. Cho`lponning yangilikka о`ch, izlanuvchan ijodkorligini kо`pchilik e`tirof etgan, biz ham buni kо`p bor ta`kidladik. Xо`sh, adibning kо`pchilik e`tirof etgan bu xislati milliy romanchiligimizga nima berdi? Bizningcha, о`zbek romanchiligi taraqqiyotida “Kecha va kunduz” hayotni badiiy tadqiq etish (voqelikni inson ruhiyati orqali idrok etishga intilish) va badiiy voqelikni tashkillantirish (dramatik unsurlar salmoqdorligi) prinsiplari nuqtai nazaridan dadil odim ediki, shu jihatlari bilan u milliy nasrchiligimiz an`analaridan sezilarli uzoqlashib, jahon romanchiligi taraqqiy darajasiga yaqinlashdi.
“Kecha va kunduz”da psixologik tahlil nuqtai nazaridan yuksak mahorat bilan yaratilgan xarakterlardan biri, shubhasiz, Miryoqub obrazidir. О`z oldiga qо`ygan g`oyaviy-badiiy niyat talabi bilan Cho`lpon Miryoqub ruhiyati tahliliga, uning psixologik jihatdan ishonarli bо`lishiga jiddiy e`tibor beradi. Professor O.Sharafiddinov bu obraz haqida tо`xtalib: “Miryoqub obrazining ziddiyatli qirralarini belgilagan narsa shundaki, u, bir tomondan, yangicha burjua odamiga xos sifatlarga ega, ammo, ikkinchi jihatdan, о`z muhitidan butunlay uzilib ham ketgan emas”,-deb yozadi. Cho`lpon Miryoqub ruhiyasidagi tadrijni tasvirlarkan, qahramonining о`z muhitidan uzilib” chiqishini, buning ijtimoiy-ruhiy ildizlarni kо`rsatishga intiladi.
Miryoqubning ichki olamini ochish, uning ma`naviy qiyofasini о`zgartirgan, ijtimoiy siyosiy qarashlarini shakllantirgan (garchi bu narsa “Kecha”da nihoyasiga yetmagan bо`lsa-da) ruhiy jarayonni, bizningcha, bir-biriga uzviy bog`liq bо`lgan uch bosqichda kо`rsatadi: 1) psixologik zamin; 2) qahramon ruhiyasini xatti-harakatilari orqali ochish; 3) ruhiy jarayonlarning bevosita tasviri. Kо`ramizki, Miryoqb xarakterining yaratilishida realistik psixologik tahlilning har uchchala — dinamik, tipologik va analitik pinsiplari qо`llanadi. Shuni ham qayd etish lozimki, Miryoqub ruhiyasini ochishda analitik prinsip yetakchi mavqe tutadi, boshqalari esa uni tо`ldirishga, konkretlashtirishga xizmat qiladi.
Cho`lpon Miryoqubga ta`rif berarkan, birinchi galda uning ijtimoiy qiyofasiga, tо`g`rirog`i, qiyofasizligiga e`tiborni qaratadi. Gap shundaki, Miryoqub “faqir odam panada” qabilida ish kо`radi: u amaldor emas, shu bilan birga о`zi ish yuritayotgan hududni boshqarishda qо`li uzun; u katta-katta oldi-sotti ishlarini amalga oshiradi, buning natijasini esa “xudo biladiyu, xudoning sevimli bandasi Miryoqub biladi!” xolos. Kо`ramizki, Miryoqub toshpalla ostiga nozik a`zolarini yashirib harakat qiluvchi toshbaqani eslatadi. Aytish kerakki, toshpallani u 15 yillar ilgari о`z ixtiyori bilan yelkasiga olgan. Miryoqub shunday qilishga majbur edi: endigina qaror topa boshlagan kapitalistik iqtisodiy munosabatlar tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochgani holda, mavjud byurokratik tuzum bunga muayyan tо`siqlarni qо`ygan. Ayni shu vaqtda u hukumatdorlar himoyasiga muhtoj bо`lgan va kerakli odamlarni qо`lga olishga intilgan kо`rinadi. Noyib tо`raning eski qо`lyozmalarga о`chligini bilib (albatta, u sо`rab surishtirgan), shu orqali uning kо`nglini oladi, natijada esa “sovg`a-salom, tansiq qо`lyozma asarlar va ba`zan oz-kо`p pul xususida tо`ra Miryoqubga minnatdor bо`lib turadi, amaldorning qо`lidan keladigan ba`zi bir xil himoyat ishlari tо`g`risida Miryoqub tо`raga minnatdor bо`lib turadi”. Noyib tо`raning “himoyati” shunda kо`rinadiki, Miryoqubning “biror joyga biror chaqa soliq tо`laganini, biror bir kasbga biror marta qizil qog`oz (patent) olganini hech kim bilmaydi”. Anglashiladiki, Miryoqub katta miqdordagi soliqni tо`lagandan yoki patent sotib olgandan kо`ra ozroq miqdordagi naqdinani noyib tо`raga berishni afzal biladi. Bu kabi о`zaro manfaatdorlik asosiga qurilgan munosabatlar ularni mahkam bog`laganki, 10-15 yil mobaynida bunday ishlarning kо`p bо`lgani aqlga tayin. Shunga о`xshash, Akbaralining mingboshilikka tayin etilishi ham mutlaqo tasodif emas. Miryoqub о`zi ish yuritayotgan hududda о`z odami mingboshi bо`lishidan manfaatdor. Qovun saylidagi ilk uchrashuvdayoq u bо`lg`usi gumashtasining zaif jihatlarini nozik ilg`agan: keyincha buzoqday yetaklab, sigirday sog`sa bо`ladigan odamligini fahmlagan. Yо`qsa, ellikboshilikni olish uchun burungi mingboshiga “yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergan” Akbaralining ilk uchrashuvdan ikki kun keyin jо`natgan “ikki arava qovun-tarvuz, ikki zambar uzum, ikki chorakkinaqayrog`i bug`doy” minboshilikni olish uchun kifoya bо`lmasdi. Aytmoqchimizki, Miryoqub bu о`rinda uzoqni о`ylagan, arqonni uzun tashlagan. Cho`lponning qahramoni о`tmishidagi ayni shu tafsilotlarga e`tiborni qaratgani bejiz emas. Miryoqub ilgari shu ikki amaldor panohida, istasa-istamasa ular bilan hisoblashib ish yuritishga majbur edi. Keyincha, kapitalistik munosabatlarning keng quloch yoyishi barobarida tadbirkorlik uchun imkoniyatlar ham kengaya boradi, tabiiyki, Miryoqub uchun “valene`matlar”ning zarurati kamayib, yо`qolib boradi. Ya`ni, toshpalla xavfsizlikni ta`minlamasa-da, endi harakat imkoniyatini cheklay boshlaydi.
Yozuvchi bergan ta`rifda uning chinakam burjua ishbilarmoniga xos xususiyatlari bо`rtib kо`rinadi. Miryoqubdagi “kerakli odam”lar bilan muomala qila bilish, oz sarf bilan kо`p foyda olishga intilish, boshlayotgan ishining oxir-oqbatini har jihatdan puxta о`ylash kabi sifatlar haqida yuqorida yuritgan mulohazalarimiz tasavvur bera oladi. Bularga qо`shimcha о`laroq, Miryoqub juda serg`ayrat, jonsarak odam: “Miryoqub akaning yurishi kо`p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. “Assalomu alaykum” deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bо`lsa kerak, “vass...” debgna qо`yadi”. Qahramonga xos harakat tarzini qayd qilish bilan adib uning ichki xususiyatlari haqida tasavvurimizni kengaytiradi. Miryoqub yurgan yо`lida ish haqida о`ylab, hisob-kitob, xomchо`t qilib yuradi — qilayotgan ishi uning uchun hayoti mazmuniga aylangan. Ishlarini tezroq bitkazish uchun shoshsa-da, uning shoshilishi shoshqaloqlik emas. Buni retrospektiv usulda chizilgan lavha — Miryoqub noyib tо`ranikida mehmonda ekanida rus injenerining kirib kelishi bilan bog`liq epizodda kuzatish mumkin. Yangi temir yо`l qurilishi, yо`lning qayerlardan о`tishi haqidagi sirdan ogoh bо`lib qolgan Miryoqub zudlik bilan harakatga tushadi: “Bir oyga yetar-yetmas, о`sha kelajak poyezd yо`li bо`ylaridan Miryoqub juda kо`p — bir necha yuz desyatin yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarli suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha kо`p yerga qancha oz pul ketdi. Kо`plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni “jinni bо`libdi” dedilar...” Albatta, bu “shoshilish savdo” haqida Miryoqub kо`p о`ylagan. Zero, kishini ikkilantirib qо`yadigan gumonlar talaygina: ehtimol, yо`l qurlmay qolar? Ehtimol, qurilish kechikib, sarmoyasi о`lik kapitalga aylanib (bu esa tadbirkor uchun katta yо`qotish) qolar?.. Miryoqubning о`rnida boshqa odam bо`lganida, balki, jur`at qilolmas edi, lekin u — tavakkal ish qila oladigan odam, bu esa savdo-tijorat ishlarida juda muhim narsa. Shunisi ham borki, Miryoqubning tavakkalchiligi har jihatdan о`ylangan, hisob-kitob qilingan. Xavf yо`q emas, lekin kelishi mumkin bо`lgan foyda tavakkalchilikni oqlaydi, ya`ni, imkoniyat vujudga kelganda qо`ldan chiqarmaslik — tadbirkor odamning muhim atributi. Miryoqubda kо`rilgan tadbirkorga xos eng muhim xususiyat shuki, u sarmoyasini doimo harakatda tutadi, foyda keltiradigan ishga jalb qiladi: “Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik dо`koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar shu besh muassasadan tо`rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini sо`zlaydilar. Shaharda, katta yо`lning bо`yiga — qо`rg`on tashqarisiga bir yangi paxta zavodi tushdi, zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana о`sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar... Shahardagi katta bankalardan birida “uchyot qо`mitasi”ning a`zosi, haftada bir majlis о`tkazadi...” Kо`ramizki, endigina ish boshlagan paytlari kichikroq savdogar bо`lgan Miryoqub endilikda kattagina sarmoyador, sanoatchi boyga aylangan. Cho`lpon qahramonining yaqin о`tmishi haqidagi muxtasar ma`lumotida uning ijtimoiy mavqei kuchayganini bejiz ta`kidlab kо`rsatgan emas. Bizningcha, adib buning qahramonidagi ijtimoiy-ma`naviy tadrijning bosh omili sifatida talqin qiladi. Bu о`rinda muallif haq, chunki: birinchidan, ijtimoiy mavqeining kuchayishi barobari Miryoqubning о`ziga bergan bahosi ham ortgan. Bu bahoni о`zi uchun tasdiqlab olish istagi, tabiiyki, о`zini boshqalarga qiyoslashni, yaqin doirasidagi kishilar haqida о`ylash(biratо`la baholash bilan)ni taqozo qiladi.
|