|
II BOB. BOSHLANG’ICH SINFLARGA MUMTOZ ADABIYOT VAKILLARI ASARLARINI О‘QITISHNING О‘QUV-USLUBIY TA’MINOTI
|
bet | 5/8 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 168,56 Kb. | | #230372 |
Bog'liq taxminaII BOB. BOSHLANG’ICH SINFLARGA MUMTOZ ADABIYOT VAKILLARI ASARLARINI О‘QITISHNING О‘QUV-USLUBIY TA’MINOTI
2.1. Alisher Navoiyning axloqiy-ta’limiy asarlarini o’rgatishning pedagogik asoslari
Biz bilamizki, jamiyki xalqimizning qalbiga buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlari kirib bormagani bo’lmasa kerak. Chunki ul zotning asarlari barchamizga yosh kitobxonlarimizdan tortib, yoshi ulug’ kitobxonlarimiz uchun ibratli, keng, mazmundor o’gitlar, maqol va matallar, aforizmlarni hayotiy haqiqatlar bilan qalbimiz quriga jamlovchi durdonalardir. Uning har bir asari, ilmiy bo’ladimi, badiiy yoki lug’atshunoslikka oid bo’lmasin, har birida inson hayotining mazmuni, hayot haqiqatining hikmatlari yotadi.
Aytaylik uning turli mazmundagi turli xil asarlari: “Badoye ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya”, “Tarixi muluki ajam”, “Tarixi anbiyo-u hukamo”, “Sab’atu abhur”, “Devoni Foniy”, “Muhokamat ul-lug’atayn”, “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Mahbub ul-qulub”, “Xamsa”, “Holoti sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlovon Muhammad”, “Me’zon ul-avzon”, “Lison ut-tayr”, “Xazoyin ul-maoniy” devoni kabi barcha – barchasida inson ulug’lanadi, adolatparvarlik yuksakka ko’tariladi, mehnatsevarlik, to’g’rilik, Allohga bo’lgan muhabbat, Vatanga bo’lgan sadoqat, ota-onaga, oilaga hurmat, vafodorlik, nafsni yengish, iymoni mukammal bo’lish tuyg’ulari; gumanizm g’oyalari ulug’lanib, bosh darajaga ko’tariladi.
Shunday ekan, g’azal mulkining sultoni – Alisher Navoiy asarlarini nafaqat boshlang’ich sinf o’quvchilaridan, balki, bog’cha bolalaridan boshlab, yuqori sinflargacha, oliy o’quv yurti talabalarining qalbiga ham bugungi kunda alohida e’tibor bilan singdirilmoqda, shuning uchun ham har bir asar murakkabligi, mazmun darajasi qay yo’sinda ekanligi, yosh chegarasining ko’lamiga qarab har bir sinf darsliklariga kiritilgan. Masalan, Alisherning yoshligi mavzusidagi Oybekning kichik bir hikoyasi 4-sinf O’qish darsligida keltiriladi, unda yosh shoirning do’sti Husayn Boyqaro bilan bo’lgan suhbati va ular o’rtasidagi do’stona muloqot keltiriladi.
Bu suhbatda biz Navoiyni yoshligidan nafis qalb egasi, so’zni sevuvchi, shoir qalbliligini ko’rishimiz mumkin. Shoirning maktabdosh do’stlari bilan qiyos etganimizda ham doimo ul zot go’zallikka oshnoligi, o’zgacha zehni, ko’p kitob o’qishi, hozirjavobliligi bilan yaqqol ko’zga tashlanadi. Do’sti bo’lmish temuriy shahzoda Husayn Boyqaroni ham ta’lanti, noyob aql idroki bilan uni o’ziga tortadi. Podshoning butun umr yo’lida, unga to’g’ri yo’l ko’rsatib, faqat yordamchi emas, suyukli do’st, aqlli vazir sifatida sobitqadam va hammaslak bo’lgandir.
Shoir hikmatlari ham, ayniqsa, boshlang’ich sinf darsliklaridan boshlab namuna sifatida keltirilgani uning ijodini anglash uchun bir debochadir.
Navoiy hikmatlari:
Oz-oz o’rganib dono bo’lur,
Qatra-qatra yig’ilib daryo bo’lur.
Bilmaganin so’rab o’rgangan olim,
Orlanib so’ramagan o’ziga zolim
Odami ersang,demagil odamiy,
Onikim yo’q xalq g’amidin g’ami.
Bu hikmatlar hayot haqiqatining in’ikosidir. Bugungi kunimizda xalqimiz uchun g’oyat tafakkur mezoni bo’lib xizmat qilmoqda. Har bir sinf uchun Navoiy asarlarini o’rgatar ekanmiz, avvalo, biz o’qituvchilar, o’zimiz, Navoiy asarlarining ma’nosiga chuqur kirib bormog’imiz va Navoiyni jon-u dilimiz bilan anglamog’imiz kerak! Har bir darsimizni boshlashdan oldin shoirning misralari bilan boshlab, sharhlamog’imiz dars mavzusining ko’lamini yanada ko’rkamroq qiladi va sifatini ta’minlaydi. Odob-axloq mezonlarini jajji o’quvchi yoshlar ongiga ta’sir etish darajasini oshiradi. Xuddi shoirning o’zi ta’kidlaganidek:
Elga sharaf bo’lmadi joh-u nasab,
Lek sharaf keldi xayo-u adab.
Ya’ni odamzodning sharaf topishi mansab-martaba, boylik, yoki nasab orqali oshmaydi. Insonni faqat xayo va adab ulug’laydi. Shu sababli Navoiyning pandnoma o’gitlari odobnoma darsliklarida ko’p uchraydi. Masalan, 4-sinf “Odobnoma”darsligida quyidagicha fikrlarni uchratamiz: Har kim ayon etsa yaxshi qiliq, Yetar yaxshilikdin anga yaxshilik. Darslikning boshlanishi mana shu hikmatlar bilan boshlanadi.
Navoiy haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev quyidagicha fikrlar bildirib ulug’laydi: “Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun, bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs milliy adabiyotimizning tengsiz nomoyondasi, millitimizning g’ururi, shan-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o’lmas so’z sa’natkoridir”. 2016-yil Poytaxtimiz Toshkentda “Alisher Navoiy nomidagi o’zbek tili va adabiyoti” unverstitutining tashkil etilishi ham bobokolonimizga nihoyatda, hurmat va ehtirom balandligini nishonidir.
Navoiy bobomizning 1966-yilda 525 yilligi munosabati bilan Xalq shoiri Abdulla Oripov quyidagicha misralarni bitadi:
Jahonki muqaddas neni ko’ribti,-
Bariga onasan, ey qodir hayot,
Besh yuz yil narida boqib turubti
Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.
O’zbek xalqining ulug’ mutafakkiri, ma’rifatparvari va buyuk shoiri Alisher Navoiy yoshlarni tarbiyalash ishiga alohida e’tibor berdi. U bolalarni ilm-hunarni, mehnatni sevishga undab, o’rganilgan ilm va hunarni xalq, vatan yo’lida sarf qilish zarurligini uqtiradi.
Alisher Navoiy ilm, ma’rifat haqida ajoyib fikrlarni olg’a surdi. U aql, ilm-insonning eng go’zal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisoblaydi. Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil o’qish-o’rganish kerak. “Yoshligingda yig’gil bilimni, qarigach sarf qilg’il ani”, - degan shoirning o’zi ham juda yoshligidan ta’lim oladi, o’qishga beriladi. U yoshligidanoq ko’p she’rlarni yod bilgan, jumladan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qush nutqi”) asarini bolalik chog’laridayoq qayta-qayta o’qib, yod olgan. Alisher Navoiy Astrobodda surgunda yurganida, podsho Husayn Boyqaroga yozgan xatida o’g’il va qiz bolalar uchun maktablar ochishni talab qiladi, shaxsan o’zi madrasalar qurishda tashabbus ko’rsatgani buning yaqqol dalilidir. Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga to’g’ri yo’l ko’rsatadi, bolalarni bilimli qiladi. U o’zining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni o’qitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim bo’lgan mablag’ ajratadi.8
Navoiy dars beruvchini quyoshga o’xshatadi va bu quyosh o’z atrofidagi yulduzlarga nur sochadi, ya’ni mudarris “abjadxonalar”ga, hali ilmdan bexabar bo’lgan toliblarga ilm nurini sochadi, ma’rifat beradi, deydi.
Alisher Navoiy ta’lim-tarbiya to’g’risidagi fikrlarini o’zi yaratgan badiiy asarlarida ko’proq barkamol insonni ifodalovchi ijobiy obrazlar yaratish orqali bayon qiladi. Ilm-ma’rifat, axloq-odob masalalariga doir fikrlarini esa ilmiy-falsafiy va didaktik asarlarda bayon qiladi. Navoiy aql kuchiga cheksiz ishonadi, komil ishonch bilan ilm-fanning xislati juda katta, deb hisoblaydi.
Buyuk so’z san’atkori va mutafakkiri o’zining bir qancha asarlarida bolalar tarbiyasiga oid fikrlarini aytish bilangina kifoyalanib qolmasdan, balki “Hayratul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlarining ayrim boblarini shu masalaga bag’ishlaydi. “Hayratul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”) falsafiy-ta’limiy dostondir. Navoiy bu asarida o’zining falsafiy, ijtimoiy-siyosiy hamda kishilarga ta’lim - o’git berish masalalariga katta e’tibor beradi. Dostonda zolim hukmdorlarni qoralab, ikkiyuzlamachi, riyokor ruhoniylarning sir-asrorlarini keskin fosh etadi. Xususan, shoir saxiylik, odob va kamtarlik, ota-onaga hurmat, rostgo’ylik va to’g’rilik, ilmning foydasi va kambag’al bu yo’lda chekkan azoblari haqida batafsil to’xtalib o’tadi.
Donishmand murabbiy Alisher Navoiy “Hayratul-abror”ning bir necha bobini bevosita axloq-odob va ta’lim-tarbiya masalalariga bag’ishlaydi. U hikmatomuz so’zlar bilan yaxshi xulq-odobni, mehnatsevarlik va boshqa ezgu xislatlarni targ’ib etadi, yaramas odat va xislatlarni shafqatsiz tanqid qiladi.
Beshinchi maqolat karam va saxovatga bag’ishlangan. Navoiy bu maqolatga saxiylik bilan baxillikni bir-biriga qarama-qarshi qo’yadi, ulardan har birining mohiyatini ochib beradi. Saxovat insonning eng yaxshi sifati va fazilatidir. Biroq saxovatning ham o’z shartlari bor. Saxiy kishi ehtiyojmandlarga ko’maklashishi, saxovat beg’araz, beminnat bo’lishi kerak. Saxiyman deb to’kib-sochish ham yaxshi emas, bu isrofgarlikdir:
Naqdni dog’i guldek sovurmag’il,
G’uncha kibi dog’i girih urmagil.
Kishilarning saxovatiga ko’z tikishdan ko’ra o’z qo’l kuchi bilan kun ko’rish ulug’roq va olijanobroqdir. Navoiy bu fikrini to’laroq ifodalash uchun Hotami Toy hikoyasini keltiradi. Xotamdan, sen o’zingdek boshqa biror himmatli kishini ko’rganmisan? deb so’raganlarida, u bunday hikoya qiladi: kunlardan birida katta ziyofat oldidan dalaga chiqib aylanib yurganimda cho’p-xas yig’ib bozorga borayotgan qomati bukchaygan bir mo’ysafidni ko’rdim. Unga: Hotami Toyning uyiga borib, noz-ne’matidan bahramand bo’lsangiz, bu mashaqqatli mehnatni sizga kim qo’yibdi desam, muysafid bunday javob qildi:9
“...Sen dog’i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmagil Xotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq, chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki, birov bersa ganj”.
Xotam hikoyasini:
“Ulki bu yanglig’ so’zi mavzun edi,
Mendan aning himmati afzun edi”
so’zlari bilan tugatadi.
Navoiy bu dostonning oltinchi maqolatida odob va kamtarlikni ulug’lab, ta’lim-tarbiyaga doir qimmatli fikr-mulohazalarini bayon qilishi bilan birga takabbur va odobsiz kishilarni qattiq qoralaydi. Shoir dostonning bu maqolatida bola tarbiyasi, uni o’stirish, o’qitish va balog’atga yetkazish hamda bu borada ota-onalarning vazifalari haqida batafsil fikr yuritadi. Buni quyidagi misralarda ko’rish mumkin. Qit’a:
Boshni fido ayla ato qoshig’a,
Jismni qil sadqa ano boshig’a...
Tun-kuningga aylagali nurposh,
Birisin oy angla, birisin quyosh...
Shoir yoshlarni ota-onaning xizmatini bajarishga, ularni hurmat qilishga, ularga nisbatan hamisha mehr-muhabbatli bo’lishga chaqiradi, ota-onani oy va quyosh, deb ta’riflaydi. Ushbu misralar ota-ona har bir kishi uchun ulug’ aziz ekanligini, dinimiz ota-ona kim bo’lishidan qat’iy nazar, ularni hurmat eh’tirom qilishga buyurishini uqtiradi. Farzand ota-onaga muomala qilishda, garchi ular xatokor bo’lsalar ham ehtiyot bo’lishi, ularning qalbiga ozor berishdan tiyilmog’i lozim. Shuningdek jamiyatda ham doim ota-onasiga olqish va rahmatlar keltiradigan amallarni qilishi kerak. Ota-onani la’natlash, so’kish bilan ularning nomiga yomon so’zlarni olishi kishi o’zini-o’zi Allohtaoloning la’natiga loyiq qiladi. Allohning la’natiga duchor bo’lish esa rahmatidan mahrum qilinishdir. Bunday inson ikki dunyoda ham saodat topmaydi. Bundan ko’rinib turibdiki, o’quvchi yoshlar qalbiga har qanday holatda ota-onasini hurmat qilishi, ularning duosini olishi, har doim ularga mehribonlik ko’rsatishi yoshligidan singdiriladi.
Navoiy bu maqolatida kishilar bilan munosabat va muomala mezoni, o’zini tuta bilish, bola tarbiyasi va boshqalar haqida qimmatli fikr-mulohazalarini bayon etadi. Odob bilan tavoze bir butunlikni tashkil etadi. Kishi har bir kishining ahvoliga yarasha muomala qilishi, kattalarga xizmat, kichiklarga shafqat etishi lozim:
Har kishining tavriga loyiq kerak,
Surati holig’a muvofiq kerak.
Kimki ulug’roq, anga xizmat kerak,
Ulki kichikroq, anga shafqat kerak,
Murabbiy shoir o’zini tuta bilmaslik, o’rinsiz kulgi va boshqa xildagi salbiy xislatlarni ham qattiq qoralaydi.
Navoiy “Xayratul-abror”ning yettinchi maqolatida qanoat va mehnatni ta’riflaydi, taom yemoq, kiyim kiymoq va boshqa masalalar haqida qimmatli fikrlar yuritadi, nasihatlar qiladi. Jumladan, u bunday deydi:
...Kimsa necha zebu tama’din yiroq,
Zimnida osoyish erur yaxshiroq.
Gavharu durni quloq ozori bil,
So’zni quloqning duri shahvori bil.
Oltun isirg’aki quloq og’ritur,
Zarhal etukdurki, ayon og’ritur.
Nukta durin bil quloq oroyishi,
Keng etuk o’ldi oyoq osoyishi...
Maqolatga ilova qilingan “Qanoatli va tamagir” hikoyasida Navoiy “xomtama’ dahrda ranjur erur” g’oyasini ilgari suradi.
Dostonning sakkizinchi maqolasida Navoiy yolg’izlikka nisbatan ko’pchilik – jamoatni ulug’lab, kishilarning bir-birlari bilan ahil, do’st bo’lishlarini istaydi. Maqolatda Navoiy vafo va sadoqatni ta’rif va tavsif qiladi, kishilarni hamjihat bo’lishga, bir-biriga qovushishga chaqiradi. Chunki:
... Yo’q hunari yolg’uz esa, o’z kishi,
Qayda kishi sonida yolg’uz kishi?
Fard kishi davrda topmas navo,
Yolg’uz ovchidin kim etmish sado?..
Toq kishi ayshi uyin bil nigun,
Uyga qachon homil o’lur bir sutun?
Shoir vafo va sevgini uzviy ravishda bir-biriga bog’laydi. Sevgisiz hayot yo’q, vafo esa sevgining shartidir, deydi:
Bas kishiga umr xushi yor emish,
Umr degan yori vafodor emish.
Yorki, oyini vafo yo’q anga,
Sham’ kibidurki, ziyo yo’q anga.
Maqolatning oxirida shoir o’z muhitidan, insofsiz kishilardan shikoyat qiladi. Vafo va sadoqatning mohiyati va xosiyatini kuchaytirib ko’rsatish uchun vafodorligi tufayli Amir Temurning qatlidan omon qolgan hindistonlik ikki vafodor yor haqida hikoya keltiradi.
“Hayratul-abror”ning o’ninchi maqolati rostgo’ylik, halollik va to’g’rilikka bag’ishlangan. Navoiy to’g’rilik va rostgo’ylikni ulug’lash bilan kishilarni rostgo’y va to’g’ri bo’lishga chaqiradi, yolg’onchilik va egrilikning zararli oqibatlarini keskin fosh etadi. Shoir yolg’on so’zlashning yomon oqibatini “Sher bilan Durroj” masalida ovchining tuzog’iga tushgan Durroj obrazi orqali bayon qiladi.10
Dostonning o’n birinchi maqolatida Navoiy ilm-fanga, ilm ahliga yuksak baho beradi, kishilarni ilm olishga, olimlarni izzat-hurmat qilishga chaqiradi. Shu bilan birga shoir o’sha davrda mehnatkash va musofir talabalarning ilm olish yo’lida chekkan azoblaridan, ilm-fan egalarining muhtojlikda yashaganlaridan afsus-nadomatlar chekadi.
Navoiy ilmdan amaliy ishlar uchun foydalanish zarurligini ta’kidlaydi:
Ilm, Navoiy, senga maqsud bil,
Endiki ilm o’ldi amal aylagil.
Hamda ilmni o’z shaxsiy manfaatiga xizmat ettiruvchi kishilardan g’azablanib:
Ilmni kim vositayi joh etar,
O’ziniyu xalqni gumroh etar,
Olim agar joh uchun o’lsa zalil,
Ilmi aning jahlig’a bo’lg’ay dalil,- deydi.
Maqolatdan keyin “Imom Faxr Roziy bila Sulton Muhammad xorazmshoh” haqidagi hikoya keltiriladi. Bu hikoyada aytilishicha, sultonning hammomda yuvina turib: u dunyoda olim qanday martabada bo’ladi-yu, shoh qanday martabada bo’ladi, degan surog’iga, olim: u dunyo bamisoli hammomdir, sen toj-taxting va kiyim-kechagingni olib borolmaysan, mening ilmim esa o’zim bilan qoladi, deb javob berib, uni yengadi.
Un uchinchi maqolatni Navoiy elga manfaat yetkazish masalalariga bag’ishlaydi. Haqiqiy odam el-yurtga foyda yetkazishi, qo’l kuchi yo mablag’i bilan, shirin so’zi va maslahati bilan madad berishi lozim. Shu bilan bunday kishi o’zgalargagina emas, balki ayni chog’da o’ziga ham foyda keltirgan bo’ladi:
Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu naf’ o’zungga ko’prak durur.
Aksincha, agar kishi o’zgalarga yomonlik qilsa, bu bilan u, birinchi navbatda, o’ziga yomonlik qilgan bo’ladi:
Ulki zarar shevasini tavr etar,
Elga demakim, o’ziga javr etar.
Ko’rilgan boblarda kishining yaxshi va yomon sifati, xislati, odatini bir-biriga qarama-qarshi qo’yib, birini yoqlab targ’ib qilgan, ikkinchi birini qoralab rad etgan. Navoiy keyingi bir necha maqolatni yaramas va jirkanch sifat, xislat va odatni, bema’ni xulq-atvorni fosh etishga bag’ishlaydi; o’n beshinchi maqolatda mayxo’rlik va mayxo’rlarni, o’n oltinchi maqolatda xudbinlik va xudbinlarni achchiq tanqid qiladi, ularning aft-basharalarini ham, ichki dunyosini ham fosh etadi.
Murabbiy, shoir Navoiyning yaramas odat va xulq-atvorni shafqatsiz qoralashi, olijanob insoniy fazilatlarni xormay-tolmay targ’ib etishi, bolalarni o’qish, o’rganish va yuksak odobli, a’lo xulqli bo’lishga chaqirishi donishmandona o’gitlari, shubhasiz, katta ahamiyatga egadir. Uning bir qator axloqiy-ta’limiy qarashlari hozirgi kunda ham o’z qadr-qimmatini saqlab kelmoqda.
“Farhod va Shirin” dostonida shoir chin sevgi va vafo, do’stlik va sadoqat, mehnat va ijodkorlik, vatanparvarlik hamda qahramonlik g’oyalarini tarannum etadi. Doston yoshlar va bolalarga atab yozilmagan, lekin asarning ko’pgina boblari bolalar va yoshlar hayotiga, ularning tarbiyasiga bag’ishlangandir. Shoir dostonda Farhodning bolalik chog’laridanoq ilm-hunarga, mehnatga bo’lgan muhabbatini zo’r mahorat va chuqur samimiyat bilan tasvirlagan. Bu Navoiyning bola tarbiyasiga va uning bilim olishiga katta e’tibor bilan qaraganligini ko’rsatadi.
Farhod yoshlik chog’idanoq juda aqlli, zehnli bola bo’lib o’sadi. U maktabda zo’r havas va qunt bilan o’qiydi. Tabiiyot, matematika, mantiq kabi fanlarni tez orada o’rganib oladi. Yosh Farhodning ilmga bo’lgan havas va muhabbatini sezgan ota-onasi unga bilim berishni munosib ko’radi. Jahonning mashhur olimlari Farhodga turli fanlardan saboq beradilar. Natijada eng murakkab va pinhoniy ilmlar unga o’z sir-asrorini to’liq namoyon etadi. U qunt va chidam bilan o’qib, bilimdon va zukko inson bo’lib yetishadi. Shoir Farhod hayotini bunday jonli lavhalarda tasvirlash orqali bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor berishga chaqiradi, ularni yoshligidan boshlab o’qitish zarurligini, bunda ota-onaning roli nihoyatda katta ekanligini, bolalarga dunyoviy ilmlarni berish muhimligini ta’kidlaydi.
Farhod qaysi fanni o’qimasin, uni darrov tushunib oluvchi qobiliyat egasi sifatida tasvirlanadi:
Agar bir qatla ko’rdi bir saboqni,
Yana ochmoq yo’q erdi ul varaqni.
Ne so’znikim, o’qib ko’ngliga yozib,
Dema ko’ngliki, jahon lavhiga kozib.
U davrda bolalar quruq, yodaki o’qitilar edi. Bolalar o’zlari yodlagan narsalarining ma’nosiga tushunmas ham edilar. Shunday bir vaqtda Navoiy bolalarni ilm-fanga qunt qilish, o’qilgan narsaning ma’no-mazmunini tushunib olishga undar edi.
O’qib o’tmak, o’qib o’tmak shiori,
Qolib yodida, safhasafha bori...
Farhodning qunt qilib, ma’nosini tushunib o’qishi natijasida ko’p ilmlarni egallaganligi ta’kidlanadi:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqikini kasb yetmagan ilm.
Shu tariqa Navoiy bolalarni ilmni puxta egallashga chaqirib, buyuk pedagog hamda murabbiy sifatida ularni tarbiyalash va o’stirish yo’llarini ko’rsatadi.
Bundan tashqari, dostonda Farhod jismoniy tomondan ham chiniqqan yigit sifatida tasvirlanadi. U suvda suzish, chavandozlik va qilichbozlik sirlarini mehr bilan o’rganadi. Alisher Navoiy yoshligidan boshlab ilmga berilgan, jismoniy jihatdan chiniqqan Farhodni tasvirlarkan:
Demon ham ko’ngli poku, ham ko’zi pok,
Tili poku, so’zi poku, o’zi pok.
- deb har tomonlama mukammal, ma’naviy, jismoniy go’zal, yetuk yigit timsolini beradi. Shuningdek, Navoiy Farhodni mehnat va hunarga zo’r havasli, sangtaroshlik, rassomlik va naqqoshlik hunarlarini ham mukammal egallab olgan yigit sifatida ulug’laydi.
Ilm va hunarni egallagan, jismoniy jihatdan chiniqqan, Farhod mazlumlarga Qamxo’r, sofdil, mard va olijanob, jasur inson bo’lib yetishadi. Farhod boshchiligida va uning bevosita fidokorna mehnati natijasida katta kanal (“Hayot daryosi”) va hovuz (“Najot dengizi”) qaziladi. Navoiy Farhodni suvsiz erlarga suv chiqargan qahramon, mehnat sohasida mo’’jizalar ko’rsatgan bahodir yigit sifatida ta’riflaydi. U ilm va hunarni omma manfaati uchun xizmat ettirish lozim deb hisoblaydi. Farhod Shirinni qidirib Armanistonga borganda, arman yurtida tog’da kanal qazish uchun qiynalib ishlayotgan kishilarni ko’radi va:
Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tufroqqa ketkumdir oxir! –
deya o’z bilimi, hunar va g’ayratini ishga soladi, kanal qazuvchilar mashaqqatini yengillashtiradi va xalq o’rtasida katta shuhrat qozonadi.
Bu qahramonning muhim xislatlari undagi qahramonlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik va do’stlik tuyg’ularidir. Farhod el-yurtning obodonligi uchun kurashadi hamda insonlarga ofat keltiruvchi dushmanlarga qarshi jang qilib, ularni mardona yengadi.
Bundan tashqari, Navoiy Farhod, Shirin va Shopur obrazlari orqali xalqlar do’stligi g’oyasini ilgari suradi. Farhodning arman qizi Shirinni sevishi va eronlik Shopur bilan do’stlashuvi xalqlar do’stligi g’oyasining yorqin namunasidir. Navoiy Farhodning jasoratini badiiy jihatdan tasvirlar ekan, uning mamlakat obodonligi va tinchligi, xalqlar farovonligi va ilm bobida qilgan xizmatlarini chuqur mazmunli misralarda uyg’unlashtiradi:
Ki to olam, binosi bo’ldi bunyod,
Bu yanglig’ qilmadi ish odamizod.
Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida ilgari surilgan yuksak insoniy xislatlar, insonparvarlik g’oyalari yosh kitobxonlar ma’naviyatiga ham chuqur ta’sir etadi, ularni xalq, vatan uchun kerakli inson bo’lib etishishlariga xizmat qiladi.11
Buyuk shoir bolalarning o’qishi va tarbiyasiga doir fikrlarini “Layli va Majnun” dostonida ham ilgari surgan. Yangi maktablar bino qilish g’oyalarini targ’ib etgan Navoiy maktablarda o’g’il bolalar bilan bir qatorda qizlarni ham o’qishini orzu qiladi. Alisher Navoiy o’zining Farhod, Qays, Iskandar va boshqa ijobiy obrazlar orqali bolaning voyaga etishida tarbiyaning katta kuch-qudratga ega ekanligini alohida uqtiradi.
Alisher Navoiyning buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yo’sinida yozilgan “Mahbubul-qulub” (“Ko’ngillarning sevgani”) dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Sa’diyning “Guliston”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomiy Aruzi Samarqandiyning “Chor maqola” kabi asarlari qatorida turadi.
Ushbu asar 1500-yilda yaratilgan bo’lib, unda ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlari bayon etilganligi bilan xarakterlidir. Navoiy bu asarida ijobiy fazilatlarning namoyon bo’lishida avvalo ulardagi halollik va soddalik, samimiylik asosiy omil ekanligini ta’kidlaydi va bu mehnatga muhabbatning natijasi sifatida talqin etiladi. Asar shoirning umrining so ‘nggi vaqtlarida bitilgani uchun hayotiy tajribalarga asoslanadi. Unda to’g’rilik ulug’lanadi, egrilik qoralanadi: To’g’rilik-o’q, sarv, sham, Egrilik-kamon yoyi, ilonga qiyos etiladi. Egrilik insonni yuz tuban qilishi, uni qabih yo’llarga olib borishi uqtiriladi.
“Mahbubul-qulub” falsafiy va axloqiy-ta’limiy asardir. Unda Navoiy XV asrdagi ijtimoiy tabaqa va guruhlarin tasnif va ta’rif qiladi, o’z ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlarini bayon etadi, pand va tanbeh beradi. Shu jihatdan qaraganda, “Mahbubul-qulub” Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Nosir Xisravning “Saodatnoma” va “Ro’shnoynnoma”, Sa’diyning “Guliston” va “Bo’ston”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asarlari tipidagi o’ziga xos bir nasihatnomadir. 12
“Mahbubul-qulub”, unda qo’yilgan masalalarning xarakteriga qarab, 3 qismga bo’lingan:
“Avvalgi qism - xaloyiq ahvoli va af’oli va ahvolining kayfiyati” - xaloyiqning ahvoli va fe’l-atvori hamda so’zlarining kayfiyati.
“Ikkinchi qism - hamida af’ol va zamima xisol xosiyatida” - yaxshi qiliqlar va yomon xislatlar xususiyati.
“Uchinchi qism - hamida natijasi va zamima xisol xosiyatida” - yaxshilikning natijasi va yomon xislatlarning oqibati.
Navoiy juda murakkab va ziddiyatli hayot va kurash yo’lini bosib o’tdi. Insonning baxt-saodati uchun, el-yurtning osoyishtaligi va farovonligi uchun, madaniyat va ma’rifatning taraqqiysi uchun hormay-tolmay kurash olib borgan Navoiy ba’zan o’z orzu-intilishlariga erishdi, ba’zan turli-tuman to’siqlarga, ziddiyatlarga duch kelib, alam va kulfat chekdi, muhitning muammo va qarama-qarshiliklari bilan birga yashadi, bu muammo va qarama-qarshiliklardan ayrimlarining mohiyati va sabablarini tushundi, ayrimlari oldida ojiz bo’lib qoldi.
“Mahbubul-qulub” ning muqaddimasida:
Gahe toptim falakdin notavonlig’,
Gahe ko’rdum zamondin komronlig’,
Base issig-sovug’ ko’rdum zamonda,
Base achchig-chuchuk tottim jahonda, - deydi.
Navoiy o’zining murakkab hayoti va kurash yo’lini ta’riflab hamda bu asarining yaratilish sababi va maqsadlarini ta’kidlab, yana shunday deydi:
“Bu muqaddimotdin maqsud bu kim, har ko’yda yugurubmen va olam ahlidin har nav’ elga o’zumni yetkurubmen va yaxshi-yamonning af’olin bilibmen va yamonu yaxshi xislatlarni tajriba qilibmen. Xayr va sharlaridin no’sh va nesh ko’ksumga yetibdur. Va laim va karim zaxm va marhamim ko’nglum dark etibdur. Zamon ahlidin ba’zi ashob va davron xaylidin ba’zi ahbobki, bu hollardin xabarsiz va ko’ngullari bu xayru shardin asarsizdur... bu nav’ ashob va ahbobqa intiboh qilmoq va alarni bu nav’ holatdin ogoh qilmoq vojib ko’rundiki, har toifa xisolidin vuquflari va har tabaqa ahvolidin shuurlari bo’lg’ayki, munosib el xizmatig’a shitob qilg’aylar va nomunosib el suhbatidin ijtinob vojib bilgaylar va bori el bila maxfiy rozlaridin so’z demagaylar va shayotin-ins makru firebidin bozi yemagaylar va har nav’ el suhbat va xususiyatiki, alarg’a havas bo’lg’ay, bu faqirning tajribasi alarg’a bas bo’lg’ay. Chun bu maqolotlarning qulubqa mahbublig’i ma’lum bo’ldi, onga “Mahbubul-qulub” (“Ko’ngillarning sevgani” — N. M.) ot qo’yuldi”.13
Kitobning 1-qismi “Xaloyiq ahvoli va af’oli va atvorining kayfiyatida”, ya’ni kishilarning ahvoli, fe’l-atvori va gap–so’zlarining ahamiyati haqida bo’lib, bunda Navoiy donishmand va murabbiy, ulkan madaniyat arbobi sifatida ilm-fan, san’at va adabiyotning ahamiyatini targ’ib qiladi, malakali, iqtidorli o’qituvchilarni, olimlarni, shoirlarni, san’atkorlarni maqtaydi, ularni hurmat qilishga va qadrlashga chaqiradi. O’qish ham, o’qitish ham og’ir va mas’uliyatli ish, u qunt, havas va mehnat talab qiladi, deb uqtiradi Navoiy. Bu o’rinda u murabbiylarning halol xizmatlarini alohida ta’kidlaydi.
Haq yo’linda kim sanga bir harf o’qitmish ranj ila,
Aylamak bo’lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Birinchi qismi 40 fasldan iborat. Har bir faslida muallif o’zi yashagan davrdagi bir tabaqa hayoti, axloqi va vazifalari haqida suhbat yuritadi. U ushbu tabaqa vakillarining yaxshi ishlari haqida ham, ayb va nuqsonlari haqida ham goh halimlik bilan, goh g’azab-nafrat bilan mulohaza yuritib, ularni insofga chaqirmoqchi, tarbiyalamoqchi bo’ladi. Asarda Alisher Navoiyning inson axloqiga va tarbiyasiga doir eng noyob pand va nasihatlari xalq maqollari va hikmatli so’zlari shaklida bayon qilingan. Ko’p o’rinda shoir o’z fikrlarini bayt, qita, masnaviy, ruboiy shaklida ifodalashi asarga rang-baranglilik bag’ishlagan.
Navoiy bu asarida hayotdan olgan tajribalariga, taassurotlariga, o’zining ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlariga yakun yasash, turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarni tasnif va ta’rif qilib, ularning burchi hamda vazifalarini yoritish, ayrimlarining faoliyati, xatti-harakati va xulq-atvoridagi illatlarni fosh etish, ularni yaxshilikka yo’llash maqsadini o’z oldiga qo’yadi. Bu asar, Navoiyning kuzatgan maqsadiga ko’ra, ijtimoiy-siyosiy masalalar va axloq-odob bo’yicha bir dasturulamal bo’lishi, hayotni tuzatish va yaxshilashga xizmat qilishi lozim edi. Navoiy “Mahbubul-qulub”ning ikkinchi qismidagi ayrim boblarni va butun uchinchi qismini axloq-odob masalalariga bag’ishlaydi.
“Mahbub ul-qulub”ning ikkinchi qismi o’n fasl (bob)dan: tavba, zuhd, tavakkal, qanoat, sabr, tavozu va odob, shar’ (shariat), tavajjux (nazar solish), rizo va ishqdan iborat bo’lib, bulardan ikki bob: tavozu va odob hamda ishq bevosita axloq-odob masalalarini ifodalaydi, qolgan boblar esa din va fatalizmga qaratilib, ularda ham (masalan, qanoat va sabr boblarida) axloq-odobga doir ba’zi o’rinlar bor.
Bu bobda asosan yaxshi fazilat va yomon illatlar tahlil qilinadi. To’g’rirog’i, insonda bo’lishi kerak bo’lgan odob-axloq haqida gap boradi. Masalan, qanoatni olaylik. Navoiy qanoatli odamlarni sevadi, ularga havasi keladi. Kimki qanoatli bo’lsa, unday odamni el sevishini, e’zozlashini ta’kidlaydi. Mutafakkir qanoatni bir buloqqa – chashmaga o’xshatadi. Negaki, buloq suvini qancha olgan bilan u qurimaydi, u bir xazinadirki, undagi boylik sochilgan bilan kamaymaydi. U bir ekinzorki, urug’i izzat va shafqat hosilini beradi. U bir daraxtdirki, unda hurmat mevasi bordir. Bu boboda sabr, tavoze’ haqida ham ko’p ibratli gaplar aytiladi.
Asarning “Turli foydali maslahatlar va maqollar”, deb nomlangan 3-qismida turli tanbehlar berilgan. Bu qismda ko’proq o’qish, ilm olish, kasb-kor egasi bo’lish va boshqa masalalar o’rtaga tashlanadi. Uchinchi qism kichik-kichik tanbehlardan, hikoyalardan, maqol va hikmatli so’zlardan tashkil topgan.
Alisher Navoiy o’z asarlarida xalq og’zaki ijodidan, ayniqsa, maqollardan samarali foydalanish bilan birga, o’zi ham ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan maqollarga yaqin bo’lgan bir qancha hikmatlar yaratadi. Masalan,
Vafosizda hayo yo’q, hayosizda vafo yo’q.
Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz.
Oz-oz o’rganib dono bo’lur,
Qatra-qatra yig’ilib daryo bo’lur.
Bilmaganni so’rab o’rgangan olim,
Orlanib so’ramagan o’ziga zolim.
Odob va tavozuni kishining olijanob fazilati deb baholagan Navoiy “odob kichik yoshlig’larni ulug’lar duosiga sazovor etar va ul duo burguti bila umrdin barxurdor”, “odob-tavozu do’stluq ko’zgusiga jilo berur va ikki jonibdin yorug’luq yetkurur...” deydi va odob-tavozusi tufayli baxtiyor bo’lgan Muqbil va odobsizligi oqibatida baxtsizliklarga yo’liqqan Mudbir haqida hikoya keltirali (bu hikoya o’z g’oyaviy mazmuni bilan “Sab’ai sayyor”ning 6-hikoyasiga yaqin tursa-da, biroq syujeti bilan undan batamom farq qiladi).
Sevgi va sadoqatning otashin kuychisi Navoiy “Mahbubul-qulub”da sevgi va sadoqat masalalariga katta e’tibor beradi, U sevgini “axtaredur duraxshanda va bashariyat ko’zi nuru ziyosi andin va gavharedur raxshanda, insoniyat tojining zebu bahosi andin” deb ta’riflaydi. U ajoyib oshiqlar sifatida Farhod va Majnun nomini zikr etadi, Xisrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyni sevgining haroratli kuychisi deb baholaydi hamda ishq majozi bo’lgan “Shabiston savdosi devonlaridan biri parvoni va guliston havosi noshikeblaridin biri andalibi devona”lar haqida so’zlaydi.14
Navoiy ishqni uch qism (tur)ga ajratadi: 1. Avom ishqi (oddiy kishilar ishqi). 2. Xavos ishqi (xos kishilar ishqi). 3. Siddiq ishqi (“haq, rost so’zli” kishilar ishqi). “Avom ishqi”- da Navoiy bir-birini sevib qolgan, muddaosi faqat birga bo’lishga qaratilgan va nikoh bilan murod-maqsadi hosil bo’luvchi kishilarning ishqini ko’zda tutadi. Uning ta’rificha, xavos sevgisi “pok ko’zni pok nazar bilan pok yuzga solmoqdur va pok ko’ngul ul pok yuz oshubidin qo’zg’olmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahro olmoq”dir va
“So’zki ma’nisida ishq o’ti nishoni bo’lmag’ay,
|
| |