|
Kaykovusning “Qobusnoma” asarida ota-onani hurmatlash mavzusi
|
bet | 3/8 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 168,56 Kb. | | #230372 |
Bog'liq taxminaKaykovusning “Qobusnoma” asarida ota-onani hurmatlash mavzusi
XI asrning 82–83-yillarida G’arbiy Eron podshohining nabirasi Kaykovus ibn Iskandar o’z o’g’li Gilonshohga bag’ishlab “Nasihatnoma”sini yaratadi va o’sha davr anʼanasiga ko’ra uni bobosi podshoh Shamsulmaoliy Qobus sharafiga “Qobusnoma” deb ataydi.
“Qobusnoma” asrlar mobaynida G’arb va Sharq mutafakkirlarining eʼtiborlarini o’ziga jalb qilib kelgan: 1702-1705-yillarda turk tiliga, 1786-87-yillarda Muhammad Siddiq Rashidiy tomonidan uyg’ur tiliga, 1881-yilda qayum Nosiriy tomonidan tatar tiliga hamda XIX asrdayoq ingliz, farang, olmon, rus tillariga tarjima qilindi. 1935-yilda Tehron dorilfununining professori Said Nafisiy “Qobusnoma”ni Tehronda chiqardi”.
1860-yilda “Qobusnoma” Ogahiy tomonidan o’zbek tiliga birinchi marta tarjima qilindi. “Qobusnoma”ga so’zboshi yozgan Ulug’bek Dolimovning xabar berishicha, Ogahiy tarjimasining qo’lyozma nusxasi O’zRFA Sharqshunoslik institutining qo’lyozmalar fondida va Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin nomli kutubxonada saqlanmoqda. Asarning o’zbek tiliga sodda tabdilini
adabiyotshunos olim Subutoy Dolimov Ogahiy tarjimasining qo’lyozmasidan va E.Bertelsning rus tilidagi tarjimasi hamda Said Nafisiy tomonidan tayyorlangan Tehron nashridan foydalanib amalga oshirgan.
Kitobning yozilish sababini Kaykovus shunday izohlaydi: “Ey farzand, sena zamona sitamining qo’li yetmasdan burun hushing quloqi birla mening so’zimni eshitgil va pandlar bila ikki jahonda nom chiqarg’il. Mening so’zimni eshitmoqdin ibo qilmag’il. Agar mening so’zimni qabul qilib, undan bahra olsang, o’zgalar dog’im(yanada) qabul qilurlar va unga yarasha ish shundog’durki, hech farzand otasining pandin qabul etmag’usidir, nedinkim yigitlar g’aflat yuzidin o’z botinida o’zlarini birdan-bir donnish fahm qilurlar va o’z donishlarini qarilarning donishidin afzal bilurlar. Garchi bu so’z menga maʼlumdiur, lekin otalik mehri meni xomush bo’lurga qo’ymadi. Shul vojib bir qancha pandlarni o’zum yaratdim va uni qirq to’rt bobga jam qildim, har bobida bir necha so’z zikr etdim”.
Shu tariqa Kaykovus o’zining hayotiy tajribalarini, turmushda ko’rgan- kechirganlarini, o’qigan va uqqanlarini o’g’li Gilonshohga pand-nasihat tarzida bayon etadi. Kaykovus o’z otalik shartini bajo keltirilishini Gilonshohning nasihatlarni qabul qilishida deb biladi. Inson dunyodan orttirgan eng yaxshi narsasini yaqinlariga qoldirib ketadi, Kaykovusning nazarida eng yaxshi narsa uning pandlari edi.
Shuning uchun bu pandlarni o’g’liga meros qoldirishni afzal ko’radi. Kaykovus inson nasabi va asliga mos bo’lishini avvalgi nasihatlarida bayon etadi. “Aslingning qadru-qimmatini bil va asli kam odamlardan bo’lmagil”deya uqtiradi. “Bu jahon bir ziroatgohdir, har nima eksang, shuni o’rasan va har na so’z desang, shuning javobini eshitasan”deya uqtirgan otadunyoni “joyi foniy” ekanligini taʼkidlab o’tadi.
Kitobning dastlabki uch bobi Allohni tanish, payg’ambarlar xilqati zikri va Haq taoloning shukrguzarligi taʼrifiga bag’ishlangan. Shu tariqa qirq to’rt bobning har biri hayotiy bir hodisaning inson hayotiga taʼsiri masalasi xususida bahs etadi. Muallif har bir fikrni keltirar ekan. Uning asosi uchun muayyan bir hikoyatni keltiradi. Shunday qilib kitob faqat pand-nasihatlar majmuasi bo’libgina qolmay, o’zida bir necha didaktik hikoyatlarni jamlagan mumtoz adabiy asarga aylangan. Kitob faqat otaning o’g’liga nasihat deb emas, balki butun insoniyat undan ibrat olishi va hayotiga tatbiq qila olishi kerak bo’lgan hayotiy zarurat deb bilishi lozim.
Bu o’rinda so’z haqida quyidagi fikrlarini misol sifatida keltirish joiz:
1. Hech kishining oldida ifrot (haddan oshish) qilmag’il va ifrotni shumliq deb bilgil. Har ishda miyona (o’rtacha) bo’lg’il, so’z aytmoqda va ishqilmoqda...
2. Xaloyiqning orasida bir kishining qulog’iga so’z aytish yaxshi emasdur. Agar bu so’z garchand yaxshi bo’lsa ham, tashqarisindin uni yomon so’z deb gumon qiladilar va ko’p odamlar bir-biridan darg’umon bo’ladilar.
3.Gar so’z demoqchi bo’lsang, shunday so’z degulki, so’zingning rostlig’iga guvohlik bersunlar.
4. Har so’zni andisha bilan boshlag’il, toki aytg’on so’zingdin pushuaymon bo’lmag’aysan.
5. Sovuq so’zlik bo’lmagil.
6. Ko’p bilib oz so’zlagil va kam bilib ko’p so’zlamagil.
7. Yolg’on va behuda so’z aytmak devonalikning bir qismidur. Har kishiga so’z aytur bo’lsang qarag’il, ul sening so’zingga xaridormu yoki xaridor emasmu? Agarda uni so’zingga xaridor topsang, unga so’zingni sotg’il. Yo’q ersa, ul so’zni qo’yib, shundoq so’z degulkim, unga xush kelsin va sening so’zingga xaridor bo’lsin.
Shuningdek, “Anushervon pandlarini yod olmoq zikrida” deb nomlangan sakkizinchi bobida Anushervon aytgan o’ttiz uchta nasihatni keltiradi. Aslida bu Anushervonga nisbat berilgani Kaykovusning ham tanbehlari edi.Muallif taom yemak odobi, mehmon olmoq va mehmon bo’lmoq odobi haqida ham qimmatli fikrlarni bayon etadi:
1. “Ey farzand, bilgilkim, har kun begona odamlarni mehmon qilmag’il, nedinkim, har kun mehmon olsang, mehmonga loyiq ishlarni ko’ngul murodicha qila olmag’ungdir.
2. Har vaqt mehmonlaring uyingga oyoq qo’ysalar, sen barcha odamlaring bila ularning oldilariga chiqqil va yaxshi so’z bila muloqot qil, to ular sening shukringni aytsinlar.
3. Agar meva vaqti bo’lsa, taom yemasdin avval meva kelturg’il, to bahuzuridil yesunlar.
4. Mehmondil bo’lgil va mehmonga taʼna qilmagil, har vaqt ochiq yuzlik bo’lgil, toki har kishikim mehmoning bo’lsa, shodlik bila taomingni
yesin.
5. Agar mehmon bo’lsang, har kishinikiga mehmon bo’lib boravermagil, chunki hashmat shavkatingga ziyon yetkarursan. Agar mehmon bo’lub
borsang, ko’p och bo’lub bormag’il va tez yurub bormag’ilkim, taom yemakdin maʼzur bo’lub borsang, mezbon ozor topar. Agar taomni ko’p yesang, ko’ziga
yomon ko’rinur.
“Ota-ona haqini bilmak zikrida” deb nomlangan beshinchi bobda “sen ota-onangga nima ish qilsang, farzanding ham sening haqingda shundoq ish qilur, chunki odam mevaga, ota-ona daraxtga o’xshaydur. Daraxtni qancha yaxshi tarbiyat qilsang, mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq bo’lur. Ota- onaga izzat va hurmatni qancha ko’p qilsang, ularning duosi shuncha tezroq mustajob bo’lur” kabi farzand tarbiyasi bilan bog’liq qimmatli fikrlar borki, bu kabi hikmatli ifdalar kitobning asrlar osha yetib kelishiga sabab bo’lgan.”
“Agar molsizlidan qashshoq bo’lsang, aqldan boy bo’lmoqqa sayʼ ko’rguzgilki, mol bila boy bo’lg’ondin, aq bila boy bo’lg’on yaxshiroqdur, nediknkim aql bila mol jam etsa bo’lur, ammo mol bila aql o’rganib bo’lmas”. “Bas agar aqling bo’lsa, hunar o’rgang’il, nedinkim hunarsiz aql – boshsiz tan, suratsiz badandekdir”.
“Hunar afzunlig’i bila baland qadr va oliy tabʼ bo’lmoq zikrida “deb nomlangan oltinchi bobda hunarning afzalligi, so’z va til, yaxshilik qilmoq xususida fikr bildiriladi. “Ey farzand, ogoh bo’lki, hunarsiz kishi hamisha foydasiz bo’lur va hech kishiga naf yetkurmas. Bilursanki xori mug’ilon (tikanli buta) ning tani bordur, ammo soyasi yo’qdur. Hunarsiz kishi ham xori mug’ilon yanglig’ na o’ziga va na o’zgaga foyda berur”.
Shu tariqa mana shubobda so’z xususida ham qimmatli fikrlar bildiriladi.
“...tilingni yaxshi hunar bila o’rgatgil va muloyim so’zdan boshqa narsani odat qilmag’il. Nedinkim, tilga har nechuk so’zni o’rgatsang, shuni aytur, so’zni o’z joyida ishlatgil, so’z agar yaxshi bo’lsa, ammo noo’rin ishlatilsa, garchand u har nechuk yaxshi so’z bo’lsa ham yomon, nobop eshitilur. Shuning uchun behuda so’zlamagilki, foydasizdur. Bunday befoyda so’z ziyon keltirur va har so’zki undan hunar isi kelmasa, bunday so’zni gapirmaslik lozim”.
“Ammo so’ralmag’on so’zni aytmag’il va behuda so’zdan parhez qilg’il, har bir so’zni so’rasalar, rost aytg’il. Sendan talab qilmasa kishig’a nasihat qilmag’il, pand bermagil, xususan seni tinglamagon kishiga hech so’z dema, chunki bunday kishilar pandni eshitmag’aylar. Ko’p kishining orasida bir kishig’a pand-nasihat qilmag’il”.
“Agar biror kishi kajlik(qing’irlik, yolg’onchilik)ka odat qilg’on bo’lsa, uning yoniga bormagilki, u hargiz rost so’zlamas. Nedinkim, bir daraxt egri bo’lsa, to uni chopib yo’nmaguncha, u to’g’ri bo’lmas”.
Asarda xaloyiq to’rt navga bo’lib beriladi:
“Biri ulkim, bilur va bilg’onin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe bo’lmoq kerakdur. Biri uldirkim, bilmas va bilmag’onin bilur, ul qobildur, unga o’rgatmoq
kerakdur. Biri uldurkim, bilur va bilg’onin bilmas, ul uyqudadur, uni bedor qilmak kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag’onin ham bilmas, ul johildur, undan
qochmoq kerakdur”.
Asarda 50 ga yaqin hikoyat boblar tarkibida kelgan bo’lib, bob mohiyatini ochishda, adib yetkazmoqchi bo’lgan fikrlarni mustahkamlashda qo’llanilgan. Har bir hikoyat o’zida muayyan mazmunni ifodalagan va ulardan pirovardida xulosalar chiqarilgan.
“Qarilik va yigitlik zikri sifatida” bobida (9-bob) qisqa bir hikoya beriladi. Unda odobsiz yigit hamda topqir va zukko qariya timsolida ularning qiyofasi ochib beriladi. “Undoq eshitibmankim, yuz yil yashag’on va qaddi yoydek xam bo’lg’on bir qari 9-bob kishi qo’liga aso tutib borur edi. Bir yigit uni masxara qilib dedi:” Ey shayx, ushbu yoyni necha tangaga olding? Aytg’il, to men ham olurman”. Shayx dedi: “Agar umr topsang va sabr qilsang, bu yoyni senga tekinga berurlar”.
“Do’st tutmoq zikrida” deb nomlangan 28-bobda do’stlikni mahkam tutish haqidagi fikrlari ahamiyatlidir:
1.Har kishi do’stlarni yod qilmasa, do’stlar ham yod qilmagusidur va ul kishi hamisha do’stsiz qolgusidur.
2. Hamma vaqt do’st tutmoqni odat qilg’il, zeroki, har kishining do’sti ko’p bo’lsa, ayblari shuncha sir tutilur va fazilati ko’payur.
3. Har vaqt yangi do’st topsang, ko’hna do’stlarni tark etmag’il va ulardin yuz o’gurmagil, toki hamisha do’sting ko’p bo’lsun.
4. Yaxshi do’st kishiga ulug’ ganjdur.
5. Do’stlarning do’stlari ham do’stlaringdur. Ehtimolki, uning o’sha odamg’a do’stlig’i sening do’stligingdin ko’proqdur. Agar do’sting sening dushmaningni sevsa, bunday do’stdan ehtiyot bo’l, nedinkim, bunday do’st dushman tarafidin senga yomonlik qilishdan ham andisha qilmag’ay. Sening do’stingga dushman bo’lg’on do’stdin ham parhez qilg’il.
6. O’zingga loyiq do’st axtargil.
7. Agar do’stingning ko’ngli hech gunohsiz sendan qolsa, uni qaytib kelurga mashg’ul bo’lmag’il, nedinkim, taʼmagir, kekchi do’stdin uzoq bo’lg’il, uning do’stligi haqiqiy ermasdur, balki taʼma uchundur.
“Javonmardlik haqida” berilgan qirq to’rtinchi bobda muallif qanoat xususida fikr bildirib quyidagi keltiradi:
“Shundoq eshitibmanki, shayx Shibli bir kun bir machitga bordi va ikki rakat namoz o’qib, biroz vaqt osoyish topdi. Ul machitda yosh o’g’lonlar jam bo’lib, kitob o’qir erdilar. O’g’lonlarning taom yeydig’on vaqtlari bo’lib qoldi. Bularning orasida bir boyning o’g’li ham bor erdi va bir faqirning ham o’g’li bor edi. Boyning o’g’li unga dedi: “Agar halvo yemak tilasang, mening itim bo’l, shundin so’ng halvo berurman”. Faqirning o’g’li dedi: “Men sening itingman”. Boyning o’g’li dedi: “Shundoq bo’lsa, itdek hurg’il”. U bechora it yanglig’ hurdi, shundin keyin boyning o’g’li bir bo’lak halvo berdi. U har vaqt itdek hurardi va bir bo’lak halvo olardi. Shayx Shibli har vaqt ularga qarab yig’lar edi. Bir kuni muridlari undan so’radilar: “Ey shayx, ne vajdin yig’larsan?” Shayx dedi: “Ko’ringlarki, beqanoatlik va tamagirlik odamning boshiga na savdolarni solur. Agar bu o’g’lon quruq nonga qanoatli bo’lib, undin halvo tilamasa edi, o’zidek bir o’g’lonning iti bo’lmasdi”.7
“Qobusnoma” Sharq adabiyotida didaktik mezonlar aks etgan asardir. Mo’jaz rivoyatlar, ixcham latifalar, kichik hikoyatlardan tuzilgan “Qobusnoma” asari kitobning o’qishli bo’lishini taʼminlagan.
|
| |