5-Mavzu: Fizikada masalalar turlari va ularni yechishning ayrim
namunalari.
Reja:
1. Masalalar ta’lim-tarbiya vositasi sifatida.
2. Masalalar yechish qoidalari.
3. Masalalar yechishning ayrim namunalari.
“Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha
kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini
ko‘ramiz. Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib,
mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi
bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi”.
Sh. MIRZIYOYEV
Masalalar o‘quvchilarga fizika mashg‘ulotlarida ta`lim
va tarbiya berish
vositasidir. Har bir fizika fani o‘qituvchisi fizik masalalar yechish metodikasini
mukammal bilgandagina o‘z o‘quvchilarida fizika faniga bo‘lgan qiziqishni
shakllantira oladi va ularga chuqur bilim bera oladi.
Ma’lumki, fizika o‘qitishda nazariy va amaliy metodlar mavjud. Amaliy
metodlar ichida fizikadan masalalar yechishning ahamiyati salmoqlidir.
Masala
yechish jarayonida o‘quvchilarga bilim berish bilan birga o‘quvchilar
qobiliyatlarini rivojlantirish, o‘quvchilarga tarbiya berish kabi muhim masalalar
hal qilinadi.
Fizikadan masalalar yechish jarayonida o‘quvchilarning mantiqiy
fikrlashlari
kengayadi, ijodiy qobiliyatlari rivojlanadi. Fizik hodisalarning tub
mohiyatini kengroq tushunadilar, fizikadagi qonunlarning amalda qo‘llanilishini
chuqurroq anglaydilar. Ko‘pgina fizik o‘lchov asboblarining vazifasi,
tuzilishi,
ishlash prinsiplari bilan tanishadilar, ular bilan ishlash ko‘nikma va malakalariga
ega bo‘ladilar. Shuningdek, masalalar o‘quvchilarda
mehnatsevarlik, jur’atlilik,
iroda va xarakterni tarbiyalaydi.
Ko‘pgina metodik adabiyotlarning tahliliga ko‘ra, mantiqiy xulosalar,
matematik amallar va fizikadagi qonunlar hamda metodlarga asoslangan holda
yoki eksperiment yordamida yechiladigan muammo, odatda fizik masala deyiladi.
Fizik masalada qo‘yilgan muammoni hal etish, masala yechishdan iboratdir.
Masalalarning klassifikatsiyasi
Fizikadan masalalar to‘plamlarida berilgan
hamma masalalarni turli
asoslarga ko‘ra klassifikatsiyalanadi. Masalan, masalalarning murakkablik
darajasiga ko‘ra, sodda masalalar, qiyinroq masalalar, masala shartida, darslikda va
darsda ko‘rib chiqilgan masalalarda tavsiflanganiga nisbatan kamroq tanish
bo‘lgan holat tavsiflangan masalalar, o‘quvchilar
yangi bilimlar olish uchun
foydalanish mumkin bo‘lgan masalalardir.
Masalalar mazmuniga qarab, mexanikaga, molekulyar fizikaga, elektrga doir
va hakozo bo‘lishi mumkin. Bunday bo‘linish shartli ekanini bilamiz, chunki
ko‘pincha bitta masalaning shartida fizikaning bir nechta bo‘limlaridagi
ma’lumotlardan foydalaniladi. Shuningdek, politexnik mazmunga ega bo‘lgan,
ijodiy qobiliyatlarni
rivojlantirishga qaratilgan, tarixiy xarakterdagi ma’lumotlarni
o‘z ichiga olgan masalalarga klassifikatsiyalanadi.
Yechish usullariga ko‘ra masalalar: sifat, eksperimental, grafik va ijodiy
masalalarga bo‘linadi. Bunday bo‘linish ham shartlidir,
chunki eksperimental
masalalarni yechishda ham og‘zaki mulohazalardan ham, grafikdan ham, hisoblash
ishlaridan ham foydalanamiz. Biroq bu masalalarning har biri mazmun va
murakkablik jihatidan xilma-xildir. Bu masalalarning yechimlari aniq bir
maqsadga qaratilgan bo‘lib, yechilish usullariga ega. Bu masalalarning har bir
turlari uchun alohida adabiyotlar mavjud. Shunday bo‘lsada,
bu masalalar ustida
qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.