Avesto - Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi.
“Avesto”. “Avesto” zardushtiylikning asosiy manbasi va muqaddas kitobi hisoblanadi. U Apastak, Ovisto, Ovusto, Abisto, Avasto kabi shakllarda ham ishlatib kelingan. “Avesto” Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon xalqlarining islomgacha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, diniy qarashlari, olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, urf-odatlari, ma’naviy madaniyatini o‘rganishda muhim va yagona manbadir. Uning tarkibidagi materiallar qariyb ikki ming yil davomida vujudga kelib, avloddan-avlodga og‘zaki ravishda uzatilib kelingan.
Zardushtiylik dini rasmiy tus olguniga qadar “Avesto”ning bo‘laklari Turon va Eron zamini xalqlari orasida tarqalgan. Ushbu Axuramazdaning Zardusht orqali yuborilgan ilohiy xabarlari deb hisoblangan bo‘laklar turli diniy duolar, madhiyalar sifatida yig‘ila boshlagan. Bular Zardushtning vafotidan keyin kitob holida jamlangan va “Avesto” – “O‘rnatilgan, qat’iy qilib belgilangan qonun-qoidalar” deb nom olgan.
Mazkur qadimiy yozma manba bizgacha to‘liq etib kelmagan. “Avesto” haqida buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shunday yozadi: “Yilnoma kitoblarida bunday deyilgan: podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Abistoning) o‘n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonlarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o‘ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. SHuning uchun o‘sha vaqtda Abistoning beshdan uchi yo‘qolib ketdi”.
“Avesto”ning Aleksandr Makedonskiy tomonidan Gretsiyaga olib ketilgani, zarur joylarini tarjima ettirib, qolganini kuydirtirib yuborgani, o‘n ikki ming qoramol terisidagi tillo matn haqida keyingi davrlarda yaratilgan zardushtiylik adabiyotida (“Bundahishn”, “SHahrihoi Eron”, “Denkard” (IX a), “Arda Viraf-namak” (IXa) “Tansar xatlari” (VI) “Muruj az-zahab”, “Forsnoma” va boshqalarda) ma’lumotlar bor. Bu asarlarda yunonliklar otashxonalarni vayron qilganlari, ibodatxonalar boyliklarini talon-taroj etganlari, din arboblarini o‘ldirib, asir olib ketganliklari haqida yoziladi. Hozir bizgacha etib kelgan “Avesto”, Beruniyning yozishicha, aslining beshdan ikki qismi xolos. U “Avesto o‘ttiz “nask” edi, majusiylar qo‘lida o‘n ikki nask chamasi qoldi” deb yozgan.
YOzma manbalarga ko‘ra, haqiqatan ham Avesto mo‘badlar (zardushtiy ruhoniylari) tomonidan avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga o‘tib, asrlar osha yashirin saqlangan. Dastavval (I yoki II asrlarda), Arshakiylar davrida “Avesto” qismlarini to‘plash boshlangan. Keyinchalik Sosoniylar davrida, Ardasher Papakan (227-243) davrida, ayniqsa, SHopur (243-273) davrida astrologiya, tabobat, riyoziyot va falsafaga oid qismlari yozib olinib, hamma qismlari tartibga keltirilgan, so‘ng bu asosiy matn to‘ldirib borilgan. “Avesto”ning ana shu to‘ldirilgan nusxasining ikki to‘liq qo‘lyozmasi hindistonda saqlanadi – biri Mumbayda, zardushtiylarning madaniy markazi bo‘lmish Koma nomidagi institutda, ikkinchisi Kalkuttadagi davlat kutubxonasida.
“Avesto”ning saqlanib qolgan to‘rtta kitobidan birinchisining nomi “Videvdat” (devlarga qarshi qonun) deb ataladi. Ushbu kitob “Avesto”ning saqlanib qolgan kitoblari orasida eng mukammali hisoblanadi. U yigirma ikki bob bo‘lib, boblari “Fragard” deb nomlangan. Fragardalarning ma’nosi, vazifasi, uslubiy tuzilishi turlicha: birinchi fragard – odamlar yashaydigan barcha yurtlarni Axura Mazda qanday yaratgani to‘g‘risida bo‘lib, ular orasida Xorazm, So‘g‘d, Marg‘iyona, Baxdi (Balx) va boshqalar bor; ikkinchi fragardda Jamshid podsholigi – kasallik, o‘lim, azob-uqubatlar bo‘lmagan zamon haqida, ya’ni insoniyatning oltin asri haqida gap boradi; uchinchi fragard dehqonchilikning savobli sharofatlari haqida va h.k. SHuningdek, videvdatning boshqa fragardlaridan Zardusht bilan Axuramazdaning savol-javoblari va muloqotlari ham o‘rin olgan.
Ikkinchi kitob “YAsna” deb atalib, Avestoning e’tiborli bo‘limi sanaladi. YAsna – yaz o‘zagidan bo‘lib, “sajda, topinch, ibodat” ma’nolarini ifodalaydi. YAsna etmish ikki bobdan iborat bo‘lgan. Boblari “ha”, “haitiy” deb atalgan. “Ha” bashorat demakdir. Har bir “ha” zarur o‘rniga qarab marosimlarda, ibodatlarda kohinlar tomonidan o‘qilgan, qavmlar unga ergashib ibodat qilganlar. YAsna kitobi tarkibiga Zardusht o‘zi ijod qilgan targ‘ibot she’rlari ham kirgan. Ular YAsnaning 17 ta “ha”sini tashkil qiladi. Zardusht she’rlari ilmiy adabiyotda “gat”lar deb atab kelinadi. Zardushtiylik urf-odatlari orasida olovga e’tiqod qilish, dinning esa “otashparastlik” deb atalishi shunga bog‘liq. Binobarin, olov Axuramazda nurining quyoshda namoyonligi va uning erdagi zarrasi deb hisoblangan. Oliy haqiqat Arta ham olovda o‘z ifodasini topgan. Olov haqni nohaqdan, eng oliy gunoh hisoblanmish yolg‘onni rostdan ajratib bergan. YOlg‘on esa, chin e’tiqodga xiyonat deb qoralangan. Arta so‘zi fonetik o‘zgarib, dastlab Atar, hozir esa otash shaklida ishlatilib kelmoqda.
Uchinchi kitob “Visparat” deb nomlangan. U yigirma to‘rt bobdan tashkil topgan va har bir bob alohida “karde” deb atalib, ma’budlar sha’niga o‘qilgan duolar va ibodat ustida ularga murojaatlar hamda olamni bilishga doir pand-nasihatlardan iboratdir. Uni ibodat namozlari yig‘indisi ham deyishadi. Ayni paytda u “YAsna”ga qo‘shimcha hisoblanadi.
To‘rtinchi kitob “YAsht” deb ataladi. U “Avesto”ning eng qadimiy qatlami bo‘lib, yigirma ikki bobdan iborat. Har bir bob Axura Mazdadan boshlab, u yaratgan va uning ma’lum vazifalarini bajaruvchi ma’budlar sha’niga aytilgan madhiyalardan iborat.
“Avesto” haqida eng muhim manba IX asrga oid “Denkard” (din amallari) asaridir. Unda Avestoning yigirma bir kitobi to‘la ta’riflab berilgan. Bu ta’riflar savobli ishlar yo‘riqnomasi, diniy marosimlar va rasm-rusmlar qoidasi, zardushtiylik ta’limoti asoslari, dunyoning Axuramazda tomonidan yaratilishi, oxirat kuni va undagi hisob-kitob, falakiyot, ijtimoiy-huquqiy qonun-qoidalar, Zardushtning tug‘ilishi va bolaligi, haq yo‘lini tutish, jamiyat a’zolarining haq-huquqlari, devlar, jinlar kabi yovuz kuchlarga qarshi o‘qiladigan duolar, amallar va boshqalardan iboratdir.
Zardushtiylik diniy tizim sifatida Markaziy Osiyoda bronza davrida ibtidoiy jamoa munosabatlari emirilayotgan, jamiyatda mulkiy va ijtimoiy tengsizlik paydo bo‘layotgan sharoitda shakllangani qayd etiladi. Temir davri boshiga kelib u yanada mukammallashib, ichki tizimi tartibga keldi. Dinning og‘zaki an’analari asta-sekin yozuvga aylandi, bu esa zardushtiylikning muqaddas diniy yozuvlar to‘plami “Avesto”ning ilk bitiklarini keltirib chiqardi. Bu o‘tish davri miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi.
“Avesto” ma’lumotlariga ko‘ra, zardushtiylar jamoa tuzumi to‘rt pog‘onali edi: nmana – “uy-oila”, ya’ni boshida katta oilali uy boshlig‘i turgan patriarxal oila; vis – “urug‘, urug‘chilik ovuli”, bunga o‘zaro qarindosh bo‘lgan barcha oilalar kirgan; zantu – qabila va hudud, bunda qabila yashagan. O‘z navbatida zantu o‘zaro qarindosh qabilalarni birlashtirgan; baxyu – ”viloyat, mamlakat”, bunga daxyu hududida qo‘shni bo‘lgan barcha urug‘lar kirgan. Jamiyat tizimining bu to‘rt pog‘onali tizimi qadim zamonlarga borib taqaladi va Avesto matnlarida atamalarning qondoshlik mohiyati hududiy mohiyat bilan almashadi, ya’ni “oila” va uning turar joyi bo‘lgan “uy” atamalari nmana “urug‘ va turar joy” atamalari bilan parallel ravishda ishlatila boshlaydi.
Zardushtiylik oilasi jamiyatning eng quyi birligi hisoblangan. Uy-oila boshida oila asoschisi ota turgan. Uni nmanopati – “boshliq, uy qo‘riqchisi” deb atashgan. U bilan bir pog‘onada xotini yoki oilaning katta ayoli – nmanopatni turgan. Zardushtiylik an’analariga ko‘ra, uy xo‘jayini diniy boshliq va oila hakami hisoblanib, “Avesto”da “ratu”deb atalgan. Urug‘ otasining bu vazifasi “nmanya” deb atalib, oila a’zolarining barchasi diniy ko‘rsatmalarni bajarishini nazorat etishdan iborat deb sanalgan. SHuningdek, nmanya atamasi oila va uning a’zolari tinchligini asrovchi yaxshi ruhlarni ifodalash uchun ishlatilgan.
YAna ikki homiy-ruhlar – brchya va ushaxina xayolan oilaning doimiy “a’zolari” hisoblanib, ekinlarni va barcha oilaga ezgulik baxshida etuvchi tong sokinligini saqlashgan. SHuningdek, zardushtiylarning patriarxal oilalari “Avesto”da vira, vaysa va pariaytar deb atalgan, teng huquqli bo‘lmagan oila azolarini o‘z ichiga olgan. Vira bir vaqtning o‘zida “erkak, navkar” va “qul”. Zardushtning “Gata”sida vira “qul” sifatida namoyon bo‘ladi.
|