III BOB. JAMOATCHILIK NAZORATI SUBYEKTI, O’ZINI-O’ZI BOSHQARISH ORGANLARI
Ma’lumki, birinchi galda inson manfaatlari ustun qo’yiladigan fuqarolik jamiyatini shakllantirishda o’zini o’zi boshqarish organi - mahallaning o’rni benihoya kattadir. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fuqarolik jamiyati bu - o’zini o’zi boshqarishdir. Uning birinchi va asosiy tamoyili shu5 ma’lumki, o’zbek xalqining tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladigan, asrlar osha rivojlanib kelayotgan an’anaviy institut bo’lmish o’zini o’zi boshqarish idorasi - mahalla mustaqillik yillarida yanada sayqallanib, taraqqiy etib kelmoqda. Binobarin, mamlakatimiz rahbari Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, bizda shunday bir noyob, betakror ijtimoiy boshqaruv idorasi borki, uni hech narsa bilan solishtirib bo’lmaydi. Bu - yuz yillar davomida rivojlanib kelayotgan va ayniqsa, mustaqillik davrida tubdan yangilanib, zamon talablari asosida takomillashib borayotgan mahalla tizimidir (Karimov I.A. Xavfsizlik va tinchlik uchun kurashmoq kerak6.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, o’z oldiga o’zbek modeliga asoslangan holda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdek, dolzarb vazifani qo’yar ekan, bunda fuqarolik jamiyati institutlaridan biri o’zini o’zi boshqarish organining o’rni va ahamiyati beqiyosdir. Xususan, mazkur jamiyatni shakllantirishning asosiy tamoyillaridan biri bu davlatninng ayrim funksiyalari nodavlat tashkilotlar, shu jumladan, o’zini o’zi boshqarish idoralari tomonidan amalga oshirilishi bo’lib, bu borada mamlakatimizda o’tgan mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarning ham tub mohiyati davlatning ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o’tkazishga qaratilganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Strategik ahamiyatga molik, muhim iqtisodiy va xo’jalik masalalari bo’yicha, pul va valyuta muomalasi bo’yicha qarorlar qabul qilish, xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining huquqiy shart-sharoitlarini yaratish, ekologiya masalalari, umumrespublika transport va muhandislik kommunikasiyalarini rivojlantirish, yangi tarmoqlarni vujudga keltiradigan ishlab chiqarishni barpo etish masalalari davlat miqyosida hal etilishi lozim.
Qolgan barcha vazifalar va ayniqsa, birinchi navbatda, bozor islohotlarini amalga oshirish, tadbirkorlikni rag’batlantirish, xususiy mulkni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, iste’mol bozorini to’ldirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, odamlarning moddiy farovonligini oshirish va aholini kuchli ijtimoiy muhofaza qilish masalalari mahalliy hokimiyat idoralari hamda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish idoralari tomonidan hal etilishi kerak. Ayni shu yo’l bilan biz fuqarolik jamiyatining mustahkam asoslarini barpo etishimiz mumkin (Karimov I.A. Biz kelajagimizni o’z qo’limiz bilan quramiz7.
Albatta, yuqorida ta’kidlab o’tilgan vazifalarni bajarish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan ko’zlangan natijalarga erishishda jamoatchilik nazoratini rivojlantirish dolzarb vazifa hisoblanadi. Jamoatchilik nazoratini o’rnatishning zarurligi eng avvalo, korrupsiya, ta’magirlik, mahalliychilik, o’z vazifasini suiste’mol qilish, firibgarlik, odamlar ongini har xil unsurlar bilan zaharlash kabi tahdidlarning oldini olish hamda ularga barham berishga xizmat qilishi bilan izohlanadi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov jamoatchilik nazoratini quyidagicha izohlaydi: «Jamoat nazoratining tub mohiyati shulkim, barcha jamoat tashkilotlari, mahalla oqsoqollari, xalq deputatlari va faollar, boringki, yoshu keksa, erkagu ayol - hamma vatandoshlar bir yoqadan bosh chiqarib, amalga oshirilayotgan islohotlar sur’atini, ularning sifatini, islohot boshida turgan rahbarlarning g’ayratini, layoqatini xolisona o’rganib, xolisona nazorat qilib, ularning yutuqlarini e’tirof etib, kamchiliklarni ro’y-rost ochib tashlashimiz kerak»8.
Tabiiyki, jamiyatda jamoatchilik nazoratini takomillashtirishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish idoralarining o’rni va roli kattadir.
Xususan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organining jamoatchilik nazoratidagi o’rni muhim ekanligini «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida»gi qonunda unga berilgan ta’rifdan ham bilib olsa bo’ladi. Jumladan, «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarishi - fuqarolarning O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadigan, ularning o’z manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek, milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilish borasidagi mustaqil faoliyatidir» (O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida»gi9 1999 yil 14 aprel qonuni.
Mazkur tushuncha hamda amaldagi boshqa qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va talablaridan kelib chiqib, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish idoralari tomonidan amalga oshiriladigan jamoatchilik nazoratining o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat bo’lishi mumkinligini ta’kidlash o’rinlidir:
birinchidan, fuqarolar shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalarda o’zini o’zi boshqarishga doir o’z konstitusiyaviy huquqini fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlariga muvofiq fuqarolar yig’inlari (vakillar yig’ilishi) orqali amalga oshirilishi. Bunda fuqarolar o’zlari yashaydigan hududda «Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g’risida»gi qonun va boshqa qonun hujjatlariga asoslanib, o’zlarining ishongan vakillarini saylash orqali mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilishda va yilning har choragida ularning hisobotlarini eshitish orqali jamoatchilik nazoratini o’rnatishda ishtirok etadi;
ikkinchidan, ularning faoliyati demokratizm, oshkoralik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni yechishda mustaqillik, jamoatchilik asosidagi o’zaro yordam kabi asosiy prinsiplarga asoslanadi;
uchinchidan, ular jamoatchilik nazoratini shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalarda, ya’ni o’zlarining hududiy birliklarida o’rnatadi;
to’rtinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining shakllanishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi, ularning ishlariga aralashishga yo’l qo’ymaydilar hamda fuqarolarga o’zini o’zi boshqarishga doir huquqlarini amalga oshirishda ko’maklashadi;
beshinchidan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasdan yuridik shaxs huquqlaridan foydalangan holda, o’z vakolatlarini o’zlari mustaqil amalga oshiradilar.
Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari jamoatchilik nazoratini o’rnatishda muayyan to’siqlarga uchramasliklarini ta’minlash maqsadida, yuqorida zikr etilgan qonun bilan ularga qonun hujjatlari doirasida istalgan masalani o’zi ko’rib chiqish uchun olish va hal etish huquqi berilgandir.
Bundan tashqari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari yuqoridagi huquq va qonun hujjatlarida berilgan vakolatlardan foydalangan holda, jamoatchilik nazoratini quyidagi yo’nalishlarda amalga oshirishi mumkin:
a) qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining, shuningdek, o’z qarorlarining ijro etilishida. Xususan, qonunga ko’ra, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan tegishli hududda amal qiladigan qarorlar qabul qilish huquqiga ega bo’lib, mazkur qarorlar tegishli hududda yashovchi fuqarolar, shuningdek, hududda joylashgan yuridik shaxslar (ularning mansabdor shaxslari) tomonidan ijro etilishi shartdir. Mazkur yo’nalishda jamoatchilik nazorati yilning har choragida tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlarining fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish, ular chiqargan tegishli qarorlarining bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to’g’risida qonunda belgilangan tartibda tegishli idoralarga taqdimnomalar kiritish orqali amalga oshiriladi;
b) hududda kompleks rivojlantirishni ta’minlashda. Ma’lumki, ijtimoiy rivojlantirish orqali yangi ish joylarini yaratish, kasanachilikni taraqqiy toptirish, guzarlar barpo etish hozirgi kunda nafaqat davlatning, balki jamoatchilikning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Shu sababli, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari ham o’ziga tegishli bo’lgan hududda ushbu sohalarda yuridik va jismoniy shaxslarning mablag’larini ixtiyoriylik asosida birlashtirish masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish vakolatiga egadirlar. Bundan tashqari, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kichik korxonalar, sartaroshxonalar, poyabzal ta’mirlash va tikish ustaxonalari, xalq hunarmandchiligi sexlarini va aholiga maishiy xizmat ko’rsatuvchi boshqa korxonalarni tashkil etish huquqlari berilgandir. Albatta, mazkur vakolatlarni lozim darajada amalga oshirish ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish muhim ahamiyat kasb etadi;
v) hududni obodonlashtirish, imoratlar qurish hamda hovlilar va uylar atrofidagi hududlarni orasta saqlash qoidalariga rioya etilishida, shuningdek, ularning sanitariya holatini yaxshilashda. Ushbu yo’nalishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish uchun ularga ko’plab vakolatlar berilganki, bu o’z navbatida mahallani orasta saqlash, tozalikka e’tibor berish, hasharlar tashkil etilib, bir-birlarining og’irini yengil qilish kabi ota-bobolarimizning azaliy urf-odatlari bilan uyg’unlashib ketgandir. Bundan tashqari, ular mazkur ishlarni uyushtirishda aholining ixtiyoriylik asosida qatnashishlarini tashkil etadi, hokimiyat ajaratadigan moddiy va boshqa mablag’larni, shuningdek, o’z mablag’larini ushbu maqsadlarda ishlatadi, hasharlarni uyushtiradi va shu maqsadlarning amalga oshirilishi ustidan o’rnatilgan tartibda nazoratni amalga oshiradi.
g) hududda to’ylar va boshqa marosimlarni o’tkazishda. Xalqimizda «topganing to’ylarga buyursin» degan hikmatli gaplar mavjud bo’lib, ota-bobolarmizdan bizlarga yaxshi to’ylar qilib elga osh tarqatish kabi xayrli ishlar qilish meros sifatida o’tib kelmoqda. Biroq, ohirgi paytlarda ayrim shaxslar tomonidan to’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag’ishlangan tadbirlarni o’tkazishda shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilikka yo’l qo’yish, urf-odatlarni mensimaslik, o’zini ko’z-ko’z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik kabi xalqimizga xos bo’lmagan holatlarga yo’l qo’yilmoqdaki, bu o’rinda ularning oldini olishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining o’rni kattadir. Bu o’rinda Davlatimiz rahbarining 1998 yil 28 oktyabrdagi Farmoni bilan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda Respublika «Mahalla» xayriya jamg’armasi orqali fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga bu kabi xunuk holatlarning oldini olish, ularga chek qo’yishga qaratilgan choralar ko’rishligi yuklatilgandir. Bu yo’nalishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazorati hududda yashaydigan fuqarolarga muqaddas dinimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimizning haqiqiy mohiyatini hayotiy, ta’sirchan misollar asosida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish, tegishli maslahatlar berish, zamon talablariga mos, xalqimizning qarashlariga muvofiq keladigan yangi, namunaviy an’analarni tashkil qilish va joriy etish orqali amalga oshiriladi;
d) pul mablag’larining maqsadli sarflanishida. Bu yo’nalishdagi jamoatchilik nazoratining boshqa yo’nalishlardan farqli jihati shundan iboratki, boshqa yo’nalishlarda jamoatchilik nazorati asosan davlat organlari, korxonalar va fuqarolarning ustidan o’rnatilsa, bu yo’nalishda esa nazorat fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari o’zlari ustidan o’zlari o’rnatadilar. Bunda hududni kompleks rivojlantirish, obodonlashtirish, umumiy foydalanishdagi joylarni ta’mirlash, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning uylari va kvartiralarini ta’mirlashda yordam ko’rsatish uchun aholidan ixtiyoriylik asosida yig’ilgan mablag’lar, shu maqsadda, korxona va tashkilotlardan homiylik sifatida berilgan mablag’larning qanchalik darajada maqsadli sarflanishi ustidan ichki nazorat olib borish orqali amalga oshiriladi. Shu maqsadda fuqarolar yig’inining asosiy yo’nalishlari bo’yicha komissiyalar, shu jumladan, taftish komissiyalarini tuzib, yilning har choragida ularning hisobotlarini tinglaydi. Shuningdek, maqsadsiz sarflangan pul mablag’lari yuzasidan tegishli choralar ko’radi;
ye) xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotdagi, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishdagi, yosh avlodni tarbiyalash ishidagi mavqyeini oshirishda. Ma’lumki, ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, sosial-iqtisodiy va madaniy hayotida to’laqonli ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlar hamda yoshlarning ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 25 maydagi «O’zbekiston xotin-qizlar faoliyatini qo’llab-quvvatlash borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Farmoni qabul qilingan bo’lib, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining roli beqiyosdir. Ushbu yo’nalishda jamoatchilik nazorati quyidagi vazifalarni amalga oshirish orqali o’rnatiladi:
birinchidan, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo’llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularni kasbiy, jismoniy, ma’naviy va intellektual jihatdan o’stirish, ijtimioy-siyosiy faolligini oshirish, davlat qurilishida faol qatnashishlari sohasidagi umummilliy siyosatni amalga oshirishda ishtirok etish orqali;
ikkinchidan, xotin-qizlarning sog’lig’ini saqlash, sog’lom oilani shakllantirish, ayollar va oila sportini rivojlantirish, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish orqali;
uchinchidan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini hal etish, mehnat va o’qish sharoitlarini yaxshilash, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish orqali;
to’rtinchidan, joylarda milliy-diniy an’analarni tushuntirish va ularga rioya qilish, ularning konstitusiyaviy huquqlarini ro’yobga chiqarish va himoya qilish, buzg’unchi kuchlarning xotin qizlar ongiga ta’sir o’tkazish, ularni ekstremistik va terroristik faoliyatga jalb etish yo’lidagi urinishlariga qarshi qaratilgan ishlarni samarali tashkil qilish orqali;
va nihoyat, beshinchidan, jamiyatni modernizasiyalash va demokratik yangilash jarayonlarida, O’zbekistonda jamiyat va davlat qurilishida xotin-qizlarning rolini kuchaytirish borasidagi ishlarni amalga oshirish orqali.
Albatta, ushbu vazifalarni amalga oshirishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan yuksak saviya va yuqori darajadagi tajriba talab qilinadi. Shu bois, Farmon bilan fuqarolar yig’inlari kengashlari apparatidagi tarbiyachi-pedagog lavozimi o’rniga hududida kamida 500 oila yashaydigan mahalalarda hamda tarkibida mahallalar tashkil qilinmagan posyolka, qishloq va ovullarda diniy ma’rifat va ma’naviy ahloqiy masalalar bo’yicha maslahatchi lavozimlari joriy etilgandir. Shuningdek, tuman (shahar) hokimliklariga fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari bilan birgalikda ushbu lavozimlarga hayot tajribasiga ega bo’lgan, aholiga, birinchi navbatda, yoshlarga sog’lom turmush tarzini qaror toptirish, ibratli milliy-diniy an’analar hamda urf-odatlarni saqlab qolish va rivojlantirish masalalarida ijobiy ta’sir o’tkaza oladigan eng obro’li va faol xotin-qizlarni tayinlash vazifasi yuklatilganligi, o’z navbatida, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan mazkur yo’nalishda aynan mazkur maslahatchilar ishtirokida jamoatchilik nazoratini o’rnatishi mumkinligi dolzarb hisoblanadi;
yo) tegishli hududda jamoat tartibini ta’minlashda, shu jumladan, fuqarolarning kelishi va ketishini hisobga olishni tashkil etishda, o’smirlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish ishida, voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishda. Hyech kimga sir emaski, joylarda bo’layotgan voqyea-xodisalardan tegishli organlardan ko’ra, eng avvalo fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari xabar topadi. Shu sababdan ham ularning jamoat tartibini, tinchlik-totuvlikni ta’minlashda, huquqbuzarliklarning oldini olish, bartaraf etishda hissasi katta bo’lib, jamoatchilik nazoratining mazkur yo’nalishi o’ta muhim hisoblanadi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 15 martdagi «Fuqarolarning hayoti va sog’lig’iga qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarori bilan ushbu yo’nalishda jamoatchilik nazoratini o’rnatishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga ko’maklashish, fuqarolarning faolligini oshirish, osoyishtalikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlashda davlat idoralari bilan fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining hamkorlikda ish olib borishini ta’minlash maqsadida, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmalari hamda ilgari sudlangan, surunkali, alkogolizmga chalingan va maishiy turmushda huquqni buzishlar sodir etishga moyil bo’lgan shaxslarga tarbiyaviy ta’sir ko’rsatish uchun oqsqollar, faxriylar, ayollar va yoshlardan, madaniyat va din vakillaridan iborat yarashtirish komissiyalari tuzilgandir. Albatta, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari mazkur yo’nalishda jamoatchilik nazoratini o’rnatishda «mahalla posbonlari» bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshirishi lozimligiga e’tiborni qaratish muhimdir:
- fuqarolarning, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
- hududga kirib chiqayotgan begona va shubhali shaxslarni aniqlash, fuqarolar tomonidan pasport rejimiga amal qilishini tekshirish;
- aholi o’rtasida yong’in va harakat xavfsizligiga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;
- mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog’lomlashtirish maqsadida ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo’yganlarni, voyaga yetmaganlarni turli huquqbuzarliklar sodir etishga undovchi shaxslarni, yoshlar ongini zaharlab, ularni turli diniy ekstremistik g’oyalar ta’siriga olish maqsadida yurgan shaxslarni, o’z uylarini ishratxonalarga aylantirib, qo’shmachilik bilan shug’ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ular bilan profilaktika-tarbiyaviy tushuntirish ishlarini olib borish;
- ichki ishlar idoralarida hisobida turuvchi, tarbiyasi og’ir voyaga yetmaganlar bilan aniq maqsadli profilaktik tadbirlar olib borish;
- tabiiy ofatlar, ommaviy tartibbuzarliklar va boshqa favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash;
- jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning oilalariga o’z vaqtida qaytishini nazorat qilish, ularga oilasi bilan ilgarigidek munosabatlarni tiklashda, halol mehnat bilan kun kechirishga tezroq kirishishda ruhiy jihatdan madad berish;
- hududda ota-onaning qarovisiz qolgan bolalarni aniqlash va ularni belgilangan tartibda tegishli organlarga berish.
j) ro’yxatdan o’tmagan diniy tashkilotlarning faoliyat ko’rsatishining oldini olish, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligi huquqlariga rioya etilishini ta’minlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’ymaslikda, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida. Mazkur yo’nalishdagi jamaotchilik nazorati ham tegishli organlar va mahalla posbonlari bilan hamkorlikda o’rnatilib, tinchlikni o’rnatishda, turli xil oqimlarning yurtimizga kirib kelishi, ular tomonidan yoshlarning ongini zaharlab, ularni o’z domiga og’dirib olishining oldini olishda, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur sohada nazorat oilada ota-onalarning farzandlariga berayotgan tarbiyasini o’rganish, ta’lim muassalarida tarbiyachi-o’qituvchilarning tarbiyaviy va ahloqiy ishlarni olib borishini tahlil qilish hamda mahallada, tadbirlarda fuqarolarning din va vijdon erkinligini kamsituvchi cheklovchi noqonuniy hatti-harakatlarni o’rganish, din sohasida yetarli bilimga ega bo’lgan shaxslar bilan keng tushuntirish ishlarini olib borish, ro’yxatdan o’tmagan masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqa diniy tashkilotlarning hududda aniqlangan hollarda zudlik bilan tegishli idoralarga xabar berish va boshqalar orqali olib boriladi;
z) tarbiyaga oid masalalarda. Xalqimizda «otang-mahalla, onang-mahalla» degan hikmatli naql bejiz aytilmagan. Unib-o’sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasi ijobiy shakllanishida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining o’rni beqiyosdir. Ushbu yo’nalishda ular jamoatchilik nazoratini yoshlarning oiladagi xulq-atvoridan tortib, bog’cha, maktabdagi tarbiyalarini qamrab olgan holda amalga oshirishadi. Shu boisdan ham, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tarbiyaga oid masalalarda jamoatchilik nazoratini o’rnatish maqsadida oilada ota-onalar bilan, bog’chada tarbiyachilar bilan, maktabda o’qituvchi murabbiylar bilan uzviy hamkorlikni o’rnatgan holda tarbiyaviy ishlarda faol qatnashishlarini talab etadi. Ushbu yo’nalishdagi nazoratning o’rnatilishi yoshlarning aqidaparastlikni, ekstremizm hamda terrorizmni targ’ib qiluvchi turli xil unsurlarga qo’shilmasliklarining oldini olishga va qolaversa, eng asosiysi, jamiyatga yetuk bilimli, komil insonlarni yetishtirish uchun xizmat qiladi.
i) fuqarolar tomonidan kommunal xizmatlar uchun to’lovni tashkil etishda. Ta’kidlash joizki, ushbu sohadagi jamoatchilik nazorati tegishli kommunal korxonalar, shahar joylarida esa xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorlikda o’rnatilib, uning o’ziga hos xususiyatlari shundan iboratki, bunda fuqarolarning kommunal xizmatlar haqini to’lashni qanchalik darajada samarali tashkil etib, qarzdorliklarni kamaytirsa, shunga yarasha o’zlarining byudjetlariga ham pul mablag’lari kelib tushadi. Xususan, davlatimiz rahbarining 1999 yil 13 yanvardagi «Aholini aniq yo’naltirilgan ijtimoiy madad bilan ta’minlashda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari rolini oshirish to’g’risida»gi Farmoni bilan fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlariga kommunal xizmat korxonalari bilan birgalikda fuqarolarning xalq banki muassasalari orqali belgilangan tartibda hisob-kitoblarni amalga oshirgan holda foydalanish, sarf-xarajatlari hamda kommunal xizmatlariga to’liq va o’z vaqtida haq to’lashlarini tashkil etish hamda nazorat qilish vazifasining yuklanganligi, o’z navbatida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari uchun ham manfaatli hisoblanadi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 17 apreldagi «Kommunal xizmat ko’rsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi to’g’risida»gi Farmoni bilan fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini rag’batlantirish maqsadida kommunal xizmatlar uchun joriy to’lovlar bo’yicha tushumlar rejasi 100 foiz ta’minlangan taqdirda xizmat ko’rsatuvchi korxonalar tomonidan ularga tushumlar summasining 10 foizi miqdorida ajratilishi belgilab qo’yilgan;
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazoratining o’rnatilishi, davlat va jamiyat, eng avvalo, shaxs manfaatlariga xizmat qiladi. Ular tomonidan jamoatchilik nazoratining amalga oshirilishi o’z navbatida qonun hujjatlarining ustuvorligini ta’minlashda, ularning amaliyotga to’liq tadbiq etilishida, fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishda, ular tomonidan turli xil huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olishda, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini takomillashtirishda, tadbirkorlikni rivojlantirishda, sog’lom raqobat muhitini yaratishda, eng muhimi, fuqarolarning farovon turmush tarzini kuchaytirish tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o’rinda esa, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, o’zini o’zi boshqarishning xalqimizga xos noyob usuli bo’lgan mahalla jamoatchilik nazoratini tashkil etishda ham shunday salohiyat va imkoniyatlarga egaki, biz ulardan hali-beri to’liq foydalana olganimiz yo’q. Binobarin, bu borada ham ko’p ishlashimiz kerak10. Yuqoridagilar asosida fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari jamoatchilik nazoratining eng asosiy subyektlaridan biridir, degan xulosaga kelish shubhasizdir.
|