|
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarida ta’lim va tarbiya, ma’naviy kamolot, axloq va odobga doir qarashlar
|
bet | 4/8 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 168,56 Kb. | | #230372 |
Bog'liq taxmina1.2. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarida ta’lim va tarbiya, ma’naviy kamolot, axloq va odobga doir qarashlar
“Qutadg’u bilig” - baxt va saodatga eltuvchi bilim, ta’lim degan ma’noni bildiradi. Demak, asar nomidan ham uning pand-nasixatlari, ta’lim-tarbiyaga oid, har tomonlama komil insonni tarbiyalaydigan yetuk ma’rifiy asar ekanligi yaqqol ko’rinib turibdi. “Qutadg’u bilig” – XI asr so’z san’atining nodir namunasi bo’lib, unda o’z davrining ilg’or ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urfodat va an’analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma’lumot berilgan. Yusuf Xos Xojibning uqtirishicha, har bir kishi jamiyatga munosib bo’lib kamol topmog’i kerak. Buning uchun, u tug’ilgan kundan boshlab zarur tarbiyani olmog’i lozim. Farzandlar tarbiyasi nihoyatda erta boshlanmog’i shart. Shundagina ularning noo’rin xatti-harakatlariga berilishining oldi olinadi.
Yusuf Xos Hojibning mazkur asari insonni har tomonlama kamolga yetkazishning barcha masalalari o’zining badiiy ifodasini topgan yirik ta’limiy-axloqiy dostondir. Olim insonni kamolga yetishi uchun quyidagilarni nazarda tutadi: 1. Aqliy kamolot-bilim va zakovat. O’quvli bo’lish. 2.Axloqiy kamolot. 3.Jismoniy kamolot. Yusuf Xos Hojib ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liq holda bo’lishini tavsiya etadi, o’g’il bolalarning bir necha san’at turini va hunarlarni tugal o’rganmog’i lozimligini ta’kidlaydi, bu –ularning kelajak hayotlari jamiyat rivoji uchun kerak.
Yusuf Xos Hojib aqliy tarbiyaning baland mavqe tutishini eslatadi. Adib tarbiyaning barcha turlari o’zaro bilan uyg’un bo’lishini talab etadi. Shundagina insonning aqlan barkamol, jismonan yetuk, axloqiy, ma’naviy boy bo’lishiga ishonadi. Farzandlarga turli bilim va hunarlar o’rgatish, ularni go’zal axloqli qilib voyaga yetkazish ota – onaning burchidir. Yusuf Xos Hojib tarbiyada kattalar namunasi, ajdodlar tarbiyasi alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. Asarda ilgari surilgan axloqiy xislatlar mohiyatining to’laqonli ochib berilishi olimning ta’limtarbiya, axloq masalalarini qay darajada chuqur bilganligidan dalolat beradi: insoniylik, rostgo’ylik, to’g’rilik, soflik, mehr-muhabbat, vafo, shafqat, muruvvat, insof, adolat, ishonch, sadoqat, xushmuomalalik, shirinso’zlik, saxovat, mardlik, himmatlilik, tavoze, hurmat va ehtirom, tadbirkorlik. Aql zakovat, halollik, ezgulik kabi xislatlar ulug’lanadi, ularga yolg’onchilik, noinsoflik, fisqu fasod, bevafolik, mehrsizlik, dag’allik, qo’pollik, baxillik, nomardlik, quvlik, hurmatsizlik, nodonlik, johillik, haromxo’rlik, ochko’zlik kabi xislatlarni qiyoslab, ezgu xislatlarning yaxshi oqibatlari va salbiy xususiyatlarning yomon oqibatlarini misollar vositasida ishonarli qilib bayon etadi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarida inson kamoloti masalasi markaziy masala bo’lib hisoblanadi. Mazkur asarda insonning jamiyat va hayotda tutgan o’rni, burch va vazifalari haqidagi muammolar o’ziga xos tarzda bayon etiladi. Buyuk mutafakkir Yusuf Xos Hojib “Qutadg’u bilig” kitobining an’anaviy boshlamasidan keyinoq insonning haqiqiy baxti bilimda ekanligini bayon etadi. U ilm, zakovatning ahamiyati haqida fikr yuritish bilan birga unga alohida boblar ham bag’ishlangan. Lekin olim faqat ilm ma’rifatning ahamiyatini ko’rsatibgina qolmaydi, u bilim va zakovatning amaliyotdagi o’rnini ham yoritadi.
Adib bilimli buyuk, uquvni ulug’ deb ta’riflaydi. Chunki, zakovatli inson ulug’ bo’ladi, bilimli kishi buyuk bo’ladi, deb ilmli kishilarni asl toifadagi kishilarga qo’shadi. Olim ezgu ishlarning barchasi ilm tufayli amalga oshirilishini aytadi. O’sha davrdayoq olim “Bilim hatto osmon sari yo’l ochur” deb bashorat qiladi. U dunyoda odam paydo bo’libdiki, faqat bilimli kishilargina ezgu ish qilib, adolatli siyosat yurgizib kelgan, ana shu bilim va zakovati tufayli kishilar razolatdan poklanganligini ta’riflaydi.
Hatto hukmdorlar ham yurtni, davlatni aql, ilm, zakovat bilan idora etsa, el-yurt farovon bo’ladi, to’q va tinch hayot kechiradi, deydi. U kuch va qurolni aql va bilimdan keyingi ikkinchi o’ringa qo’yadi. Sechu (ya’ni har yerda ma’lum xudo) insonni yaratti, tanladi, Unga hunar, bilim va uquv berdi. Unga ko’ngil (ya’ni aql) berdi, tilini yo’riq (ravon) qildi, Andisha, xulq hamda go’zal fe’l ato qildi, Bilim berdi, (shu tufayli) inson bu kun ulug’likka erishdi. Uquv berdi, so’ng (shu tufayli berk) tugunlar yozildi.
“Qutadg’u bilig”da yana jumboqlarni yechish usullaridan ham foydalanilgan. Bu uslub o’quvchini asarga qiziqtiradi, uni o’qimishli qiladi. Hozirgi davrda bu muammoli ta’lim deb yuritiladi. Ammo tarbiya va ta’lim merosimizda jumboq-muammoli ta’lim o’ziga xos xususiyatga ega. Masalan, asardagi Kuntug’mish (Elig) bilan Oyto’ldi munozarasini olaylik. Bu munozarada olim quyidagi fikrni ilgari suradi: Elig Oyto’ldiga o’rin berganda o’tirmagani, “xon yonida menga o’rin yo’q”, - degan edi. Yerga koptok qo’ygani va unga o’tirgani bilan Oyto’ldi - davlat koptok kabi barqaror emas, bir joyda turmaydi, degani. Elig boqqanda ko’zini yumib olgani-davlat ham ko’r kishi kabi bo’ladi, kimga ilashsa, unga qattiq yopishib oladi, degan edi. Yuzini yashirgani esa, barcha qilmishlarim - ya’ni davlat jafo, unga ishonma, degani, deb kishi davlat va baxtga quvonib ketmasligi, ulardan quvonib, ortiqcha g’ururlanib ketmay, aksincha, o’zini ehtiyot qilishi, yig’ilgan narsalarni me’yorida sarflashi, bexud bo’lib, ichkilikka berilmasligi, narsalarni sovurmasligi kerak deb ko’rsatadi.
Demak, Yusuf Xos Hojibning mazkur asari insonni har tomonlama kamolga yetkazishda yirik ta’limiy-axloqiy asardir. Shuning uchun ham bu asar o’zining ilmiy, ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatini shu paytgacha saqlab kelmoqda. Yuqoridagi fikrlarni tahlil etadigan bo’lsak, o’quvchilarga davlat, adolat, hukmdorlik sirlari haqida pand-nasihatlar, ibratli hikoyalar, odob-ahloq qoidalari tushuntiriladi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” didaktik dostoni odob axloqqa doir qimmatli pand-nasihatlarni qamrab oladi. Yusuf Xos Hojib til odobi, rostgo’ylik va halollik, sevgi va sadoqat kabi masalalar haqida hikmatli so’zlar so’zlaydi, takabburlik va mayxo’rlikni tanqid qiladi, kishining o’zini tutishi, yurish-turishi haqida o’git beradi. Bular dostonning butun mazmuni-mohiyatiga singdirilgandir.
Boshidan oxiri donolar so’zi,
Go’yoki tizilgan javohir o’zi (Yusuf Xos Hojib)
“Qutadg’u bilig” asarida adibning odob-axloq, farzand tarbiyasi, chin insoniylik, halollik, kishilikning ulug’ hislatlari, insonning ma’naviy dunyoqarashi, komil inson haqidagi chuqur falsafiy qarashlari badiiy ifodasini topgan. Ulug’ mutafakkir - Yusuf Xos Hojibning falsafasi o’rta asrlar Sharq falsafiy qarashlarining eng yuksak cho’qqisida turadi.
Asarda ilgari surilgan axloqiy fazilatlar mohiyatining to’laqonli ochib berilishi adibning axloq va ta’lim-tarbiya masalalarini juda chuqur bilganligidan dalolat beradi: insoniylik, mehr-muhabbat, vafo, rostgo’ylik, to’g’rilik, ishonch, sadoqat, soflik, insof, adolat, shafqat, muruvvat, xushmuomalalik, shirinso’zlik, mardlik, saxovat, himmatlilik, tavoze, tadbirkorlik, hurmat va ehtirom.
Aql-zakovat, ezgulik, halollik kabi insoniy fazilatlar ulug’lanadi, ularga yolg’onchilik, fisq-u fasod, noinsoflik, bevafolik, mehrsizlik, hurmatsizlik, qo’pollik, baxillik, nomardlik, quvlik, johillik, nodonlik, ochko’zlik, haromxo’rlik kabi xislatlarni qiyoslab, ezgu fazilatlarning yaxshi oqibatlari va salbiy xislatlarning yomon oqibatlarini misollar bilan ishonarli qilib bayon etadi.
Asarda barcha yaxshiliklarning manbaini ezgulik, yomon ishlar asosini esa essizlik nomlari bilan talqin etadi. Adib inson hayotda qilgan ishlari bilan yo yaxshi nom qoldiradi, yoki yomon nom oladi, deydi. Yusuf Xos Hojib barcha ezgulikning boshi til odobi, ushbu kitob esa uning foyda va zararlariga bag’ishlanadi deya uqtiradi. Til insonning qadr-qimmatli qiladi yoki shu til orqali inson yuz tuban ham ketishi mumkin. Kishining nomi ikki narsa bilan hayotda mangu qoladi: biri xushxulqlik, ikkinchisi yaxshi so’z, deydi.
“Qutadg’u bilig” ning bir necha bobi odob-axloq masalalariga bag’ishlangan. Shunday boblardan biri “Til ardami” ( “Til odobi”) deb atalgan 7-bob bo’lib, unda shoir bilim olishda tilning ahamiyati, tilga ortiqcha erk bermaslik, qisqa va mazmunli so’zlash kabi insoniy fazilatlar haqida ibratli o’gitlar beradi:
Uqushqa biligki, bu tilmachi til,
Yarutgachi arni yo’riq tilin bil.
Kishig til og’irlar bo’lur qut kishi,
Kishig til ujuzlar yarir ar bashi.
Til arslan turur, ko’r eshikda yatur,
Aya avlug orsiq boshingni yatur.
Tilin emgamish er naku ter eshit,
Bu so’z ishqa tutg’il o’zunga ish et.
Mani emgatur til ezi o’g talim,
Boshim kasmasuni kasayin tilim.
Uquvga, bilimga tilmoch-bu til, Kishini ro’shnolikka chiqargan ravon til deb bilgin. Kishini til e’zozlaydi, kishi u tufayli baxtga erishadi, Kishini til qadrsiz qiladi, er boshini yoradi. Til hovlida ya’ni qafasda yotgan arslon kabidir, Ey, qafasdagi (makkor) vahshiy boshingni eydi. Tili tufayli ozor topgan kishi nima deydi, eshit, Bu so’zga amal qilgin, o’z foydangga ishlat: Til meni juda ko’p kulfatlarga soladi, (U) boshimni kesmasin, (men) tilimni kesayin. Insoniy munosabatlarning eng oliy qonuni sanalgan hurmat va ehtiromni shakllantirishning barcha ko’rinishlari asarda yaqqol o’z ifodasini topgan.
Yusuf Xos Hojib jamiyat taqdirini: taraqqiyoti va tanazzuliga bevosita hal etuvchi eng ulug’ mansabdorlardan tortib, oddiy aholining oila a’zolarigacha bir-biriga bo’lgan ehtiyojlari:muomala-munosabat masalalarini hayotiy misollar vositasida yoritadi. Katta kishilarning kichiklarga, kichiklarning ulug’larga, amaldor va mansabdorlarning o’z qo’l ostidagi xizmatchilarga, xizmatchilarining o’z xo’jalariga, oilada oila a’zolarining bir-birlariga muomala madaniyatining eng oddiy ko’rinishlarigacha e’tibor berib, kishi ko’z oldida yaqqol tasvirlab beradi.
Farzand tug’ilganidan boshlab tarbiyalash hamda unga bilim va hunarni o’rgatish, odob qoidalarini o’rgatish uchun pok va bilimli muallim-murabbiy tanlash, farzand hatti-harakatini doimiy nazoratda saqlash kabi masalalarning asarda batafsil bayon etilganligidan ham bilish mumkin.
Yusuf Xos Hojib asarda ulug’lar va kichiklar o’rtasidagi odob-xulq qoidalari haqida fikrlarini bayon etganida kamtar bo’lishlik, salomlashish odobi, odob talablari, axloq qoidalarini ham tavsiya etadi.
Ayniqsa, Yusuf Xos Hojibning amaldorlar axloqi haqidagi o’gitlari diqqatni tortadi. Bunday fikrlar hozirgi davrda ham muhim ahamiyatga molik hamda qimmatli sanaladi. Allomaning beklar, hojiblar, vazirlar, xazinadorlar, saroyboshilar, lashkarboshilar, devonboshilar, elchilar, sarkotiblar kabi ko’plab amaldorlarning hatti-harakatlari, ish yuritishlari, xulq-odobi haqidagi o’gitlari va yo’l-yo’riqlari har bir amaldor uchun dastur sanaladi. Masalan, har bir amaldorning o’z ishining ustasi, ilm-fanni egallagan, uning turli sohalari borasida fikr yurita oladigan, zehnli, fahm-farosatli, so’zga chechan, tadbirli, zukko, hushyor, himmatli, ko’zi to’q, ochiq qo’l, saxiy, jiddiy, qanoatli, jasur, samimiy, sog’lom, sadoqatli, andishali, o’z so’zining ustidan chiqadigan, she’r baxsida ishtirok etib, o’zi ham she’r to’qiy oladigan, turli tillarni biladigan va yoza oladigan, chovgon, shatranj, nard, o’yinlarida o’ynay oladigan, merganlik kabi xislatlarga ega bo’lishi kerakligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, har bir insonning kamolga yetishida to’sqinlik qiladigan yomon illatlar, nuqson va kamchiliklardan birinchi navbatda el-yurt xizmatida bo’lgan amaldorlar ham xoli bo’lishi lozimligi uqtiriladi: maishatbozlik, ishratparastlikka berilish, adovat, nizo, kek, gina, xusumat, fisqi-fasod, mayparastlik, maishiy buzuqlik, kayfu safoga berilish, xiyonat, mutakabbirlik, manfaatparastlik, xudbinlik, davlat ketidan quvish, ta’magirlik,boshqalarning haqhuquqlarini toptash kabilar shunday illatlardirki, buning natijasi davlat rivojiga putur yetkaziadi, jamiyatni ma’naviy qashshoqlikkka olib boradi, deb bu kabi yomon illatlardan tiyilish haqida maslahat beradi. Masalan: (Agar) dunyo beglari ichimlikka (maishatga) berilsa, El va xalqning dardlari (qismati) achchiq bo’ladi. Jahongir kishi aysh-ishratga mahliyo bo’lsa, Elini buzadi (xarob qiladi), o’zi (esa) tilamchi bo’lib qoladi.
Yusuf Xos Hojib mag’rurlanish, takabburlik, kekkayishga kamtarlik, xushfe’llik, xushsuxanlikni zidlaydi. Amaldorlarga xoh katta, xoh kichik bo’lsin, baland himmatlilik, samimiylik, muruvvatli bo’lish, mardlik xos fazilat ekanligini ta’kidlaydi. Chin insoniy boylik - uning ko’zi va ko’ngil to’qligi deb baholaydi. Zero, ta’magirlik, ochko’zlik insonda poraxo’rlik kabi yomon illatning tomir otishiga olib keladi, deydi.
Yusuf Xos Hojib oilaviy turmushning mayda ikir-chikirlariga ham katta e’tibor qaratadi. U uylanish va bola tarbiyasi haqidagi 53-bobda oila va bola tarbiyasining murakkab ekanini ta’kidlab, bolani yoshlik chog’idan boshlab yaxshi xulqli qilib etishtirish zarurligini aytadi. U kishilarni mulohaza qilib oila qurishdan boshlab, farzand tarbiyalashi, oilaning moddiy ta’minotini yuritishgacha bo’lgan eng ezgu zaruriy vazifalarni birma-bir bayon etadi. Shuningdek, yigitlik va keksalik fasllari haqida ham fikr yuritib, yigitlikni ehtiyot qilish, yigitlik davrida qarilikning g’amini yeyish, bu to’g’rida qayg’urish kabi zaruriy narsalar haqida tavsiyalar beradi. Ziyofatlar va ularda ishtirok etish, o’zini tutish odobiga bag’ishlangan 55-56- boblarda saroy ahllariga o’git beradi.
Adib insonning turli oilaviy marosimlar, yig’inlar, ziyofatlarda o’zini tutishi, xulq-odob qoidalariga rioya etishi haqida ham fikr yuritib, insonning mehmon va mezbonnavozlik qoidalari, tartib-intizomlari haqida ham muhim o’gitlarni ham berib o’tadi. Masalan, “Qutadg’u bilig”dagi elchilar (diplomatlar) huzurida, shohlar saroyida, to’y va azalarda qilinadigan mehmondorchiliklarda kishi o’zini qanday tutishi, hatti-harakati, odob-axloq masalalari bugungi davrda ham o’ta ahamiyatli va dolzarbdir.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‗u bilig” asarini yozishda Sharqda keng yoyilgan pandnoma janriga tayanib ish ko’rsa ham mulohazalarini bayon etishda, ularga odamlarni iqror qilish va ishonch hosil qilishi uchun hayotiy dalillarga ko’proq murojaat etadi. Masalan, insonga yaxshilik bilan yomonlik qilishning oqibatlarini quyidagicha bayon etadi: O’zing ezgu bo’lsang, oting maqtovga loyiqdir, Agar yomon bo’lsang, tahqirga mahkumsan, ey latif. Tuban Zahhok ne tufayli tahqirga loyiq bo’ldi, Baxtli faridun qanday qilib madhga sazovor bo’ldi. Biri ezgu edi, uni madh qildilar, Biri yomon edi, uni so’kdilar.
Demak, ezgulik va essizlik bu o’rinda qiyoslanadi. Shunday qiyosni biz rost bilan yolg’onchilik, yaxshilik bilan yomonlik, yorug’lik bilan ziyo, kamtarlik bilan takabburlik, samimiylik bilan quvlik, saxiylik bilan baxillik, bilimlilik bilan johillik va boshqa juda ko’p axloqiy xislatlarni taqqoslaganda ham ko’ramizki, bu uslub maqsadni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, “Qutadg‗u bilig” axloqiy-ta’limiy yo’nalishga ega doston bo’lib, unda kishilar o’rtasidagi muomala-munosabat madaniyatining eng oddiy ko’rinishidan eng yuksak insoniy fazilatlariga qadar fikr yuritilgan hamda asosli dalillar, hayotiy misollar yordamida asoslangan.
|
| |