|
Islom xuquqshunosligi – shariatning mohiyati
|
bet | 48/75 | Sana | 12.12.2023 | Hajmi | 0,69 Mb. | | #117499 |
Bog'liq Dinshunoslik maruzaIslom xuquqshunosligi – shariatning mohiyati.Shariat musulmonchilikda qonunchilik ma’nosida ishlatiladi. Shariat avvalo Alloh joriy qilgan amaliy hukmlar majmuasini o‘z ichiga oladi, ana shu ma’noda Shariat fiqh ma’nosida tushuniladi. Kundalik hayotimizda shariat deganda mo‘min musulmonlarning hatti-harakatlarini tartibga solib turuvchi amaliy me’yorlar majmuasini tushunamiz. Shariat hukmlari Qur’on, sunnat, ijmo’ va qiyosdan olinadi. Shariat XI-XII asrlarda tugal shakllanib bo‘lgan.
Shariatning maqsadlari dinni, jonni, aqlni, naslni, molni va boshqalarni asrash va muhofaza qilishga qaratilgan. Shariat hukmlari zaruriy, hojatlik va yaxshilash qismlarga bo‘linadi. Din va dunyo uchun zarur bo‘lgan maqsadlar zaruriy maqsadlar deyilib, ular yo‘q bo‘lsa, ularga amal qilinmasa dunyoning ishlari buziladi va oxiratda azobga qolinadi. Shariatning hojatlik hukmlari, kishilarga osonlik tug‘dirishga qaratilgan. Bunga musofir va bemorlarga diniy ibodatlarni bajarishda yengillik berish, chunonchi namozni qasr qilib o‘qish, ro‘zani o‘z vaqtida tutmaslik yoki ochib yuborishga berilgan ruhsatlar va boshqa shar’iy hukmlar kiradi. Shariatning yaxshilash hukmlari jamiyatda kishilarning bir-biriga mehr-muruvvat ko‘rsatishi, yaxshi odat va odobli bo‘lishi, ozodalik, pokizalik, yeb-ichish odoblari va boshqalar haqidagi shar’iy hukmlar kiradi.
Shunday qilib shariatda davlat xuquqi me’yorlari, majburiyat, meros, jinoyat, jazo, oila-nikoh xuquqlari, sud yuritish, vasiylik ko‘rsatmalari, tahorat, namoz, dafn, zakot, ro‘za, haj, kiyinish, ovqatlanish kabi inson hayoti va xatti-harakatining barcha qirralari shar’iy hukmlar orqali belgilab qo‘yilgan va mo‘minlardan ularga og‘ishmay amal qilishlari talab etiladi.
Xozirda musulmon dunyosida to‘rtta fiqhiy mazhab mavjud. Bular Xanafiy, Molikiy, Shof’iy va Xanbaliy fiqhlaridir. Mazkur mazhab fiqhlari islomning asoslarini, mohiyatini tushunishda birdir. Ba’zi ikkinchi darajali masalalarni tushunishda ular o‘rtasida har xillik mavjud. Masalan, Imom A’zam – ya’ni Xanafiylik mazhabida musulmon kishi hoh katta, hoh kichik gunoh ish qilib qo‘ysa gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lib qolmaydi deyiladi.
Ammo, boshqa mazhablarning ulamolari, buning aksi o‘laroq musulmon odam gunoh ish qilib qo‘ysa, imondan chiqib, kofir bo‘ladi, deydilar.
Ayolning jamiyatdagi o‘rni va turmushga chiqishi masalalarini hal etishda ham shunday har xillikni ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, Molikiylikda ayol faqat uning xomiy yoki vasiysi roziligi va ishtirokida turmush qurishi mumkin deb qaraydi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra esa xomiy faqat voyaga yetmagan bokira qiz uchun zarur. Voyaga yetgach esa, u o‘z xohishiga qarshi turmushga chiqishni rad etishi mumkin bo‘lgan. Shuningdek, molikiylik mazhabida ota yoki otaning otasi (buvasi) ga o‘z bokira qizi yoki nevarasini, uning roziligisiz, ayrim hollarda esa uning xohishiga qarshi ravishda ham erga berish huquqi berilgan. Xanafiy mazhabi esa bunday holatga yo‘l bermagan va boshqalar.
Shariatda namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot, haj va boshqalar haqida batafsil ko‘rsatmalar berilgan. Unda mo‘minlarning barcha hatti-harakatlari ikki turga – halol va haromga ajratilgan. Bular farz – bajarilishi majburiy hisoblangan hatti-harakatlardir; yana sunnat – mandub – bajarilishi majburiy emas, lekin ma’qul, lozim hisoblangan amallar; muboh – ixtiyoriy amal va me’yorlar; makruh – noma’lum amal va me’yorlar; harom – shariatda hech qanday shak shubhasiz, ochiq-oydin ravishda man qilingan, taqiqlangan narsa, amal va me’yorlardir.
Shariatga muvofiq Alloh tomonidan ruhsat etilgan yemishlar va amallar halol deyiladi.
Haloldan uzoqroq, haromga yaqinroq narsalarni, ovqatlarni va amallarni makruh deyiladi.
Bu o‘rinda halol va harom qilingan narsa va amallarni bilib qo‘yish hammamiz uchun foydalidir. Shariatda suv, sut, meva suvlari kabi ichimliklar, non, meva, poliz ekinlari, Allohning ismi aytib so‘yilgan hayvonlar go‘shtlari kabi taomlar, ruhsat berilgan kiyimlar va nikohga olingan shaxslar va boshqalar halol deb ko‘rsatilgan. Ushbu narsalarga ega bo‘lish ishonchli, shariatda ruhsat berilgan yo‘l bilan bo‘lishi kerak. Halol narsaga halol yo‘l bilan ega bo‘lish lozim. Halol mehnat, meros, hadya, ikki taraf roziligi bilan bo‘lgan tijorat tufayli qo‘lga kiritilgan mulk halol bo‘ladi. Musulmon odam uchun halol narsani talab qilish, halol yo‘l bilan molu-mulk topish shariat bo‘yicha farz qilib belgilangan. Shariatda halol hisoblangan narsani harom deb e’tiqod qilgan odam kofir bo‘ladi.
Harom – shariat bo‘yicha man qilingan va ta’qiqlangan narsa va amallardir. Bular – cho‘chqa, qon, o‘laksa (harom o‘lgan hayvon), Allohdan o‘zgaga atab qurbonlik uchun so‘yilgan hayvon go‘shti, it, eshak, vahshiy hayvonlar, qarg‘a, yirtqich qushlarning go‘shti, mast qiluvchi ichimlik va giyohlar, zinokorlik, ota-onaga oq bo‘lish, sudho‘rlik, o‘g‘rilik, qotillik, poraxo‘rlik, g‘iybat, tuxmat, bo‘xton, josuslik, chaqimchilik, yolg‘onchilik, birovning haqi va omonatiga hiyonat qilish, savdoda g‘irromlik, tarozi va o‘lchovdan urish, sehru-jodu, sog‘ bo‘laturib mehnat qilmaslik va boshqalar shar’an harom hisoblanadi. Haromning turlari ko‘p. Ba’zi zarur hollarda harom narsalar vaqtincha halol sifatida qabul qilinadi. Bunga shariatda izn beriladi. Masalan, hayotni saqlab qolish uchun yegulik bo‘lmagan vaqtda va bemorga dorilik, shifo beruvchilik uchun xarom qilingan narsalardan foydalanishga ruhsat beriladi. Chunki, tanamiz, jonimiz Allohnikidir. Uning omonatini saqlashga majburmiz.
Shu bilan birga halol bo‘lgan narsalarga shariatda man qilingan harom yo‘l bilan ega bo‘lsa, ular ham haromga aylanib qoladi. Masalan, zulm, o‘g‘rilik, aldamchilik, poraxo‘rlik yo‘li bilan topilgan har bir narsa, o‘zi qancha pok, halol bo‘lsa ham, uni topuvchiga haromdir. Musulmon odam uchun haromdan hazar qilish farzdir. Shariatda bir luqma harom taom yegan odamning necha kunlab duosi va ibodati qabul bo‘lmasligi ta’kidlangan. Musulmon inson harom yo‘l bilan molu dunyo topishdan, xuddi cho‘chqaning go‘shtini yeyishdan hazar qilgandek, hazar qilishi kerak. Harom yo‘l bilan molu dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda bo‘ladi. Bunday kishilar yorug‘ dunyoda azob-uqubat, turli ofatlarga yo‘liqib, u dunyoda jahannam azobiga duchor bo‘ladi. Shariatda harom hisoblangan narsani halol deb e’tiqod qilgan odam kofir bo‘ladi. Mast qiluvchi ichimlik va giyohlarning hammasi islom shariatida harom qilingan. Bulardan tashqari erkaklarga tilla narsa taqish, ayollarga erkakcha kiyinish, xozirda avj olib borayotgan kindikni, avrat joylarni ochib yurish ham harom amallardan hisoblanadi. Foydalanishi harom etilgan va iste’mol qilgan kishiga faqat zarar beradigan o‘simliklarni – nasha, ko‘knori, tamaki va boshqalarni ekish, parvarish qilish ham shariatda harom hisoblanadi. Musulmon kishi g‘ayridindagi kishilarga sotish niyatida xarom narsani ekishi va undan moddiy foyda ko‘rishi ham harom hisoblanadi va boshqalar35.
Xullas, Bahouddin Naqshband aytganlaridek, insondagi yaxshi fe’llar va amallar halol luqmondandir. Hammamiz shunga amal qilishimiz hayotimiz mazmuni bo‘lib qolishi islom shariati talabidir.
Shu o‘rinda islom xuquqshunosligida musulmonlarning san’atga munosabati qanday bo‘lganligini bilib olish ham muhimdir. Avvalo shuni qayd etish joizki, islom dini musulmon mamlakatlari san’ati rivojida o‘z izini qoldirdi. Ayniqsa, me’morchilik sohasida yangi imorat turlari-masjid, minora, xonaqoh, madrasa va boshqalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga olib keldi. Ammo islom dini paydo bo‘lgan davrida avj olgan butparastlik, suratparastlikni oldini olish maqsadida Muhammad (sav) suratkashlikni qattiq taqiqlab qo‘ygan edi. Shu asosda Islomning yirik xuquqshunoslari ham tasviriy san’atning bu turini taqiqlangan ishlar qatoriga qo‘shganlar. Bu shariatda ham o‘z ifodasini topgan. Bundan ular amaliy san’at turlari, naqsh, bezak, insondan boshqa hayvon va o‘simliklar suratini istisno qilishgan. Islomda inson suratini chizish yoki uning haykalini yasashning taqiqlanishiga asosiy sabab-payg‘ambar va aziz-avliyolarning rasmlarini chizib yoki hakallarini yasab, ularga sig‘inib ketish xavfini oldini olish bo‘lgan. 15-asrga kelib Alisher Navoiy kabi taraqqiyparvar mutafakkirlar musulmonlar qalbida Allohga bo‘lgan imon va e’tiqod mustahkamlanib, suratparastlikka mutlaqo moyillik qolmaganini e’tiborga olib, endilikda inson suratini chizishga ruhsat berishlikni lozim topganlar. Bu esa Xirot va Buxoro miniatyura maktablarining yuzaga kelishi va rivojiga olib kelgan. Endilikda ulamolarning bergan fatvolariga binoan, musulmonlarga faxsh va uyat narsalarni ifoda etuvchi rasmlar, but, sanam, tasviridan boshqa tasviriy san’at turlari taqiqlanmaydi.
Shunday qilib shariatni – barcha mo‘min-musulmonlar to‘la rioya qilishi lozim bo‘lgan qonunchilik desak bo‘ladi.
Shariat Muhammad (sav) vafotlaridan so‘ng to‘rt halifa davrida, ummaviylar, abbosiylar va usmoniylar davlatlari vaqtida ham davlatning qonuni bo‘lib kelgan. Vaqt o‘tishi va dunyo xalqlari hayotida ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar natijasida musulmonlar shariat xukmlaridan uzoqlashib borganlar. 20 asrning boshlariga kelib Shariatga amal qilish ba’zi Islom davlatlarida rasman bekor qilingan. Xozirga kelib bir qator musulmon davlatlari jumladan Arabiston davlati shariatga amal qilgan holda o‘z siyosatini yurgizayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga boshqa islom davlatlarida faqat oilaviy – nikoh, taloq, nafaqa, meros kabi masalalarda shariatga to‘liq yoki qisman amal qilinib kelinayotir.
O‘zbekiston xududida ham qadimda barcha musulmon o‘lkalari bilan bir qatorda shariat tatbiq qilingan. Bolsheviklarning 1917 yilgi oktyabr to‘ntarishidan so‘ng yurtimizda shariat umuman man qilingan.
Mustaqillik tufayli fuqarolarimiz namoz, ro‘za, haj kabi shar’iy amallarni erkin bajarish imkoniga ega bo‘ldilar.
|
| |