PEDAGOGIK TEXNOLOGIYANING ILMIY NAZARIY ASOSLARI
Reja:
Yangi pedagogik texnologiyaning nazariy asoslari
Pedagogik texnologiya tamoyillari
Zamonaviy pedagogikada axborot texnologiyalaridan foydalanish
Ta’lim tarbiya jarayonida kompyuter texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish
Innovatsion loyihalar asosida dars o’tish davr talabi
O’qitishning interfaol usullari va uning nazariy asoslari
Yangi pedagogik texnologiyaning nazariy asoslari. Oldingi paragraflarda qayd etilganidek, pedagogik texnologiya nazariyasi o’tgan asrning o’rtalarida boshlab asoslanib kelinayotgan bo’lsada, bu tushunchaga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud.
Keyingi yillarda adabiyotlarda “pedagogik texnologiya”, “zamonaviy pedagogik texnologiya”, “o’qitish texnologiyasi” kabi tushunchalar keng qo’llanilmoqda. Ko’pgina pedagoglar “ta’lim texnologiyasi” hamda “pedagogik texnologiya” tushunchalari mazmunan bir xil ma’noni anglatishini ta’kidlamoqdalar. Ta’lim jarayonini texnologiyalashtirish g’oyasi G’arbiy Yevropa va AQSHda paydo bo’lgan edi. U mamlakatlarda “pedagogika” fani mavjud emas. Shuning uchun “pedagogik faoliyat”, “pedagogik tizim”, “pedagogik texnologiya” tushunchasi ham iste’molda yo’q. Bu mamlakatlarda shaxsga ilmiy bilimlarni berish jarayoni “ta’lim jarayoni” sifatida nomlanadi. Shaxsga bilim berish, uning ma’lumotini oshirish , ta’lim samaradorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi fanlar majmui “Metodika” deb yuritiladi. Metodika fanlarni o’qitishda asosiy e’tibor ta’lim sifatini yaxshilash, uning samaradorligini ta’minlashga qaratiladi. [17-18]
Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasida o’qitilib kelinayotgan “Pedagogika” fanining predmeti shaxsni shakllantirish, uning kamolotini ta’minlashga yo’naltirilgan ta’limiy hamda tarbiyaviy faoliyatni amalga oshiradi. Boshqacha aytganda shaxsning yetuk kamoloti ikki muhim faoliyat ta’limiy va tarbiyaviy faoliyat jarayonining samarasi sifatida namoyon bo’ladi. Rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimida shaxs ijtimoiylashuvini ta’minlovchi yetakchi omil sifatida ta’lim jarayoni e’tirof etilsa, biz shaxsning shakllanishida ta’lim hamda tarbiya jarayoni ham birdek ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaymiz. Aksariyat hollarda tarbiya jarayoni bu borada ustuvor bo’lishi lozim, chunki o’zida axloqiy xislatlarni namoyon etadigan shaxsgina ya’ni axloqli insongina ta’limni(bilim) qadrlay oladi. Shu orqali axloqning asosiy belgilaridan biri ham bilimlilik sanaladi, degan g’oyani ilgari suramiz. Shu sababli “pedagogik texnologiya” tushunchasining qo’llanilishi faqat ta’lim jarayoninig samarali tashkil etilishiga qaratmay, balki ham ta’lim, ham tarbiya jarayonining samaradorligini ta’minlashga birdek qaratilishi lozim. Ayrim adabiyotlarda “ta’lim texnologiyasi” va “ta’lim metodikasi” tushunchalari aynan bir xil ma’noda qo’llanilishini kuzatish mumkin
Bizningcha bu tushunchalarni bir-biridan farqlash va o’z o’rnida qo’llash maqsadga muvofiq. “Ta’lim texnologiyasi” ta’lim maqsadiga erishish jarayonining umumiy mazmuni, ya’ni avvaldan loyihalashtirilgan ta’lim jarayonini yaxlit tizim asosida, bosqichma-bosqich amalga oshirish, aniq maqsadga erishish yo’lida muayyan metod, usul va vositalar tizimini ishlab chiqish, ulardan samarali, unumli foydalanish, hamda ta’lim jarayonini yuqori darajada boshqarishni ifodalaydi. Ta’lim metodikasi muayyan o’quv predmetini o’qitishning ilmiy asoslangan metod, qoida va usullar tizimini tavsiflaydi. Bu ta’riflardan ko’rinadiki, “ta’lim texnologiyasi” tushunchasi “ta’lim metodikasi” tushunchasiga nisbatan kengroq. Shunday qilib, “pedagogik texnologiya” o’zida ta’limiy va tarbiyaviy jarayonni qamrab oladi, deb aytish mumkin. Shuning uchun ham u o’zida quyidagi xususiyatlarni namoyon etadi: 1.Pedagogik texnologiya pedagogik jarayonni takomillashtirish, optimallashtirishga bo’lgan ijtimoiy ehtiyojni qondirish omili sanaladi.
2.Pedagogik texnologiya didaktik va tarbiyaviy xarakterdagi, shuningdek ta’limtarbiya jarayonini samarali, mahoratli tarzda tashkil etish borasidagi nazariy hamda amaliy bilimlar majmui, metodologik fan sifatida namoyon bo’ladi. 3.Pedagogik texnologiya ta’limtarbiya jarayoninig umumiy mohiyatini aks ettiruvchi yaxlit jarayondir.
4.Pedagogik texnologiya yo’naltiruvchanlik vazifasini bajaradi, ya’ni u shaxsni rivojlantirish, tarbiyalash, kamol toptirish, shakllantirish uchun xizmat qiladi.
5.Pedagogik texnologiya shaxsiylik xususiyatiga ega bo’lib, muayyan texnologiyalarni ta'lim-tarbiya jarayoniga qo'llashga nisbatan yagona, qat'iy,
me'yoriy talablar qo'yilmaydi.Har qaysi pedagog o'zi faoliyat yuritayotgan ta'lim tarbiya muhitining xususiyatlari, mavjud ichki va tashqi sharoitlarini inobatga olgan holda muayyan texnologik yondashuvni amalga oshirish imkoniyatiga ega. 6.Pedagogik texnologiya o’zida ta’lim, tarbiya va shaxs taraqqiyoti (kamoloti) ravnaqini namoyon etadi. Aytilganlardan ko’rinadiki, pedagogik texnologiyaning asosiy maqsadi komil shaxslarni shakllantirish uchun poydevor bo’lgan pedagogik jarayonni takomillashtirish, insonparvarlashtirish, o’quvchilarning mustaqil fikrlay olishini ta’minlash, o’qitish jarayonida texnik vositalardan samarali foydalanishga erishishdan iborat. [19] Pedagogik texnologiyalarni o’qitish jarayonida qo’llash tufayli quyidagi vazifalar hal etiladi: 1.Ta’lim-tarbiya jarayonining umumiy yaxlit loyihasini ishlab chiqish
2. Ta’lim-tarbiya jarayonida hal etilishi lozim bo’lgan aniq maqsad va
vazifalarni belgilash.
3. Ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini ta’minlashga yordam beruvchi eng maqbul metod, shakl, usul hamda texnik vositalarni tanlash.
4. Ta’lim jarayonida o’quvchilarning erkin, mustaqil faoliyat yuritishi uchun
muayyan shart-sharoitlarni yaratish, ularda ma’lum ko’nikma hamda malakalarning shakllanishi uchun vaqt o’rnini begilash, ularning bilimlari darajasini avvaldan tashxislash.
5.O’quvchilarning faoliyatini yo’naltirish, nazorat qilish hamda baholashni tashkil etish.
6.Ishlab chiqilgan pedagogik texnologiya loyihasini jamoada sinash,
maqsadga erishilganlikni tahlil etish. Ana shu vazifalarning ijobiy hal etilishi quyidagi bajarilishi lozim bo’lgan shartlarga ham bog’liq.
• mavjud shart-sharoitlarni inobatga olgan holda faoliyatni tashkil etish;
• o’quvchilarning yoshi, fiziologik, psixologik va shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish;
• ta’lim-tarbiya jarayonini demokratlashtirish va insonparvarlashtirish;
• o’quvchilar faoliyatini obyektiv nazorat qilish va baholash;
• fanlarni o’qitish jarayonida imkon qadar va albatta samarali texnik vositalardan foydalanish;
Shunday qilib, pedagogik texnologiya puxta o’zlashtirilgan bilimlarga tayangan holda tashkil etiladigan yuksak saviyali pedagogik faoliyat jarayonidir. [20,21,22]
|