|
Foydalanilgan adabiyotlar
|
bet | 1/5 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 33,98 Kb. | | #125303 |
Bog'liq ILMIY MATN TUZISH REFERAT
Mavzu: Ilmiy-tanqidiy matn tuzish tamoyillari
Reja:
Ilmiy-tanqidiy matn tuzish.
Ilmiy ommabop matn tuzish.
Yig’ma qiyosiy matn.
Mavzu yuzasidan test savollari
Mavzu yuzasidan savollar
Glossary
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
Ilmiy-tanqidiy matn tuzish.
Badiiy asarning ilmiy-tanqidiy matnini tuzish manbaning nusxalari ko‘p bo‘lganda amalga oshiriladi. Ilmiy-tanqidiy matn, bu – matn tarixini ilmiy o‘rganish asosida muallif matniga yaqin variantini tuzishdir. Ilmiy-tanqidiy matn tuzishning barcha tadqiqotchilar uchun qoidaga aylangan asosiy prinsiplari mavjud. Masalan, matn tuzuvchi asarning fanga ma’lum barcha nusxalarini ko‘rib chiqishi shart. Ba’zi asarlarning qo‘lyozma nusxalari orasidagi farqlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunday holda ilmiy-tanqidiy matnni tuzuvchi matnshunos barcha nusxalarni kuzatishga majbur bo‘ladi. Ko‘p nusxalarga ega manbaning ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda nusxalarni saralash muhim hisoblanadi. Ko‘p nusxalarga ega manba matni ustida ishlash, ayniqsa, uning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash butun “injiqlik”lari bilan o‘ta nozik va mas’uliyatli, to‘xtovsiz aniqlik va intizom talab etuvchi “zahmat”lari bilan mashaqqatli, ammo samarali mehnatdir.
Ilmiy-tanqidiy matn tuzishda muallif nusxasi(avtograf) bo‘lmagan taqdirda asarning qadimiy, ishonchli nusxasi tayanch nusxa sifatida olinib, boshqa nusxalardan yordamchi manba sifatida foydalaniladi. Jumladan, adabiyotshunos R. Zohid So‘fi Olloyorning “Sabot ul–ojizin” asari ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda 150 dan ortiq nusxaning umumiy va farqli jihatlarini matnshunoslik nuqtai nazaridan izchil tekshirgan va 25 (15 qo‘lyozma, 10 toshbosma) nusxani qiyosiy tahlil ob’ekti sifatida olgan. Shunisi ahamiyatliki, R. Zohid saralangan 25 nusxani ham muayyan prinsipial xususiyatlariga ko‘ra uch guruhga: tayanch nusxa, asos nusxa, yordamchi nusxalarga ajratgan.
Muallif dastxati yoki uning davrida yaratilgan matn mavjud bo‘lsa, ilmiy-tanqidiy matnning ilmiy qimmati yuksak bo‘ladi. P. Shamsiev jahon qo‘lyozma fondlarida Navoiy asarlari qadimiy qo‘lyozmalarining topilishi shoir asarlari ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish uchun katta imkoniyat yaratganligini qayd etgan. Xususan, P. Shamsiev Qozon davlat universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Xamsa”ning XVI asrda ko‘chirilgan deb taxmin qilingan nusxasining aniqlanishi haqida shunday yozadi: “Xamsa”ning ana shunday qadimiy nusxasining topilishi navoiyshunoslikda muhim hodisadir. Chunki u ulug‘ shoir asarining yagona ilmiy-tanqidiy matnini tuzish ishini yanada takomillashtirish yo‘lida zarur manba xizmatini o‘taydi, matn tuzishdagi ko‘pgina masalalarni, chigalliklarni hal etishga yo‘l ochadi”.
Ilmiy-tanqidiy matnni tuzishda matnshunosning asar mazmuni, g‘oyasi, matn tarixini chuqur bilishi va aniq xulosaga kelishi muhimdir. Bunday matnni tuzishda barcha jalb etilgan nusxalar matni tanqidiy o‘rganiladi.
Matnshunos ishga jalb etilgan nusxalarni qiyosiy o‘rganib, tayanch nusxaga solishtirgan holda barcha matniy o‘zgarishlarni ilmiy apparatda qayd etib boradi. Tuzilgan ilmiy-tanqidiy matn shakli yodgorlik yozilgan grafikada nashr qilinishi bunday shakldagi matn tuzishning asosiy prinsiplaridandir.
O‘zbek matnshunosligining ildizi teran. Turkiy tilda matn tuzish an’analari yuzaga kelibdiki, uning bilan izma-iz matn bilimi (matnshunoslik) ham eviga kela boshlagan; matn tuzishning yo‘l-yo‘riqlari, printsiplari va nazariy asoslari ishlab chiqilib, fan sifatida yuzaga kelgan edi.
O‘zbek matnshunosligi o‘zining tarixiy taraqqiyoti davomida bir qancha yuksaluv bosqichini kechirdi. Ilkin bosqichi VI–VIII yuzyilliklarga to‘g‘ri keladi. Uning izlarini, matnga ilmiy munosabat, tayanch hamda asosli matn tuzish borasida to‘plangan bilim va tajribalarning amaldagi tadbiqini xoqonlar, davlat arboblari, sarkardalar xotirasiga bitilgan ko‘hna monumental matnlarda — ko‘k turk bitiglarida kuzatamiz. Ko‘k turk bitiglari o‘tganlarning xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘luviga qaramay, ularda matn tuzishning aniq printsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732-yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kultigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735-yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish printsiplarini ishlab chiqdi. Ulug‘ adib boshlab bergan an’ana keyingi davrlarda ham davom etdi.
Matnshunoslik tarixida temuriylar davri katta bir yuksalish bosqichi sanaladi. Bu davrda o‘zbek matnshunosligida klassik asarlarni o‘rganish va ularning tayanch nusxalarini yaratish borasida katta yutuqlarga erishildi. Matnshunoslik tarixida ilmiy-tanqidiy matn tuzish tamoyillari ana shu kezlari ishlab chiqildi. Bunga Boysung‘ur mirzo qo‘l ostida Firdavsiy “Shohnoma”sining tanqidiy matni yaratilganligi o‘rnak bo‘la oladi. Matn so‘zboshisini ham Boysung‘urning o‘zi yozgan edi. Yoki Xo‘ja Arslonxon qo‘l ostida, uning ko‘rsatmasi bilan adib Ahmad Yugnakiy qalamiga tegishli “Hibat ul-haqoyiq” asarining yig‘ma matni yaratildi. Ushbu tayanch matnni 1444-yili Samarqandda Zaynulobidin baxshi uyg‘ur xatida tuzib chiqqan. Asarning qolgan nusxalari esa ushbu tayanch matn asosida yaratilgan.
O‘tmish matnshunosligining diqqatga sazovor muhim belgisi — an’anaviylik va uzluksizlik, shu sohada to‘plangan bilim va ko‘nikmalar amalda qo‘llab kelingani bilan o‘lchanadi.
Hozirgi zamon matnshunosligi o‘tgan asrning 30-yillaridagi suronli davrlardan keyin yangidan, aytish mumkinki, yo‘q yerda bo‘y ko‘rsatdi. Shunday esa-da, oz fursatda fanning ilg‘or yutuqlarini egallab, katta mavqega ko‘tarilib ulgurdi. Matnshunosligimizda o‘tgan davr ichida katta ishlar amalga oshdi. Quvonarlisi, hozirgi o‘zbek matnshunosligi, ayrim yo‘nalishlarda, amaliy sohalarda, arab yozuvli manbalarni o‘rganishda yetakchi o‘rinda turadi. Biroq matnshunosligimiz bu yutuqlarda to‘xtab qolmasligi, har qachon ham dunyodagi ilg‘or o‘rinlarni egallamog‘i kerak. Eski va boy yozma merosga ega bo‘lgan xalqning matn bilimi ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim. Tinimsiz izlanishlar, hozirgi zamon matnshunosligining ilg‘or yutuqlariga tayanilgan bilim va tajribalargina soha kelajagiga yo‘l ochadi. Buning uchun, bizningcha, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratilgani ma’qul.
O‘zbek matnshunosligi deganda faqat arab yozuvidagi qo‘lyozma manbalarni o‘rganish tushunilmasligi kerak. Uning qamrovi nihoyatda keng: bunga ko‘k turk yozuvidagi bitiglardan tortib uyg‘ur, moniy va islomdan burungi davrlarda boshqa yozuvlarda yaratilgan matnlarni o‘rganish ishlari ham kiradi. Shunday ekan, ota-bobolarimiz islomdan burungi davrlarda yaratgan bitiglarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini yaratish ham muhim ishlardan sanaladi. Afsuski, bu yo‘nalishda bitiglar ustida ish olib borayotgan, asl bitiglarni o‘qib, ular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot yaratayotgan olimlarimiz barmoq bilan sanarli.
Eski zamonlarda O‘rta Osiyo o‘lkalarida qadimgi xorazmiy, sug‘d, forsiy, arab tillarida yaratilgan manbalarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini, tarjimalarini yaratish ham o‘zbek matnshunosligining vazifasiga kiradi. Bu yo‘nalishda matnshunoslikda ko‘zga tashlanadigan ishlar yaratildi.
O‘zbek matnshunosligining oqsayotgan jihatlari ham oz emas. Bu kamchiliklar, ayniqsa, ilmiy matnlar yaratish jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shularning biri, ilmiy transkriptsiya masalasidir. Mutaxassislarga ayon, ilmiy yoki ilmiy-tanqidiy matn tuzishda eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l — matn asli qanday yozuvda bo‘lsa, uni o‘sha yozuvida berishdir. Masalan, arab yozuvli asarning ilmiy matni ham arab yozuvida bo‘lgani yaxshi. Lekin har qachon ham, ayniqsa, qadimgi ko‘k turk, uyg‘ur, moniy yozuvlaridagi bitiglarning ilmiy nashrida buning imkoni topilavermaydi. Tugunning yechimi uchun ilmiy transkriptsiyaga murojaat qilinadi.
Yevropa matnshunosligida ilmiy transkriptsiya allaqachon yaxshi egallangan. Ayonki, fanda ilmiy transkriptsiyada tayyorlangan matnning mavqei, qadri har qachon yuqori turadi. Transkriptsion nashrlar ilmiy qarashlarning yaqinlashuviga, intellekt rivojiga yo‘l ochadi. Biz esa, har qanday yozma merosning ilmiy nashri transkriptsiyada bo‘luvi kerakligini tushunib yetmagandekmiz. Nashrlarimizda, hatto sof ilmiy ishlarda, doktorlik va nomzodlik ishlarida ham ilmiy transkriptsiyaga ko‘pda amal qilinmayapti. Sovuqqonligimiz yaratgan ishlarimizning dunyo darajasiga ko‘tariluviga yo‘l bermayapti, ba’zida. Bu hol bir kun kelib boshqa tadqiqotlarning yo‘lini to‘sib qo‘yishi ham mumkin. Jo‘ngina bir misol. Til tarixida “olov” ma’nosidagi o‘t bilan “o‘tmak” (fe’l) ma’nosidagi o‘t, yoki “yuqori o‘rin” ma’nosidagi to‘r bilan “tuzoq” ma’nosidagi to‘r so‘zlari bir-biri bilan omonim emas, butunlay o‘zga so‘zlardir. Ularning talaffuzi ham farq qilgan: biri ingichka talaffuz etilsa, ikkinchisi yo‘g‘on o‘zaklidir. Hozirgi yozuvga o‘girayotgan matnshunos, tabiiyki, ularni o‘t hamda to‘r shaklida beradi. Mabodo siz matndagi so‘zlarning sanog‘ini bilish uchun kompyuterga kiritsangiz, kompyuter so‘zlarning yozilishiga qarab, ularni qorishtirib yuboradi, so‘zlarni xato hisoblab chiqadi. Bu esa tarixiylikka zid (Buni o‘zimizcha to‘qib emas, hozirgacha yaratilgan ayrim ishlar misolida aytmoqdamiz). Shu yo‘ldan boriladigan bo‘lsa, qanchadan-qancha so‘zlarni boy beramiz. Transkriptsiyaga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqayotgan shu va shunga o‘xshash salbiy holatlar bir dunyo.
Ilmiy transkriptsiyaning foydasi katta: u matn tilini yaxshi aks ettiradi; matn talqinini yengillashtiradi. Matnni ishonchli manbaga aylantirib, u asosida yaratilajak boshqa tadqiqotlarga keng yo‘l ochadi. Qolaversa, uning chet ellardagi ana shu soha mutaxassislari uchun ham tushunarli bo‘luvini ta’minlaydi.
Asarning ilmiy matnini tayyorlash nihoyatda murakkab jarayon. Ilmiy matn yaratishda, ayniqsa, ilmiy-tanqidiy matn tuzishda ba’zan salbiy holatlarga yo‘l qo‘yish hech gap emas. Tabiiyki, har qanday olim matnga o‘zi bilganicha yondashadi. Shunga ko‘ra ham yaratilgan har qanday ilmiy-tanqidiy matn nisbiydir. Matnshunos asarning ikki qo‘lyozmasini solishtirib, o‘zining talqiniga ishonib, to‘g‘risi shunday bo‘lsa kerak, degan o‘y-xayolda uchinchi bir yasama matnni yaratib qo‘ymasligi kerak.
Ilmiy matn tuzishda eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l asarning turli qo‘lyozmalariga asoslanib, uning yig‘ma-qiyosiy matnini yaratishdir. Matnshunos barcha ilmiy qoidalarga asoslanib, ana shunday ilmiy matnni yarata olsa, sohada qalqish bo‘ladi. Ushbu matn asosida boshqa tadqiqotchilar o‘z ishlarini yarata oladilar.
O‘tmish matnchiligining muhim belgilaridan biri shundaki, matn bitguchilar, o‘qimishlilar matn mazmuniga, uning tuzilishi, uslubiga jiddiy e’tibor qaratib kelganlar. Matn tuzish jarayonida o‘zlaridan avval to‘plangan bilim va tajribalarga, klassik an’analarga izchil amal qilingan. Qay zamonda ko‘chirilishidan qat’i nazar, matnni aslidek saqlash kotiblarning burchi sanalgan. O‘tmish Sharq matn tuzish amaliyotida yozuvga, matnga hurmat doimo yuqori edi. Yozma merosni o‘rganishda buning singari qoidalar e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Bizga qadar saqlanib qolgan yozma yodgorliklar, bitiglar turlicha munosabatni taqozo etadi. Ayrim matnlar bir yoki ikki nusxada yetib kelgan, ayrimlarining esa qo‘lyozma nusxalari ko‘p. Ba’zi matnlardan bir varaq yoki kichik bir uzindi saqlangan, xolos. Ayniqsa, buddizm, moniylik davrlaridan qolgan matnlarda bunday holat ko‘p uchraydi. Bunga bir misol. Berlin akademiyasining qo‘lyozmalar fondida Turfondan topib keltirilgan ko‘p sonli yozma yodgorliklar saqlanmoqda. Ular ichida U 0044 soni ostidagi matn uzindisi bor. U moniylik davrida yaratilgan yirik bir asarning qoldig‘idir. Moniylik davridan saqlangan nasriy asarlar u qadar ko‘p emas. Lekin ushbu uzindi-matnning o‘ziyoq moniylik davri adabiyoti janrlari doirasini kengaytiradi, bizni o‘sha asarlar ustida ham bosh qotirishga undaydi.
Ba’zi hollarda qaysidir tarixiy asarda, tazkirada yoki biror ilmiy manbada keltirilgan qisqa ma’lumot ham yirik ilmiy masalani ochishga yordam beradi.
|
| |