Qisqacha nazariy ma’lumotlar.
Zamonaviy kompyuterlar quyidagi asosiy bloklardan tashkil topgan: tizimli blok; monitor; klaviatura va sichqoncha.
Tizimli blok tarkibiga kamida quyidagi qurilmalar kiradi:
Korpus (Case) va elektr ta‘minoti bloki;
Tizimli plata;
Mikroprotsessor va uni sovutuvchi kuler;
Tezkor xotira;
Vinchester.
Bulardan tashqari, tizimli blok ichida optik disklar: CD va DVD larni o‘qiydigan va ularga ma’lumot yozadigan qurilmalar, videoplata, Internetga ulanish uchun turli rusumdagi modemlar, FM radio, oddiy yoki sun’iy yo‘ldosh televideniyesini qabul qiluvchi qurilmalar va boshqa shunga o‘xshash jihozlar joylashishi mumkin.
Kompyuterga ulanadigan boshqa qurilmalar: klaviatura, sichqoncha, joystik, ovoz kuchaytirgich, mikrofon, printer, skaner, foto va video kamera, mobil telefon, flesh xotira, tashqi vinchester, mahalliy kompyuter tarmog‘i, internetga ulanish kabeli va boshqa shunga o‘xshash qurilmalar tizimli blokka uning old va orqa tomoniga chiqarilgan ulanish nuqtalariga ulanadi.
Kompyuterga ulanadigan, to‘g‘rirog‘i, uning tarkibiga kiruvchi qurilmalar joylashuviga ko‘ra to‘rt toifaga bo‘linadi: joylangan, ichki, tashqi va qo‘shimcha.
Joylangan qurilmalar asosiy plata tarkibiga kiradi.
Ichki qurilmalar turli shinalar orqali asosiy plataga ulanadi va kompyuterning tizimli bloki ichida joylashgan bo‘ladi.
Tashqi qurilmalar deb kompyuterning asosiy konfiguratsiyasi tarkibiga kiruvchi va tizimli blokdan tashqarida joylashgan qurilmalar: klaviatura, sichqoncha, monitor, printer, flesh xotira, ovoz kuchaytirgich kabi qurilmalarga aytiladi.
Qo‘shimcha qurilmalar deb kompyuterning asosiy konfiguratsiyasi tarkibiga kirmaydigan va tizimli blokdan tashqarida joylashgan qurilmalar: proyektor, skaner, videokamera va boshqalarga aytiladi.
Funksional vazifasi (ma‘lumotlarni kiritishi va chiqarishiga) ko‘ra qurilmalar uch toifaga ajratiladi:
Masalan, klaviatura kirituvchi, monitor chiqaruvchi, vinchester esa ham kirituvchi, ham chiqaruvchi qurilmadir.
|