1.3.Xavfsizlik texnikasi talablari va qoidalari
A) Umumiy qoidalar
Ta’lim muassasalari rahbarlari va biologiya o‘qituvchilari ayrim asboblar, qurilmalar, materiallar, shuningdek, biologiya fanini o‘qitishda foydalaniladigan energiya manbalari bilan noto‘g‘ri muomala qilganda o‘quvchilar sog‘lig‘iga zarar yetishini doimo esda tutishlari zarur.
Mas’uliyatsizlik, e’tiborsizlik, asboblar bilan yaxshi tanish bo‘lmaslik, xavfsizlik texnikasi qoidalarini bilmaslik va unga rioya qilmaslik natijasida noxush hodisalar sodir bo‘lishi mumkin.
Bunday noxush hodisalar yuz bermasligi uchun har bir namoyish qilinadigan tajriba va laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazish jarayoni xavfsizlik nuqtai-nazardan o‘qituvchi tomonidan sinchiklab o‘ylab ko‘rilgan bo‘lishi, tajribalarni o‘tkazishda esa o‘qituvchining o‘zi xavfsizlik texnikasi qoidalariga to‘liq rioya qilishda o‘rnak bo‘lishi lozim.
O‘qituvchi o‘quvchilarga namoyishli tajriba, laboratoriya ishini bajarishdan oldin ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush hodisalar va ularning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnoma berishi kerak. Xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish javobgarligi o‘quvchilar bilan mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchi zimmasida bo‘ladi.
Ana shularni e’tiborga olib o‘qituvchi biologiya xonasidagi xavfsizlik qoidalari haqida ma’lumot berishi hamda shu qoidalarni eshitganligi va unga rioya qilishi haqida har bir o‘quvchi maxsus “Xavfsizlik texnikasi daftari”ga o‘z imzolarini qo‘yishlari shart.
Laboratoriya mashg‘ulotlarida biologiya fani o‘qituvchisi, laborant yoki to‘garak rahbarining nafaqat ishtirokida, balki ularning bevosita rahbarligida va xavfsizlik texnikasi qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, o‘quvchilar tomonidan bajariladigan ishlarni muntazam ravishda kuzatib borishlari shart.
Mashg‘ulot davomida namoyishli tajribalarga tegishli bo‘lgan jihozlardan boshqa o‘quvchilar xayolini chalg‘itadigan ortiqcha narsalarning stol ustida bo‘lmasligi kerak.
Issiqlik balansi tenglamasini o‘rganish jarayonida isitilayotgan suv harorati 60-700 S dan oshmasligi lozim.
Ishlayotgan elektr asboblarini (elektroplitka, elektr kavsharlagich, elektr qaynatgich) qarovsiz qoldirish mumkin emas.
Tez o‘t oluvchi va engil uchuvchi suyuqliklar (efir, benzin, atseton, kerosin, spirt va shunga o‘xshash moddalar)ni tajriba o‘tkazish jarayonida ularni alangalatib yuborish xavfi bo‘lgan isitgichlardan uzoqroq turishi kerak.
Yoqilg‘i sifatida benzindan foydalanish qat’iyan man etiladi.
Ta’lim muassasasida, simob ishlatiladigan laboratoriya ishlari, namoyishli tajribalarni o‘tkazish ta’qiqlanadi.
Xavfsizlik texnikasiga doir yozilgan va maktab direktori tasdiqlagan yo‘riqnoma o‘quv-laboratoriya xonasining ko‘zga ko‘rinadigan joyiga osib qo‘yilishi kerak.
B) Elektr xavfsizligi qoidalari.
Elektr asboblarini ishlatish oldidan ularning yo‘riqnomalari bilan batafsil tanishib chiqish zarur hamda ularni tarmoqqa ulashdan avval, tarmoq kuchlanishi asbob mo‘ljallangan kuchlanishga mos kelishini tekshirib ko‘rish kerak. Barcha asboblarning yuza qismiga ular qanday tokka, kuchlanishga mo‘ljallanganligi, qutblari va boshqa ma’lumotlar yozib qo‘yilishi shart.
hamma elektr asboblarini(elektr toki bilan ishlaydigan mikroskoplar) belgilangan tartibda vaqti-vaqti bilan saqlanish holati, soz yoki nosozligini tekshirib turish kerak.
Metall elektr asboblarining korpus(g‘ilof)lari erga ulanishi kerak. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, erga ulash sifatida suv-gaz va isitgich quvurlaridan foydalanish qat’iyan man etiladi. Chunki, radiatorlar isitgich va suv tizimlarining quvurlari dielektrik (yog‘och va boshqa) bilan izolyatsiyalangan bo‘ladi.
Elektr jihozlarda, elektr o‘lchov asboblarida va ulangan simlarda nuqson sezilsa (maxsus hid, tutun paydo bo‘lganda, simlar qiziganda va boshqa hollarda) kuchlanishni darhol uzish kerak. Ish tugashi bilan elektr asboblarini darhol o‘chirib qo‘yish kerak.
|