Raqobatli ustunlik - tovar yoki markaning firmaga o‘zining bevosita raqobatchilariga nisbatan ma’lum bir ustunlik beradigan xarakteristikasi va xususiyatlaridir. Bu xarakteristikalar (atributlar) g‘oyatda xilma-xil bo‘lishi va tovarning o‘ziga (asosiy xizmatga) ham, asosiy xizmatga qo‘shimcha xizmatlarga, ishlab chiqarish, savdo shakllariga ham taalluqli bo‘lishi, hamda firma yoki tovarga xos bo‘lishi mumkin. Demak, bunday ustunlik nisbiy bo‘ladi va tovar bozorida yoki bozor segmentida eng yaxshi mavqega ega bo‘lgan raqobatchiga nisbatan belgilanadi. Bu eng xavfli raqobatchi imtiyozli raqobatchi deb ataladi.
Raqobatchining nisbiy ustunligi turli omillar bilan belgilanadi. Umuman olganda, bu omillarni ular vujudga keltiradigan ichki va tashqi ustunliklardan kelib chiqqan holda ikki keng toifaga ajratish mumkin
Agar raqobatli ustunlik tovarning ajralib turuvchi sifatlariga asoslangan bo‘lsa, u “tashqi” ustunlik deb ataladi, bu sifatlar xarajatlarning qisqartirilishi yoki samaradorlikning oshirilishi hisobiga xaridor uchun qiymatli bo‘ladi.
Binobarin, tashqi raqobatli ustunlik firmaning “bozor qudratini” oshiradi, ya’ni u bozorni imtiyozli raqobatchidagiga nisbatan yuqoriroq sotish narxlarini qabul qilishga majbur qila oladi, chunki imtiyozli raqobatchi bunday ajralib turuvchi sifatlarni taklif eta olmaydi.
13.6-rasm. Raqobat ustunligini tanlashni belgilab beruvchi holatlar
Tashqi raqobatli ustunlikdan kelib chiqadigan strategiya differensiatsiya strategiyasi bo‘lib, bu strategiya firmaning marketing sohasidagi nou-xausiga, uning mavjud tovarlardan norozi bo‘lgan xaridorlarning istaklarini aniqlash va qondirishdagi afzalligiga tayanadi.
Agar raqobatli ustunlik firmaning ishlab chiqarish xarajatlari, firmani boshqarishdagi afzalligiga yoki raqobatchidan ko‘ra kamroq tannarxga erishishga imkon beruvchi va “ishlab chiqaruvchi uchun qiymat” hosil qiluvchi tovarga asoslangan bo‘lsa, bunday ustunlik “ichki ustunlik” deb ataladi.
Ichki raqobatli ustunlik - firmaga ko‘proq rentabellik keltiruvchi va uni sotuv narxlarining bozor yoki raqobat tomonidan pasaytirilishiga ko‘proq darajada bardoshli qiluvchi yuqoriroq “unumdorlik” oqibatidir. Ichki raqobatli ustunlikka asoslangan strategiya xarajatlar bo‘yicha ustunlik strategiyasi bo‘lib, u asosan firmaning tashkiliy va ishlab chiqarish “nou-xau”siga asoslanadi.
Raqobatli ustunlikning kelib chiqishi va tabiati turlicha bo‘lgan bu ikki turi ko‘pincha bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, chunki ular mutlaqo farq qiluvchi ko‘nikma va madaniyatni talab qiladi.
Tarmoq va firmaning tashqi raqobat ustunliklariga quyidagilar kiradi:
mamlakat raqobatbardoshligining yuqori darajasi;
kichik biznesning davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi;
mamlakat iqtisodiyoti faoliyat ko‘rsatishining sifatli huquqiy tartibga solinishi;
jamiyat va bozorlarning ochiqligi;
mamlakat iqtisodiyotini boshqarishning yuqori ilmiy darajasi;
standartlashtirish va sertifikatlash milliy tizimining xalqaro tizim bilan uyg‘unlashuvi;
fan va innovatsiya faoliyatining davlat tomonidan tegishlicha qo‘llab- quvvatlanishi;
mamlakatni boshqarishni axborot bilan ta’minlashning yuqori sifati;
mamlakat ichida va jahon hamjamiyati doirasida integratsiyalashuvning yuqori darajasi;
mamlakatda past soliq stavkalari;
qulay va arzon resurslarning mavjudligi;
mamlakatda boshqaruv kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlashning sifatli tizimi va boshqalar.
Tarmoq (firma)ning ichki raqobat ustunliklariga quyidagilar kiradi:
tovarga bo‘lgan yuqori zhtiyoj;
jamlash, ixtisoslashuv va kooperatsiyaning optimal darajasi;
boshqaruvning yuqori sifatli axborot va me’yoriy-uslubiy asosi;
etkazib beruvchilarning raqobatbardoshligi;
sifatli xomashyo va boshqa resurslardan foydalanish imkoniyatining mavjudligi;
resurslardan foydalanish samaradorligini optimallashtirish ishlarining bajarilishi;
tub yangiliklarning yuqori darajasi (patentlangan tovar, texnologiyalar, axborot tizimlari va h.k.);
menejerlarning raqobatbardoshligi;
tovarning eksklyuzivligi;
ko‘p ilm talab qiluvchi tovarlar eksportining yuqori ulushi;
raqobatbardosh tashkilotlar va tovarlarning yuqori salmog‘i va boshqalar.
|