XULOSA
Bitiruv malakaviy ishining “Kirish” qismida tanlangan mavzuning dolzarbligi asoslantirilgan, muammoning o’rganilganlik darajasi tahlil qilingan, tadqiqotning maqsad va vazifalari, obyekti va predmeti belgilangan hamda ilmiy yangiligi, nazariy va metodologik asoslari, ilmiy va amaliy ahamiyati yoritilgan.
Bitiruv malakaviy ishining birinchi bobi ” Jamoatchilik nazorati davlat xokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoatchilik nazoratining vazifalari” deb nomlangan bo’lib, u o’z ichiga “Ijtimoiy nazorat tuzilishi, tarkibiy elementlari va funksiyalari”, “Ijtimoiy nazorat shakli sifatida davlat nazorati, tushunchasi, turlari va yuridik tabiati” va “Ijro xokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati zarurligini belgilovchi omillar” mavzusini olgan. Ijtimoiy nazorat murakkab hodisa bo’lib, u bir qator ijtimoiy fanlar tomonidan o’rganiladi. Shu bois, sosiologik, falsafiy va yuridik fanlarda ijtimoiy nazorat tushunchasiga o’ziga xos yondashuvlar shakllangan.
Shunga bog’liq holda, tadqiqotda ijtimoiy nazoratga sosiologik yondashuv ham tahlil etilgan bo’lib, unga ko’ra, ijtimoiy nazorat ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi vositalardan biri sifatida e’tirof etiladi va u ijtimoiy tizimning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ijtimoiy nazorat individuumlarga nisbatan majburiy tusda bo’lgan norma va qadriyatlar majmuini hamda ushbu norma va qadriyatlarni amalga oshirish maqsadida qo’llaniladigan sanksiyalarni o’z ichiga oladi.
Ijtimoiy nazoratga oid shakllangan bilimlar asosida o’z mualliflik tushunchasini berishga harakat qilgan: ijtimoiy nazorat bu shaxsning jamiyatda mavjud ijtimoiy normalarga mos xulq – atvorini shakllantirishga qaratilgan ijtimoiy ta’sir ko’rsatish tizimidir.
Tadqiqotda ijtimoiy nazoratning turlari, unsurlari (elementlari), funksiyalari va amalga oshirish shakllari mavjud ilmiy qarashlar asosida tahlil etilgan.
Bitiruv malakaviy ishida jamoatchilik nazoratining mazmun va mohiyatini chuqur tushunish uchun dastlab, ijtimoiy nazoratning muhim ko’rinishi bo’lgan davlat nazorati va uning turlari hamda davlat nazoratiga oid ilmiy tushunchalar tizimi tahlil etilgan, jumladan, milliy qonunchilikda “kontrol” atamasining mavjud emasligi, uning o’rniga “nazorat” atamasi ishlatilayotganligi va mazkur atama yuqorida qayd etilgan ikki tushunchani ham o’zida ifoda etayotganligi ta’kidlanadi. Ayni paytda, “kontrol” va “nazorat” kategoriyalari, tekshirish subyektlari, tekshirish obyekti, tekshirish darajasi, tekshirish natijalari bo’yicha bir-biridan farq qilishini ta’kidlaydi. “Kontrol” asosan vertikal bo’ysunish munosabatida bo’lgan quyi organlarga nisbatan amalga oshirilib, ushbu organlar faoliyatida qonuniylik va maqsadga muvofiqlikni tekshirishni nazarda tutsa, nazorat shaklida esa ko’pincha o’ziga bevosita bo’ysunmaydigan organlar faoliyatida qonuniylik tekshiriladi11.
Ilmiy manbalarda davlat nazorati yuridik tabiatiga ko’ra turli mezonlar asosida tasniflanadi: konstitusiyaviy nazorat, parlament nazorati, ma’muriy nazorat, sud nazorati va prokuror nazorati kabilar12. Garchi davlat nazoratining yuqorida qayd etilgan shakllari amal qilsa-da, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, huquqiy davlat qurish, demokratik tuzumni mustahkamlash vazifalari jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni talab qiladi. Binobarin, fuqarolik jamiyatining muhim vazifalaridan biri davlat organlari faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib borish hisoblanadi.
Jamoatchilik nazorati umuman ijtimoiy nazoratning bir ko’rinishi hisoblanadi. Shunga bog’liq holda ishda jamoatchilik nazoratini nazariy-huquqiy jihatdan tahlil etish va shu asnoda uning hozirgi zamon jamiyatida tutgan o’rni va ahamiyati, mazmun va mohiyatini, davlat faoliyatida qonuniylikning mustahkamlanishi hamda inson huquqlarining ta’minlashdagi pozitiv rolini ko’rsatish - nafaqat ilmiy - gnoseologik, balki amaliy ahamiyatga molik ekanligi ta’kidlanadi.
Jamoatchilik nazorati bu ijtimoiy tuzilmalar va fuqarolar tomonidan olib boriladigan nazorat bo’lib, uning muhim bir ko’rinishi ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratidir. Bunday nazoratning zarurligi ijro hokimiyatining vazifalari, tarkibi, tizimi va tuzilmasi, uning davlat hokimiyati tizimida tutgan o’rni xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ijro etuvchi hokimiyat - bu manbasiga ko’ra yagona va yaxlit bo’lgan davlat hokimiyatining hokimiyatlar bo’linishi prinsipiga muvofiq bo’lingan bir tarmog’i bo’lib, u qonunlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan ijro etish va farmoyish berish faoliyatini amalga oshiradigan davlat organlari va boshqa davlat tuzilmalari majmuidan iboratdir.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining zarurligi yana bir qator omillar ta’siri bilan tavsiflanadi. Xususan, ijro hokimiyati faoliyati boshqa hokimiyat tarmoqlariga ko’ra jamiyat tomonidan ko’proq nazorat qilinishni taqozo etadi. Zotan, ijro hokimiyati o’z tizimi va tarkibining kengligi bilan boshqa hokimiyat tarmoqlaridan ajralib turadi. Bu hokimiyat tarmog’ining juda katta boshqaruv va moliyaviy resurslarga, tashkiliy imkoniyatlarga hamda katta sonli xodimlar majmuasiga egaligi, shuningdek, qonunda belgilangan asoslarda va tartiblarda kuch ishlatish vakolatiga ega bo’lgan davlat organlarini ham o’z ichiga olganligi – ijro hokimiyatining davlat mexanizmida tutgan o’rnini belgilab beradi13.
Ayni paytda, dissertant ta’kidlaydiki, ijro hokimiyati organlari davlat boshqaruvini amalga oshiradigan organlarining oddiy yig’indisi bo’lmay, balki boshqa hokimiyat tarmoqlariga nisbatan ta’sir etish vakolatlariga ega bo’lgan, barcha huquq subyektlari uchun majburiy bo’lgan normativ tusdagi qonunosti hujjatlari chiqaradigan hokimiyat tarmog’idir.
Hozirgi kunda, davlat nazorati ijro hokimiyati tizimida qonuniylik, inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga o’z yo’nalishini qaratishi va samarali ekanligi bilan birga, ayni paytda, jamiyatni yanada demokratlashtirish vazifalari ushbu hokimiyat tarmog’i faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borilishini taqozo etadi.
Bitiruv malakaviy ishining ikkinchi bobi “Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari yuzasidan jamoatchilik nazorati, nazariy-huquqiy tahlil” deb nomlanib, u quyidagi “Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati tushunchasi, maqsadi va prinsiplari”, “Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati subyektlari va sohalari”, “Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati shakllari: tizimli tahlil” mavzularini o’z ichiga olgan.
Milliy yuridik adabiyotda jamoatchilik nazoratining huquqiy fan nuqtai-nazaridan tushunchasi, uning mazmuni, jamoatchilik nazoratining subyektlari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmi masalalari alohida tadqiqot obyekti bo’lmagan. Binobarin, jamoatchilik nazoratining yuridik fan nuqtai-nazaridan e’tiborga loyiq tushunchasi ham shakllanmagan. Ushbu institutga bag’ishlangan ayrim ishlarda, aniqrog’i, asosan, maqolalarda yuqoridagi masalalar bo’yicha turlicha yondashuvni kuzatish mumkin. Ayni paytda bu yondashuvlar qarashlar ko’pligidangina guvohlik bermay, balki, hali bu masalada tugallangan tadqiqotlar yo’qligi bilan izohlanib, natijada milliy yuridik adabiyotda jamoatchilik nazorati tushunchasi, ta’rifi, uning subyektlari, amalga oshirish shakli va doirasi (sohalari) bo’yicha, shuningdek, jamoatchilik nazoratining ko’rinishlari masalasida umumiy, ilmiy asoslantirilgan xulosalar shakllanmagan. Mamlakatimizda ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining nazariy-huquqiy masalalari alohida maxsus tadqiq etilmaganligi ham ushbu masala yuzasidan ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zaruratini kun tartibiga qo’yadi. Dissertant shu maqsadda dastlab ilmiy adabiyotda jamoatchilik nazorati tushunchasining talqiniga e’tibor qaratib, dastlab milliy yuridik adabiyotda jamoatchilik nazoratiga oid definisiyalar masalasini tahlil etadi. Jumladan, yuridik fanlar doktori B.I.Ismoilov jamoatchilik nazorati tushunchasini fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning birlashmalarining davlat hokimiyati organlari va boshqaruvi ustidan nazoratidir14, deb tavsiflaydi. Tadqiqotchi J.Chorshanbiyev fuqarolik jamiyatini shakllantirishda jamoatchilik nazoratining ahamiyati haqida fikr yuritib, “jamoatchilik nazorati jamiyatda ijtimoiy adolat barqaror bo’lishida shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida tenglik, mas’uliyat va javobgarlik bo’lishi uchun xizmat qiladigan muhim omildir. U insonning huquq va erkinliklari nafaqat davlat tomonidan kafolatlanishi, balki davlat organlari faoliyatida ularning ustuvor bo’lishini ta’minlaydi.
Jamoatchilik nazorati – fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan nazoratdir”15, deb xulosa chiqaradi.
Jamoatchilik nazorati bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarish nafaqat davlat hokimiyati va boshqaruv organlari qarorlari qanchalik sifatli chiqarilib, ijrochilarga yetkazilishigagina bog’liq bo’lib qolmasdan, balki, aholining mazkur ijtimoiy-iqtisodiy qarorlarning hokimiyat tomonidan ko’zda tutilgan yechimlariga munosabati hamda aholi davlat-hokimiy vakolatlarga ega bo’lgan davlat organlari ta’sir ko’rsata oladimi va ularning faoliyatini nazorat qila oladimi degan masalalarga ham bog’liqdir. Shunga bog’liq holda bugungi kunda kun tartibida birinchi o’ringa davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish masalasi qo’yilmoqda16.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fikr yuritilib, ta’kidlanadiki, “Davlat hokimiyati organlari ustidan kuchli jamoatchilik nazoratining mavjudligi fuqarolik jamiyatining eng muhim shartlaridan biridir. Binobarin, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida fuqarolarning faolligi,ijtimoiy hodisalarga befarq bo’lmasligi hamda har bir davlat xizmatchisi o’z faoliyatining jamoatchilik nazorati ostida ekanligini chuqur his etishi muhim ahamiyatga egadir”17. Jamoatchilik nazoratini o’rnatishning zarurligi eng avvalo, mamlakatimizning hozirgi taraqqiyot bosqichida Vatanimizga xavf solayotgan turli xil korrupsiya, ta’magirlik, mahalliychilik, o’z vazifasini suiiste’mol qilish, firibgarlik, odamlar ongini har xil unsurlar bilan zaharlash kabi tahdidlarning oldini olish hamda ularga barham berishga xizmat qilishi bilan izohlanadi”18. Shu tariqa, jamoatchilik nazoratining mazmuni, maqsadi, mohiyati, usullari va shakli haqida fikrlar har xil bo’lib, bu masalada umume’tirof etilgan yondashuv kuzatilmaydi.
Shu bois, yuqorida qayd etilgan masalalarni tadqiq etish yuridik fan, xususan, davlat va huquq nazariyasi fanining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Ishda ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining tushunchasi, ta’rifi, subyektlari doirasi, nazorat olib boriladigan sohalar va masalalar ko’lami, nazorat olib borish shartlari va chegaralari, shakl va usullari tadqiq etilgan.
Davlat nazorati va jamoatchilik nazoratining o’zaro nisbati masalasi tahlil etilib, bunda jamoatchilik nazorati davlat nazoratiga nisbatan kam tuzilmalashganligi, institusiyaviy va normativ asoslari ham davlat nazoratiga nisbatan kamligi, shuningdek, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi, muddatlari, sohalari bo’yicha ham davlat nazoratidan farqlanishi ta’kidlanadi.
Bitiruv malakaviy ishida mavzuga oid qator atama va kategoriyalarga mualliflik ta’rifi va yondashuvi shakllantirilgan. Jumladan, jamoatchilik nazorati bu fuqarolarning huquq va manfaatlarning buzilishini oldini olish maqsadida jamoat tashkilotlari va tashabbuskor guruhlar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga ijro hokimiyati tizimiga kiruvchi korxona, muassasalarda va tegishli davlat organlari tomonidan rioya qilinishi yuzasidan amalga oshiradigan bevosita nazoratidir. Jamoatchilik nazorati - jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, ijodiy uyushmalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolar hamda ularning o’zini -o’zi boshqarish organlari hamda boshqa uyushmalari tomonidan nazorat qilinayotgan davlat organi faoliyatida qonuniylik va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash, kuchaytirish maqsadida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, ijro hokimiyati organlari faoliyatida qonuniylikni va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlashda muhim o’rin tutadi. Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyati yuzasidan ijtimoiy nazoratning bir turi bo’lib, bu nazorat, odatda ijro hokimiyati organlari faoliyatida bevosita inson huquqlariga rioya etilishi bilan bog’liq bo’lgan, ayni paytda keng jamoatchilikni qiziqtirayotgan, fuqarolar yetarlicha boxabar bo’lmagan, biroq, bilishni istayotgan va ijtimoiy yoki mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan ma’lumotlar, axborotlarni qonunda belgilangan tartib va asoslarda olishga va shu asnoda tegishli muammoning amaliy yechimini topishga qaratilgan hamda oldindan belgilab olingan qator tadbirlar yig’indisi sifatida tavsiflash mumkin.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib boradigan subyektlar doirasini aniqlash ham nafaqat ilmiy, balki amaliy ahamiyatga ham ega. Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, o’zini-o’zi boshqarish organlari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar hamda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi. Shu tariqa, tadqiqotda jamoatchilik nazoratining subyektlar doirasi belgilangan: jamoat birlashmalari; nodavlat notijorat tashkilotlar; siyosiy partiyalar; mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organlari; alohida fuqarolar; OAV.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib boradigan subyektlar tizimida siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari kabi jamoat tashkilotlari muhim rol o’ynashi – bu tuzilmalarnig fuqarolik jamiyatida tutgan o’rni bilan tavsiflanadi.
Fuqarolik jamiyati institutlari ichida mahallaning o’rni o’ziga xos.
Jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida joylardagi davlat organlari faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib borishda mahallaga muhim o’rin berilishi tabiiy. Binobarin, O’zbekston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Boshqaruv idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatishda mahallaning vazifalarini kengaytirib borish, davlat ijtimoiy dasturlarining hayotga tadbiq etilishi bo’yicha joylarda amalga oshiriladigan ishlardan jamoatchilikni keng xabardor qilish maqsadida davlat organlariniing fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish idoralari bilan mustahkam hamkorligini ta’minlash bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo’lishi kerak”19.
Bitiruv malakaviy ishida ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining doirasi va amalga oshirish shartlarini aniqlash va uni amaldagi qonunchilikda mustahkamlab qo’yish muhim masala ekanligi asoslanadi va tegishli xulosalar ilgari suriladi. Zotan, jamoatchilik nazorati hamma joyda va hamma masalalar bo’yicha amalga oshirilmasligi, jumladan, qurolli kuchlar, tashqi ishlar, davlat va davlat xizmati sirlarini qo’riqlashni ta’minlash kabi davlatning muhim ma’muriy-siyosiy faoliyati kabi sohalarda chegaralangan holda, ijro hokimiyatining qolgan tarmoqlarida esa umumiy tarzda amalga oshirilishi ta’kidlanadi. Shunga bog’liq holda, dissertasiyada ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining sohalari, xususan, davlat xavfsizligi, mudofaa, tashqi siyosat, davlat sirlariga bog’liq ayrim sohalar doirasi bilangina cheklanishi mumkinligi ta’kidlangan.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining muhim obyekti sifatida ozodlikdan mahrum etilganlar saqlanayotgan muassasalar faoliyatida mahkumlarning huquq va manfaatlariga rioya etilishiga oid munosabatlar nazarda tutilib, ular yuzasidan jamoatchilik nazorati ham ma’lum darajada o’ziga xoslikka ega bo’lishi ta’kidlanadi. Vaholanki, ushbu sohadagi nazorat masalasi muayyan cheklashlar bog’liq bo’lib, bu cheklashlar uning zaruriy doirasini belgilab beradi. Jumladan, ozodlikdan mahrum etilganlar saqlanadigan muassasalarni qo’riqlashni tashkil etish, mahkumlarga nisbatan qo’llaniladigan - tezkor-qidiruv ishlari, ushbu toifa muassasalar ma’muriyatining intizomiy va boshqa huquq cheklovchi chora qo’llash haqidagi yurisdiksion qarorlari kabi masalalar jamoatchilik nazorati predmeti bo’la olmaydi. Binobarin, jazoni ijro etuvchi tuzilmalar faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazorati predmeti bo’lib mahkumlarning moddiy-maishiy, turar-joy, ijtimoiy-madaniy, tibbiy va tarbiyaviy ta’minlash sifati, mahkumlarning xavfsizligi, ularning mehnatini tashkil etish va shart-sharoitlarni ta’minlash, tergov izolyatorlarida, ozodlikdan mahrum etish bilan bog’liq bo’lmagan jinoiy jazoni ijro etish axloq tuzatish muassasalarida mahkumlarni saqlash rejimi va shart-sharoiti sifati yuzasidan nazorati hisoblanadi20.
Ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratining huquqiy, tashkiliy asoslari, mazkur nazoratning obyekti, predmeti, prinsiplari, maqsadlari, amalga oshirish shakllari va usullari aniqlangan va tahlil etilgan hamda shu asosda uni takomillashtirish bo’yicha taklif va mulohazalar shakllantirilgan.
|