Tabiatda uchrashi. Kremniy kisloroddan keyin Yerda eng ko`p tarqalgan element. U yer po`stlog`i massasining 27,6 % ni tashkil etadi. Tabiatda asosan SiO2 va silikat kislotaning tuzlari–silikatlar holida uchraydi. Kremniy birikmalari o`simlik va hayvonlar organizmida bo`ladi.
Olinishi. Sanoatda kremniy elektr pechlarda SiO2 ni koks bilan qaytarish orqali olinadi: SiO2 + 2C = Si + 2CO
Laboratoriyalarda qaytaruvchilar sifatida Mg yoki Al lardan foydalaniladi:
SiO2 + 2Mg = Si + 2MgO 3SiO2 + 4Al = 3Si + 2Al2O3
Eng toza kremniy kremniy tetraxloridni rux bug`lari bilan qaytarish orqali olinadi: SiCl4 + 2Zn = Si + 2ZnCl2
Fizik–kimyoviy xossalari. Kristall kremniy–shishadek yaltiroq, to`q kulrang modda. Kremniy juda mo`rt, zichligi 2,33 g/sm3. Ko`mir kabi qiyin suyuqlanadi. Kremniy uchta barqaror izotopdan–28Si (92,27 %), 29Si (4,68 %) va 30Si (3.05 %) lardan tarkib topgan.
Kremniy odatdagi sharoitda ancha inert, bevosita ftor bilan reaksiyaga kirishadi: Si + 2F2 = SiF4
Kislotalar bilan ta`sirlashmaydi, lekin u ishqoriy metallarning gidroksidlarida erib, silikat hamda vodorod hosil qiladi:
Si + 2NaOH + H2O = Na2SiO3 + 2H2↑
Elektr pechda yuqori haroratda qum bilan koks aralashmasidan kremniy karbid SiC (karborund) olinadi: SiO2 + 2C = SiC + CO2
Kremniyning metallar bilan hosil qilgan birikmalari silitsidlar deyiladi. Silitsidga HCl ta`sir ettirilganda kremniyning vodorodli birikmasi–silan SiH4 olinadi. Silan–qo`lansa hidli zaharli gaz, havoda o`z-o`zidan alangalanib ketadi.
Si + 2Mg = Mg2Si Mg2Si + 4HCl = 2MgCl2 + SiH4↑
SiH4 + 2O2 = SiO2 + 2H2O
Maydalangan kremniy kislorod bilan qizdirilganda yonnib, kremniy (IV)–oksid hosil qiladi: Si + O2 = SiO2
Yuqori haroratlarda kremniy ko`pcilik metallarni ularning oksidlaridan qaytaradi.
|